Maqolalar

Dunyo olimlarini tarbiyalagan ayollar

Quyidagi maqolada olimlarni tarbiyalagan ba’zi munisa ayollar haqida ma’lumot keltirib o‘tamiz:

Imom Shofe’iy

Humaydi hikoya qiladi: Shofe’iy bizga shunday degan edi: "Men onam qaramog‘ida yetim o‘sdim. Boshlang‘ich ta’lim marhalasida tengdoshlarimga dars bera boshladim. Ustoz darsga kelmay qolganda ustoz o‘rniga talabalarni boshqarib, ularga ta’lim berardim. Buni ko‘rib ustoz mendan haq olmay qo‘ydi". Muzaniy deydi: "Shofe’iy yetti yoshida Qur’onni yod olgan, o‘n yoshida esa "Muvatto"ni yodlagan".

Ahmad ibn Hanbal

Imom Ahmad ham juda erta yetim qolganlar "Olti yoshimda onam meni tong saharda uyg‘otib, o‘zi tahorat oldirar edi. Tahorat olib bo‘lganimdan so‘ng chiroylik kiyimlarni kiydirib, qo‘limdan yetaklab masjidga olib kelardi. Meni xonaqohga kirgizib o‘zi masjidning pana joyiga o‘tib olardi. Bir ozdan keyin muazzin kelib bomdod namoziga azon aytardi". Dunyoga tanilgan va musulmonlarning imomi degan nomni olgan Imom Ahmadning Imom Ahmad bo‘lishlariga asosiy sababchilardan biri u kishining munisa onalaridir.

Bejiz arablarda:

{ وَرَاءَ كُلِّ رَجُلٍ عَظِيمٍ امْرَأَةٌ}

«Har bir buyuk insonning ortida ayol turadi», degan gap aytilmagan.

Ibn Najiyya (Nujiyya) nomi bilan tanilgan ulug‘ olim Ali ibn Ibrohim o‘z davrining katta mufassir va voizlaridan bo‘lgan. Sulton Nuriddin Zinkiy va Salohiddin Ayyublar hurmatiga sazovor bo‘lgan. Ana shu olim tafsir fanida katta yutuqlarni qo‘lga kiritishidagi sirni aytib deydi:

"Tafsirni tog‘amdan ta’lim olganman. Darsdan qaytishim bilan onam so‘roqqa tutardi:

– Bugun tafsirdan qaysi surani o‘rganding?

Men bugungi darsni tog‘amdan qanday eshitgan bo‘lsam shundayicha onamga aytib berardim. Onam so‘zlarimni oxirigacha tinglab bo‘lib, boshini chayqardi.

– Yaxshi, lekin hamma bilganlarini aytmabdi-da. Men tafsirni tog‘ang bilan birga o‘rganganman. Aslida ulamolar bu oyat tafsirida mana bunday deyishgan, ana bunday deyishgan,– deb tog‘am darsiga qo‘shimcha qilib qo‘yardi".

Mana azizlar islom dini kelib ayollarni sha’nini ko‘tardi, natijada ular Salohiddin Ayyub va Nuriddin Zankiy rahmatullohi alayhimga o‘xshagan podshohlar lol qoladigan farzandlarni tarbiya qilishdi.

Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

 

Read 599 times
Top