Maqolalar

Sahoba va tobe’inlarning Allohdan qo‘rqinchdagi ahvollari

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning qushga qarab: “Koshki edi ey qush, men sendek qush bo‘lganimda, inson bo‘lib yaratilmaganimda”,- degan muborak so‘zlari rivoyat qilingan.

Abu Zarr al-G‘iforiy roziyallohu anhu  «kesib tashlanadigan daraxt  misoli bo‘lishni xushlayman»,- der ekanlar. Tahoviy hazratlari ham xuddi shunga o‘xshash gapni aytganlar.

Usmon roziyallohu anhu «o‘lgandan so‘ng qayta tiriltirilmaslikni xohlayman», degan ekanlar.

Oisha roziyallohu anho: «mutloq esdan chiqarib yuboriladigan kishi bo‘lishni xohlardim»,- degan ekanlar.

Hazrati Umar roziyallohu anhu Qur’ondan bir oyat eshitsalar, qo‘rqinchdan behush bo‘lib yiqilarkanlar. Insonlar u kishining kasalligida bir necha kun ziyorat qilarkanlar. Bir kuni Hazrati Umar roziyallohu anhu yerdan bir somonni olib: “Qani edi somon bo‘lsam, zikr qilinadigan narsa bo‘lmasam edi. Qani edi men unutib yuboriladigan narsa bo‘lsam edi. Koshki edi meni onam tug‘maganida edi”,- dedilar.  Hazrati Umar roziyallohu anhuning yuzlarida ko‘p yig‘layverganlaridan ikkita qora chiziq paydo bo‘lib qolgan ekan. Hazrati Umar roziyallohu anhu aytgan ekanlar: “Kim Allohdan qo‘rqsa, Allohning g‘azabidan ko‘z yummaydi. Yana kim Allohdan qo‘rqsa, xohlagan narsasini qilmaydi. Agar qiyomat kuni bo‘lmaganda odamlar buzilib xohlagan ishini qilib ketgan bo‘lar edi”. Hazrati Umar roziyallohu anhu Alloh taoloning “Izash shamsu kuvvirot”dan to “Va izas suhufu nushirot”(Takvir surasi 1-10oyatlar)ini o‘qiganlarida xushidan ketib yiqildilar. Bir kuni Hazrati Umar roziyallohu anhu bir kishining hovlisi oldidan o‘tib ketayotganlarida, u kishining namozda Tur surasini o‘qiyotganlarini eshitib qolib to‘xtadilar. U kishi Alloh taoloning: “Inna azaba Robbika lavaqi’. Ma lahu min dafi’”(Tur surasi 7-8 oyatlar)iga kelganida eshaklaridan tushdilar va devorga suyanib, ancha vaqt o‘zlariga kelib olguncha, turib qoldilar. Keyin uylariga qaytdilar va bir oy kasal bo‘lib yotib qoldilar. Kishilar u kishining ziyoratiga keldilar. Lekin ular u kishining kasali sababini nimadan ekanligini bilmadilar.

Ali karramallohu vajxahu bir kuni bomdod namozining salomini berganlaridan so‘ng, u kishiga bir mashaqqat, qiyinchilik yetdi. U kishi qo‘llarini tepaga va pastga qaratib so‘zladilar: Men  Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasalamning sahobalarini ko‘rganman. Men ularga o‘xshash bu kunda ularga o‘xshagan biror-bir narsani ko‘rmadim. Ular horg‘in, ranglari sarg‘aygan, ko‘zlari orasida chang, g‘uborli holda edilar. Darhaqiqat, ular Allohga sajda va qiyom qilgan holda Allohning kalomini tilovat qilib kech qilardilar. Ular peshonalari va qadamlari oralarida borib kelardilar. Agar tong ottirsalar, yana Allohni zikr qilardilar. Ular huddi shamolda daraxt tebrangani kabi tebranardilar. Ko‘zlari yosh bilan to‘lardi. Hatto kiyimlari ho‘l bo‘lib ketardi. Allohga qasamki, men bugun g‘aflat bilan kech qiladigan bir qavmga o‘xshab qoldim, deb turib ketdilar. Ibn Muljam alayhil-la’na Hazrati Ali roziyallohu anhuni o‘ldirguncha, u kishini kulganini hech kim ko‘rmagan. Jannat bashorati berilgan Rasulullohning eng yaqin sahobalari bo‘lgan zotlar kulmagan bo‘lsa, bizday notavon kishilar kulishi mumkinmi? Bizlar aslida xorg‘in, ranglarimiz sarg‘aygan, ko‘zlarimiz orasida chang, g‘ubor bo‘lib ibodat amalida hammadan ustun turmog‘imiz kerak.

Imron ibn Husayn aytadilar: “Men shamolli kunda shamollar to‘zg‘itib yuboradigan qum bo‘lsaydim”.

Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu aytadilar: “Qani edi, men bir qo‘y bo‘lsam, ahlim meni so‘yib go‘shtimni  sho‘rva qilib yeb yuborishsa”.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhu agar tahorat qilsalar ranglari sarg‘ayib ketardi. U kishidan uning ahli: “Nimaga sizga tahorat vaqtida bunday holat yetadi ?”- deb so‘radi. Sizlar bilasizlarmi? Kimning oldida turishligimni xohlayotganligimni, deb javob bergan ekanlar.

Muso ibn Mas’ud aytadi: biz agar Savriyning oldida o‘tiradigan bo‘lsak, u kishining qo‘rqinchi va jazbasidan xuddi olov atrofimizni o‘raganday va kuydirayotgandek bo‘lardi. O‘zi his qilgan narsani boshqalarda ko‘rsata olish oson. Lekin, o‘zi ko‘rmagan va ishonmagan va his qilmagan narsani birovlarga aytish, ayni nodonlikdir. Ma’ruzachi shoshilmasdan, avval o‘zini bahramand etishi,  aytadigan narsasi  qozonda ovqati pishgan kishi misoli boshqalarga ham ulashishidek bo‘ladi. Ko‘plar mana shu joyda adashishadi. O‘zi ko‘tara olmagan yukni boshqa bir zaif odamga ko‘taring, nima kuchingiz yetmayapdimi degan so‘zga o‘xshash bo‘ladi. Ayniqsa, bu kabi ishlarda kitoblardan to‘liq ma’lumotga ega bo‘lamiz, inshaalloh. Misol qilib Hazrati Hizr alayhissalom Musoi kalimulloh bo‘lgan ulug‘ payg‘ambarga qarata so‘zladi: “Ey Muso, sen ilmni odamlarga gapirish uchunmas, balki, amal qilish uchun o‘rgan”,- deganlar. Bu gaplarni yaxshi tushunish kerak. Ko‘pgina kishilar yuqorida aytganimizdek, o‘zlari g‘aflat botqog‘ida yurib boshqalarni g‘aflat uyqusidan uyg‘otmoqchi bo‘ladi. Qarang! E’tibor bering! Tushuning, fahmlang, bu kishilarning so‘zlarini. Ularning so‘zlari kam, amallari esa dengiz tomchilaridan ko‘pdir. Sufyon as-Savriyda o‘zi his qilgan narsani boshqalarda ham ko‘rsata olish holatlari bor bo‘lgan. Ko‘p hollarda o‘zini olim sanaydigan ba’zi bir insonlar bulbulday oldi- orqasiga qaramasdan har bir gapiga isbot tariqasida dalillar keltirib tashlashadi. Vaholanki ularning bu holatini ko‘pgina mutaaxxir ulamolarimiz karih ko‘rishgan. Yaxshi bir olim bo‘lsangiz, mutaqaddim olimlarga o‘xshab bir oyat bilan o‘z ta’siringizni o‘tkazing. Agar bilsangiz bir oyatning oltmish ming ma’nosi borligi to‘g‘risida ko‘pgina ulamolarimiz keltirib o‘tishgan. Bizlar ulardan ilmga amal qilishni o‘rganaylik, gapirishga shoshilmaylik. So‘zimizdan amalimiz ko‘p bo‘lsin. Oyat va hadislarni o‘z joyi va maqomida ishlatishni ulardan o‘rganaylik. Bilsangiz, agar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham Alloh biror-bir narsani bildirmasa bir og‘iz ham gapirmaganlar. Misol qilib: “Vala yantiqu anil hava illa vahyuy yuvha” -“Havodan gapirmadi faqatgina o‘ziga vahiy qilingan narsadan so‘zladi”.

Bir kuni Muzorulqori: “Haza kitabuna yantiqu alaykum bilhaqqi” -“Bizning kitobimiz sizlarga haq bilan so‘zlaydi”(Josiya surasi, 29 oyat)ini o‘qiganda Abdulvohid ibn Zayd yig‘ladi va hushidan ketdi. Hushiga kelganida, aytdi: “Izzatingga qasamki, kuchim yetganicha abadiy senga isyon qilmayman. Menga tavfiqing ila toatingga yordam ber”,- dedi. Bu oyatlardan ta’sirlanish aslida butun musulmon kishilarda paydo bo‘lishi kerak. Bu holat bizlarda mavjud bo‘lmaganda afsuslanishimiz kerak.

Misvar ibn Mihrima degan kishi xavfining qattiqligidan Qur’ondan bir narsani eshitishga quvvati yo‘q edi. U kishining huzurida Qur’ondan bir oyat va harf qiroat qilinsa, qattiq qichqirib, bir necha kun hushidan ketardi. Xas’am qabilasidan bir kishi u kishining yoniga kelib, Maryam surasining 85-86 oyatlardagi “Yavma nahshurul muttaqiyna ilar-rohmani vafdan. Va nasuvqul mujrimiyna ila jahannama virdan” - “U kunda muttaqinlarni Rahmonning huzuriga to‘da-to‘da qilib haydab boramiz. Va mujrimlarni olov ichadigan joyga quvib boramiz”. Shunda u kishi aytdiki: “men mujrimlardanman muttaqinlardanmasman”,- dedi. “Ey qori, qaytar menga o‘sha so‘zni”,- dedi. Ikkinchi marotaba unga qaytardi, bas hushidan ketdi va oxiratga rixlat qildi. Bir olimdan mav’iza qilishini iltimos qilishdi. U qavm mav’izaga beporvolik qilishdi. Keyin olim qandilga qarab ohistalik bilan Allohning muhabbati haqida so‘zlay boshladi. U qandil suvdek erib yerga tushdi. Yana bir marta shu holat kuzatilganda, osmondagi qushga so‘zlay ketdi. U qush voizning oldiga kelib qo‘ndi va boshlarini qimirlatib-qimirlatib hushidan ketib pitirlab-pitirlab o‘lib qoldi. Allohning oshiqlari o‘z oshiqlariga so‘ylaydi, unga tayyor qalb kerak bo‘ladi. Shunday qalb egalari o‘zlarining Allohga bo‘lgan muhabbatlarini u zotlar misoli katta maydon - dunyo hayotida sinab ko‘rsin. Agar u hosil bo‘lmasa, o‘zini unga tayyorlasin yoki hech bo‘lmasa, bu dunyoda Hazrati Alidek o‘lgunga qadar kulmaslikka kuch g‘ayrat yig‘sin. Har bir keltirilgan narsalarni yodingizda tuting va amalini har kuni o‘zingizda sinab ko‘ring. Shoyad oxirgi umrimiz shu bilan tamom topsa.

Yig‘loqi Yahyoning xuzurida “Agar ko‘rsang o‘z Robbilarining huzurida to‘xtatilganini” (An’om 30 oyat) o‘qilganda qattiq qichqirib yubordi va to‘rt oy kasal bo‘lib qoldi. U kishini Basra atrofidan ko‘rishga keladigan bo‘lib qolishdi. Qarang! Ular o‘z qalblarini shunday holatga tarbiyalab borganlar. Qalblari og‘riqli gaplarni eshitsa, jigarlari ezilib ketadigan darajaga yetib kelgan. Qur’oni karimning qancha joylarida hatto joningizni ham sug‘urib oladigan darajadagi so‘zlar to‘lib toshgan. Alloh ogohlantirmoqda, eslatma bermoqda, tushuntirmoqda, “aqli hushinglarni yig‘inglar” demoqda. Bilinglarki! Ne’matlar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha javobi ham ko‘p bo‘ladi. Bunga misol: Oisha onamiz oldilarida bor yo‘g‘i ikki taom bo‘lganda qattiq mayuslanib, Rasululllohning qorinlari bir umr to‘ymasdan o‘tdilar. Ne’matning ko‘pligi yaxshilik alomati emas, degan ma’nodagi so‘zni aytganlar. Payg‘ambarlar, sahobalar, tobe’inlar, toba’-tobe’inlar va barcha Rasululloh yo‘llarini mahkam ushlagan olimlar birontasi qorinlari to‘ymasdan kunlarini o‘tkazgan va shu sababli ulug‘ martabalarni bosib o‘tishgan. Biz oddiy ro‘zayi ramazonda ro‘za tutamizu, qornimiz qappayib chiqamiz. Qaytaga ro‘zadan oldin vaznimiz undan ancha kam bo‘ladi. Nimaga, chunki biz ro‘zada tushdagi ovqatimizni kechki iftorlikda ortig‘i bilan yeb to‘ldiramiz, yana kamini sahargacha to‘ldiramiz. Qarabsizki, ochiqib qolaman degan qo‘rquv sizga o‘z me’yoridan ham ko‘p ovqatni iste’mol qilishga undaydi. Bir kishi musulmon bo‘lganida, Rasulullohga habar berildi. U kishi oldin me’yoridan ko‘p ovqat iste’mol qilardi. Hozir qorni to‘ymasdan to‘xtatayapdi, deb xabar berishganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishi bir qorin bilan, kofir inson yetti qorin bilan taomlanadi”,- deganlar. Siz agarchi musulmon bo‘lsangizda, lekin kofirlarning sifati sizda topilsa, nima bo‘ladi buni ham o‘ylab ko‘rish kerak.

Molik ibn Dinor aytadi: men Baytullohni tavof qilayotgan edim, yonimda Ka’bapo‘shning astariga osilib olib, ibodat qilayotgan bir kichkina cho‘ri qizchani ko‘rdim. U aytardi: “Yo Robbim, qanchadan-qancha shahvatlar bor ular o‘z o‘rniga ketdiyu lekin, uning mashaqqatlari qoldi (uning hisoblari qoldi). Bu yerda katta hikmat yashiringan. Oddiygina bir cho‘ri qiz katta ma’nolarni keltiradigan va insonning tanasini g‘aflatdan uyg‘otadigan so‘zni aytdi, - Yo Robbim, Sening uchun odob va uqubat ham bor. Agar odob ham uqubat ham bo‘lmasa, do‘zax ham bo‘ladimi?” - deb yig‘ladi. Shu turishida to bomdodning quyoshi chiqqunicha duo qilib turdi. Shunda Molik ibn Dinor men o‘sha holatni ko‘rganimda qo‘limni boshimga qo‘yib kichqirib dedimki: “Ey Molik, onang seni yo‘qotsin. Sen shuncha ma’lumotlarga ega bo‘la turib, ilmlarning asl mag‘zini shu qiz orqali tushunding, bilding”.

Bu keltirilgan ma’lumotlarni butun tanangizga sayr qildiring. Tanangiz yayrab, iymon halovatini topganingizda, ulug‘lardek yashash maqsadi sizda paydo bo‘lsa, ularning haqlariga duoyi xayr qilarsiz. Allohim, bu ma’lumotlarni barcha kishilar uchun foydali qilgin.

Allohumma solli va sallim va barik ala nabiyyina Muhammad.

 

Toshkent islom instituti “Ijtimoiy fanlar”

kafedrasi kabinet mudiri

O‘rol Nazar Mustofo tayyorladi

Read 626 times
Top