Maqolalar

Tafsir Ilmida imom Tabariyning o‘rni

Ulug‘ imom va mujtahid olim, ko‘plab mashhur asarlar muallifi Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Yazid ibn Kasir ibn G‘olib at-Tabariy rahimahulloh 224 hijriy sanada Tabaristonda tug‘ilganlar. Yoshligidan ilmga muhabbat qo‘ygan olim  o‘n ikki  yoshlarida ilm talabi bilan Misr, Shom, Iroq diyorlarida bo‘ladilar. So‘ng Bag‘dodda qolib ta’lim oladilar, bir qancha talabalarga ustozlik qiladilar. Umrlarining oxirigacha shu yerda istiqomat  qiladilar. U kishining yozgan mashhur kitoblari:

  1. Jome’ul bayon fi tafsiril Qur’on;
  2. Kitobut-tarix;
  3. Kitobul-qiroot;
  4. Val-adad vat-tanzil;
  5. Kitob ixtilofil-ulamo;
  6. Tarixur-rijal minassahobati vattobe’in.

Imom Tabariy rahimahulloh o‘z asrining tengsiz ilm sohibi edilar. U kishi tafsir, hadis, fiqh, tarix va bir qancha ilmlarning bilimdoni edilar. Qur’on oyatlarining ma’nolarini daqiq joylarigacha tushungan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarini biluvchi, uning sahih va zaifi, nosix va mansuxini  ajratuvchi olim edilar.

Imom Tabariy rahimahulloh tafsir ilmida “Tafsir ilmining otasi” degan nomga sazovor bo‘lganlar. Xuddi shuningdek, tarix ilmida ham ushbu ulug‘ nomga musharraf bo‘lganlar.

“Tafsiri Tabariy” haqida

“Tafsiri Tabariy” kitobi tafsir kitoblarining ichida eng mashhur kitoblardan bo‘lib, tafsir ilmida mukammal yozilgan kitoblardan biridir. Muhammad Husayn az-Zahabiy rahimahulloh  aytadilar: “Ibn Jarirning tafsiri tafsir kitoblarining eng buyuk va  mashhurlaridan hisoblanadi. Ushbu kitob mufassirlar nazdida naqliy tafsirlarining birinchisi, ahamiyatga aqliy tafsir manbalaridan biridir”.

“Tafsiri Tabariy” kitobining dastlabki nusxasi (o‘ttiz ming varaq) hozirgi nusxasidan (uch ming varaq) ancha katta va keng bo‘lgan, so‘ngra muallif uni qisqartirib, hozirgi ko‘rinishga keltirganlar.

Imom Tabariy rahimahullohning Qur’oni karimni tafsir qilish usullari har jihatdan ochiq-ravshanligi bilan alohida ahamiyatga ega. Har bir oyatni tafsir qilishda: “Bu so‘z Alloh taolo kalomining ta’vilida mana bunday va bunday”, – der va undan so‘ng oyatni tafsir qiladilar va dalil sifatida sahoba yoki tobe’indan qilingan rivoyatlarni sanadi bilan keltiradilar.

Imom Navaviy rahimahulloh ushbu kitobning sha’ni haqida so‘z yurita turib, jumladan, quyidagilarni aytganlar: “Bu ummat  Imom Tabariyning tafsiridek tafsir kitobini yozmaganiga ishonch hosil qildim!”.

Alloh taolo bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat qilsin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmasin.

Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li

Read 664 times
Top