Maqolalar

Haromda shifo yo‘q

Alloh taolo bandasiga bir dard berar ekan, o‘sha dardning shifosini ham beradi. Ammo unga kimnidir yoki nimanidir sababchi qiladi. Shuning uchun ham kasallikka shifo axtarish har bir musulmonga vojib. Lekin kasalliklarni davolash shariatda ruxsat etilgan, halol dori-darmonlar vositasida amaga oshirilmog‘i lozim. Taassufki, keyingi vaqtlarda nodonlik oqibatida harom narsalarni shifo bo‘ladi deya turli kasalliklarga tavsiya qiluvchilar ko‘p uchramoqda. Ular o‘zlarining adashgani kamdek shifotalab kishilarni  xam adashtirmoqda. Bir tomchisi ham harom bo‘lgan aroqni oshqozonga yoki vinoni kamqonlikka tavsiya qiluvchi tibbiyot bo‘yicha bilimi haminqadar bo‘lgan savodsiz tabiblar bor. Yana cho‘chqa go‘shti va uning yog‘ini eritib ichish yoki badanga surkash, ayniqsa, yosh bolalarga yaxshi foyda beradi deya tashviq qilguvchilar ham topiladi. Bundan tashqari, ayrim kimsalar insonning peshobini ko‘p kasallikka davo sifatida tavsiya qiladi. Axir uning  tomchisi kiyimga tegsa, najas bo‘ladi. Qanday qilib shifo sifatida iste’mol qilish mumkin?!

Shuningdek it, ilon, tipratikon go‘shtini ham shifo sifatida buyuruvchi chala tabiblar uchraydi.

Abu Bakr Siddiq r.a. dan rivoyat qilinadi: “Rasulullox s.a.v. aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi” (Abu A’lo Bazor va boshqalar rivoyati).

Abu Hurayra r.a. aytadilar: “Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”.

Rasululloh s.a.v. aytdilar: “Qiyomat kunida ayrim kishilarni olib kelishadi. Ularning Tuxoma tog‘iga teng keladigan yaxshiliklari bo‘ladi. Ular ketishgach Alloh ularning yaxshiliklarini to‘zg‘igan g‘uborga aylantirib qo‘yadi-da, o‘zlari do‘zaxga uloqtiriladi”. Rasulullohdan so‘rashdi: “Bunday bo‘lishining boisi nima?” Rasululloh javob berdilar: “Ular namoz o‘qirdilar, ro‘za tutardilar, zakot berardilar. Biroq duch kelgan harom narsani yerdilar. Shu bois Alloh ularning amallarini behuda qiladi”.

Mo‘min musulmonning yeydigan  taomi pok bo‘lmog‘i, davolanish uchun iste’mol qiladigan dorilari shubhadan xoli bo‘lmog‘i lozim.

Rahmati keng Alloh taolo bandalariga o‘zining shariatiga ergashish yo‘llarini ham oson qilib qo‘ygan va bu borada zarurat tug‘ilganda ba’zi bir narsalarning rioyasi e’tiborga olinishini shariatga kiritgan. Masalan, hoziq tabib ana shu  narsadan shifo bo‘lishini tajribasida ko‘rgan bo‘lsa, tibbiyot fanida ham shifo bo‘lishiga oid aniq ma’lumot bo‘lsa, o‘sha narsani shifo uchun ishlatish muboh  bo‘ladi. Ya’ni, ixtiyori shifo istovchining o‘zida bo‘ladi.

Alloh barchamizning dori-darmonimiz halolu pok bo‘lishini nasib aylasin!

X.XOLBOYEV,

                           Bekobod tumanidagi Ulug‘bek jom’e masjidi imom-xatibi 

Read 677 times
Top