Maqolalar

“Insonlarga rahm qilmagan kishiga Alloh taolo ham rahm qilmaydi”

Alloh taolo marhamat qiladi: " Batahqiq, Biz Bani Odamni azizu mukarram qilib qo’ydik va ularni quruqligu dengizda (ulov-la) ko’tardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni O’zimiz yaratgan ko’p narsalardan mutloq afzal qilib qo’ydik” (Isro surasi, 70-oyat).

Alloh taolo osmondan o’zining barokatli  yomg’irini  yog’dirgan vaqtda undan yerning unumdor joyi ham, hosilsiz joyi ham birdek bahramand bo’ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning olamlarga rahmat qilib yuborilishlari esa u  yomg’irdan ko’ra mo’l, ulkan va barokatli bo’ldi. Ul zot sollallohu alayhi vasallamning rahmat barokatlaridan nafaqat musulmonlar, balki musulmon bo’lmaganlar ham bahramand bo’ladilar. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: “Insonlarga rahm qilmagan kishiga Alloh taolo ham rahm qilmaydi”, deya  har bir insonga mehr-muruvvatli bo`lishga buyurganlar. Islom mana shunday bag`ri kenglik va rahmat dinidir. Har bir inson o`z haq-huquqlariga egadir. Ana shunday huquqlarning barchasini o`z o`rniga qo`ygan ham faqat islom dinidir. Islom shariati bundan o`n to`rt asr oldin  faqat musulmonlarning emas, balki butun insoniyat uchun manfaatli bo`lgan barcha me`yorlani joriy qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ana shunday buyuk risolatni biz ummatlariga  to`la to`kis  yetkazdilar. Bu holat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yaqqol namoyon bo’ldi.

Kunlarning birida, bir yahudiyning  janozasi olib o’tilganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o’rinlaridan turdilar. Shunda “U yahudiy” deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:  Axir u nafs emasmi, Odam bolasi emasmi?!  dedilar.

Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamning nubuvvatlarini qabul qilmagan, adovat qilgan dushmanlariga ham rahmatli bo’lgan. Tufayl ibn Amr Davsiy va u kishining sheriklari Rasulullohning huzurlariga kelishdi va aytdilarki : “Ey Allohning Rasuli!  Davs qabilasi kofir bo`ldi va bosh tortdi, ularni duoi bad qiling’’.  Rasululloh duo qilish uchun qo`llarini ko`targanlarida, ular Davs qabilasi halok bo`ldi deb o`yladilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Allohim! Davsni hidoyat qil va ularni keltir ’’ dedilar.  Xuddi shunday Saqif qabilasiga ham hidoyat so`rab duo qilganlar.  Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barokatli duolari sharofatidan ikki qabila ham musulmon bo`ldi.

Musulmon bo’lmaganlarga eng katta rahmatlari ularni tinimsiz iymonga chaqirishlari, ularga jannat  yo’lini ko’rsatishlari edi. Hazrati Umar roziyallohu anhu singari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xos duo qilganlari ham bor edi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o’n uch yil Makka ahlini iymonga, islomga chaqirdilar. Makka ahli esa masxaralashdan, ozor yetkazishdan nariga o’tmadi. So’ng  Madinaga hijrat qildilar va hijratning sakkizinchi yili ya’ni, nubuvvat kelganidan keyin yigirma bir yil o’tib Makka fath bo’ldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qattiq aziyatlar berib, ul zotning ko’plab sahobalarini qatl qilib, islomga ochiq dushman bo’lishiga qaramay  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga nisbatan  qalblarida zarracha adovat, gina qilmadilar. Makka ahli U zotning oldilarida bosh egib turishganda, ulardan qasos  olmadilar, balki  “Ozodsizlar” deya avf qildilar.

Ulardan qasos olsalar, qilgan yomonliklari uchun jazolasalar ayni adolat qilgan bo’lardilar. Lekin Alloh taolo O’z  Kalomida: “Albatta siz ulug’ xulq ustidasiz”, deya marhamat qilgan. Rasululloh  ularga adolat emas, undan-da ulug’roq bo’lgan avflarni ko’rsatdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xizmatlarini qilib yuradigan bir yahudiy bola bor edi. U bir kuni betob bo’lib qoldi. Shunda u zot  uni ko’rgani bordilar va unga shahodat kalimasini aytdilar. Yahudiy bola ham shahodat kalimasini aytib musulmon bo’ldi va vafot etdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning huzuridan chiqdilar va uning iymon keltirganidan juda ham xursand bo’ldilar.

Bir yahudiy bola betob bo’lganida uning ziyoratiga borishlarining o’ziyoq bag’ri kengliklari va mehribonchiliklarining yaqqol ifodasidir.

Zulmni hech narsa bilan oqlab bo’lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam  o’zlariga nohaqlik  va zulm qilganlarga boshqa din vakili bo’lishiga qaramasdan shafqat va adolat bilan muomala qilardilar.

Alloh taolo adolat qiling deganda musulmonlarga adolat qiling demadi, balki barcha insonlarga adolatli bo’lishni buyurdi.

Bu aytilganlar faqat chiroyli so’zlar emas, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bularning barchasiga o’zlarining har bir qadamlarida  har bir amallarida tuzgan bitimlarida, qarorlarida amal qilganlar. Bularning barchasi u zotning ulug’ rahmatlarini namoyon qilib  turadi. U  zotning  buyuk xulqlari bilan xulqlanishga harakat qilaylik.  Qachonki, insonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olib kelgan mana shunday oliy xulqlar bilan xulqlansalar,  jamiyatdagi  ko'plab muammolarning hal bo'lishiga juda keng yo'llar ochiladi.

Hazrati Umar roziyallohu anhuning bir so’zlari bilan so’zimizga nihoya yasaymiz.: "Islomga jim turib da’vat qiluvchilardan bo’ling”, dedilar.  Shunda insonlar: "Qanday qilib jim turib islomga  da’vat qilamiz?!” deb so'rashdi.  Hazrati Umar raziyallohu anhu : "Go’zal axloqingiz bilan", dedilar. 

SAFAROVA MUSLIMA HASAN QIZI,

Jo’bori Kalon ayol-qizlar o’rta maxsus islom bilim yurti talabasi

Read 226 times
Top