Yangiliklar

Ziyoratchilarimiz minnatdor

 

Sobiq mustabid tuzum davrida ota-bobolarimizga Islom dinining beshinchi arkoni bo‘lmish haj amalini ado etish armon bo‘lgan. O‘sha davrda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasidan atigi  4-5 nafar kishi borar edi. Hozirgi kunga kelib har yili 11 mingdan ortiq fuqarolarimiz haj va umra ziyoratiga bormoqda. Bu esa o‘z navbatida istiqlolimizning samarasi va  buyuk yutug‘i sanaladi. Buning uchun Yaratganga cheksiz shukurlar qilishimiz darkor.

Shu yilning 20 fevral kuni  “Umra-2017” bahor mavsumining ishchi guruhi a’zolari, oshpazlar, shifokorlar, guruh rahbarlari va ziyoratchilardan iborat 230 nafari umra arkonlarini bajarish maqsadida Saudiya Arabistoniga 1-reys bilan jo‘natildi.

“Al-Hidoya” shirkati tomonidan Makkai mukarramada “Masjid al-Harom”dan 600 metr uzoqlikda joylashgan to‘rt yulduzli “Abroj al-Kisva” va Madinai munavvarada “Mavadda Nur” mehmonxonalarida ziyoratchilarimizga yuqori saviyada xizmat ko‘rsatilmoqda. Makkadagi “Abroj al-Kisva” mehmonxonasining “RR” qavatida masjid mavjud bo‘lib, unda “Harami sharif”ga chiqishga qiynaladigan, keksa va imkoniyati cheklangan ziyoratchilar kundalik 5 vaqt namozlarini ado etib bormoqdalar. Mehmonxonaning “R” qavatida 550 o‘rinlik oshxona mavjud bo‘lib, ziyoratchilarimiz uchun har kuni o‘zbekistonlik oshpazlar tomonidan tayyorlangan ertalabki nonushta, ikki mahal issiq ovqat, meva, suv, sharbat, qatiq va boshqa oziq-ovqatlar hamda uzluksiz issiq choy taqdim etilmoqda. Mehmonxonaning 23 qavatida ishchi guruhi shtabi va tibbiyot bo‘limi tashkil etilgan.

24 fevral kuni 1-reys bilan jo‘nab ketgan ziyoratchilarimiz umra ibodatini bajarish maqsadida zamonaviy avtobuslarda Makkai mukarramaga yo‘l olishdi. Ziyoratchilarimizni Jidda aeroportidan Madina shahriga olib borish, Madina shahridagi qadamjolariga olib chiqish, undan Makka shahriga tashish va u yerdagi ziyoratgohlarga olib chiqishda shinam avtobuslarda xizmat ko‘rsatilmoqda.

   Mehmonxonalarga joylashgach, yurtdoshlarimizga mohir oshpazlarimiz tomonidan tansiq milliy taomlarimiz taqdim etilmoqda. Shuningdek, har bir ziyoratchiga adashib qolmasligi uchun mehmonxona ma’lumotlari aks etgan bilak tasmasi va mehmonxona kartalari tarqatildi.

Ziyoratchilarimiz Madina shahridagi “Qubo” va “Qiblatayn” masjidlari, Uhud tog‘i kabi muborak joylarga ziyoratga olib chiqilib, mazkur qadamjolar tarixi bilan tanishtirilmoqda. Shuningdek, ularni Makkai mukarramada “Nur” tog‘i, “Mino”, “Muzdalifa” va “Arofot” vodiysiga olib chiqish rejalashtirilgan. Ziyoratchilar o‘z ibodatlarini emin-erkin, ko‘tarinki ruhda ado etmoqdalar. Ular umra ibodatini bajarish davomida 3 kun Madinada va 7 kun Makka shahrida bo‘lishadi.

     Makkai mukarrama va Madinai munavvara shaharlaridagi mehmonxonalarda erkaklar va ayollar uchun alohida tibbiyot markazlari tashkil etilgan bo‘lib, murojaat etishni istagan umrachilarimizga tibbiy yordam shu yerning o‘zida ko‘rsatilishi imkoniyati to‘la ta’minlanadi.

“Umra–2017” mavsumining bahor mavsumi ziyoratchilarini kutib olish ishlari shu yilning 2 martidan 11 apreliga qadar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ziyorat chog‘ida yurtdoshlarimiz muqaddas Makka va Madina shaharlarida umra ibodatini ado etishlari davomida ko‘zda yosh bilan yaratib berilgan imkoniyat va sharoitlardan mamnun bo‘lib, Yurtboshimiz, hukumat rahbarlari hamda ishchi guruhi a’zolari haqqiga xayrli duolar qilmoqda.

     25 yillik tarixga ega istiqlolimiz sharofati bilan umra amallarini ado etish yo‘lida mol-dunyo sarflab, dovonlar oshib, muqaddas diyor — Makkai mukarramada Ka’bai muazzamani tavof qilish baxtiga muvaffaq bo‘lgan aziz yurtdoshlarimizni jonajon Vataniga, ota-ona, farzandlari bag‘riga sog‘-salomat qaytishlarini Alloh taolodan so‘rab, Yaratgan ziyoratingizni qabul etib, gunohlaringizni mag‘firat aylasin, deb qolgaymiz.

 

   

    O‘MI xodimi Ilyos Ahmedov

tayyorladi

Read 465 times
Top