Мақолалар

Shirkning uch shakli

Shirk lug'atda "sherik qilish" ma'nosini anglatadi.Istelohda esa "Alloh taoloning zotida, yo sifatlarida,yo fe'llarida,yo ismlarida,yo hukmlarida U zotga o'zgani teng qilish"ga shirk keltirish deyiladi".

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

إِنَّ اللَّهَ لَا يَغْفِرُ أَنْ يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَٰلِكَ لِمَنْ يَشَاءُ ۚ وَمَنْ يُشْرِكْ بِاللَّهِ فَقَدِ افْتَرَىٰ إِثْمًا عَظِيمًا        

"Albatta, Alloh o'ziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqa gunohni kimdan xohlasa, kechirur. Kim Allohga shirk keltirsa, shubhasiz, katta gunohni to'qibdir" (Niso surasi, 48).

Alloh taolo butun borliqni yo'qdan bor qilib insonni yaratdi,va unga butun dunyo matohlarini uning xizmati uchun bo'ysintirib qo'ydi. Alloh bandalariga unga shukur qilib uni tengi bo'lmagan yagona iloh ekanini e'tirof qilishlarini buyurdi va ularga itoat yoki isyon ixtiyorini berdi. So'ngra itoatkorlarning maskani jannat, isyonkorlarni borar joyi esa jahannam bo'lishini xabar qildi.

Yuqorida zikr qilingan oyati karimadan ma'lum bo'ldiki, Alloh o'zi istagan bandasidan qilgan gunohlarini kechirib yuborishi va o'z jannatiga kirgazishi  mumkin, lekin shirk bundan mustasno. Shirk shunday katta gunohki, uni qilib tavba qilmay o'lgan insonni Alloh gunohlarini kechirmaydi va oqibatda u inson jahannamda mangu qoladi (Alloh asrasin). Shuning uchun ham barcha payg'ambarlar insonlarni shirk botqog'idan hidoyat yo'ligia chorlab kuch qudratda tengi yo'q Allohning yagonaligiga, ya'ni, tavhidiga da'vat etganlar.

Alloh taolo Qur'oni karimning Sho'ro surasi 11-oyatida quyidagicha marhamat qiladi:

 لَيْسَ كَمِثْلِهِ شَيْء                                                 "

Uning mislidek biror narsa yo'qdir. U eshituvchi va ko'ruvchidir".

Har bir mo'min banda Alloh taoloning ism va sifatlari haqida Qur'oni Karim va hadisi shariflarda bayon qilinganidek e'tiqod qilishi lozim. Bu haqda quyidagicha rivoyatlar kelgan: "Imom Ahmad ibn Hanbal (r.a): "Alloh taolo O'zi vasf qilganidan yoki Rasuli vasf qilganidan boshqacha vasf qilinmaydi, Qur'on va hadisdan tashqariga chiqilmaydi", deganlar. Imom Buxoriyni ustozlari Nuaym ibn Hammod: "Kim Allohni Uning yaratgan narsasiga o'xshatsa, kofir bo'libdi, kim Alloh O'zi haqida vasf qilgan narsani yoki Uning Rasuli vasf qilgan narsani inkor qilsa, kofir bo'libdi, Alloh O'zini vasf qilgan narsada va Rasuli Uni vasf qilgan narsada o'xshashi ham, tengi ham yo'qdir", deganlar.

Abu Hurayra (r.a.) dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (s.a.v) shunday marhamat qildilar: "Alloh taolo aytadi: "Men sheriklarning sherikchiligidan eng behojat zotdirman"

Abu Hafs Sirojiddin (r.a.) Imom Tahoviy(r.a)ning "Aqidatu at-Tahoviy" kitoblariga yozgan sharhlarida Shirkning uch shakilda bo'lishini aytib ularni tushuntirib berganlalar.

Birinchisi: Alloh taoloning zotida sherik qilish.

Ya'ni Allohdan o'zga boshqa kimsa yoki narsani Unga sherik qilish. Xuddi budparstlar dunyoning yaxshi va yomon bo'lgan ikki xudosi bor deganlari kabi. Shirkning bu turi  ko'p xudollikka asoslangan ta'limotlarda uchraydi.

Alloh Qur'oni karimning Anbiyo surasi 22-oyatida shunday marhamat qiladi:

لَوْ كَانَ فِيهِمَا آلِهَةٌ إِلَّا اللَّهُ لَفَسَدَتَا ۚ فَسُبْحَانَ اللَّهِ رَبِّ الْعَرْشِ عَمَّا يَصِفُونَ                                        

"Agar u(osmonlaru yer)larda Allohdan o'zga "xudo"lar bo'lganida, buzulib ketar edilar. Arshning Rabbisi Alloh ular vasf qilgan narsadan pokdir. (Borliqni bir zot yaratgan, bir zot idora qilib boshqarib turadi. Borliq shunga bo'ysunadi. Shu bois ham hadsiz-hisobsiz bo'lishiga qaramay, borliqda qoyil qolarlik darajada nizom va mutanosiblik hukum suradi. Agar borliqni yaratgan, uni idora qilib turgan zot bittadan ko'p bo'lsa, o'sha zotlarning irodalari bir biri bilan albatta to'qnashar edi. Oqibatda borliqda nomutanosiblik kelib chiqar, jipslik buzular va nizom buzular edi. Modomiki borliq bir nizomda turubdimi, mutanosibmi, demak, uni yaratgan va tadbirini qilib turgan zot bitta.)

Ikkinchisi: Nomlash va Ibodatga haqli sanashdagi shirk.

Ya'ni Allohdan boshqa narsa yoki kimsani iloh deb nomlash. Ibodatga xaqli sanash deganda esa, Allohga iymon keltirib boshqa bir kimsa yoki narsaga ham ibodat qilishdir. Xuddi Islomdan avvalgi arablar qilgan ishlari kabi. Ular Allohga ibodat qilishliklari bilan birga but sanamlarga ham ibodat qilganlar va ularni ilohlar deb nomlaganlar. Shu qilmishlari tufayli Alloh taoloni barcha narsani yaratuvchi rob ekanligiga iqror bo'lsalar ham mushrik bo'lib haq yo'ldan ozdilar. Alloh taolo Zumar surasinimg 3-oyatida quyidagicha marhamat qiladi:

أَلَا لِلَّهِ الدِّينُ الْخَالِصُ ۚ وَالَّذِينَ اتَّخَذُوا مِنْ دُونِهِ أَوْلِيَاءَ مَا نَعْبُدُهُمْ إِلَّا لِيُقَرِّبُونَا إِلَى اللَّهِ زُلْفَىٰ إِنَّ اللَّهَ يَحْكُمُ بَيْنَهُمْ فِي مَا هُمْ فِيهِ يَخْتَلِفُونَ ۗ إِنَّ اللَّهَ لَا يَهْدِي مَنْ هُوَ كَاذِبٌ كَفَّار                                                                                              ٌ

Ogoh bo'linkim, xolis din Allohnikidir. Undan o'zga avliyo-do'stlar tutganlar: "Biz ularga faqat bizlarni Allohga juda ham yaqin qilishlari uchungina ibodat qilurmiz", (derlar). Albatta, U zot ular orasida ixtilof etayotgan narsalar bo'yicha hukum qilur. Albatta, Alloh yolg'onchi va kofir kimsalarni hidoyat qilmas. (Mushriklar Alloh taoloni yaratuvchi zot ekanini, osmonlaru yerlarni yaratganini tan olar edi. Ammo, o'sha xoliqning tavhidini, yakka O'zigina ibodatga sazovor ekanini tan olmasdi. Ibodatda unga turli but va sanamlarni sherik qilar edi. Ular o'zlaricha afsona to'qib, farishtalar Allohning qizlari, deb safsata sotishardi. Farishtalarga turli haykallar yasab ularga sig'inishardi. Biz maloikalarga ibodat qilish zarur ekanligidan emas, ular bizni shafo'at etib, Allohga juda ham yaqinlashtirishlari uchun sig'inamiz deyishardi. Bu ishlari esa, botil ish edi. Allohning tavhidiga xilof edi.)

Uchunchi:  Allohning sifatlarida shirk qilish.

Ya'ni Alloh taologagina xos bo'lgan sifatlarga boshqa kimsa yoki narsalarni sherik qilish. Alloh taolo Qur'oni karimning Naml surasi 65-oyatida quyidagicha marhamat qiladi:

قُلْ لَا يَعْلَمُ مَنْ فِي السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ الْغَيْبَ إِلَّا اللَّهُ ۚ وَمَا يَشْعُرُونَ أَيَّانَ يُبْعَثُون                                                  َ

Sen: "Osmonlaru yerda Allohdan boshqa hech kim g'aybni bilmas", deb ayt. Ular qachon qayta tiriltirilishlarini ham sezmaslar. (G'aybni bilish faqat Alloh taoloning O'ziga xosdir. Allohdan boshqa hech kim, na inson, na farishtalar, na jinlar g'aybni bilmaydi.) Demak, g'ayb ilmi Allohning o'zigagina xos bo'lgan sifat, uni na biron bir folbin va na munajjimlar biladi. Ana endi kim mana shu sifatni Allohdan o'zga kimsa yoki narsada borligini da'vo qilsa u mushrik (sherik qiluvchi)ga aylanib qoladi.

Islom shariatida Kufr bilan Shirkning ta'riflari farqli hisoblanadi. Kufr o'zining barcha navlari bilan iymonning ziddi bo'lib, iymon bilan aslo jamlanmaydi. Shirk esa gohida iymon bilan birga jamlanib qolishi mumkin. Boshqacharoq aytganda, shirkning barcha turi ham kufr bo'lavermaydi, huddi kichik shirk va yashirin shirk deb atalgan gunohlaming kufr hisoblanmagani kabi. Ya'ni, Rasululloh (s.a.v) riyoni kichik shirk deganlar, Allohdan boshqani aytib qasam ichishni ham shirk deganlar, lekin mazkur ishlarni qilib qo'yganlami mushrik yo kofir deb hukm chiqarmaganlar, kalima qaytarib iymonlarini yangilashga ham buyurmaganlar.

Xulosa o'rnida aytganda barcha musulmonlar Shirkdan ehtiyot bo'lmog'i zarur ekan. Zero, Rasululloh (s.a.v.) shirkni chumolining o'rmalashidanda maxfiyroqdir deb ta'kidlaganlar. Shirkdan boshqa gunohi kabirani sodir etgani tufayli mo'min banda kufrga hukm etilmaydi. Chunki iymon qalban tasdiqlash hisoblanadi. Qalban tasdiqlagan banda faqatgina o'sha qalbiy tasdig'ini inkor etishi bilangina iymondan chiqadi. Banda shahvat yo dangasalik sababli yo shunga o'xshash boshqa illatlar sababli gunohi kabira sodir etadigan bo'Isa,bu iymonini inkor etishlik hisoblanmaydi. Ammo uni halol sanab yo nazarga ilmay sodir etsa, kofir bo'ladi. Chunki bu harakati qalbiy tasdig'ini yolg'onga chiqarish alomatidir. Qalbiy tasdig'ni inkor etish imon haqiqatini inkor etishdir. Imon haqiqatini inkor etish esa ochiq oydin kufrdir.

Alloh taolo  shirkni hamma ko'rinishlaridan o'zimiz ahli oilamiz va butun musulmonlarni asrab musulmon holimizda o'zini huzuriga borishimizni nasib aylasin.

 

Nizomiddin Abdumalikov,

                                                                                                              Mir Arab оliy мadrasasi talabasi

15772 марта ўқилди

Мақолалар

Top