Ўзбекистон янгиликлари

Indoneziyada Imom Buxoriy nomidagi masjid ochildi

Masjid O‘zbekistonning Indoneziyadagi Turizm elchisi Eko Shri Margianti tashabbusi bilan barpo qilingan bo‘lib, masjid Gunadarma universiteti arxitektor talabalari tomonida loyihalashtirilgan.

Mazkur masjid ochilishida Turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov onlayn tarzda nutq so‘zlab, Indoneziya  musulmonlari tomonidan ulug‘ muhaddis Imom al Buxoriyning nomlariga masjid barpo qilinishi ikki xalq o‘rtasidagi birodarlik aloqalarini yanada mustahkamlashini e’tirof etdi.

Masjid ochilishida O‘zbekistonning Indoneziyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ulug‘bek Rozikulov tabrik so'zi bilan ishtirok etdi hamda masjid uchun esdalik sovg'alari hadiya etdi.


Ushbu masjidning qiziq jixati shundaki, masjidni barpo etishda yurtimizda mavjud arxitektura yechimlari asosida barpo etildi. Masjid naqshlari Shohi Zinda ziyoratgohidan andoza olingan bo‘lsa, masjid g‘ishtlarini terishda Buxorodagi Poyi Kalon masjidiga o‘xshash tarzda yondashilgan. Masjidning old tarafida Hast Imom masjidida mavjud minoralar kabi ikki minora qad rostlagan. Ushbu masjidning ochilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-6165-sonli Farmoni doirasida Indoneziyada O‘zbekistonning boy islomiy merosini targ‘ib qilishga xizmat qilishi mumkin. 

Ochilish marosimidan indoneziyalik ekspert quyidagi videoni biz bilan ulashdi:

Saifuddin - Jakartadagi Istiqlol muzeyi eksperti, xattot:

 

O‘zbekistonga qaynoq mehrli salomlarim bo‘lsin. Hozir men yangi ochilgan Imom Buxori masjidi qarshisida turibman.

Masjidni Professor Margianti ochib berdilar. Masjid g‘oyasi va dizayni bizning O‘zbekistonga tashriflarimiz natijasida yuzaga keldi. Buni masjiddagi turli xil uslublar O‘zbekistonning turli shaharlaridagi binolarga o‘xshashi orqali ko‘rish mumkin. Bu bino ikki mamlakat do‘stligi ramzi va O‘zbekistonning kichik bo‘lagi bo‘lib xizmat qiladi.

Bu yerga kelgan ziyoratchilar O‘zbekiston madaniy merosidan bahramand bo‘lishlari mumkin va barchamiz uchun aziz bo‘lgan Imom al Buxoriy haqlariga duo qilib, ularga bo‘lgan hurmatimizni izhor qilishimizga imkon yaratadi. O‘zbekiston va Indoneziya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik yana ham mustahkam bo‘lsin!

Shuningdek, Indoneziya Respublikasida ziyorat turizmini targ‘ib qilish borasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Musulmonlar idorasi, Islom akademiyasi va Islom sivilizatsiya markazi va ziyorat turizm elchisi tomonidan bir qancha ishlar amalga oshirildi.

1517 марта ўқилди

Янгиликлар

Top