Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Aprel, 2025   |   22 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:11
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:12
Xufton
20:31
Bismillah
20 Aprel, 2025, 22 Shavvol, 1446

Nurul izoh: HAJ KITOBI (1-qism)

03.11.2020   8331   20 min.
Nurul izoh: HAJ KITOBI (1-qism)

HAJ KITOBI

"Haj" so'zining lug'aviy ma'nosi qasd qilish demakdir. Shar'iy istilohda esa, maxsus amallarni ma'lum bir joyda, muayyan bir vaqtda ado etishni qasd qilishdir.

Izoh: Maxsus joy Ka'ba va Arafotdir, muayyan vaqt esa, haj mavsumi, ya'ni Shavvol, Zulqa'da va Zulhijja oyining ilk o'n kunidir. Maxsus amal esa, Baytullohni tavof qilish hamda Arafotda turishdir.

Hajning farz bo'lish vaqti

Haj hijratning to'qqizinchi yili farz qilindi. Umr davomida bir marta ado etish farz. Sharoit bo'lganida kechiktirmaslik lozim.

Hukmi va farz bo'lishining dalili

Haj islomning besh ruknidan biridir va umr mobaynida bir marta ado etiladigan farzdir. Farzligi Qur'oni karim bilan sobit. Dalili esa Alloh taoloning ushbu mazmundagi oyati karimasidir: "...va yo'lga qodir bo'lgan kishilar zimmasida Alloh uchun mana shu uyni haj qilish burchi bordir..."(Oli Imron, 97).

Shuningdek, hajning farzligi quyidagi hadis bilan ham sobitdir: "Ey insonlar! Haj sizlarga farz qilindi, bas, haj qilingiz!" Hajning farzliga masalasida barcha musulmon olim va faqihlar yakdildir. Shuning uchun inkor qilgan kofir bo'ladi.

Butun Islom dunyosiga iqtisodiy, siyosiy va diniy hayotlarida behisob foydalar keltirgan hikmatlari tufayli haj yo'lga qodir bo'lganlarga farz qilindi.

Ka'baning qisqacha tarixi

Ka'ba er yuzidagi eng birinchi ibodatgohdir. Alloh taoloning amri bilan bir farishta, rivoyatlarga ko'ra, Jabroil, alayhissalom, tomonidan qurilgan. Ammo vaqt o'tishi bilan uning faqat poydevori qolgan.

Odam alayhissalom, yaratilgach, Alloh unga eski poydevor ustida Ka'bani qayta qurishni buyuradi. Keyinchalik Ibrohim alayhissalom yana eski poydevor ustiga Ka'bani yangidan kuradilar.

Islomiyatga qadar Ka'ba Amalika, Jurhun qabilasi, Payg'ambarimizning buvalari Qusayy va nihoyat Quraysh qabilasi tomonidan turli davrlarda ta'mir qilinadi. Islomiyat davrida esa, Umaviylardan dastlab Yazid, so'ngra Abdulmalik davrida ikki marta qurshab olinadi va natijada Ka'ba zarar ko'radi. Har ikki qurshovdan so'ng Makka amiri Abdulloh ibn Zubayr, roziyallohu anhu, tomonidan ta'mir qilinadi.

Endi xajning fazilatlaridan ba'zilarini bayon qilib o'tamiz:

  1. Haj Islomning porloq o'tmishini eslatadi, musulmonlarning diniy shuurini uyg'otadi. Chunki hajda musulmonlar Allohning uyi Ka'bai muazzamani tavof qiladilar. Ibrohim, alayhissalom, davrlarini yodga oladilar, namoz o'qiydilar. Payg'ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, masjidlarida ravzalarini ziyorat qiladilar. Islomning shon-shuhratini yuksaklarga ko'targan qahramon Sahobalarning qadamjolarini ko'radilar. Shu sabab ular qalbida Islomga muhabbat kuchayadi, ulug' ajdodlardan ibrat olish ishtiyoqi jo'sh uradi.
  2. Haj mo'minlarning gunohlardan poklanishi Allohning marhamati va barakoti bandalari ustiga yog'ilishi uchun bir vasiladir. Chunki ba'zi olimlar aytishlaricha, shunday gunohlar borki, faqat Arafotda vuquf tufayligina Alloh ularni kechirishi mumkin.
  3. Haj oylari musulmon mamlakatlarining turli san'at asarlarini tashuvchi xalqaro ko'rgazma, barakotli tijorat mavsumidir.

Hajda nafaqat vahiy ingan tuproqlarda yashayotgan xalqlarning, balki uzoq diyorlardan kelgan ziyoratchilarning ham katta iqtisodiy manfaatlari bor.

  1. Haj ulkan hayot maktabi, ya'ni musulmonlar orasida o'zaro yordamlashuv va ma'lumot almashinuviga sabab bo'lgan safardir. Kishi haj safari asnosida ko'plab mamlakatlar, turli-turli millatlarni ko'radi. Ularning hayot tarzlari va urf-odatlari bilan tanishadi, ibratlanadi, hayotiy tajribalar orttiradi.
  2. Haj kuchli irodaga ega bo'lgan, Allohning tavfiq va yordamiga chin dildan ishonib, tavakkul qilgan kishilar bajara oladigan bir mashaqqatli ibodatdir. Bu mashaqqatlar hojining axloqini go'zallashtiradi, qo'pollikni ketkazib, unga oddiy imkonlar bilan yashashni, kamtarlikni, sabr-bardoshli bo'lishni o'rgatadi.
  3. Haj boyu kambag'al, amaldor-xizmatchi hammasi ham Allohning ojiz bandalari ekanini ko'rsatuvchi, haqiqiy tenglik va birodarlik ko'zgusidir. Chunki hajda barcha hojilar dunyo va uning ziynatlaridan qalban uziladilar, barcha bir xil libos – ehrom kiyib, yaxshi so'zlarni aytib, xuddi bir insondek oydin tuyg'ularga to'lgan qalb bilan yagona Alloh taologa yolvoradi.

Hech kim o'zini dunyoviy martabasi va boyligi tufayli boshqalardan afzal ko'ra olmaydi. Faqat taqvodagina ba'zilari ba'zilaridan ustun bo'lishi mumkin. Payg'ambarimiz, sollalloxu alayhi va sallam, aytganlaridek: «Arab ajamga nisbatan faqat takvo jihatidan fazilatli bo'lishi mumkin».

Hammaning kiygani ehrom barcha musulmonlar orasidagi haqiqiy tenglikka ishorat qiladi. Ayni paytda insoniyatga bu dunyo va uning go'zalliklaridan ayrilib, narigi dunyoga yuzlangan dastlabki holatni eslatadi. Chunki kishi qabrga ham ehromga juda o'xshash matoga o'ralib ketadi. Bu esa, kishini solih amallar bilan oxiratga tayyorgarlik qilishga tashviq qiladi. Oyati karimada aytalganidek: «Oxirat uchun tayyorlangan zodi rohilalar ichida eng xayrlisi taqvodir».

  1. Haj butun dunyo musulmonlarini bir davraga yig'uvchi xalqaro anjumandir. Dunyonning turli burchaklaridan kelgan milyonlab insonlar Islom manfaatlarini ko'zlab maxsus kunlarda Allohni zikr qilish uchun to'planadilar. Islomiyat ularning ko'ngillarini, fikr va tuyg'ularini birlashtirib turadi. Hojilar hajga kelib bir-birlari bilan tanishadilar, sevishadilar, muammolarini hal qilishda bir-birlariga yordam beradilar.
  2. Alloh taolo Qur'oni karimda aytadi, «... va o'sha vaqtni eslangizki, Biz bayt (Ka'ba)ni insonlar uchun savob qozonish va himoyalanish joyi qildik». Harami Sharifda nafaqat insonlar, balki hayvonlar ham xavfsizlik va huzur ichida bo'ladilar. Bu jihatdan dunyoda Haramga teng keladigan makon yo'q. Rivoyat qilinishicha, Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Ka'bada otam Hattobning qotilini ushlab olsam, u erdan chiqqunicha (unga) qo'limni tekkizmayman», degan ekanlar.
  3. Haj Alloh taoloning insonlarga bergan ne'matlariga bir shukronadir. Chunki Alloh insonlarga sihat-salomatlik, zaruriy ehtiyojlaridan tashqari mol-davlat va yana ko'plab ne'matlar bergan. Shunday bo'lgach, Alloh bergan ne'matlarga shukr qilish farzdir.

Farz bo'lishining sababi

Hajning farz bo'lish sababi Baytul Haram Ka'baning mavjudligidir. Shuning uchun inson umr davomida bir necha marta hajga borishi shart emas.

Farz bo'lishining shartlari

  1. Musulmon bo'lish.
  2. Balog'atga etganlik.
  3. Aqlli bo'lish.
  4. Ozod (hur) bo'lish.
  5. Hajdan qaytgunicha, qaramog'idagi kishilarning ehtiyojlaridan tashqari o'zining barcha safar harajatlarini ham qoplaydigan mablag'ga ega bo'lish.
  6. Dorul harbda yashaydigan musulmonning haj farz ibodat ekanini bilishi.
  7. Vujud salomatligi.
  8. Yo'lning xavfsiz (bexatar) bo'lishi.
  9. Safar kamida uch kunlik bo'lsa, ayollarga mahramining hamroh bo'lishi.
  10. Qamoqqa tushib qolmaslik, oshkora to'siq yo'qligi.

Sahih ado bo'lishining shartlari

  1. Ehromga kirish.
  2. Belgilangan vaqtlar va joylarda amallarni bajarish.

Vaqt

Hajning vaqti ma'lum haj oylaridir. Ular Shavvol, Zulqa'da va Zulhijja oyining dastlabki o'n kunidir.

Ruknlari

Hajning ikki rukni bor.

  1. Bir lahza bo'lsa ham, Arafotda vuquf qilish, turish.
  2. Ziyorat tavofini ado etish.

Tavofning uch turi mavjud:

  1. Qudum tavofi. Bu makkalik bo'lmagan hojilar uchun sunnatdir.
  2. Ziyorat tavofi. Bu hajning asosiy shartlaridan bo'lib, Qurbon hayitining uch kuni mobaynida barcha hojilar tomonidan ado qilinishi shart.
  3. Sadar. Bu vado tavofi bo'lib, haj amallari tamomlangach, Ka'badan ayrilayotganida makkalik bo'lmagan barcha hojilarga vojib tavofdir.

Hajning vojiblari

Hajning yigirmadan oshiq vojiblari bor. Quyidagilar shular jumlasidandir:

  1. Miyqotdan boshlab ehromga kirish.
  2. Qurbon hayitining birinchi kuni tong otgach, kun yorishgunicha bir lahza bo'lsa ham Muzdalifada turish.
  3. Safodan boshlab, Marvada bitirish sharti bilan Safo bilan Marva orasida etti marta sa'y qilish (yugurshp).

Izoh: Safo bilan Marva Makka shahri ichidajoylashganbo'lib, orasitaxminan405metrchabo'lganikkitepalikdir. Oralaridagi ushbu masofa bugungi kunda ikki tomoni do'konlardan iborat ko'chadir.

Rivoyat qilinishicha, Ibrohim alayhissalom xotini Hojar onamiz bilan o'g'li Ismoilni alayhissalom egulik va suvsiz bugungi Makka shahri joylashgan vodiyga tashlab, o'zlari Falastinga qaytadilar. Shundan so'ng yolg'izlik va chanqoqlikdan siqilgan Hojar onamiz biror bir kishini yoki suv topish umidida bu ikki tepalik orasida yugurib etti marta uyoqdan-bu yoqqa borib keladilar. Haj asnosida hojilar tomonidan bajariladigan sa'y ibodati ushbu hodisadan qolgan.

  1. Makkalik bo'lmagan hojilarning vido (xayrlashuv) tavofi qilishlari.
  2. Qurbon hayiti va tashriq kunlarida shaytonga tosh otish.
  3. Soch oldirish yoki qisqartirish.
  4. Tikilgan kiyimlarni kiymaslik yoki bosh va yuzni yopish kabi nojoiz harakatlarni qilmasdik.

Qurbonlik qilishni lozim etadigan amallar (hajning) vojiblaridir.

  1. Ehromli holda qilinishi taqiqlangan barcha harakatlardan o'zini chetga olish.
  2. Ka'bani tavof qilayotganida junub va betahorat bo'lmaslik hamda avrat joylarining yopilishi.
  3. Baytni har etti marta aylanganidan so'ng ikki rakat namoz o'qish.
  4. Har bir tavofni Hatim deb nomlangan joyning (Ka'baning eski poydevori) orasidan boshlash.
  5. Hajarul Asvad qarshisidan boshlab, Baytullohni chap tarafida tutgan holda tavof qilish.

Hajning sunnatlari

Hajning sunnatlari juda ko'p bo'lib, asosiylari quyidagilardir:

1) Ehromga kirishdan avval g'usl qilish.

2) Ehromga kirayotganida ehromning sunnati niyatida ikki rakat namoz o'qish.

  1. Ehromga kirgach talbiyani ko'p aytish.
  2. Makkalik bo'lmaganlarning tavofi qudum qilishlari.
  3. Tavofni ko'p qilish. Bu tavof makkalik bo'lmaganlar uchun nafl namozdan afzaldir.
  4. Imomning hajdagi ibodat tartiblarini tushuntirish maqsadida Zulhijjaning ettinchi kuni peshindan so'ngra Makkada xutba o'qishi.
  5. Tarviya (Zulhijjaning sakkizinchi) quni kuyosh chiqqach Makkadan Minoga yo'l olish va o'sha tun Minoda qolish.

Izoh: Mino Makkadan 6,5 km sharqda joylashgan shaharchadir. «Mino» istak, orzu degan ma'noni anglatadi. Allohningamri bilanIbrohimalayhissalom o'g'illariIsmoilni, alayhissalom mana shu erda qurbonlik qilishga kirishganedilar.

  1. 8. Zulhijjaning to'qqizinchi kuni quyosh chiqqach, Minodan ayrilib, Arafotga chiqish.
  2. 9. Iloji boricha xushu' bilan va yolvorgan holda, ko'proq duo-iltijoga g'ayrat qilish.

Ehrom

Ehrom muayyan (jinsiy yaqinlik, soch va tirnoq olish, xushbo'ylanish, bosh va yuzni yopish, tikilgan kiyim kiyish, ov qilmaslik va unga undamaslik, daraxt kesmaslik kabi) narsalarni qilmaslikka azm etishdir.

Ehromning rukni talbiya aytish (Allohni ulug'lash), sharti esa niyat qilishdir.

Miyqot

(Ehromsiz o'tish mumkin bo'lmagan joylar)

Haj amallari ado etiladigan ma'lum bir vaqtlar bo'lganidek, uni ado etish uchun yo'lga chiqqanida ehromsiz o'tib bo'lmaydigan joylar ham bor. Haj va umra qilmoqchi bo'lganlarning bu joylardan ehromsiz o'tishlari joiz emas. Bu joylar esa quyidagilardir:

  1. Madinaliklar va u erdan kelganlar uchun Zulhulayfa.
  2. Iroqliklar va u erdan kelganlar uchun Zotu Irq.
  3. Misrliklar, shomliklar va bo' yo'ldan kelganlar uchun Juhfa.
  4. Najdliklar va Najd orqali kelganlar uchun Qornul Manozul.
  5. Yamanliklar va Yaman orqali kelganlar uchun Yalamlam ehromga kiriladigan joylardir. Bu joylar miyqot deyiladi.

Ushbu miyqot joylariga kelmasdan avval hojilar. Ehromga kirishlari va hajda taqiqlangan amallarni qilishdan saqlanishlari joiz. Makkaga kirishni xohlagan, makkalik bo'lmagan hojilarning miyqot joylaridan ehromga kirmasdan o'tishlari joiz emas. Makkaliklarning ehromga kiradigan joyi Hilldir. Harami Sharifda o'tirgan kishining haj uchun ehromga kiradigan joyi Harami Sharif, umra uchun esa Hilldir.

Hajni ado etish tartibi

Haj qilmoqchi bo'lgan kishi quyidagi amallarni bajarishi kerak:

  1. Miyqotda yo undan oldin ehromga kirish.
  2. Ehromga kirishdan oldin tirnoqlarni, ortiqcha tuklarni olish.
  3. Mo'ylablarni qisqartirish.
  4. G'usl yoki tahorat qilish.
  5. Yangi yoki yuvilgan izor va rido kiyish, ular oq va yangi bo'lgani afzaldir.
  6. Agar bor bo'lsa xushbo'ylik sepish.
  7. Ikki rakat namoz o'qish (bu amallar mustahab).
  8. Namozdan so'ng «Allohumma inniy uriydul hajji fayassirhu li va taqobbal minniy» deb duo qilish. Ma'nosi: «Allohim, men haj qilmoqchiman.Uni menga oson qil va mendan uni qabul et».
  9. Ikki rakat namozdan so'ng hajni niyat qilib talbiya, ya'ni "Labbayka" aytadi. Talbiyaga boshqa kalimalarni ham qo'ishb aytish joizdir. Niyat qilib talbiya aytgach, ehromga kirgan hisoblanadi.
  10. Talbiyadan so'ng Payg'ambarimizga sollallohu alayhi va sallam salavot aytish.
  11. Shundan so'ng yaxshi duo qilish mustahabdir.

Hajda man qilingan amallar

Ehromga kirgach, ayoli bilan jinsiy yaqinlik qilishdan, yomon so'z aytishdan, gunoh qilishdan, tortishishdan, quruqlikdagi hayvonni ovlashdan, yo ovchiga uni ko'rsatishdan, tikilgan libos kiyishdan, salla o'rashdan, oyoqqa mahsi kiyishdan, bosh va yuzni berkitishdan, atir sepishdan, soch va soqol oldirishdan, tirnoq olishdan saqlanish lozim.

Ehrom kiygan holda g'usl qilish, hammomga kirish, kajava va chodirga kirib salqinlanish, belga kamar va shunga o'xshash narsalarni taqish joizdir. Har namozdan so'ng, pastdan yuqoriga chiqayotganida yoki vodiyga tushayotganida, hojilar guruhiga duch kelganida hamda sahar vaqtida erkaklar ovozini chiqarib talbiya aytishadi.

 

KYeYINGI MAVZULAR:

Makkaga kirishda qilinadigan amallar

Umra

Umraning vaqsh va miyqotlari

Rukni

Vojiblari

Bajarish tartibi

Qiron haji

Hukmi

Qiron hajining shartlari

Ado qilish shakli

Allohga shukr

Tamattu' haji

Hukmi va sahih bo'lish shartlari

Tamattu' hajining qoidalari

Allohga shukr

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbek moturidiyshunosligidagi ulkan tarixiy voqelik

19.04.2025   8821   8 min.
O‘zbek moturidiyshunosligidagi ulkan tarixiy voqelik

So‘nggi yillarda mamlakatimizda mutafakkir allomalarimizning ibratli hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilishga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Zotan, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning asarlaridagi ezgu g‘oyalar, umuminsoniy qadriyatlar, bag‘rikenglik va mo‘tadillik, ilm-fan, aql va tafakkurning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga oid qarashlar yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning muhim omili bo‘lib hisoblanadi.


Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy tarixiy-madaniy merosimizni o‘rganish va qayta tiklashga xizmat qilmoqda.


Mamlakatimizda buyuk mutafakkir ajdodimiz, aqida ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Abu Mansur Moturidiy va u asos solgan moturidiylik ta’limotini o‘rganishga alohida ahamiyati berilishi diqqatga sazovordir. Hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmasdan kelayotgan mazkur ta’limotning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida muhtaram yurtboshimiz: “Moturidiy ta’limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e’tibor qaratadi. Bu o‘z navbatida ushbu ta’limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Bunday g‘oyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”, deb ta’kidlagan edi.


So‘nggi kunlarda mamlakatimiz tarixida, xususan, moturidiyshunoslik sohasida yuqorida zikr qilingan ishlarga hamohang bo‘lgan ulkan tarixiy voqelik sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.  


Unga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtirish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, olim asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr qilish, uning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish, esdalik suvenirlari, pochta markalari, taqvimlar va boshqa ko‘rgazmali axborot vositalarini muomalaga chiqarish, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilab olindi.


Mazkur Qarorning qabul qilinishi nafaqat O‘zbekistonda, balki musulmon mamlakatlarida ham katta quvonch bilan kutib olindi. Ta’kidlash lozimki, Qaror yurtimizda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yanada rag‘batlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish, Imom Moturidiy siymosini xalqimizga yanada kengroq tanitishga xizmat qilishi bilan birga, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alohida mas’uliyat ham yuklaydi. Birinchi navbatda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar, ilmiy tadqiqot mavzularini Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda belgilab, asosiy faoliyat yo‘nalishlarini muvofiqlashtiradi.


Imom Abu Mansur Moturidiy musulmon olamida buyuk mutakallim, qomusiy olim va ulug‘ mutafakkir, moturidiylik ta’limotining asoschisi sifatida keng e’tirof etiladi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lganidan to hozirgi kunga qadar e’tiqod musaffoligini asrab-avaylash, musulmonlarning jipsligi va birdamligini ta’minlash, islom niqobi ostidagi oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi raddiyalar berishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Xususan, turli adashgan oqimlarning g‘oyalariga qarshi naqliy va aqliy dalillar asosida raddiya berish metodologiyasi hamda ma’rifiy asoslarini ishlab chiqqan Imom Moturidiy mazkur xizmatlari uchun “Imom al-huda” – “Hidoyat imomi”, “Musahhih aqida al-muslimin” – “Musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchi” degan sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan. Allomaning Abu Muin Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi izdoshlari uning yo‘lini munosib davom ettirib, ixtilofli aqidaviy muammolarga ilmiy yechim topish, mo‘tadil ta’limotni odamlar orasida keng tarqatishga ulkan hissa qo‘shganlar.


Imom Moturidiyning mutaassiblikka qarshi kurash metodologiyasi ham naqliy, ham aqliy dalillarga asoslangani sababli buzg‘unchi oqimlar faoliyatiga barham berishda o‘ta samarali bo‘lgan. Ushbu metodologiyaning asosini olimning “Qurolingni ilmda yasa”, degan hikmatli so‘zi tashkil qilgan. Bugungi kunda Imom Moturidiyning ushbu hikmati mamlakatimizda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi bilan har tomonlama mushtarak ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda, yuqoridagilardan kelib chiqib, Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish yoshlar tarbiyasida, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini qaror toptirib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda naqadar yuksak ahamiyatga ega ekanligi oydinlashadi.


Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi xususida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Markazda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Eng birinchi navbatda, Markaz qoshida tashkil qilingan Xalqaro ilmiy hay’at faoliyatini alohida tilga olish zarur. Misr, Turkiya, Iordaniya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Malayziya kabi mamlakatlarning yetuk olimlari, mahalliy mutaxassislarni o‘z tarkibida jamlagan ushbu Hay’at ilmiy tadqiqot mavzularini mazmunan boyitish va yanada takomillashtirish, Markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yishda benazir platforma vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, Hay’at a’zolari Imom Moturidiy siymosini jahonga tanitishga ham katta hissa qo‘shmoqdalar.


Shuningdek, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Islom tafakkuri instituti, Saljuq universiteti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, al-Azhar universiteti, Malayziya islom ilmlari universiteti kabi jahonning nufuzli ilmiy va ta’lim muassasalari bilan imzolangan hamkorlikka oid memorandumlar doirasida moturidiylik ta’limoti tarixi va bugungi kundagi ahamiyati, shuningdek, zamonaviy islomshunoslikka oid dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.


Markaz tomonidan Misrning al-Azhar majmuasi tadqiqotchilari o‘rtasida Imom Moturidiy merosi bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazildi. Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya joriy qilindi. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish bilan birga, Markaz faoliyatini ham xorijda keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.


Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini yaratish, qo‘lyozmalar asosida ilmiy tanqidiy matnlarini tayyorlash, shu asosda xalqchil risolalarni nashr qilib, aholi, ayniqsa yoshlar orasida moturidiylik ta’limotidagi bag‘rikenglik va mo‘tadillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, o‘tgan yilning o‘zida bugungi kundagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan 40 ga yaqin monografiya, kitob va xalqchil risola chop etildi.


Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga, uni mahalliy va xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu Qaror nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosdagi moturidiyshunoslik sohasi rivojida muhim o‘rin tutishiga shubha yo‘q.


Jamoliddin Karimov,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

O'zbekiston yangiliklari