بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي مَنَّ عَلَيْنَا بنِعْمَةَ الْإِسْلاَمِ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى سَيِّدِنَا وَنَبِيِّنَا الَّذِي عَلَّمَنَا زِيْنَةَ الْإِيْمَانِ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ اَمَّا بَعْدُ
MOTURIDIY E_''TIQODIGA KO'RA IYMONNING MOHIYaTI VA UNING ShARTLARI
Muhtaram jamoat! Ma'lumki, Islomning asosi aqida. Aqidaning asosi esa Alloh taoloning biru borligiga imon keltirishdir. Dinimining beshta asosi bo'lib, ulardan birinchisi va barcha amallarimizning qabul bo'lishiga asos bo'ladigani – imondir. “Imon” so'zi lug'atda “tasdiqlash”, “ishonish” degan ma'nolarni anglatadi. Yurtimizda an'anaviy hisoblangan moturidiylik mazhabi ta'limotlarida esa, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga Alloh taolo tomonidan etkazilgan barcha narsalarni dil bilan tasdiqlab, til bilan ifodalash “imon” deyiladi. Bu haqda “Aqoidun Nasafiya” kitobida shunday deyilgan:
اَلْاِيْمَانُ هُوَ التَّصْدِيقُ بِمَا جَاءَ بِهِ مِنْ عِنْدِ اللهِ تَعَالَى وَالْاِقْرَارُ بِهِ
ya'ni: “Iymon, (Rasululloh sallallohu alayhi vasallam) Alloh taolo huzuridan keltirgan narsani tasdiqlash va unga iqror bo'lishdir”.
Bundan kelib chiqadiki, kishi dilida tasdiqlagan narsani uzrsiz tilida aytmasa u Allohning nazdida mo'min bo'ladi, lekin odamlarning nazdida mo'min hisoblanmaydi. Aksincha, tilida aytib, dilida tasdiqlamasa, odamlarning nazarida mo'min hisoblansada, lekin aslida munofiq bo'ladi. Demak, chin mo'min bo'lish uchun kishi dili bilan tasdiq qilgan narsani tili bilan iqror qilishi shart qilingan.
Har bir ota-ona o'z farzandini yoshligidan din-diyonatli, vataniga sodiq, halol-pok qilib tarbiya qilishi barobarida imon asoslarini ham o'rgatib borishi lozim. Farzandlarga yoshligidan quyidagi kalima o'rgatiladi:
أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللهُ وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ
(Ashhadu allaa ilaaha illalloohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh)
ya'ni: “Alloh taolodan o'zga iloh yo'qligi va Muhammad alayhissalom Allohning bandasi va rasuli ekaniga guvohlik beraman”.
Afsuski, ba'zi yoshlarimizdan ushbu kalima so'ralsa, tillari aylanmay, aytishga qiynalib qolishlari achinarli holdir. Shuning uchun har bir musulmon ota-ona ushbu muborak kalimani o'z farzandiga o'rgatishi lozimdir.
Ushbu shahodat kalimasini musulmon bo'lmagan kishi aytishi bilan musulmonlik baxti unga nasib qiladi.
Imom Moturidiy rahmatullohi alayhning nazdlarida dinda buyurilgan yoki qaytarilgan ishlarga amal qilish imonning sharti hisoblanmaydi. Demak, amal qilmagan kishini ham garchi amal qilmagani uchun gunohkor bo'lsa-da, uni musulmon deymiz. Mana shu masala avvaldan ko'p ixtiloflarga sabab bo'lib kelgan.
Havorijlar kabi adashgan toifalar amal qilish imonning sharti deganlar va amal qilmagan kishilarni kofirga chiqarib, ularga urush e'lon qilib, qirg'in-barot urushlar va ko'p musulmonlarning qonlari to'kilishiga sabab bo'lgan. Afsuski, hozirgi kunda ham ushbu holat ba'zi toifa tarafdorlari tomonidan takrorlanmoqda.
Vaholanki, bizning Ahli sunna val jamoa e'tiqodimizga ko'ra, barcha ulamolarimiz bir ovozdan gunoh ish qilgan kishi modomiki uni halol sanamasa va farz amallarning farzligiga ishonib turib, dangasalik va beparvolik bilan uni ado qilmasa, uni kofirga chiqarmaydilar. Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A'zam rahmatullohi alayh o'zlarini “Fiqhul akbar” kitoblarida shunday deganlar:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا
ya'ni: “Musulmon kishini, gunohni halol sanamas ekan, biror gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, hattoki katta gunoh qilgan bo'lsa ham”.
Shuning uchun Moturidiy va Ash'ariy yo'nalishlari amal qilmagan musulmon kishini kofirga chiqarmaslik masalasida bir fikrdalar.
Shuni ham ta'kidlash kerakki, Imom Moturidiy rahmatullohi alayh amalni imonning asoslariga kiritmagan bo'lsalar-da, solih amallarni bajarish lozimligi va amal qilmagan kishini gunohkor bo'lishini ta'kidlaganlar hamda amalni, ba'zilar gumon qilganidek, butunlay chetga surmaganlar. Zero, bu Murjia firqasining aqidasidir.
Shuningdek, ayrim toifalar malomat qilganidek, Imom Moturidiy aqlni naqldan ustun qo'ymaganlar. Aslida Hidoyat imomi deb sharaflangan buyuk ulamo ta'limotlarida aql naqldan ustun turishi tugul, aql bilan hech qanday hukm sobit bo'lmasligi ma'lum va mashhurdir. Aqlni naqldan ustun qo'yish, Imom Moturidiy rahimahulloh umrlari bo'yi qarshi kurashgan, ilmiy raddiyalar yozgan toifa – mo''tazila firqasiga xos amaldir. Shuning uchun ularda qanchadan-qancha naqliy dalillar aqlga to'g'ri kelmagani uchun ta'vil qilinadi yoki qabul qilinmaydi. Jumladan, mo''tazilalar ayni vaqtda jannat va do'zax yaratilmagan, deb biladilar. Alloh taoloni dunyoda ham, oxiratda ham ko'rish aqlan mumkin emas, deydilar. Osiy kishi iqoblanishi, itoatkor kishi savob olishi shart, deb o'ylaydilar va hokazo. Ammo moturidiylar esa naql orqali sobit bo'lgan qanchadan-qancha e'tiqodiy yoxud fiqhiy hukmlarni, garchi aql anglay olmasa-da, aynan naqlga suyanganlari sababli so'zsiz qabul qilganlar.
(Imom-xatiblar mav'izaning mana shu o'rnida Imom Moturidiyning fitnalar urchigan, turli adashgan firqalar bosh ko'targan davrda musulmonlar yakdilligi, islom aqidasining asl holatini saqlab qolishda ko'rsatgan xizmatlari, u kishining mavqelari haqida,o'z so'zlari bilan, jonli tarzdanamozxonlarga tushuntirib beradilar...).
Azizlar! Imonli bo'lish eng katta ne'matlardan bo'lib, Alloh taolo bu ne'matni har kimga ham bermaydi, balki O'zi suygan bandalariga beradi. Barcha ibodat va ezgu amallarning qabul bo'lishi uchun imon shartdir. Imon keltirib, yaxshi amallarni qilganlarga Alloh taolo Firdavs jannatini va'da qilgan:
إِنَّ الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ كَانَتْ لَهُمْ جَنَّاتُ الْفِرْدَوْسِ نُزُلًا
ya'ni: “Albatta, imon keltirgan va yaxshi amallarni qilganlarga Firdavs jannati manzil bo'lur” (Kahf surasi, 107-oyat).
Ushbu oyati karimada ham imon keltirish bilan birga ezgu amallarni bajarish kerakligi bayon qilinmoqda. Darhaqiqat, musulmon kishi qancha ko'p ezgu va savobli amallarni qilar ekan, uning imon nuri ziyoda bo'ladi.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam sahobai kiromlar bilan o'tirgan paytlarida Jabroil alayhissalom odam suratida kelib, “menga imondan xabar bering” dedilar. Shunda Rasululloh alayhissalom bunday javob berdilar:
أَنْ تُؤْمِنَ بِاللهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ، وَتُؤْمِنَ بِالْقَدَرِ خَيْرِهِ وَشَرِّهِ
(متفق عليه عن عُمَرَ بْنٍ الْخَطَّابِ رضي الله عنه)
ya'ni: “Imon – Alloh taologa, farishtalariga, kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirat kuniga va taqdirning yaxshi va yomonligi Allohdan ekaniga imon keltirishingizdir” (Muttafaqun alayh).
Aqida borasida bitilgan eng mo'tabar kitoblardan birinchisi mazhabboshimiz Imom A'zam rahmatullohi alayhga mansub “Al-fiqhul akbar” kitobi bo'lib, bu asar biz moturidiy aqidasiga ergashuvchi musulmonlar uchun asosiy manba sanaladi. Abu Hanifa rahmatullohi alayh bu kitobda shunday deganlar:
أَصْلُ التَّوْحِيدِ وَمَا يَصِحُّ اْلاِعْتِقَادُ عَلَيْهِ يَجِبُ أنْ يَقُولَ: آمَنْتُ بِاللهِ، وَمَلاَئِكَتِهِ، وَكُتُبِهِ، وَرُسُلِهِ، وَالْبَعْثُ بَعْدَ الْمَوْتِ،
وَالْقَدَرِ خَيْرِهِ وَشَرِّهِ مِنَ اللهِ تَعَالَى، وَالْحِسَابُ وَالْمِيزَانُ، وَالْجَنَّةُ وَالنَّارُ حَقٌّ كُلُّهُ
ya'ni: “Tavhidning asli va e'tiqod qilish to'g'ri bo'lgan narsa shuki: har bir musulmon shunday deyishi vojib bo'ladi: Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg'ambarlariga, vafot etgandan so'ng qayta tirilishga, taqdirning yaxshisi ham, yomoni ham Alloh taolodan ekanligiga imon keltirdim. Hisob, tarozu, jannat va do'zax barchasi haqdir”.
Ushbu matnda imonning shartlari va uning to'g'ri bo'lish tarzi zikr etib o'tilmoqda. Banda yuqorida aytilgan narsalarga avvalo chin dildan ishonib, so'ngra uni tili bilan aytmog'i lozim bo'ladi.
Imon-e'tiqodli bandaga Alloh taolo xotirjam va farovon hayot berishni va'da qilib Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:
مَنْ عَمِلَ صَالِحًا مِنْ ذَكَرٍ أَوْ أُنْثَى وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَلَنُحْيِيَنَّهُ حَيَاةً طَيِّبَةً وَلَنَجْزِيَنَّهُمْ أَجْرَهُمْ بِأَحْسَنِ مَا كَانُوا يَعْمَلُونَ
ya'ni: “Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo'min bo'lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o'zlari qilib o'tgan go'zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasi, 97-oyat).
Shunday ekan, kishi o'z imoni taqozosiga ko'ra umrini o'tkazar ekan, doimo qalbida xotirjamlik, sakinat hukmronlik qiladi va ikki dunyoda baxt va saodat egalari qatorida bo'ladi. Musulmon kishi imoni taqozo qilgan amallarni bajarishi ham zarurdir.
Imon taqozo qilgan narsalardan biri – omonatdorlik. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam omonat haqida bunday deganlar:
لاَ إِيْمَانَ لِمَنْ لاَ أَمَانَةَ لَهُ
(رواه الإمامُ أحمدُ عن أنسِ بنِ مالكٍ رضي الله عنه)
ya'ni: “Omonatdorligi yo'q kishining imoni yo'q (komil emas)” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Demak, imonli kishi amonatdor bo'lib, Alloh va Uning rasulini haqqidan boshlab barcha insonlarni haqlariga rioya qilishi hamda va'daga vafo qilmaslik, firibgarlik, o'zganing moliga xiyonat qilish kabi noto'g'ri ishlardan o'zini tiyishi lozim.
Imon taqozo qilgan narsalardan yana biri – kishi yaxshi ko'rgan narsasini o'zgaga ravo ko'rishi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
لَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتى يُحِبَّ لأَخِيهِ مَا يُحبُّ لِنَفْسِهِ
(متفق عليه عن أنس بن مالك رضي الله عنه)
ya'ni: “Sizlardan birortangiz o'zi uchun yaxshi ko'rgan narsani birodari uchun ham ravo ko'rmaguncha (komil) mo'min bo'la olmaydi” (Muttafaqun alayh).
Demak, musulmon inson o'zi uchun sog'lik-salomatlik, baxt-saodat, farovon hayotni yaxshi ko'rganidek, o'zgalarga ham shuni va shunga o'xshagan narsalarni ravo ko'rishi kerak. Shuningdek, o'zining jannatga kirishini yaxshi ko'rsa, boshqalarning ham jannatga kirishini istaydi. O'ziga do'zaxga kirmaslikni ravo ko'rgan musulmon o'zgalarga ham do'zaxga kirmaslikni ravo ko'radi.
Shunday ekan, imonli kishi o'zi bilan birgalikda o'zgalarning manfaatlarini ham ko'zlab hayot kechiradi. Shunda uni imoni komil bo'ladi.
Imon taqozo qilgan narsalardan yana biri – Payg'ambarimizni hammadan yaxshi ko'rish. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
لَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى أَكُونَ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ وَلَدِهِ وَوَالِدِهِ وَالنَّاسِ أَجْمَعِينَ
(رواه الإمام البخاري عن أنس بن مالك رضي الله عنه)
ya'ni: “Sizlardan hech kim komil mo'min bo'la olmaydi, toki men unga otasi, bolasi va barcha odamlardan mahbubroq bo'lmagunimcha” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga muhabbat quruq da'vo yoki yuzaki gaplar bilan emas, balki chin qalbdan bo'lishi va u zotning ko'rsatmalariga amal qilish bilan bo'ladi. Qolaversa, sanoqli kunlardan keyin Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tug'ilgan oylari kelmoqda. Mana shu oyda u zot alayhissalomning hayotlarini yanada o'rganib, oila davrasida siyratga doir kitobxonliklarni tashkil qilib, yanada muhabbatimizni ziyoda qilishimiz ayni muddao bo'ladi.
Imon taqozo qilgan narsalardan yana biri – fahsh va gunoh ishlardan tiyilish. Aslida imon o'z egasini fahsh va gunoh ishlarni qilishga yo'l qo'ymasligi kerak. Imon bo'la turib bunday ishlarni qilgan kishining imoni komil hisoblanmaydi. Demak, musulmon kishi fahsh va gunoh ishlardan o'zini mutlaqo tiyishi lozim bo'ladi.
Hurmatli jamoat! Tinchlik va hotirjamlik bebaho ne'matdir. Din va dunyo ishlarida muvaffaqiyatga erishishimiz, yaqinlarimiz va farzandlarimiz kamoloti va yurtimiz ravnaqi aynan shu ne'matlarning qadriga etib, ularni ardoqlashdadir.
Ma'lumki, ayni kunlarda ayrim qo'shni qardosh davlatlarda notinchlik bo'lib turibdi. Yuz berayotgan noxush hodisalarga hammamiz guvoh bo'lib turibmiz.
Shunday ekan, har birimiz kasallik sababli boshimizdan uzoq muddatli sinovni o'tkazayotgan bir paytimizda har bir voqeadan ibrat olib, tinchlikni qadriga etib, imon-e'tiqodimiz taqozo qilgan ezgu ishlar bilan mashg'ul bo'lmog'imiz darkor. Alloh taolo tez kunlarda qo'shnilarimizga farovon hayotni nasib qilib, tinchlik ne'matini qaytarsin!
Alloh taolo barchamizni imon-e'tiqodda mustahkam aylab, ikki dunyo saodatini nasib aylasin! Omin!
Hurmatli azizlar! Kelasi yil uchun “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasiga obuna bo'lish boshlangan! “Hidoyat” 84 000 (sakson to'rt ming so'm), “Mo'minalar” 48 000 (qirq sakkiz ming so'm) va “Islom nuri” 62 400 (otmish iiki ming to'rt yuz so'm).
Ushbu nashrlarni o'qiganda yurtimiz va dunyo musulmonlari hayoti bilan tanishish barobarida ilm ham o'rganasiz. Yil bo'yi o'zingiz va xonadon ahlingiz islom ma'rifatidan foyda oladi. Siz ushbu nashrlarda o'z ijodingiz bilan qatnashish imkoniga ham egasiz. Sizning ijodingiz “Gazetxon ilhomi”, “Maktublarda manzaralar” va boshqa mavzuga mos ruknlar ostida e'lon qilinadi.
Obuna bo'ling: gazeta, jurnal o'qib, ilmingizni boyiting.
Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “MAVLIDUN NABIY MUBORAK!” mavsusida bo'ladi, inshaalloh.
Marosim O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta konferens-zalida o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilariga «Jahon jamoatchiligining Islom sivilizatsiyasi markaziga nigohi» maxsus filmi namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi, Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari Sherzod Asadov tabrik so‘zi bilan ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi maslahatchisi Muzaffar Komilovning forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul xodimi Rahmatulla Arziyev o‘qib eshittirdi.
Forum ishtirokchilariga yo‘llangan qutlov so‘zlarida xorijiy mehmonlar va media hamjamiyati vakillariga minnatdorlik bildirildi. Forumning professional muloqot, xalqaro hamkorlik va O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini ilgari surish maydoni sifatidagi ahamiyati ta’kidlandi.
Marosimning asosiy voqealaridan biri Euronews bosh direktori va bosh muharriri Klaus Shtrunsning «Yangi yaqinlik: madaniyat, media va g‘oyalar orqali Yevropa va Markaziy Osiyoni birlashtirish — Islom sivilizatsiyasi markazi global axborot makonida» mavzusidagi maxsus ma’ruzasi bo‘ldi.
Shtruns islom sivilizatsiyasining tarixiy, ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini zamonaviy media formatlar orqali jahon auditoriyasiga yetkazish, shuningdek, Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida axborot almashinuvini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, media vositalari turli mamlakatlar va jamiyatlar o‘rtasida nafaqat axborot almashinuvini ta’minlashi, balki muloqot uchun ko‘priklar ham qurishi kerak.
«Media vositalari fikrlar va yangiliklar almashinuvi uchun ko‘priklar qurishi mumkin va qurishi shart. Axir media kommunikatsiyasining mohiyati ham aynan shunda — ko‘priklar qurishda. Bugun bu yerda, qadimiy Ipak yo‘lida, kelajagimiz uchun aynan shu jarayon sodir bo‘lmoqda», — dedi Klaus Shtruns.
Euronews rahbari Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi axborot makonini yanada yaqinlashtirishni tarixiy Ipak yo‘li an’analari bilan qiyosladi. Uning ta’kidlashicha, mintaqalar o‘rtasidagi zamonaviy media aloqalar iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ham ochishi mumkin.
«Ipak yo‘lida axborot oqimi qanday kechgan bo‘lsa, bir-birimiz bilan muloqot qilish, bir-birimizning tilimizni tushunish ham shunday bo‘lsin. Bu oddiy texnik jarayondan ko‘ra kengroq tushuncha. Bu haqiqiy hamkorlikning yangi ko‘rinishi, kelajakdagi butun iqtisodiy taraqqiyot uchun harakatlantiruvchi kuch bo‘ladigan yangi axborot makonidir», — dedi u.
Klaus Shtruns, shuningdek, O‘zbekistonda yosh avlodning katta ulushga ega ekanini alohida qayd etib, bu mamlakatning kelajagi uchun ulkan imkoniyat ekanini ta’kidladi. U turli mamlakatlar yoshlarini birlashtiruvchi media va madaniy loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surdi.
Uning fikricha, turli sohalar — sport, ilm-fan, ta’lim va madaniyat vakillaridan iborat yoshlarni bir joyga to‘plab, ularning tajriba almashinuvi, hujjatli filmlar suratga olishi va qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish mumkin. Bunday tashabbuslar orqali mamlakatlar va mintaqalar yoshlari o‘rtasida yangi aloqalarni shakllantirish mumkin.
«Bu faqat chiroyli nutqlarda emas, balki aniq va amaliy loyihalarda o‘z ifodasini topishi kerak», — dedi Euronews bosh direktori.
Shtruns media sohasidagi innovatsiyalar ham aynan shu maqsad — o‘tmish merosini asrab, kelajakni birgalikda yaratishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.
«Eng muhimi, media doimo innovatsiyalarni harakatga keltiruvchi kuch bo‘lishi kerak. Ammo bu innovatsiyalar bugun men eshitgan ajoyib maqsadga xizmat qilishi lozim: media sohasida innovatsiyalarni ilgari surish, qalbimizda o‘tmishni asrab, kelajakni yaratish», — dedi u.
Euronews rahbari forumda ishtirok etishni media sohasining jamiyat oldidagi mas’uliyati bilan bog‘ladi. Uning ta’kidlashicha, jurnalistika va media faoliyati faqat biznes yoki kasb emas, balki turli jamiyatlarni yaqinlashtirishga xizmat qiladigan muhim vazifadir.
«Ushbu noodatiy tadbirda media hamkor sifatida ishtirok etayotganimizdan faxrlanamiz. Biz uchun bu shunchaki biznes emas, oddiy kasb ham emas. Bu — o‘z burchimiz va da’vatimizdir», — dedi Klaus Shtruns.
Shu tariqa, forumning ochilish marosimida media sohasining zamonaviy vazifalari, xalqaro axborot hamkorligini rivojlantirish, madaniy merosni yangi formatlarda jahon auditoriyasiga taqdim etish va turli mintaqalar o‘rtasida yangi axborot ko‘priklarini barpo etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU Boshqaruv raisi Firdavs Abduxaliqov «Islom sivilizatsiyasi markazi — yangi turdagi madaniy-ma’rifiy media platforma» mavzusida maxsus ma’ruza qildi.
Abduxoliqov Markaz konsepsiyasini tarixiy meros, ilm-fan, muzey ishi va yangi medialarni birlashtiruvchi zamonaviy xalqaro maydon sifatida taqdim etdi. U islom sivilizatsiyasi merosi hujjatli filmlar, televizion loyihalar, raqamli rekonstruksiyalar, multimedia va immersiv ekspozitsiyalar, shuningdek, nashriyot tashabbuslarida qanday yangi talqin kasb etayotgani haqida ma’lumot berdi. Markazning xalqaro media loyihalari, dunyodagi yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi, shuningdek, tarixiy merosni o‘rganish va ommalashtirishda sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Marosim ishtirokchilariga, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi haqida prezentatsion rolik namoyish etildi.
Xalqaro mediaforumda 50 ta davlatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili ishtirok etmoqda. Ular orasida xalqaro telekanallar va axborot agentliklari rahbarlari hamda vakillari, jurnalistlar, noshirlar, kinematografistlar, olimlar, tadqiqotchilar va raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari bor.
iccu.uz