Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Avgust, 2025   |   11 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:50
Quyosh
05:22
Peshin
12:34
Asr
17:29
Shom
19:39
Xufton
21:04
Bismillah
05 Avgust, 2025, 11 Safar, 1447

Qiyomatda bankrot bo'ladiganlar

19.04.2024   338   5 min.
Qiyomatda bankrot bo'ladiganlar

Tirikchilik hayot ziynati. Shuningdek, halol mehnat qilib ro'zg'or tebratish ayni ibodatdir. Kasbning qay biri bo'lsa ham halollik birlamchi shart qilingan.

Barcha kasblar ham e'tiborli. Lekin o'ziga yarasha har birining o'z maqomi bor. Hususan, savdo alohida e'tiborga loyiq. Chunki jamiyat a'zolari ichida unga ro'para kelmaydigan yo'q hisobi.

Fiqh kitoblarida ham savdo bo'limi anchagina salmoqli o'rinda turadi. Lekin nimagadir ko'pchilik savdo ilmini o'rganishga qiziqmaydi. Holbuki, arzimas narsaga e'tibor qilmaslik savdodan kelgan daromad yoki xarid qilingan mahsulotning halol bo'lmay qolishiga sabab bo'lishi mumkin. Halollik esa taqvoning asli ekanligini unutmasligimiz kerak.

“Savdo” arabchada “bay'” deyilib, lug'atda o'zaro bir narsani almashtirishni bildiradi. Shariatda, esa bir molni boshqa mol evaziga rozi bo'lib qabul qilishga aytiladi. Umuman olganda, savdo atamasi “tijorat” kalimasidan ko'ra bozor iqtisodi degan so'z ma'nosiga yaqinroqdir.

Dinimiz rostgo'y va halol savdogarlarga yuksak martabalarni va'da qilgan. Bu haqda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Rostgo'y savdogar Qiyomat kunida Arshning soyasidadir” (Imom Daylamiy rivoyati).

Shuningdek, barcha sohada bo'lgani kabi savdoda ham rostgo'ylik talab qilanadi. Bu haqda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Savdolashayotganlar bir-biridan ajramagunlaricha ixtiyordadurlar – agar rost so'zlasalar, ochiq aytsalar ularning sadolariga baraka kiradi. Mabodo yashirsalar va yolg'on gapirsalar savdolarining barakalari o'chirilur”(Hakim ibn Hizom raziyallohu anhudan Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Baro Ibn Ozib roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Baqi'ga kelib:

“Ey, savdogarlar jamoasi!” – dedilar.

Hamma u zot tomon qaradi, shunda u zot alayhissalom:

“Albatta, savdogarlar Qiyomat kunida gunohkor bo'lib tiriladilar, faqat Allohdan qo'rqib, ishini to'g'ri qilib va rost so'zlagan savdogarlar bundan mustasno”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Bugungi kunda bozorlarimizda xalqqa halol xizmat qilib baraka topayotganlar ham serob. Biroq turli aldov va firiblar bilan boshqalarni chuv tushirayotganlar ham yo'q emas. Ayniqsa, ulgurji savdoda bir-ikki bora ishonchga kirib olib oxirida katta miqdordagi mablag'ga aldab ketayotgan firibgarlar qanchalab oilalarning hayotidan xotirjamlik yo'qolishiga sabab bo'lmoqdalar.

Unutmaslik kerakki, dunyo o'tkinchi, mol-dunyo esa bevafo. Bizning qaytar joyimiz Allohning huzuridir. Bu dunyoda kimnidir aldab ketganimiz bilan oxiratda mol-dunyo bo'lmagan kunda qilgan amallarimiz haqdorlarga olib beriladi. Amalimiz etmay qolsa ularning gunohlari bizning gardanimizga tashlanadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so'radilar:

— Muflis kimligini bilasizmi?

Aytdilar:

— Yo Allohning Rasuli, bizningcha, muflis na dirham va na matosi bo'lmagan kimsadir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

— Ummatimning muflisi shunday bir kimsaki, u qiyomat kunida ro'za, namoz va zakot bilan keladi. Ammo unga zulm qilgan, buning molini egan, boshqasini urgan, yana birini so'kkan. Bas, u o'tiradi, undan unga, bunga yaxshiliklari qasos qilib olib beriladi. Agar uning zimmasidagi xatolar ado qilinmasdan turib yaxshiliklari tugab qolsa, ularning gunohlari olinib, buning zimmasiga yuklanadi, keyin esa jahannamga otiladi (Imom Muslim rivoyati).

Shahobiddin PARPIYeV,

Asaka tumanidagi “Muhammadsolih” jome masjidi imom-xatibi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

«Ishorai sabboba» qanday amal?

04.08.2025   6232   3 min.
«Ishorai sabboba» qanday amal?

Hanafiy mazhabimizda «ishorai sabboba» sunnat amal xisoblanadi. U to‘g‘risida bir necha hadisu shariflar vorid bo‘lib, quyidagi manbalarda u to‘g‘risida va qanday qilinishi borasida to‘xtalib o‘tilgan. Abu Lays Samarqandiy “Navozil”, Kamoliddin Ibnu Humom “Fathul qodir”, Alloma Alouddiyn Kosoniy “Badoi’us Sanoiy”, Ibn Obidiyn “Raddul muxtor”, Abdulhay Laknaviy “Umdatur ri'oya”, “E’lo’us sunan” kabi mo‘tabar manbalarda ham sunnat ekanligi zikr qilingan.  Bu haqida Aliy Qoriy ikkita “Tazyinul ibora tahsinul ishora” va “At-tadhiynu lit tazayyun”, Hofiz Ibn Hajar “Talhisul hobir”, Ibn Obidiyn “Raf’ ul taraddud” nomli bir qator risolalarda ham yozib o‘tganlar.

Imom Termiziy Abu Humayddan rivoyat qiladilar: “O‘ng kaftlarini o‘ng tizzalariga, chap kaftlarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilar edilar”.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallolohu alayhi vasallam namozda, ya’ni tashahhudga o‘tirsalar o‘ng qo‘llarini o‘ng tizzalarini ustiga chap qo‘llarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib ko‘rsatkich barmoqlarini ko‘tarib ishora  qilardilar. Chap qo‘llari tizzalarini ustida turar edi”. Ushbu hadisga sahobalar, tobe’inlar amal qilib, tashahhudda ishorani ixtiyor qildilar. Ahmad Nofi’dan rivoyat qiladilar: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo namozda tashahhudga o‘ltirsalar ikki qo‘llarini ikki tizzalariga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilib, ishora qilgan barmoqlariga qarab turar edilar, so‘ng Rasululloh sallalohualayhi vasallam: “Barmoq bilan ishora qilish shaytonga temirdan ham shiddatliroq”, derdilar.

Aliy Qoriy “Tazyinul ibora tahsinul ishora” kitoblarida ushbu hadisni sharhlab aytadilarki, “Barmoq bilan ishora qilish urushda temir qurolni ishlatishdan ham qiyinroqdir, go‘yo tavhidga ishora qilish bilan shayton mo‘min bandani adashtirishi, shirkka olib borishdan bo‘lgan  umidini kesadi”.

Imom Suyutiy “Jome’ul kabir” kitoblarida Uqba ibn Omirdan rivoyat qiladilar: “Kishi namozida ishora qiladigan har bir ishorasiga o‘nta hasanot yoziladi”, dedilar.

Ibn Obidiyn “Raf’ul taraddud” nomli kitoblaridagi «ishorai sabboba» haqida vorid bo‘lgan hadislar, olti sahih kitoblarning hammasida zikr qilingan. U hadislarni hattoki, ma’naviy mutovotir deyish durust bo‘ladi deganlar.

«Ishorai sabboba» qilish borasida sahobalar, ularga ergashgan tobe’inlar ixtilof qilmadilar. Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammmad, Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Ahmad ibn Hanbal hamda mutaqaddim ulamolar «ishorai sabboba» sunnat ekanligiga ittifoq qilishgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, «ishorai sabboba»ni tashahhudga o‘tirganda, duoni o‘qib “Ashhadu anna...” deganda namozxon o‘ng qo‘lni ko‘rsatgich barmog‘ini ko‘taradi, “illalloh” deganda tushiradi. Tashahhud duosini avvalidan qo‘lni qimirlatib turish durust emas. Shuni takidlash lozimki, «ishorai sabboba» rivoyatlaridan bexabar bo‘lib, bu amalni qilmagan namozxonni aslo malomat qilinmaydi.

Namangan shahar "Mulla Bozor Oxund" jome masjidi

imom noibi Anvarxon Akramov

Manba: @Softalimotlar