Yo'lbars hech pashsha ovlab yurganini ko'rganmisiz?! U pashshaga boshini ko'tarib ham qaramaydi. Siz xuddi yo'lbars kabi bo'ling, mayda-chuyda, behuda narsalar bilan shug'ullanmang.
Oliylarga intilib yashang!
Arzimas ishlar bilan o'ralashib qadringizni tushirmang. Shunday odamlar borki, o'zi juda shijoatli, muammolar, mashaqqatlarni engib o'tishda g'ayratli bo'ladi-yu, lekin mayda-chuyda, arzimas ishlarga berilib, katta ishlardan qolib ketadi.
Aslida ahamiyatsiz bo'lgan narsalar hozirgi zamonimizda katta musibatlarga sabab bo'lmoqda. Mashina, uy, pul, kiyim-kechak, matohlar ko'pchilik odamlarning hayotidagi asosiy maqsadi bo'lib qolgan. Holbuki bularning bari yo'l-yo'lakay bo'lib ketaveradigan narsalar. Hayotingiz mazmuni qilib olishga arzigulik narsalar emas! Odamlar o'rtasidagi kichkina muammolar ham mana shu arzimas matohlar tufayli yuzaga keladigan bo'lib qolgan. Er-xotin o'rtasidagi janjal, ozgina puldan ajralib qolish, ikki sherik o'rtasidagi kelishmovchilik ham shu mayda-chuyda narsalar tufayli vujudga kelayotgani sir emas. Bunday yashash ko'pchilik odamlarni muammolarga giriftor qilmoqda, xolos!
Mayda narsalar bilan o'ralshib yurmang, unday narsalarga o'zidan katta hajm berib yubormang. Yo'qsa, bu narsalar tez orada hayotingizni buzadi. O'zingizdan chiqayotgan, sodir bo'layotgan narsalarga juda e'tiborli bo'ling.
Odamlarni kechiruvchan bo'ling, shu xatolarni men ham qilib qo'yishim mumkin edi, deng. Shunda ular siz xato qilganingizda kechib yuborishadi va yaxshiyam shunday qilgan ekanman, deysiz.
Ishlarga siqilmang. Eng oqil odam hamma narsaga o'ziga munosib haqqini bera olgan odamdir. Asablaringizni asrang, vazmin bo'ling!
Hayotingizdagi maqsad borasida qayta-qayta fikrlab yuring. O'zingiz uchun yangi maqsadlar qo'ying yoki eski maqsadlaringizni yangilang, so'ngra ularni amalga oshirishga kirishing!
Vaqtingizni, sog'lig'ingizni oladigan behuda ishlar bilan shug'ullanish o'rniga oldingizga kattaroq maqsad qo'ying va maqsadingizni juda oliy qiling. Sizga va atrofingizdagilarga muhim bo'lgan, ularga foydasi tegadigan ishlar bilan band bo'ling.
O'zingizdan sodir bo'ladigan harakatlarni yaxshilab kuzating. Sizni mayda ishlarga o'ralashtirib qo'yadigan qarorlar qabul qilishdan ehtiyot bo'ling. Mobodo shunday xatoga yo'l qo'ysangiz, o'zingizni darrov o'nglab oling, tuzatsa bo'ladigan narsalarni tuzating. Bu qiyin ish emas!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari davomida Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida juma namozini ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Muruvvatli bo‘lish — oliy fazilat!” mavzusida manfaatli ma’ruza qilib berdilar.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, muruvvat — mehr-shafqat, saxovat va muhtojlarga yordam berish kabi eng go‘zal insoniy fazilatlardan sanaladi. O‘zini saxovatli deb bilgan inson o‘z manfaatini o‘zgalardan ustun qo‘ymasligi, keksalar holidan xabar olishi, yiqilganni suyash orqali qalban xotirjamlik topadi.
Shuningdek, bugungi tezkor zamonda bir-birimizga bag‘rikeng bo‘lish jamiyatda tinchlik, baraka hamda hamjihatlikni barqaror qilishi, ushbu oliy fazilatni o‘zimizda shakllantirib, farzandlarimizga meros qoldirish har birimizning burchimiz ekanligi alohida uqtirildi.
Fayzli suhbat yakunida yurtimizga tinchlik-omonlik va xonadonlarimizga baraka tilab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati