Ulug‘ payg‘ambarlardan yana biri Muso (alayhissalom) kitobida nimalar borligini so‘ragan Abu Zarr (roziyallohu anhu) ulug‘ muallim Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)dan juda dolzarb bo‘lgan o‘lim, do‘zax, taqdir, molu dunyo va hisob-kitob haqidagi mavzular mavjudligini bilib oldi.
Muso (alayhissalom) nomi Qur’oni karimning o‘ttiz to‘rt surasida 132 marta zikr qilingan. Kalomullohda zikr qilingan qissalarning eng kattasi va mufassal bayon qilinganidan biri Muso va Horun (alayhimassalom) qissalari desak, xato bo‘lmas.
Muso (alayhissalom) nasabi Ya’qub (alayhissalom) o‘g‘illaridan biri Lovo ibn Ya’qubga borib taqaladi.
Ibn Kasir “Payg‘ambarlar qissasi” kitobida Muso (alayhissalom) shajaralarini “Muso ibn Imron ibn Qohis ibn Ozir ibn Lovo ibn Ya’qub ibn Is'hoh ibn Ibrohim” deb keltirgan (“Qisasul anbiyo”, Ibn Kasir, 221-bet).
Qur’oni karimda Muso (alayhissalom) qissasi, uning emizilishi, daryoga oqizilishi va Fir’avn ayoli Osiyo qo‘liga borib tushishi bunday bayon etiladi:
﴿وَأَوۡحَيۡنَآ إِلَىٰٓ أُمِّ مُوسَىٰٓ أَنۡ أَرۡضِعِيهِۖ فَإِذَا خِفۡتِ عَلَيۡهِ فَأَلۡقِيهِ فِي ٱلۡيَمِّ وَلَا تَخَافِي وَلَا تَحۡزَنِيٓۖ إِنَّا رَآدُّوهُ إِلَيۡكِ وَجَاعِلُوهُ مِنَ ٱلۡمُرۡسَلِينَ٧ فَٱلۡتَقَطَهُۥٓ ءَالُ فِرۡعَوۡنَ لِيَكُونَ لَهُمۡ عَدُوّٗا وَحَزَنًاۗ إِنَّ فِرۡعَوۡنَ وَهَٰمَٰنَ وَجُنُودَهُمَا كَانُواْ خَٰطِِٔينَ٨ وَقَالَتِ ٱمۡرَأَتُ فِرۡعَوۡنَ قُرَّتُ عَيۡنٖ لِّي وَلَكَۖ لَا تَقۡتُلُوهُ عَسَىٰٓ أَن يَنفَعَنَآ أَوۡ نَتَّخِذَهُۥ وَلَدٗا وَهُمۡ لَا يَشۡعُرُونَ٩ وَأَصۡبَحَ فُؤَادُ أُمِّ مُوسَىٰ فَٰرِغًاۖ إِن كَادَتۡ لَتُبۡدِي بِهِۦ لَوۡلَآ أَن رَّبَطۡنَا عَلَىٰ قَلۡبِهَا لِتَكُونَ مِنَ ٱلۡمُؤۡمِنِينَ١٠ وَقَالَتۡ لِأُخۡتِهِۦ قُصِّيهِۖ فَبَصُرَتۡ بِهِۦ عَن جُنُبٖ وَهُمۡ لَا يَشۡعُرُونَ١١ ۞وَحَرَّمۡنَا عَلَيۡهِ ٱلۡمَرَاضِعَ مِن قَبۡلُ فَقَالَتۡ هَلۡ أَدُلُّكُمۡ عَلَىٰٓ أَهۡلِ بَيۡتٖ يَكۡفُلُونَهُۥ لَكُمۡ وَهُمۡ لَهُۥ نَٰصِحُونَ١٢ فَرَدَدۡنَٰهُ إِلَىٰٓ أُمِّهِۦ كَيۡ تَقَرَّ عَيۡنُهَا وَلَا تَحۡزَنَ وَلِتَعۡلَمَ أَنَّ وَعۡدَ ٱللَّهِ حَقّٞ وَلَٰكِنَّ أَكۡثَرَهُمۡ لَا يَعۡلَمُونَ١٣﴾
«Biz Musoning onasiga: “Uni emizaver. Bas, agar (uni o‘ldirib ketishlaridan) qo‘rqsang, uni daryoga tashlagin va qo‘rqmagin ham, qayg‘urmagin ham. Zero, Biz uni senga qaytaruvchi va uni payg‘ambarlardan qiluvchimiz”, deb vahiy qildik. Bas, Fir’avnning xonadon ahli uni (o‘sib-ulg‘ayganida) o‘zlariga “dushman va tashvish bo‘lishi uchun” tutib oldi. Albatta, Fir’avn, Homon va ularning lashkarlari yanglishgan edi. Fir’avnning xotini (unga): “(Bu bola) men uchun ham, sen uchun ham ko‘z quvonchidir. Uni o‘ldirmangiz! Shoyadki, bizlarga nafi tegsa yoki uni farzand qilib olsak”, dedi. Vaholanki, ular (haqiqatni) sezmas edi. Muso onasining qalbi (tashvishdan) forig‘ bo‘ldi. Agar Biz (“Musoni o‘zingga qaytarurmiz”, degan va’damiz)ga ishonuvchilardan bo‘lishi uchun uning ko‘nglini xotirjam qilmaganimizda, albatta, u (o‘z o‘g‘li ekani)ni fosh qilib qo‘ygan bo‘lur edi. (Ona Musoning) opasiga: “Uning (ortidan) tushgin!” dedi. Bas, u ular sezmagan hollarida (Musoni) bir chetdan kuzatib turdi. Biz oldindan (Musoga barcha) emizuvchi ayollarni taqiqladik (u hech bir ayolni emmadi), shunda (uning opasi kelib): “Men sizlarga unga kafil bo‘lib (emizadigan) va unga xolis (doyalik qiladigan) bir oilani ko‘rsataymi?” dedi. Shunday qilib, Biz (Musoning onasining) ko‘zlari quvonishi va g‘am chekmasligi uchun hamda Allohning va’dasi haq ekanini bilishi uchun uni onasiga qaytardik. Lekin ko‘pchiligi (buning hikmatini) bilmaydi» (Qasas, 7–13).
Bir kuni Fir’avn tush ko‘rdi. Tushida bir o‘t Baytul Muqaddasdan Misrgacha yonib kelayotgandi. Ta’birchilarning aytishicha, Bani Isroildan bir bola tug‘ilib, Fir’avnning bor mulkini xarob qiladi.
Fir’avn Bani Isroilda tug‘ilgan barcha go‘daklarni so‘yishga qaror qildi. Odamlar podshohga: “Bir yil qatl qildir, bir yil qoldir, bo‘lmasa, Bani Isroil qirilib ketadi”, dedi. Podshoh ko‘ndi. Kechirilgan yili Horun tug‘ildi, qatl yili Muso dunyoga keldi. Alloh taolo bolani sandiqqa solib, Nilga oqizishni onasiga bildirdi. Onasi xuddi shunday qildi. Sandiq oqib, Fir’avn qasriga yaqin keldi. Xotini Osiyo sandiqni oldirib, ochdi, bolani qo‘liga oldi. Qalbiga uning muhabbati tushdi va xursand bo‘ldi. Bu bolaning muborak ekanini anglab yetdi.
Fir’avn xotini Osiyo binti Muzohim haqida turli fikrlar mavjud. Suhayliy fikricha, Osiyo Musoning ammasi bo‘lgan. Boshqalar esa, Osiyo Muso qabilasidan bo‘lgan, deydi.
Ibn Jarir Tabariyning aytishicha, Osiyo Yusuf (alayhissalom) zamonidagi musulmon fir’avnning chevarasi bo‘lgan.
Fir’avnning terisi oqarib qolgan edi. Osiyo chaqaloq Musoning qo‘lchasi bilan Fir’avn terisini silab qo‘ygan edi, Allohning qudrati ila oqargani ketdi.
Oradan oz muddat o‘tib, podshoh askarlari bolani o‘ldirishga farmon olganlarini aytib keldi. Osiyo: “Bu bola Bani Isroil emas, boshqa yerdan oqib keldi, o‘zim borib bu haqda podshohga arz qilaman”, dedi va bolani ko‘tarib shohning oldiga bordi. Shoh huzuriga kirib: “Bu sening va mening ko‘z qorachig‘im-ku”, dedi. Fir’avn: “Sening ko‘z qorachig‘ingdir, lekin mening unga hojatim yo‘q”, dedi. Fir’avnning xotini (unga): “(Bu bola) men uchun ham, sen uchun ham ko‘z quvonchidir. Uni o‘ldirmanglar. Shoyadki, uning bizlarga nafi tegsa yoki uni bola qilib olsak”, dedi. Ular (o‘zlarining halokatlari shu go‘dak qo‘lida ekanini) sezmagan hollarida (uni bola qilib olishdi)”.
Bir kuni Osiyo Muso bilan birga Fir’avn oldiga keldi va uni shoh huzuriga tashlab chiqib ketdi. U yerda majlis bo‘layotgan edi. Muso Fir’avn tizzasida o‘tirib, soqolini yulib oldi. Homon: “Shu bola sening mulkingni xarob qiladi, senga merosxo‘r bo‘ladi, buning bobosi Ibrohim xalildir”, deb Musoni yomonladi. Fir’avn jallodlarni chaqirdi. Bu xabar Osiyoga yetib keldi va tezlik bilan shoh huzuriga yugurdi hamda: “Menga hadya qilgan bolani so‘ymoqchimisan?” dedi. Fir’avn: «Soqolimni yulib oldi, mulozimlarim: “Bu bola senga merosxo‘r bo‘ladi, qo‘lingdagi mulkingga egalik qiladi”, deyishdi», dedi. Osiyo: “Sen ularning so‘ziga ishonma! Bu bola hali yosh, hech narsaning farqiga bormaydi. Men buni senga isbot qilib berishim mumkin!” dedi. Fir’avn: “Qanday qilib?!” dedi. Osiyo: “Bolaning oldiga cho‘g‘ bilan gavhar qo‘y. Agar gavharni olib, cho‘g‘dan saqlansa, bilginki, u aql yuritayotgan bo‘ladi. Agar cho‘g‘ni olsa, bilginki, aqlli kimsa gavhar turganda cho‘g‘ni olmaydi”, dedi. Fir’avnga bu gap ma’qul bo‘ldi. Saroy xizmatchilaridan ikkitasini chaqirib, biriniig qo‘liga cho‘g‘, ikkinchisinikiga gavhar berdi va ularni bola oldiga yubordi. Jabroil (alayhissalom) Musoning qo‘lidan ushladi va cho‘g‘ ustiga qo‘ydi, hatto u cho‘g‘ni qo‘lida ko‘tarib og‘ziga soldi, bundan tili kuydi. Shu sabab Muso (alayhissalom) nutqi yaxshi, ravon bo‘lmay qolgan. Fir’avn buni ko‘rib: “Bu bola so‘yilmasin”, dedi. Osiyo xursand bo‘lib, bolani olib chiqib ketdi. Unga malika yaxshi tarbiya berdi, yozish va o‘qishni o‘rgatdi. Muso Osiyoning fazilati bilan xuddi podshohning o‘g‘lidek o‘sdi. Alloh uni shu ishlarga sababchi qildi.
﴿وَلَمَّا بَلَغَ أَشُدَّهُۥ وَٱسۡتَوَىٰٓ ءَاتَيۡنَٰهُ حُكۡمٗا وَعِلۡمٗاۚ وَكَذَٰلِكَ نَجۡزِي ٱلۡمُحۡسِنِينَ١٤﴾
«Qachon, u voyaga yetib, (aqli) to‘lgach, Biz unga hikmat va bilim ato etdik. Biz chiroyli amal qilguvchi kishilarni mana shunday mukofotlaymiz» (Qasas, 14).
Vasiyatda: Muso (alayhissalom)ga nozil qilingan narsa ibratlardan iborat edi, deyildi.
Vahb ibn Munabbih aytadi: «Tavrotda quyidagilar yozilgan: “Kim dunyoda oxirat tadorigini tayyorlasa, qiyomat kuni Allohning do‘sti bo‘ladi. Kim g‘azabini tark qilsa, Allohning yonida bo‘ladi. Kim dunyo lazzatlarini tark qilsa, qiyomat kuni Allohning azobidan omonda bo‘ladi. Kim hasadni tark qilsa, qiyomat kuni xaloyiq oldida maqtovga sazovor bo‘ladi. Kim riyosatni tark qilsa, qiyomat kuni Jabbor, Molik sifatli zot huzurida aziz bo‘ladi. Kim dunyoda ortiqcha narsalarni tark qilsa, yaxshilar orasida ne’matlanadi. Kim dunyoda xusumatni tark qilsa, qiyomat kuni najot topganlardan bo‘ladi. Kim dunyoda baxillikni tark qilsa, qiyomat kuni xaloyiqning boshida zikr qilinadi. Kim dunyoda rohatni tark qilsa, qiyomat kuni shod bo‘ladi. Kim dunyoda haromni tark qilsa, qiyomat kuni payg‘ambarlar qo‘shnisi bo‘ladi. Kim dunyoda harom narsalarga qarashni tark qilsa, qiyomat kuni Alloh uning ko‘zini jannatda shodlantiradi. Kim dunyoda boylikni tark qilib kambag‘allikni ixtiyor qilsa, qiyomat kuni Alloh taolo valiylar va nabiylar bilan birga qayta tiriltiradi. Kim dunyoda insonlarning hojatlarini chiqaruvchi bo‘lsa, Alloh taolo dunyo va oxiratda uning hojatlarini chiqaradi. Kim qabrida hamrohi bo‘lishini xohlasa, kechasi qorong‘ida turib namoz o‘qisin. Kim Rahmon Arshi soyasida bo‘lishni xohlasa, zohid bo‘lsin. Kim hisobi yengil bo‘lishini xohlasa, o‘ziga va birodariga nasihat qilsin. Kim farishtalar ziyorat qilishini xohlasa, taqvodor bo‘lsin. Kim jannatda xursand bo‘lishni xohlasa, kechayu kunduz Allohni zikr qilsin. Kim jannatga hisobsiz kirishni xohlasa, Allohga nasuh tavbasini qilsin. Kim boy bo‘lishni xohlasa, Alloh taqsimlab qo‘ygan narsaga rozi bo‘lsin. Kim faqih bo‘lishni xohlasa, Allohdan hamisha qo‘rquvda bo‘lsin. Kim hakim bo‘lishni xohlasa, olim bo‘lsin. Kim insonlardan salomat bo‘lishni xohlasa, insonlarning faqat yaxshiliklarini zikr qilsin. Nimadan yaratildim va nimadan xulqlandim, deb ibratlansin. Kim dunyo va oxiratda sharafni xohlasa, dunyo ustiga oxiratni qo‘ysin. Kim Firdavs jannatini va tugamas ne’matni xohlasa, umrini dunyo fasodlariga zoye qilmasin. Kim dunyo va oxiratda jannatni xohlasa, saxiy bo‘lsin, chunki saxiylik o‘z egasini jannatga yaqin va do‘zaxdan uzoq qiladi. Kim qalbining mukammal nur bilan munavvar bo‘lishini xohlasa, tafakkur va ibratlanishni lozim tutsin. Kim badani sabrli, tili zokir, qalbi xushuli bo‘lishini xohlasa, mo‘min-mo‘minalar, muslim-muslimalar haqiga ko‘p istig‘for aytishni odat qilsin”».
Muso (alayhissalom) Alloh taologa jannatda o‘ziga kim qo‘shni bo‘lishini bildirishni so‘rab, ko‘p yolvorar edi. Bir kuni bunday nido keldi: “Ey Muso, falon yerda yashovchi qassob sening jannatdagi do‘sting bo‘ladi”. Muso (alayhissalom) qiziqib, qaysi ibodati uchun u bunga loyiq bo‘lganini bilish niyatida yo‘lga chiqdi. Muso (alayhissalom) o‘sha odamni qidirib topdi. Qassob Muso (alayhissalom)ning haq payg‘ambar ekanini bilgan, imon keltirgan, lekin o‘zini ko‘rmagan edi. Shuning uchun tanimadi. Kechqurun qassob Muso (alayhissalom)ni o‘z uyiga olib ketdi. Ovqat tayyorladi. Dasturxon tuzadi. Ovqat yeyishdan oldin qassob devorga osilgan bir zambilni yerga tushirdi va undan harakat qilishga sira madori qolmagan bir kampirni chiqardi. Xuddi go‘dakni ovqatlantirgandek uni yedirdi, ichirdi va yana zambilga qo‘yib, devorga osdi. Shunda kampir nimalardir deb shivirladi. Keksa ayolning nima deyayotganini tushunmagan Muso (alayhissalom) qassobdan: “O‘g‘lim, bu kampir kiming bo‘ladi?” deb so‘radi. Qassob: “Bu ayol onam bo‘ladi. O‘tirib-turishga, ovqat yeyishga hollari yo‘q. Shu bois o‘zim yediraman, ichiraman va tozaligiga qarayman. Qo‘limdan kelganicha xushnud etishga harakat qilaman”, dedi. Muso (alayhissalom): “Hozirgina u senga gapirganday bo‘ldi, nimalar dedi?” deb so‘radi. Qassob: «Onam: “Ey Rabbim! Men o‘g‘limdan xursandman. Sen ham undan rozi bo‘l. Jannatda uni Musoga qo‘shni qil”, deb duo qildi», dedi. Shunda Muso (alayhissalom) o‘zini tanitadigan vaqt kelganini tushundi va: “Men Allohning payg‘ambari Muso bo‘laman. Allohdan jannatdagi qo‘shnim kim bo‘lishini bildirishni iltijo qilgan edim. Haq taolo seni bildirdi. Senga xushxabar bo‘lsin. Onangga qilgan xizmating uchun Alloh sendan rozi bo‘ldi. Onangning duosini qabul qildi. Alloh seni jannatda menga qo‘shni qildi”, dedi.
Kitoblarda Muso va Horun (alayhimassalom) qissasi batafsil yoritilganini inobatga olib, o‘quvchini zeriktirib qo‘ymaslik maqsadida, shu yerda Muso (alayhissalom) mavzuiga yakun yasaymiz.
KЕYINGI MAVZU:
TAQVO HAR ISHNING BOSHIDIR
QUR’ONI KARIM TILOVATI FAZILATI
So‘nggi yillarda mamlakatimizda mutafakkir allomalarimizning ibratli hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilishga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Zotan, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning asarlaridagi ezgu g‘oyalar, umuminsoniy qadriyatlar, bag‘rikenglik va mo‘tadillik, ilm-fan, aql va tafakkurning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga oid qarashlar yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning muhim omili bo‘lib hisoblanadi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy tarixiy-madaniy merosimizni o‘rganish va qayta tiklashga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda buyuk mutafakkir ajdodimiz, aqida ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Abu Mansur Moturidiy va u asos solgan moturidiylik ta’limotini o‘rganishga alohida ahamiyati berilishi diqqatga sazovordir. Hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmasdan kelayotgan mazkur ta’limotning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida muhtaram yurtboshimiz: “Moturidiy ta’limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e’tibor qaratadi. Bu o‘z navbatida ushbu ta’limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Bunday g‘oyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”, deb ta’kidlagan edi.
So‘nggi kunlarda mamlakatimiz tarixida, xususan, moturidiyshunoslik sohasida yuqorida zikr qilingan ishlarga hamohang bo‘lgan ulkan tarixiy voqelik sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.
Unga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtirish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, olim asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr qilish, uning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish, esdalik suvenirlari, pochta markalari, taqvimlar va boshqa ko‘rgazmali axborot vositalarini muomalaga chiqarish, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilab olindi.
Mazkur Qarorning qabul qilinishi nafaqat O‘zbekistonda, balki musulmon mamlakatlarida ham katta quvonch bilan kutib olindi. Ta’kidlash lozimki, Qaror yurtimizda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yanada rag‘batlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish, Imom Moturidiy siymosini xalqimizga yanada kengroq tanitishga xizmat qilishi bilan birga, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alohida mas’uliyat ham yuklaydi. Birinchi navbatda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar, ilmiy tadqiqot mavzularini Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda belgilab, asosiy faoliyat yo‘nalishlarini muvofiqlashtiradi.
Imom Abu Mansur Moturidiy musulmon olamida buyuk mutakallim, qomusiy olim va ulug‘ mutafakkir, moturidiylik ta’limotining asoschisi sifatida keng e’tirof etiladi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lganidan to hozirgi kunga qadar e’tiqod musaffoligini asrab-avaylash, musulmonlarning jipsligi va birdamligini ta’minlash, islom niqobi ostidagi oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi raddiyalar berishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Xususan, turli adashgan oqimlarning g‘oyalariga qarshi naqliy va aqliy dalillar asosida raddiya berish metodologiyasi hamda ma’rifiy asoslarini ishlab chiqqan Imom Moturidiy mazkur xizmatlari uchun “Imom al-huda” – “Hidoyat imomi”, “Musahhih aqida al-muslimin” – “Musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchi” degan sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan. Allomaning Abu Muin Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi izdoshlari uning yo‘lini munosib davom ettirib, ixtilofli aqidaviy muammolarga ilmiy yechim topish, mo‘tadil ta’limotni odamlar orasida keng tarqatishga ulkan hissa qo‘shganlar.
Imom Moturidiyning mutaassiblikka qarshi kurash metodologiyasi ham naqliy, ham aqliy dalillarga asoslangani sababli buzg‘unchi oqimlar faoliyatiga barham berishda o‘ta samarali bo‘lgan. Ushbu metodologiyaning asosini olimning “Qurolingni ilmda yasa”, degan hikmatli so‘zi tashkil qilgan. Bugungi kunda Imom Moturidiyning ushbu hikmati mamlakatimizda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi bilan har tomonlama mushtarak ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda, yuqoridagilardan kelib chiqib, Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish yoshlar tarbiyasida, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini qaror toptirib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda naqadar yuksak ahamiyatga ega ekanligi oydinlashadi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi xususida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Markazda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Eng birinchi navbatda, Markaz qoshida tashkil qilingan Xalqaro ilmiy hay’at faoliyatini alohida tilga olish zarur. Misr, Turkiya, Iordaniya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Malayziya kabi mamlakatlarning yetuk olimlari, mahalliy mutaxassislarni o‘z tarkibida jamlagan ushbu Hay’at ilmiy tadqiqot mavzularini mazmunan boyitish va yanada takomillashtirish, Markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yishda benazir platforma vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, Hay’at a’zolari Imom Moturidiy siymosini jahonga tanitishga ham katta hissa qo‘shmoqdalar.
Shuningdek, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Islom tafakkuri instituti, Saljuq universiteti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, al-Azhar universiteti, Malayziya islom ilmlari universiteti kabi jahonning nufuzli ilmiy va ta’lim muassasalari bilan imzolangan hamkorlikka oid memorandumlar doirasida moturidiylik ta’limoti tarixi va bugungi kundagi ahamiyati, shuningdek, zamonaviy islomshunoslikka oid dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Markaz tomonidan Misrning al-Azhar majmuasi tadqiqotchilari o‘rtasida Imom Moturidiy merosi bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazildi. Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya joriy qilindi. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish bilan birga, Markaz faoliyatini ham xorijda keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini yaratish, qo‘lyozmalar asosida ilmiy tanqidiy matnlarini tayyorlash, shu asosda xalqchil risolalarni nashr qilib, aholi, ayniqsa yoshlar orasida moturidiylik ta’limotidagi bag‘rikenglik va mo‘tadillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, o‘tgan yilning o‘zida bugungi kundagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan 40 ga yaqin monografiya, kitob va xalqchil risola chop etildi.
Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga, uni mahalliy va xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu Qaror nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosdagi moturidiyshunoslik sohasi rivojida muhim o‘rin tutishiga shubha yo‘q.
Jamoliddin Karimov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori