مَثَلُهُمۡ كَمَثَلِ ٱلَّذِي ٱسۡتَوۡقَدَ نَارٗا فَلَمَّآ أَضَآءَتۡ مَا حَوۡلَهُۥ ذَهَبَ ٱللَّهُ بِنُورِهِمۡ وَتَرَكَهُمۡ فِي ظُلُمَٰتٖ لَّا يُبۡصِرُونَ١٧
Ushbu oyati karima yo‘ldan adashganlar haqidagi juda chiroyli zarbulmasaldir. Zimiston cho‘lda ketayotgan kishi qo‘lidagi bir dona gugurt cho‘pini arang yoqqanida u atrofni bir zumga yoritadi-da, bitta shamol kelib uni o‘chirib qo‘ysa, atrof yana hech narsani ko‘rib bo‘lmaydigan zulmatga aylanadi. Munofiqlar haqni ko‘ra olmay imon nurini kufr va nifoqlari bilan o‘chirib qo‘yganlari uchun Alloh azza va jalla ularni kufr zulmatlarida tanho qoldirib, tark etdi. Bunday kimsalar haqida Vohidiy aytadi: "Aldamoqchi bo‘lganlarga o‘zlariga yarasha muomala qilinadi. Ya’ni, xuddi mo‘minlarga berilgani kabi ularga ham nur beriladi. Yo‘lga tushganlarida esa nurlari o‘chib qoladi-da, zulmatda qolib, yo‘ldan adashib ketishadi".
صُمُّۢ بُكۡمٌ عُمۡيٞ فَهُمۡ لَا يَرۡجِعُونَ١٨
Yomon ishlari sababidan Alloh taolo munofiqlarning ozgina nurini ham shundoq o‘chiradiki, endi ularga Allohning nuri hargiz nasib bo‘lmaydi. Chunki ular o‘z rasvoliklari, yomon fe’llari, fasod ishlari va Alloh taologa shirk keltirganlari tufayli abadiy zalolat zulmatlarida kar, soqov va ko‘r kimsalar kabi qolishadi. Haqiqatan, ularning quloqlari kar bo‘lgani uchun o‘zlariga qilinayotgan da’vat va va’z-irshodlarni eshitishga qodir emaslar. Ular soqov bo‘lishgani uchun Allohga imonlarini izhor etishga, Uning zikrini qilishga tillari aylanmaydi. Ko‘zlari ko‘r bo‘lgani uchun to‘g‘ri yo‘lni, hidoyat yo‘lini ko‘ra olmay, kufr va shirk botqoqliklarida izg‘ishadi. Shu bois haq yo‘lni topolmay, g‘aflatda o‘tib ketishadi. Sizlar ularni hidoyatga chorlashga urinmanglar, ular endi bu noto‘g‘ri yo‘llaridan aslo qaytishmaydi.
أَوۡ كَصَيِّبٖ مِّنَ ٱلسَّمَآءِ فِيهِ ظُلُمَٰتٞ وَرَعۡدٞ وَبَرۡقٞ يَجۡعَلُونَ أَصَٰبِعَهُمۡ فِيٓ ءَاذَانِهِم مِّنَ ٱلصَّوَٰعِقِ حَذَرَ ٱلۡمَوۡتِۚ وَٱللَّهُ مُحِيطُۢ بِٱلۡكَٰفِرِينَ١٩
Inson tabiatan qo‘rqoq bo‘lgani uchun qattiq yomg‘ir yoqqanida, qorong‘ulik bosganida, momaqaldiroq gumburlaganida yoki chaqmoq chaqqanida yuragini vahima bosib, bu dahshatli tovushlarni eshitmaslik uchun barmoqlarini qulog‘i ichiga tiqib oladi. Kofir va munofiqlar ham Alloh diniga qilingan da’vatlarni eshitmaslik uchun quloqlarini berkitib, ko‘zlarini yumib olishadi. Ammo bu qilmishlari ularni muqarrar hisob-kitobdan ham, oxirat azoblaridan ham qutqarib qolmaydi. Alloh taolo kofir kimsalarni o‘rab-qamrab oluvchidir, ular Allohning muqarrar azobidan hech qayoqqa qochib qutula olmaydilar, U Zot kofirlarni albatta mag‘lub va halok qiladi.
يَكَادُ ٱلۡبَرۡقُ يَخۡطَفُ أَبۡصَٰرَهُمۡۖ كُلَّمَآ أَضَآءَ لَهُم مَّشَوۡاْ فِيهِ وَإِذَآ أَظۡلَمَ عَلَيۡهِمۡ قَامُواْۚ وَلَوۡ شَآءَ ٱللَّهُ لَذَهَبَ بِسَمۡعِهِمۡ وَأَبۡصَٰرِهِمۡۚ إِنَّ ٱللَّهَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ قَدِيرٞ٢٠
Bu ikkinchi misoldan ko‘rinadiki, Islom dinida avval biroz kulfat-mashaqqat ko‘rilsa ham, nihoyasi tamoman rohat-farog‘atdir. Go‘yo yomg‘ir kabiki, oldiniga qorong‘ulik, guldurak chaqmoq-momaqaldiroqlar bilan keladi, oxiri dunyoni ne’matga serob qiladi. Islomning ibtidoiy holatlaridan qo‘rqqan munofiqlar goh musulmon, goh kofir bo‘lib, oqibatda barcha saodatdan, hatto insoniylikdan ham mahrum bo‘lishdi. Alloh taolo aytadi: “Momaqaldiroq ham Unga maqtov bilan, farishtalar ham Undan qo‘rqqan hollarida tasbeh aytadi. U yashinlarni yuborib, ular bilan O‘zi xohlagan kishilarni Alloh xususida tortishib turganlarida uradi. Uning ushlashi qattiqdir”. (Ra’d, 13).
Uning ilmiy merosi va ta’limoti to bugunga qadar bardavom bo‘lib kelmoqda. Hatto bu ta’limot, Imom Ash’ariy ta’limoti bilan birga, bugungi kunda ahli sunna val-jamoa deb tanilgan musulmonlarning to‘qson foizini tashkil etadi. Moturidiylikka mansub musulmonlar esa ahli sunnaning qariyb teng yarmidan iborat.
Movarounnahr diyori islom olamining yetuk allomalari voyaga yetadigan muborak zamin bo‘lgan. Xususan, Buxoro va Samarqand kabi mo‘tabar shaharlari o‘z davrida jahon ziynati, odamlarni o‘ziga ohanrabodek tortgan ilm-fan va olimlarning qarorgohi bo‘lib, ilmga tashna inson borki dunyoning turli burchaklaridan bu o‘lkaga uning olimlari ichra murodini hosil qilish uchun safar qilar edi. Kim naql ilmi – ya’ni hadis va rivoyatlarni istasa, Imom Buxoriy va Imom Termiziy singari muhaddislar bor. Kim aql va mantiqiy ilmlarga talabgor bo‘lsa, u Moturidiy, Nasafiy, Sobuniy, Sig‘noqiy va Peshog‘ariy kabi mutafakkirlarni topardi. Tilshunoslik, tafsir va adabiyotshunoslik ilmlarini izlaganlar Zamaxshariy va uning maktabidan, falsafa va hikmat ilmi talabidagilar esa Forobiy, Ibn Sino va boshqa zotlardan bahra olishar edi.Har bir talabgor bu diyorda o‘z istagini topgani uchun ham Samarqand “Ilm Ka’basi” – nomini olgan. Insonlarning qalblari Allohning Baytini tavof qilsa, ularning aqllari Samarqand atrofida parvonadek charx urar edi.
Shu bois o‘zbek xalqi o‘zining ulug‘ olimlari bilan faxrlanadi va ularni islom ilmlari sohasining barcha yo‘nalishlarida ko‘rsatgan buyuk xizmatlari uchun e’zozlaydi. O‘zbekiston hukumati o‘zbek xalqining orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga vazifador bo‘lgan. Buni biz Yangi O‘zbekiston Prezidentining bu ulug‘ yurtdan chiqqan yetuk olimlarga ko‘rsatgan e’tibor va e’tirofida yaqqol ko‘rib turibmiz.
O‘zbekiston rahbariyati xalqqa uning milliy o‘zligi va islom sivilizatsiyasini qaytarishni maqsad qildi. Davlat rahbari “Yangi O‘zbekiston” va “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiorlarini ilgari surdi. Hech qaysi millat o‘zining teran ildizlari va asoslarisiz zamonaviylik va sivilizatsiya pog‘onalarida yuksalib, taraqqiy etolmaydi. Shuning uchun ham bu yurt olimlari ulkan hissa qo‘shgan islom ilmlarini qaytarish – taraqqiyot uchun zarurat va yuksalishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
Prezident o‘z rahbarligi davrida amalga oshirgan dastlabki ishlaridan biri – ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish bo‘ldi. Bular orasida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomlari bilan atalgan markazlar alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, poytaxt Toshkent shahrida, mazkur yurtning islom madaniyati va insoniyat tafakkuriga qo‘shgan hissasini namoyon etuvchi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.
Ushbu yo‘nalishda yana bir muhim qadam – islom olami ulamolari bilan fikr almashish bo‘ldi. Bu maqsadda o‘nlab ilmiy anjumanlar tashkil etildi. Ular islomiy ilmlarning aqliy va naqliy yo‘nalishlarini chuqur o‘rganish, ularning mazkur yurt taraqqiyotiga qanday hissa qo‘sha olishi va mamlakatni yanada yuksaltirishdagi o‘rnini belgilashga qaratilgan edi. Bu orqali O‘zbekiston nafaqat islom olamida, balki butun dunyoda ilmiy-ma’naviy yetakchiga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Qolaversa, ushbu yo‘nalishda tashkil etilgan eng muhim anjumanlardan biri – 2020 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘ldi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan yuzdan ortiq islom ulamolari ishtirok etdi. Anjumanda al-Azhar shayxi, doktor Ahmad Tayyib ham qatnashdi. Mazkur anjumanning muhim tavsiyalaridan biri – Imom Moturidiy nomidagi ilmiy markazni tashkil etish bo‘ldi. Bu markaz moturidiylik ulamolari merosini tadqiq etish, ularni keng jamoatchilikka tanitish va ilmiy meroslaridan foydalanish maqsadida ilm nurini sochuvchi maskan sifatida faoliyat yuritishi nazarda tutildi.
Markaz tomonidan o‘zbek va arab tillarida o‘nlab kitoblar nashr etildi. Ularning eng muhimlari – “Ta’vilot al-Qur’on”, Imom Moturidiyning “Kitob at-Tavhid” va “Risolatun fi at-tavhid” asarlarining arab tilidagi ilmiy matni va o‘zbek tilidagi tarjimalari bo‘ldi.
Shuningdek, Markaz tomonidan ilmiy maqolalarni o‘z ichiga olgan va islomshunoslik hamda moturidiylik ta’limotlariga bag‘ishlangan olim va mutaxassislar tadqiqotlarini chop etuvchi ilmiy-tahliliy choraklik “Moturidiylik” jurnali ta’sis etildi. Markaz xalqaro miqyosda ko‘plab anjuman va ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Uning qoshida islom olamining turli mintaqalaridan yetuk olimlar va mutaxassislardan iborat xalqaro ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda.
Sanab o‘tilgan muhim bosqichlardan keyin, joriy yilda Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining yubileyi nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan uning ilmiy va aqidaviy merosini qayta yodga olish hamda qadrlash davlat va jamiyat hayotida muhim o‘rin tutmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yuksak ehtirom bilan qabul qilingan qarorga muvofiq, Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu qarorga asosan turli davlat idoralari va tashkilotlari hamkorligida bir qator tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. Eng muhim voqealardan biri – 2025 yili Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiya bo‘lib, unga islom olamining yetakchi ulamolari hamda islomshunoslik sohasida faoliyat yurituvchi mashhur sharqshunos olimlar ishtirok etishidir. Mazkur anjuman Imom Moturidiyning islom olamidagi yuksak maqomini munosib tarzda yoritishni ko‘zlab, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida o‘tkaziladi.
Shuningdek, tadbirlar doirasida quyidagi yo‘nalishlarda bir qator tanlovlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan:
– xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov;
– O‘zbekistonning diniy ta’lim muassasalari barcha bosqich talabalari o‘rtasida Imom Moturidiy ta’limotiga bag‘ishlangan tanlov;
– imom-xatiblar va islom ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida moturidiylik ta’limoti va manbalari yuzasidan musobaqalar.
Shu qatorda, O‘zbekiston bo‘ylab tanlov g‘oliblari ishtirokida madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar, o‘quv-seminarlar va targ‘ibot tadbirlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-Tavhid” asarlari hamda moturidiylik ta’limotini tanishtiruvchi boshqa muhim asarlarning o‘zbek va boshqa tillardagi ilmiy-akademik tarjimalari nashr etilishi rejalashtirilgan.
Sanab o‘tilganlardan tashqari, yubiley sanasini muhrlovchi esdalik buyumlari, Imom Moturidiy va moturidiylik ulamolarining hayoti va ilmiy merosi bilan bog‘liq noyob manbalarni tizimli o‘rganish, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tahlil qilish, yuksak sifatli media mahsulotlar, hujjatli filmlar va audiovizual materiallar tayyorlash, ularni mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi belgilandi.
Eng quvonarlisi, Prezident qarorining Imom Abu Mansur Moturidiy maqbarasi joylashgan Samarqanddagi Chokardiza ziyoratgohi qayta ta’mirlanib, obodonlashtirilishi, bu joy yaxlit kompozitsiyaga ega yodgorlik majmuasiga aylantirilishi xususidagi bandi bo‘lib, barchamiz uzoq kutgan bu yangilik qalbimizga betakror farah baxsh etdi...
Bu yurtda yangi bir ruhiyat ufurib turibdi. Bu ruhiyat hozirgi zamonni o‘tmish bilan bog‘laydi, kelajakni bunyod etishga safarbar etadi. Bu – ilm va ma’rifat qudrati, fikr va aql quvvati, taraqqiyot va tamaddun kuchi, birlik va bag‘rikenglik kuchi, qalb va axloq kuchi, ta’sir va bunyodkorlik kuchidir. Bu yangi ruh – milliy ildizlarga suyangan holda taraqqiyotga yo‘l ochuvchi, chuqur va teran bir tafakkurning ifodasidir. Chunki, har qanday tamaddunning poyasi madaniyatdir.
Millat o‘z tamaddunini qadrlamas ekan, yuksalmaydi. O‘z tafakkurini, qadriyatlarini boy manba sifatida dunyoga taklif eta olmas ekan, u har tarafdan o‘zlashtirishga muhtoj bo‘lib qoladi. Ammo bizda dunyoni boyitishga qodir fikr, madaniyat va kuch mavjud.
Ajdodlar qoldirgan ilm va madaniyat omonati yosh avlod qalbiga ilg‘or tarzda singdirilishi va o‘z tarixidan faxrlanish ruhida tarbiyalanishi zarur. Prezident qarori va uning ila amalga oshiriladigan ishlar aynan shu maqsadga xizmat qiladi.
Alloh har bir bunyodkor qo‘lni, har bir oqilona qarorni va har bir avlodni ulug‘ ajdodlar bilan bog‘layotgan so‘zni xayrli qilsin – shoyadki, ular o‘z buyuk o‘tmishlarini qayta tiklab, insoniyat karvonini yana ma’rifat, mo‘tadillik, bag‘rikenglik sari boshlab bora olgaylar!
Doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy,
moturidiyshunos olim.
O‘zA