Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Aprel, 2025   |   25 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:32
Peshin
12:26
Asr
17:11
Shom
19:15
Xufton
20:35
Bismillah
23 Aprel, 2025, 25 Shavvol, 1446

Oilada farzand tarbiyasi: So‘zlashish odobi

22.04.2020   5767   23 min.
Oilada farzand tarbiyasi: So‘zlashish odobi

Alloh insonlarga so‘zlash ne’matini ato etgan. Ulug‘ zotlar bunday deyishgan: “Inson molu dunyosi bilan yaxshilik qilmoqchi bo‘lsa, boyligi bir kunda tugab qolishi mumkin. Ammo insonda bir xazina bor, qancha sarflagani bilan tugamaydi. U shirin so‘zdir”.

Hadisi sharifda: “Kim agar birovning aybini aytib, odamlarga oshkor qilsa, to o‘zi ham shu aybni qilmasdan dunyodan ketmaydi”, deyilgan.

Biz har bir aytgan so‘zimiz uchun mas’ulmiz. Boyazid Bistomiy Allohni zikr etishdan avval “dunyo so‘zlarini so‘zlagan edim”, deya og‘izlarini uch bora yuvar ekanlar.

Odamlar zohiran gurung shaklidagi g‘iybatlarning botiniy olamda nomai a’moliga gunoh bo‘lib bitilayotganidan g‘ofildirlar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytganlar: “Jim turmoqdan suhbatlashish yaxshi, yomon suhbatdoshdan yolg‘izlik yaxshi”.

Oilada yoki insonlar orasidagi noxushliklar ko‘pincha qo‘pol so‘z oqibatida sodir bo‘ladi. Buning aksicha, ko‘pgina muvaffaqiyatlarning omili shirin so‘zdir. Shuning uchun har bir inson shirinso‘z, muloyim bo‘lishga intilmog‘i lozim. Alloh taolo: “Bandalarimga ayting, (shirk ahliga) go‘zal (so‘zlardan) so‘zlasinlar. Zero, shayton ularning o‘rtalarida buzg‘unchilik qilur” (Isro, 53), deb ogohlantirgan.

Mana shu oyatda Alloh taolo musulmonlarni o‘zaro munosabatlarida, suhbatlarida shirin so‘zli bo‘lishga buyuradi. Agar ular buyruqqa itoat etmay, yomon so‘zlarni ixtiyor qilsalar, albatta shayton oralarini buzadi.

Til insonning jisman eng kichik, ammo mas’uliyat va vazifasi jihatidan katta e’tiborga loyiq a’zosidir. Uni faqat xayrli, yaxshi muomalada ishlatish va yomon, dilozor so‘zlarni aytishdan saqlash lozim. Muhammad (alayhissalom) tilni nojo‘ya so‘zlardan asrashga, imkon qadar sukut saqlashga buyurib:

“Kim Alloh taologa va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, faqat yaxshi narsalarni gapirsin yoki jim tursin”, deya marhamat qiladilar.

Islom dinida tilga bu qadar katta e’tibor berilishining boisi tilning qalbga yaqinligidir. Qaysi bir insonning qalbi pok va sof bo‘lsa, uning tilidan bol tomib, shirin gaplar chiqadi. Bunday kishilarning do‘sti ham ko‘p bo‘ladi.

Til va qalb o‘rtasidagi uzviy bog‘lanish haqida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Bandaning imoni to‘g‘ri bo‘lmaydi, toki uning qalbi to‘g‘ri bo‘lmaguncha, shuningdek, qalbi to‘g‘ri bo‘lmaydi, toki uning tili to‘g‘ri bo‘lmaguncha”.

Ma’lumki, til orqali sodir qilinishi mumkin bo‘lgan g‘iybat, chaqimchilik, tuhmat va yolg‘on guvohlik berish kabilar bilan insonlar o‘rtasidagi mehr-muhabbat poydevori darz ketishi, yemirilishi mumkin.

Inson odob-axloqini go‘zal qiladigan omillardan yana biri yaxshilar bilan hamsuhbat bo‘lishdir. Bunday suhbatlar kishi qalbini ibratli xulq-atvor bilan boyitadi va uni yaxshi ishlarni amalga oshirishga undaydi.

Yaxshi muomala barcha insonlarning ko‘rki va ziynatini oshiradi. Qayerda husni muomala bo‘lmasa, o‘sha yerda, albatta, xato va kamchiliklar sodir bo‘ladi. Shuni ta’kidlashni istardik, inson boshqalarga beradigan nasihatiga avvalo o‘zi amal etishi lozim. Quyida mazhabboshimiz Imomi A’zam (rahmatullohi alayh) bilan bo‘lgan voqeani hikoya qilamiz.

“Bir qul Imomi A’zam hazratlariga dedi:

– Keyingi jumada qul ozod qilishning fazilatlaridan gapirsangiz. Zora, xojamiz bizni ozod qilib yuborsa.

Imomi A’zam rozi bo‘ldilar. Ammo oradan ikki juma o‘tgach, uchinchi juma va’zida qul ozod qilish haqida so‘zladilar. Shu kuni o‘sha qulni xojasi ozod qilganini aytdi. So‘ngra qul kelib, Imomi A’zam hazratlariga dedi:

– Hazrat, mening xojam va’zingizni tinglab qaytgach, meni ozod qildi. Ammo nega ikki hafta keyin bu haqda gapirdingiz?

Imomi A’zam aytdilar:

– Sen menga iltimos qilgan vaqtingda pulim yo‘q edi. Shundan keyin ikki hafta pul yig‘ib qul sotib oldim va uni ozod qildim. Qul ozod qilish gashtini surib, o‘zim his etganimdan keyin gapirdim. Agar o‘zim qilmagan ishni so‘zlasam, uning ta’siri bo‘lmas edi. Xojangiz ham sizni ozod qilmagan bo‘lur edi”.

Demak, insonning so‘zi bilan amali bir bo‘lishi lozim ekan.

Farzandni komil inson qilib tarbiyalashning muhim jihati unda so‘zlashish odobini shakllantirishdir. Til xohlagan tarafga burilaveradi. Til tufayli ne bir qalblar oromu huzur topib quvonchga to‘lsa, aksincha, ne bir ko‘ngillarni til vayron qilishi mumkin.

Til sohibining qalb kechinmalarini yuzaga chiqaradi. Agar til sohibi fasohatu nafosatli, gapirganida dur misoli so‘zlaridan nuru ziyo taralib turadigan, ezgu qalbli inson bo‘lsa, uning so‘zlari har qanday dardu musibatga davo, yaralangan qalblarga malham, o‘ksik dillarga yupanch bo‘ladi. Bordi-yu, so‘z sohibi buning tamoman aksi bo‘lsa, uning so‘zi masrur qalbni g‘amli, tik boshni egik, xush kayfiyatni tushkun etuvchi og‘uga aylanadi. Bu fikrlar isboti o‘laroq ushbu hikmatli hikoyaga e’tibor qarataylik:

Bir podshoh tush ko‘ribdi, tushida bor tishlari to‘kilib ketganmish. Uyqudan uyg‘ongach, ikki vazirini huzuriga chorlabdi. Ko‘rgan tushini bayon qilib, “Bu tushning ta’biri nima? Agar ta’birini topsangiz, faqat rostini so‘ylang”, deya ularga murojaat qildi. Vazirlardan biri so‘z boshladi: “Podshohim, bu yaxshilik alomati emas, barcha qarindosh-urug‘laringiz barvaqt vafot etib ketishadi, siz o‘zingiz yolg‘iz qolasiz”. Podshoh bu javobdan nihoyatda darg‘azab bo‘lib, vazirni zindonga tashlashni buyurdi. So‘ngra ikkinchi vazir: “Shohim, bu tushingiz ko‘p yaxshilik va quvonch alomatidir. Alloh taoloning inoyati ila, siz muhtaram janobi oliylariga barcha qavmu qarindoshlaringiz ichra uzoq umr ato etilur. Bu qutlug‘ ne’mat muborak bo‘lsin!” deya ehtirom bilan qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ydi. Yaxshi ta’bir va qutlovdan xursand bo‘lgan podshoh bu vaziriga mukofotlar in’om etishni buyuribdi.

Bir xil ma’nodagi ikki xil ta’birni bergan vazirlardan biri fahmu farosatdan uzoqda, so‘zlash va ehtirom odobidan bebahra bo‘lib, ta’birni o‘zining sifatiga muvofiq shu darajada qo‘pol bayon qildi, natijada g‘azabga yo‘liqdi. Zakiy va dono, teran aql va nazokatli so‘z sohibi bo‘lgan ikkinchi vazir esa, tush ta’birini o‘z fazilatiga munosib tarzda bayon qilib, ol­qish va mukofotga sazovor bo‘ldi. Demak, aziz farzandlarning kishilar bilan so‘zlashishi, o‘zaro muomalasi, gapirgan so‘zlari hikmat kasb etishi uchun murabbiy va munisa murabbiyalarning qalblari ushbu oliysifat odoblar bilan to‘lib toshgan bo‘lishi kerak. Shundagina, farzandlari ulg‘ayib, balog‘at yoshiga yetganida, ko‘rgan ko‘zlar quvonadigan, suhbatlashgan insonlar yana bir bora diydorlashsam deydigan, komil va shomil inson bo‘ladilar. Bunday o‘g‘il-qizlarni ulg‘aytirish har bir ota-onaning eng oliy orzusidir.

Shu bois, endi so‘zlash odoblarini o‘rgatish va singdirish jarayonida nimalarga e’tibor qaratish zarurligini birma-bir bayon qilamiz.

 

Sof adabiy tilda so‘zlashish

Tilining fasohati va shirinso‘zlik inson ziynati. Ali ibn Husayn (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Ibn Abbos (roziyallohu anhu) Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) yuzlandilar. Ul zotning ustilarida ikkita kiyim bor edi. Ibn Abbosning kiftida esa ikki o‘ram soch bo‘lib, oppoq edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) amakilariga qarab turib, tabassum qildilar.

Shunda Ibn Abbos: “Yo Allohning Rasuli, sizni kuldirgan narsa nima?” dedi. Payg‘ambar (alayhissalom): “Payg‘ambarning amakisining jamoli meni ajablantirdi”, dedilar. “Jamoli nima?” dedi Ibn Abbos. “Fasohatli til”, dedilar (Hokim rivoyati).

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, sahobalar: “Yo Allohning Rasuli, nega bizning fikrimiz siznikidek fasohatli emas?” dedilar. Nabiy (alayhissalom): “Alloh taolo meni qo‘pol gapiruvchi qilib yaratmadi. Menga so‘zlarning yaxshisini ixtiyor etdi: u esa O‘zining Qur’on kitobidir”, dedilar (Sheroziy va Daylamiy rivoyati).

Kishi og‘ir-bosiqlik bilan shoshmasdan, dona-dona qilib, eshitayotganlarni zeriktirib qo‘ymasdan, imkon qadar chiroyli so‘zlar bilan gaplashishi lozim. Fasohatli so‘zlash Rasuli akramning (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlaridir. Go‘zal va ravon so‘zlagan hazrat Ibn Abbos (roziyallohu anhu) Payg‘ambardan (alayhissalom) maqtov olgan ekanlar.

Hozirgi zamon misolida atrofimizga nazar solsak, achinarli voqealarga duch kelamiz. Xususan, ayrim yoshlarimiz o‘rtasida “ota, ona” kabi ulug‘ so‘zlarni turli bachkana so‘zlarga almashtirib aytish, afsus, uchrab turibdi. Ba’zi kattalar  bunga beparvo. Zamonamiz olimlaridan biri Fozil qori Sobirov (Alloh rahmat qilsin)  mav’izalarida bunday deganlar: “Ko‘rinishi tuppa-tuzuk, yoshi o‘rta, masjidga janoza xabarini aytish uchun kelganlardan so‘radim: “Kimingiz qazo qildi?”

Ular biri:

– Kampirni berib qo‘ydik, – dedi.

– Qaysi kampir? Kim bo‘ladi sizga?

– Onam.

 – Ey nomard, meni dunyoga keltirgan, duolari ijobat, poyi qadamlari ostida jannat bo‘lgan, uyimning gavhari, mehribonim, oyijonim o‘tdilar, deb ko‘zyoshi qilgin, – dedim va “Bir parcha go‘shtdan voyaga yetkazgan, qip-qizil qonidan oppoq sutini mehr bilan ajratib bergan, necha-necha tunlarni bedor o‘tkazib, ming bir mashaqqatlarni chekkan onang endi “kampir” bo‘lib qoldimi, suf sendaqa farzandga”, deb koyigim keldi.

Ba’zi yoshlarimizning bergan salomlariga qanday javob berishni bilmaysan kishi. “Assalomu alaykum” so‘zining ma’nosini buzib, nima deyayotganlarini o‘zlari ham bilmaydilar. Nahot, “Assalomu alaykum” deya to‘liq, ochiq va ravshan qilib salom berishning iloji bo‘lmasa?! Nahotki, ota-onalar farzandlarining berayotgan salomlariga e’tibor qilmaydilar. Har bir farzand ertalab ota-ona huzuriga salom bilan kirib keladi-ku, axir. “Bola boshidan” deganlaridek, endigina tili chiqib kelayotgan farzandlarga to‘g‘ri, chiroyli va kerakli so‘zlarni gapirish o‘rgatilsa, bu o‘rganganlari unga umrbod hurmat, baxt-omad keltiradi.

 

Ohista so‘zlash

Chiroyli odoblardan yana biri ohista so‘zlashdir. To eshituvchilar uni yaxshi tushunishsin va davrada o‘tirganlar gapirayotgan kishining maqsadini aniq anglab, idrok etsinlar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bu borada ham barcha ummatlariga oliy muallim, tengsiz  murabbiy sifatida ibrat bo‘lganlar.

Hazrat Oysha (roziyallohu anho) rivoyat qiladilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) so‘zlaganlarida, agar so‘zlarini sanamoqchi bo‘lsangiz, albatta, sanog‘iga yetardingiz” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

رَوَى أَبُو دَاوُدَ عَنْ عَائَشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ:“ كَانَ كَلاَمُهُ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَصْلاً يَفْهَمُهُ كُلُّ مَنْ سَمِعَهُ”

Abu Dovud hazrat Oyshadan (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: “Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) so‘zlari dona-dona bo‘lib, eshituvchilarga tushunarli edi.”

 

Fasohatli so‘zlashda takallufdan saqlanish

Bu o‘rinda “takalluf” ma’nosi so‘zlayotganida haddan ziyoda, ortiqcha so‘zlarni ishlatishga nisbatan aytilmoqda. Boshqalarning  sifatini bayon qilayotganida, joyning yoki narsaning tavsifini keltirayotganida maromidan oshirish ham suhbatni asl maqsaddan uzoqlashtirib, tilyog‘lamalikka aylantirib yuboradi. Shu bois ushbu mazmundagi hadisi muboraklar vorid bo‘lgan:

Ibn Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Alloh taolo ba’zi notiq kishilarga g‘azab qiladi. Ular shunday notiqlarki, so‘zlarida qochirma gaplar bilan tilini bezab gapiradi, huddi sigir tili bilan bezanganidek”, dedilar (Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).

Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) so‘zlasalar, so‘zlarini uch bora qaytarar edilar, darhol tushunardik. Agar bir qavmga kelsalar, salom berardilar va dona-dona so‘zlardilar. So‘zlari uzun ham, qisqa ham bo‘lmasdi va so‘zlashishdagi bema’nilikni va tantanavor (takallufli) gapirishni yomon ko‘rardilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

 

Insonlarning aqliga qarab so‘zlash

Muomala odoblaridan biri shuki, so‘zlovchi kishi har bir joy va vaziyatga munosib baho berib, o‘sha davradagi odamlar tabiati, saviyasi va urf-odatlarini e’tiborga olib munosabatda bo‘lishi talab etiladi. Bu esa notiqning aql-farosati, nozik didi, so‘z mahorati, kishilar ruhiyatini anglay olishi va aqlu idroki bilan bog‘liq. Shu haqdagi hadislar bilan tanishib chiqamiz.

Hadisda: “Payg‘ambarlar insonlarning aqllariga qarab gapirishga buyurilganlar”, deb marhamat qilingan.

Hazrat Ali (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Insonlarning bilimiga qarab so‘zlanglar”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu): “Sen bir qavmning aqliga sig‘maydigan gapni gapiruvchi bo‘lsang, ularning ba’zilari uchun fitna bo‘ladi”, dedi (Imom Muslim rivoyati).

Bu fikr quyidagi hadisdan kelib chiqqan. Ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Ummatlarim aqllari ko‘tarolmaydigan darajadagi ba’zi hadislarimni aytib bersalar, bu ular uchun fitna bo‘ladi” (Daylamiy rivoyati).

Hadislar ichra shundaylari ham bor, ularni bevosita tushunish qiyin, ma’nosi murakkabdir. Bunday hadislar ma’lum bir  makondan, holatdan kelib chiqqan bo‘lib, aynan o‘sha vaziyatga xos. “Jihod qilish”, “g‘azotda shahid bo‘lish” va “qul ozod qilish” kabi mavzudagi hadislar bunga misol. Ayni mavzulardagi hadislarning asl va sof ma’nolarini tushunish uchun muhtaram ulamolarimiz va faqihlarimiz ko‘magi kerak. Ammo hozirda ushbu hadislarni pesh qilib, mazmun-mohiyatini tushunmasdan, olimlarimiz o‘gitlarini nazar-pisand qilmaydigan, dinimiz amallarini  fahmlay bilmaydigan, kimlargadir ko‘r-ko‘rona ergashadigan buzg‘unchi toifa va oqimlar paydo bo‘ldi.

Keng ma’nolarni o‘z ichiga olgan hadisi muborakda zikr etilgan “jihod”, avvalo, har bir kishining xavfli dushmani bo‘lgan “nafs”iga qarshi kurash ma’nosini anglatadi. O‘z nafsiga qul bo‘lgan kimsalar har qanday razillikdan, qabohatdan va zulmdan qaytmasligini, insoniylik sifatlarini batamom unutganlarini o‘sha toifalar va oqimlar a’zolari misolida ko‘rmoqdamiz. Ular boylik va mansab yo‘lida ne bir xunrezliklarni amalga oshirmayaptilar. Olamga jar solib qilayotgan davolari go‘yo “Islomni o‘rnatish va xalifalik qurish”. Zero, Safiynadan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Xalifalik (mendan keyin) o‘ttiz yildir, so‘ngra mulk (ya’ni mulkchilik, podsholiklar) bo‘ladi”, deya marhamat qilganlar. Ilmdan xabardor bo‘lganlar hadisda bayon etilgan ulug‘ amalni bundan o‘n to‘rt asr muqaddam zabardast chahoryor xalifalar Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali (roziyallohu anhum) amalga oshirib bo‘lganlarini biladilar.

Mazkur toifa va oqimlar haqiqatan din jonkuyarlari bo‘lganida edi, istiqlolimiz tufayli hukumatimiz tomonidan dinimiz va Islom diniga e’tiqod qiluvchi barcha fuqarolarga yaratib berilgan sharoitlardan oqilona foydalanardilar. Bunday nopok yo‘lni tanlamasdilar. Ular bu maqsadlarini sho‘rolar davrida, dinimiz qadriyatlari tahqirlanib, masjidlar omborxonaga aylantirilganida, musulmonlar benikoh turmush qurishga majbur qilinib, azada janoza o‘qishga ham ruxsat berilmagan vaqtlarda nega amalga oshirmadilar? Shundan ham maqsadlari g‘alamislik va barcha g‘oyalari puchligi ayon bo‘lib qolmoqda. In’om etilgan ne’matlar ichra ulug‘i bo‘lgan aziz nuridiydalarimizni shu kabi illatlardan ogoh etib, yomonliklardan asrashimiz zarurdan zarurdir.

 

Malol va xalal bermaydigan so‘zlarni gapirish

So‘zlash va muomala madaniyatining o‘ziga xos, ado qilinishi lozim bo‘lgan haqlari bo‘lib, ulardan biri gapni o‘ta qisqa bayon qilmaslikdir. Bunday so‘zlanganida eshituvchining tushunishi qiyinlashib, suhbatdan qanoat hosil qilmaydi. Haqlardan yana biri esa gapni juda uzun qilib, eshituvchini malollantirib qo‘ymaslikdir. Gap me’yoridan ortiq uzun bo‘lganida ham, eshituvchi siqilib, uni tinglashga rag‘bati keskin pasayadi. Bunday sifatlarni ham janob Sarvari olamdan o‘rganamiz.

Imom Muslim Jobir ibn Sumratadan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga namoz o‘qir edim. Ul zotning namozlari va xutbalari o‘rtacha bo‘lardi.”

Imom Ahmad va Abu Dovud Hakim ibn Hizomdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga juma namozida bo‘ldim. Ul zot hassaga yoki nayzaga suyanib, Allohga hamd va sano aytib, yengil, shirin va muborak so‘zlar aytdilar.”

Imom Buxoriy va Imom Muslim “Sahih” kitoblarida keltirishadi. Ibn Mas’ud har payshanba kuni bizga so‘zlab berardi. Bir kishi turib: “Ey Abu Abdurahmon, bizga har kuni so‘zlashingizni xohlayman”, dedi. Shunda Ibn Mas’ud: “Sizlarga malol kelib qolishini yomon ko‘rishim meni bundan qaytardi”, dedi.

Shu mavzuda hazrat Alining (karramallohu vajhahu) quyidagi bir she’rini keltiramiz:

Qalbu a’zolar malollanar albat,

Qalb uchun istang ilmu ma’rifat.

 

So‘zlovchiga e’tiborli bo‘lish

Bu odobdan maqsad so‘zlovchi butun vujudi bilan tinglovchilarga yuzlanishidir. Chunki gapirayotgan kishi diqqatu e’tiborini qaratganida, eshituvchilarga maqsad va mazmun yanada yaxshiroq tushunarli bo‘ladi.

Amr ibn Os (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qavmga yuzlanib, qavmning xatolarini aytar edilar. Qavm esa u kishiga bu yuzlanishlari tufayli oshno bo‘lardi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

“Siz uchun eng suyukli kishi kim?” deb so‘radim. U zot “Oysha”, deb javob berdilar.

– “Yo‘q, erkaklardan kim?” deb so‘radim yana.

  • Uning otasi.
  • Keyin-chi?
  • Umar.
  • Undan keyin-chi?
  • Usmon.
  • So‘ngra?
  • Ali.

Men tinmay so‘rar, u zot to‘xtamay javob berardilar. Meni aytavermaganlaridan keyin oxirgi o‘ringa tushib qolishdan qo‘rqib, so‘rashdan tiyildim.

 

Erkin muomalada bo‘lish

So‘zlash odoblaridan biri so‘zlovchi gapirayotgan paytda va keyin ham tinglovchi bilan samimiy muomalada bo‘lishidir. O‘tirganlar zerikmasinlar va so‘zlash asnosida o‘zlarini aslo noqulay sezmasinlar.

عَنْ سِمَاكِ بْنِ حَرْبٍ قَالَ: قُلْتُ لِجَابِرِ بْنِ سَمُرَةَ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ: أَكُنْتَ تُجَالِسُ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم؟ قَالَ: نَعَمْ كَثِيرًا كَانَ لاَ يَقُومُ مِنْ مُصَلاَّهُ الَّذِى يُصَلِّى فِيهِ الصبح أو الغداة حَتَّى تَطْلُعَ الشَّمْسُ فَإِذَا طَلَعَت الشَّمْسُ قَامَ وَكَانُوا يَتَحَدَّثُونَ فَيَأْخُذُونَ فِى أَمْرِ الْجَاهِلِيَّةِ فَيَضْحَكُونَ وَيَتَبَسَّمُ.

Simok ibn Harb rivoyat qiladi. Jobir ibn Samuraga (roziyallohu anhu): “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga o‘tirganmisan?” dedim. Shunda Jobir (roziyallohu anhu): “Ha, ko‘p marotaba o‘tirganman. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bomdod nomozini o‘qigan joylaridan quyosh chiqquncha turmas edilar. Quyosh chiqsa, turardilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘tirganlarida odamlar bilan suhbatlashardilar. Ular suhbatlarida johiliyat davridagi ishlarni aytib kulishardi va Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) tabassum qilib qo‘yardilar” (Imom Muslim rivoyati).

Sarvari koinot kishilar bilan suhbatlashish jarayonida chehralari ochilib, xush kayfiyat bilan tabassum qilib o‘tirganlar. Bu hol davraga tarovat baxsh etib, o‘z o‘rnida boshqalar ham o‘zlarini emin-erkin his etishlarini ta’minlaydi. Bu xislat barchamizga saboq bo‘lmog‘i kerak va muomala jarayonida hayotimizga tatbiq etib, farzandlarimizni ham shunday odobga odatlantirmog‘imiz oldimizda turgan ulkan vazifalardandir.

 

Muloyimlik

Qaysi xonadonda ta’lim-tarbiya yuksak bo‘lsa, shu joyda xotirjamlik bor. Hadisi sharifda bunday deyilgan: “Alloh har bir ishda muloyimlikni yaxshi ko‘radi”. Qur’oni karimning avvalidan oxiriga qadar insonlarga tarbiya va odob o‘rgatiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) muloyimlik sifati bilan sahobalarni o‘zlariga jalb qildilar.

Demak, Rasuli akramning (sollallohu alayhi va sallam) mo‘min-musulmonlarga muloyim bo‘lishlari o‘zlari uchun ham, ummatlari uchun ham Allohning rahmati ekan. Muloyim, shirinso‘z bo‘lish katta baxt hisoblanadi. Kishi yaxshi so‘z eshitgan joyiga, muloyim muomala ko‘rgan shaxsiga mehr qo‘yadi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sifatlari bu jihatdan eng oliy maqom edi. U zotning (sollallohu alayhi va sallam) eng jozibador kuchlari ham shunda bo‘lgan.

Farzand muloyimlik fazilati bilan axloqini bezab, yomon axloqlardan yirok bo‘lsin. Odamlar orasida shu fazilati to‘lin oydek ko‘rinib tursin.

Muloyimlik xulqiy va nafsiy fazilatlarning eng buyugidir. U insonni barkamollik cho‘qqisiga olib chiqadi. Muloyimlik sohibi bilan suhbatlashgan kishi unga muhabbatli bo‘ladi. Biz uchun namuna bo‘lgan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ham tarbiyalayotgan sahobai kiromlarni muloyimlik sifatlari bilan jalb etdilar, muhabbatli qildilar.

 

Tabassum fazilati

Yuzlab odamlar o‘tib-qaytayotgan gavjum ko‘chadan boryapsiz. Demak, manzilga yetguncha tanishu notanish chehralarga ko‘zingiz tushadi. Ana shunda siz ularga ochiq yuz bilan jilmayib boqing. Ko‘rasizki, shu beozor tabassumingiz tufayli yuzlab odamlarning ruhiyati ko‘tariladi. Kayfiyatingiz chog‘, yuzlaringiz kulgudan charaqlab turgan kezlarda uzzukun omad sizga yor bo‘lganini eslang. Axir o‘sha kunda yon-veringizdagi kishilar ham mehr bilan boqishgani rostku.

Donishmandlardan biri: “Hayotimiz qanday bo‘lishi sizu biz unga qanday ma’no baxsh etishimizga bog‘liq”, deydi. O‘ylab qarasak, endilikda bizning tabassumlarimiz naqadar qimmat turadi! Ammo ko‘pincha uni hamma-hammadan, hatto o‘zimizdan-da qizg‘anamiz. Mashhur rassom shu kabi holatni bir necha rasmlarda ustalik bilan tasvirlaydi: nimadandir g‘azablangan boshliq yordamchisiga zahrini sochadi. Shunda yordamchi ham xizmatchilardan birini qattiq koyiydi. Xizmatchi ishlab o‘tirgan matn teruvchini urishib beradi, u esa eshikda o‘tirgan qorovuldan alamini oladi. Bekordan-bekorga gap eshitgan qorovul oyog‘i ostida yotgan kuchukni tepib yuboradi. Kuchuk o‘z egasini qopishga botinolmay, xonasidan chiqib kelayotgan boshliqning oyog‘ini tishlab oladi. Shunday qilib, bu g‘avg‘oning bosh sababchisi jazosiz qolmaydi.

Tabassum bir lahzada paydo bo‘ladi. Inson yuzidagi iliq tabassum bilan har qanday davraning aziz mehmoniga aylanadi.

Siz qanday davrada bo‘lmang, yoningizdagilardan tabassumingizni darig‘ tutmang. Ularga jilmayib nigoh tashlang. Toki, tabassumingiz chehralarda qotgan muzlari eritib yuborsin. U mehrdan tuzilgan gulshodalar yanglig‘ ko‘ngillarga sochilib ketsin.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

HAZIL-MUTOYIBA ODOBI:

Hazil-mutoyibada me’yordan oshmaslik;

Hazil-mutoyibada ozor bermaslik;

Hazil-mutoyibada yolg‘ondan saqlanish;

Rasulullohning (alayhissalom) hazil-mutoyibalaridan namunalar.

TABRIKLASH ODOBI:

Tabriklashda xursandchilik va e’tibor qilish;

Farzandli bo‘lgan kishini tabriklash;

Safardan qaytgan kishini qutlash;

Hajdan kelgan kishini qutlash;

Nikohni qutlash;

Bayram bilan tabriklash;

Yaxshilik qilgan kishini qutlash;

Tabriklash chog‘i sovg‘a berish mustahabdir.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Videolar

Diniy sohadagi islohotlarning yangi bosqichi

22.04.2025   4703   1 min.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

VIDEO