frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Namoz saboqlari: Qazo namozlari va sajdai sahv (Audio)

07.12.2019   5169   3 min.
Namoz saboqlari: Qazo namozlari va sajdai sahv (Audio)

QAZO NAMOZLARI

 

Mo‘min-musulmonlar namozlarini doimo vaqtida o‘qishi lozim. Lekin biror sabab bilan, masalan, uxlab qolib vaqtini o‘tkazib yuborgan namozning qazosini o‘qishi kerak. Farz va vitr namozlar vaqtida o‘qilmasa, ularning qazosini o‘qish lozim.

Namozni vaqtida o‘qimaslik katta gunohdir. Shuning uchun qazo namozi o‘qilgach, Alloh taolodan mag‘firat tilash va har namozni o‘z vaqtida, qazo qilmay o‘qishni nasib etishini so‘rab duo qilish kerak.

Namozlarni iloji boricha o‘z vaq­tida ado etishga g‘ayrat qilish kerak. Insonning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bundan mustasno. Ana shu holatlar sabab namoz qazo bo‘lib qolsa, ularni ado etish uchun ma’lum bir vaqt belgilanmagan. Ammo kunning uch vaqtida – kun chiqayotgan, quyosh tikkaga kelgan va kun botayotgan vaqtlarda qazo namozlarni o‘qib bo‘lmaydi. Bu uch vaqtdan boshqa istalgan paytda qazo namozlarni o‘qish joiz (“Bahrur roiq”).

Qazo namozlar bir kunlik, ya’ni besh vaqt namoz bo‘lsa, vaqt namozi va ular o‘rtasida tartibga rioya qilinadi. Agar, qazo namozlar olti vaqtdan ko‘payib ketsa, tartibga rioya qilish shart emas.

 Ko‘p yil o‘qilmagan namozlarning qazosini o‘tashda tartib shart bo‘lmasa-da, tartibga rioya qilish (ya’ni, oldin bomdod, keyin peshin so‘ng asrni o‘qish) mustahabdir (“Fatovoyi Hindiyya”).

Ko‘p namozlari qazo bo‘lgan kishi ularning hammasini bir joyda, ketma-ket ado etmoqchi bo‘lsa, bitta azon aytib, har birini boshlashdan oldin qomat aytishi mumkin, xohlasa ham azon, ham qomat aytadi (“Hidoya”). Ammo qazolarini alohida-alohida vaqtlar va joylarda ado etsa, har bir qazo namoz uchun azon va qomat aytishi shartdir (“Bahrur roiq”).

Safarda o‘qilmay qolgan namoz hazarda (vatanda) ham qasr qilib o‘qiladi. Hazarda o‘qilmagan namozning qazosi safarda to‘liq o‘qiladi.

Ko‘p yillik namozlarning qazosini o‘qimoqchi bo‘lgan odam namozning har bir rakatida Fotiha bilan birga zamsura o‘qiydi (“Zahiriya”). Bunga sabab agar Alloh taolo o‘sha qazo namozlarini bandadan kechib yuborgan bo‘lsa, o‘tagan namozlari nafl bo‘ladi. Nafl namozlarning har bir rakatiga Fotiha va zamsura o‘qishi shart.

 

SAJDAI SAHV

 

Namozning farz yo vojib amallaridan biri vaqtidan kechiktirilsa yoki vojib amali unutilib, ado etilmasa, masalan, kishi to‘rt rakatli namozlarda birinchi ikki rakatdan so‘ng qa’dada o‘tirilsa yo unda tashahhuddan keyin salavotni o‘qib qo‘ysa, qa’dai oxirada (oxirgi o‘tirishda) «Tashahhud» o‘qib, namozni yolg‘iz o‘qiyotgan bo‘lsa ikki tomonga, jamoatda bo‘lsa o‘ng tomonga salom beradi va «Allohu akbar», deb ikki marta sajda qiladi. Bu ikki sajda «sajdai sahv»  deyiladi va yana cho‘kka o‘tirib tashahhud, salavot, duo o‘qib, o‘ng va chap tomonga salom berib namozni tugallaydi.

Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom) duo ibodat ekanini aytganlar. Shuning uchun namoz tugagach, duo qilish lozim: «Ey Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilikni bergin va bizni do‘zax azobidan saqlagin».

 

O‘MI matbuot xizmati

Audio
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

15.09.2026   5086   2 min.
Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.

- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.

Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.

Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.

Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.

Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari