Bismillahir Rohmanir Rohim!
Bugun yurtimizda qaror topgan e'tiqod erkinligi, mo'min-musulmon xalqimizning emin-erkin ibodat qilishlari uchun sharoitlar yaratib berilgani, ayniqsa, haj va umra amallarini ado etish uchun keng yo'l ochilganini alohida e'tirof etish lozim. Albatta, bundan aholimiz juda mamnun. Ibodat va ziyoratlarda shukronalar keltirib, Yurt rahbari va Vatanimiz haqqiga xayrli duolar qilishmoqda.
Har bir mo'min-musulmon kishi umri davomida bir marta bo'lsa-da, Ka'batullohni tavof qilishni, Arafotda turishni, Safo va Marva tepaliklarida yurishni orzu etadi. Zotan, ushbu amallar inson hayotini yaxshiliklar sari tubdan o'zgartiradigan, bir so'z bilan aytganda, jannat mukofoti va'da qilingan buyuk ibodatdir.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev raisligida 2023 yil 22 dekabr' kuni Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida juda ko'p muhim masalalar qatorida jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog'lomlashtirishga qaratilgan muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Prezidentimiz mazkur tadbir davomida: “Ma'lumki, keyingi yillarda haj, umra ziyoratlariga keng yo'l ochilyapti. Minglab fuqarolar mana shunday qutlug' ziyoratlarga borib kelayotganiga hammamiz guvohmiz. Bu borada ilgari ham aytgan bir fikrimni takrorlamoqchiman: hajga, umraga borib kelgan har bir yurtdoshimiz ma'naviyat targ'ibotchisi bo'lishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerak. Afsuski, hamma joyda ham shunday bo'lmayapti. Ziyorat bahona o'zini ko'z-ko'z qilish, manmanlikka berilish kabi bizga yarashmaydigan xunuk holatlar ko'zga tashlanmoqda. Bular albatta barchamizni o'ylantirishi kerak”, deya ta'kidladi.
Afsuski, “Guruch kurmaksiz bo'lmaydi”, deganlaridek yurtimizda hali-hanuz haj yoki umraga borib kelgan ayrim kishilar xo'jako'rsinga ish tutib, haddan oshayotgani, aqlga sig'maydigan allaqanday ishlarni o'ylab topib, uni ommaga namoyish qilish holatlari uchrab turibdi.
Bu o'z navbatida odamlarning nafratiga va ushbu muborak ibodatlarga nisbatan noto'g'ri tushunchalar paydo bo'lishiga olib kelmoqda. Masalan, xonadonlarda ziyofatlar uyushtirish, sovg'a-salom ulashish borasida haddan ortib ketilmoqda. Mana shunday paytlarda ham ilmsizlik – jaholat pand beryapti. Farzandlar ota-onasini umra safariga yuboradi va ularning qaytishini shunchalar dabdabaga aylantiradiki, bu manmanlikdan o'zga narsa emas.
Yana hojilarni qarindosh-urug', qudalar tomonidan mehmonga chaqirishlar, ularga bosh-oyoq sarpolar qilinishi, oyoqlari ostiga qo'ylar so'yilishi, bularni videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilishi – bu oqibati yaxshi bo'lmagan illatlardir.
Haj va umra ziyorati va ibodatlari nasib qilgan inson u erdan gunohlardan poklanib qaytmog'i kerak. Qaytgach,savob amallarini ko'paytirish, gunoh ishlardan tiyilish harakatida bo'lmog'i kerak. Ammo birga umra amallarini bajargan ayrim hojilar har oyda ziyofatlar uyushtirishni odat qilgan. Albatta, bunda ham ular kimo'zarga musobaqa qilishmoqda. Vaholanki, muqaddas dinimizda faqat xayrli ishlardagina musobaqalashish buyurilgan.
Boz ustiga, bunday diydorlashuvlar ma'naviy-ma'rifiy mavzulardagi suhbatlardan ancha yiroq bo'lmoqda. Aslini olganda, bu kabi isrof ziyofatlar o'rniga mahalladagi, qarindosh-urug'lar orasidagi kamxarj, bemor, moddiy ko'makka muhtoj oilalarga qo'ldan kelgancha xayr-ehson qilmoq savob emasmi?! Bular ko'ngilga g'ashlik, og'riq soladigan holatlardir.
Islom ta'limotida mo'min-musulmonlar riyodan qat'iy qaytariladi. Chunki, riyo insonlar orasida ruhiy ta'sir, shon-shuhrat, moddiy foyda uchun qilinadi. Dunyoga oid bu kabi moddiy va ma'naviy foydalarni qo'lga kiritish uchun dinga bo'lgan hurmat va e'tiborni suiste'mol qilish riyoning eng yomon shaklidir.
Allohga va insonlarga qarshi o'zini samimiy tutib riyodan uzoq turish, iloji bo'lsa, ibodatlarni yashirin qilish, Allohning roziligini insonlarning maqtoviga, istagiga, qo'rquviga qarshi tanlash har bir musulmonning tamoyili bo'lishi kerak. Shu ma'noda barcha ibodatlar, xususan, haj va umra xolis Alloh talo uchungiga qilinishi shart. Odamlar ko'rsin uchun, riyo, sum'a, ujb uchun qilingan ibodat mo'min-musulmonning savobi olishiga emas, aksincha qattiq gunohkor bo'lishiga sabab bo'ladi.
Ma'lumki, haj islom dinining besh asosiy farzlaridan biridir. U – moliyaviy va jismoniy ibodat bo'lib, qodir bo'lgan mo'min-musulmon kishi umrida bir marta ado etishi buyurilgan. Lug'atda “haj” – “hurmatli narsaning ziyoratini qasd qilish”, shariatimizda esa “belgilangan joylarda, muayyan vaqtlarda maxsus amallarni bajarish” deganidir.
Hajning muayyan shartlari ham bor. Ushbu ibodatni bajarishni niyat qilgan kishining balog'atga etgan bo'lishi, aqli raso, sog'lom, safar xarajatlariga qodir ekani, hajga borib kelguniga qadar o'z qaramog'idagilarni nafaqa bilan ta'minlab qo'yishi shular jumlasidandir. Shuningdek, safar yo'llari ochiq va bexatar bo'lishi ham shart qilinadi.
Quyidagi oyati karimada hajda kishi o'zini qanday tutishi, qanday tayyorgarlik ko'rishi kerakligi zikr qilingan: “Haj (mavsumi uchun) ma'lum oylar (belgilangan). Bas, kim shu oylarda hajni o'ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh-ma'siyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo'q. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh bilur. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo'rqingiz), ey, oqillar!” (Baqara surasi, 197-oyat).
Oyatning mazmuniga ko'ra, hajga boruvchi kishi taqvo bilan ziynatlanib, bajarayotgan amallarini chiroyli ado etishga harakat qilishi kerak. Qolaversa, hajning sanoqli kunlarini oxirati uchun zaxira bo'ladigan amallar bilan o'tkazishga oshiqishi lozim.
Hajning va umraning o'ziga xos mashaqqati va sarf-xarajatlari bor, ularning mukofoti ham shunga yarasha ulug'dir. Bu haqda Rasululloh alayhissalom bunday deydilar: “Bir umra bilan (keyingi) umra – oradagi gunohlarga kafforatdir. Mabrur hajning mukofoti – faqat jannatdir” (Muttafaqun alayh).
Umra hanafiylik mazhabida sunnat hisoblanib, yilning barcha vaqtida ado qilish mumkin. Faqat arafa va undan keyingi to'rt kunda umra qilib bo'lmaydi. Bu hadis qayta-qayta umra qilishning mustahab ekaniga dalildir. Demak, ixlos bilan qilingan umradan keyin yana bir umra qilinsa, bu ikkisi orada qilingan gunohlarga kafforat bo'ladi.
Hadisi sharifda mukofoti faqat jannat bo'ladigan mabrur haj haqida gap ketmoqda. Mazkur ibodat xolis niyat bilan, halol topilgan mol evaziga qilinadi. “Hajji mabrur”ga erishmoqchi bo'lgan kishi safarga ketishdan avval Alloh taolo oldidagi va bandalardan olgan qarzlarini ado qilishi, haj davomida esa uning shartlari va odoblariga qat'iy rioya qilishi kerak.
Shuningdek, haj davrida behayo so'zlarni aytmay, fisqu fasod ishlarni qilmay yurish ham uning shartlaridandir.
Haji qabul kishilar begunoh holda uylariga qaytadilar. Payg'ambarimiz alayhissalomdan shunday rivoyat qilinadi: “Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh so'z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, onasidan tug'ilgandek gunohlardan pok bo'lgan holda qaytadi” (Imom Buxoriy va Imom Ahmad rivoyati).
Mazkur buyuk ibodatni bajarish hammaga ham nasib qilavermaydi. Shuning uchun bu ulug' safarni niyat qilgan yurtdoshlarimiz hajning mohiyatini yaxshi tushunib olishlari, uni ado etish tartiblarini puxta o'zlashtirishlari, safar odoblariga qat'iy rioya qilishlari lozim. Zero, muborak safarda hojilarimiz butun xalqimiz va diyorimizning yuzi bo'ladi.
Haj ziyoratiga otlangan kishilar zimmalaridagi hajning farz, vojib va sunnat amallarini iloji boricha jamoat bilan, o'z vaqtida ado etishga g'ayrat qilishlari – muborak dinimiz ko'rsatmasi va shariatimiz talabidir. Ko'proq Qur'on tilovati, nafl ibodatlar, zikr va istig'for aytish, yordamga muhtoj kishilarga ko'mak berish kabi savobli ishlarni qilishlari zarur.
Haj va umraga borib kelgan kishi odamlarni yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarishi kerak. Bu Alloh taoloning amridir: “Sizlardan yaxshilikka da'vat etadigan, amri ma'ruf va nahyi munkar ishlarini olib boradigan (bir) ummat bo'lsin! Aynan ular (oxiratda) najot topuvchilardir” (Oli Imron surasi, 104-oyat).
Prezidentimiz Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida: “...Muhtaram ulamolarimiz, din peshvolarini inson qadrini ulug'lash, tinchlik va bag'rikenglik muhitini mustahamlashga qaratilgan islohotlarimizda faol bo'lishga, o'zlarining ma'naviy fazilatlari bilan boshqalarga o'rnak ko'rsatishga chaqiraman”, deya ahli ilmlarga alohida ishonch bildirdi.
Shundan kelib chiqib, biz ahli ilmlar, din peshvolari Vatanimiz, millatimiz va dinimizga g'ayrat va shijoat bilan xizmat qilishimiz kerak. Halq ichiga kirib, ularga yanada yaqin bo'lib, dinimizning sof ta'limoti targ'ibotini kuchaytirishimiz zarur.
Hulosa o'rnida ta'kidlash joizki, tabarruk joylarda gunohdan pok bo'lib, yurtimizga qaytgan vatandoshlarimiz ibratli fazilatlari, jamiyat hayotidagi faol ishtiroki bilan barchaga namuna bo'lib, o'sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvar, ma'naviyatli, ma'rifatli, ota-onasiga, yurtiga xizmat qiladigan sodiq va solih farzandlar bo'lishiga o'z hissasini qo'shishi lozim.
Shu bilan birga yordamga muhtoj kishilar, kambag'al, miskin va faqirlar holidan xabardor bo'lib, ularga quvonch ulashish, duolarini olishga harakat qilishi qo'llab-quvvatlangan amallardir.
Zero, haj va umralarni ado etib kelgan hojining xayrli ishlarda bardavom bo'lishi uning ibodatlari qabul bo'lganini ko'rsatadi.
Jaloliddin domla HAMROQULOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisi o'rinbosari
“Yangi O'zbekiston” gazetasining
2024 yil 20 yanvar' 15-sonidan olindi
Madina shahrida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq bo‘lgan bir necha o‘nta muqaddas joylar mavjud. Ulardan biri — Banu Unayf masjidi bo‘lib, u Kubo masjididan janubiy-g‘arbiy tomonga, al-U’sba mahallasiga 500 metrdan yaqinroq bo‘lgan masofada joylashgan.
IQNA axborot agentligi Saudiya Arabistonining “VAS” agentligiga tayanib xabar berishicha, ushbu tarixiy masjid o‘z nomini Kubo ahli bilan ittifoqchi bo‘lgan Bali qabilasining tarmog‘i — Banu Unayf qabilasi nomi bilan atagan.
Ba’zi tarixchilar ushbu masjidni ”As-Subh” yoki “Al-Musabbah” nomlari bilan ham bilishadi. Masjid o‘zining asl va sodda me’morchiligi bilan tanilgan: u qora tusli vulqon toshlaridan qurilgan va uning tom qismi yo‘q. Masjid maydoni taxminan 37,5 kvadrat metrni tashkil qiladi.
Madina mintaqasini rivojlantirish boshqarmasi tomonidan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq joylarni saqlash va Saudiya Arabistonidagi “Nigoh – 2030 dasturi” maqsadlariga muvofiq ravishda ushbu masjid kapital ta’mirdan chiqarildi.
Banu Unayf masjidi madaniy va diniy turizm loyihalariga kiritilgan bo‘lib, Madina mintaqasini rivojlantirish boshqarmasi uni amalga oshirishni nazorat qilmoqda. Bu esa ziyoratchilarni Madinadagi tarixiy va diniy joylar bilan tanishtirishga qaratilgan kompleks yondashuvning bir qismi sanaladi.
Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi