Cavol: Hazrati Umarning: “Menda johiliyatdan biror narsa qolmadi. Faqatgina musulmonlardan qaysi ayolga uylanishim va kimga qiz berishimga parvo qilmayman”, degan gaplarini qanday tushunamiz?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Muhammad ibn Siyrindan, u esa buyuk sahoba Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan naql qilgan savolda zikr qilingan rivoyatni to‘liq shakli quyidagicha:
عَنْ مُحَمَّدِ بْنِ سِيرِينَ ، قَالَ : قَالَ عُمَرُ بْنُ الْخَطَّابِ : مَا بَقِيَ فِي شَيْءٍ مِنْ أَخْلاَقِ الْجَاهِلِيَّةِ ، إلاَّ أَنِّي لاَ أُبَالِي إلى أَيَّ الْمُسْلِمِينَ نَكَحْت وَأَيَّهُمْ أَنْكَحْت.
“Menda johiliyat axloqidan biror narsa qolmadi. Faqatgina qaysi muslima ayolga uylanishim va qaysi musulmonga qizimni nikohlab berishimga parvo qilmayman” (Ibn Abu Shayba “Musannaf”da, Ibn Sa’d “Tabaqot”da rivoyat qilishgan).
Hazrati Umar roziyallohu anhuning ushbu gaplarida nikohdagi tenglik haqida so‘z yuritilmoqda. Shuning uchun ham muhaddislar ushbu rivoyatni “Kafoat bobi – nikohdagi o‘zaro tenglik” mavzusida keltirishgan. Ya’ni, musulmonlarning barchalari nikohda, o‘zaro quda-andachilikda bir-birlariga tengdirlar. Ular naslu nasabga qarab odamlarni ajratishlari va bu borada haddan oshishlari to‘g‘ri emasdir. Shuning uchun "men kimning qiziga uylanishim va kimga qizimni nikohlab berishimning ahamiyati yo‘q. Bunda faqatgina uning musulmon bo‘lishi kifoya”, deyilmoqda.
Darhaqiqat, johiliyat davrida odamlarga naslu nasabiga qarab muomala qilish, nasli pastroq kishilarni odam o‘rnida ko‘rmaslik avj olgan edi. Islom dini kelib, bu tushunchalar mutlaqo noto‘g‘ri ekanini, odamlar aslida bir martabada ekanlarini, faqatgina taqvolari bilan bir-birlaridan ortiq ekanlarini bayon qildi. Payg‘ambarimiz alayhissalom sahobalariga qarata bunday murojaat qilganlar:
"إن الله قد أذهب عنكم عُـبـِّية الجاهلية وتعاظمها بآبائها ، الناس رجلان : بَـرٌّ تقي كريم على الله عز وجل ، وفاجر شقي هيِّن على الله عز وجل ، الناس كلهم بنو آدم ، وخلق الله آدم من تراب" (رواه الترمذي).
“Alloh sizlardan johiliyat davridagi ota-bobosi bilan faxrlanish va kibrlanish odatini ketkazdi. Odamlar ikki toifadirlar: Alloh taoloning huzurida qadr topgan – solih va taqvoli kishi hamda Alloh taoloning huzurida qadrsiz – fojir va baxtsiz kishi. Odamlarning barchasi Odamning farzandlaridir. Odamni esa, Alloh taolo tuproqdan yaratgan”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Shundan kelib chiqib, hazrati Umar roziyallohu anhu ham nikohda musulmonlar o‘zaro teng ekani va naslu nasabga ko‘ra odam ajratish noto‘g‘ri ekanini aytmoqdalar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.
Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati