Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

Fitnachilarning xuruji

04.11.2024   7564   5 min.
Fitnachilarning xuruji

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Fitnaboshilar Madinadan qaytib borishlari bilan xalifaga qarshi chiqishga maxfiy ravishda tayyorgarlikni boshlab yuborishdi. Ular o‘zaro maktub yozishib, o‘zlarini hajga borayotgan qilib ko‘rsatib, Madinada uchrashishga va o‘sha yerda rejalarini amalga oshirishga kelishib olishdi.

Misrliklar to‘rt guruh bo‘lib chiqishdi. Ularning to‘rt amiri bor, sonlari esa ming kishi atrofida edi. Ularning bosh amiri G‘ofiqiy ibn Harb edi. Ular odamlarga urushga ketayotganlarini aytishga jur’at qilolmay, o‘zlarini hajga ketayotgan qilib ko‘rsatishdi. Fitnaboshi yahudiy Abdulloh ibn Saba’ ham ular bilan birga edi.

Fitnachilar o‘z ishlarining nohaq ekanini bilishadi. Niyatlarini xalq ommasi bilib qolsa, ularning nafratiga uchrashlarini ham yaxshi bilishadi. Shuning uchun asl maqsadlarini yashirib, savobli ishlarni niqob qilib olishadi. Tajribalarning ko‘rsatishicha, hatto o‘zlari bilan ketayotgan kishilarga ham asl niyatni emas, niqob qilib olingan shiorni aytishadi. Ularga odam kerak. Agar asl niyatni bilsa, odamlar aynib qolishlari mumkin. Shuning uchun olib borayotgan odamlariga nisbatan ham aldamchilik qilishadi.

Kufalik fitnachilar ham to‘rt guruh bo‘lib, to‘rt amir bilan yo‘lga chiqishdi. Ularning adadlari ham misrliklarning adadicha bor edi. Kufaliklarning bosh amiri Amr ibn Asam ism­li odam edi.

Basralik fitnachilar ham to‘rt guruh bo‘lib, to‘rt amir bilan yo‘lga chiqishdi. Ularning adadlari ham misrliklarning adadicha bor edi. Basraliklarning bosh amiri Hurqus ibn Zuhayr Sa’diy ismli odam edi.

Ular hijriy 35 yil shavvol oyida uch tomondan Madinai munavvaraga yaqinlashib kelib, uch joyga – basralik fitnachilar Zuxushubga, kufaliklar A’vasga va misrliklar Zulmarvaga tushishdi. Ularning niyatlari turlicha edi. Misrliklar: «Aliy ibn Abu Tolibni xalifa qilamiz», deyishardi. Basralik fitnachilar Talhani va kufaliklar esa Zubayrni xalifa qilish niyatida edilar.

Ularning niyatlari turli kishilarni xalifa qilish bo‘lsa ham, hammalari baravariga hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuga qarshi edilar. Xo‘sh, bu fitnachi to‘dadagi odamlar kimlar edi? Ular o‘zlari da’vo qilayotganlaridek, dinu diyonat ravnaqi uchun kurashchilarmidi yoki bosh­qa odamlarmidi?

Ulamolar ularning kimligini ilmiy asosda juda sinchiklab o‘rganib chiqqanlar. Ana shunday ulamolardan eng mashhuri Abu Bakr ibn Arabiy rahmatullohi alayh «Al-avosim minal qavosim» nomli kitobida quyidagilarni yozadilar:

«Yavmud-dor kuni Islomga qarshi jinoyatda ishtirok etganlar bir necha darajadagi toifalardir:

1. Dinda g‘uluvga ketganlar, ya’ni haddidan oshganlar. Ular arzimagan narsalarni birovga katta ayb qilib qo‘yishdi. O‘zlari esa ularni inkor qilaman deb, halokatga olib boruvchi gunohlarni qilishdi.

2. Qurayshlik katta sahobiylarga qarshi yamanliklarga tarafkashlik qilib, mutaassiblik qilganlar. Bundaylarning Islomda erishgan hech bir muvaffaqiyati yo‘q edi. Shuning uchun Islomda peshqadam bo‘lib, qilgan xizmatlari va fathlari uchun mukofot olgan qurayshliklarga hasad qilishdi. O‘zlarining hech qanday xizmati, erishgan muvaffaqiyati bo‘lmasa ham, ular sazovor bo‘lgan martabalarga yetishishni xohlashdi.

3. O‘zlarining ba’zi qarindoshlariga shar’iy jazo qo‘llanganidan darg‘azab bo‘lganlar. Ana shu sababdan ularning qalblari hiqdu hasadga to‘lgan edi.

4. Saba’chilar aqllarining pastligidan foydalanib, fisqu fasod, fitna va buzuq e’tiqodlarga boshlagan ahmoqlar edi.

5. Hazrati Usmonning yaxshiligini, odamgarchiligini bilmay, hovliqqan kimsalar edi. Ular o‘zlarining haqlari bo‘lmagan rahbarlik lavozimlarga tama qilib, Usmon roziyallohu anhuning yaxshiliklariga nonko‘rlik qilishdi.

6. Islom odoblariga qarshi ishlar sodir etishgani uchun hazrati Usmon tomonidan ta’ziri berilganlar edi. Usmon roziyallohu anhu joriy etgan shar’iy ta’zir ularning g‘azabini qo‘zg‘atdi. Ular hazrati Umardan undan ko‘ra shiddatliroq ta’zir yeganlarida ham, jimgina bo‘yinlarini egib yurishgan edi.

7. O‘zlari munosib bo‘lmay turib, rahbarlik lavozimlariga erishishga shoshilganlar. Hikmatlari bo‘lmasa ham, zehnlarining o‘tkirligi va fasohatlari ularni g‘ururga ketkazgan edi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, hazrati Usmon roziyallohu anhuning qalbi mehrga to‘la ekani, nihoyatda rahmdilligi ko‘pchilikni tamagir qilib qo‘ygan edi. U kishining mehribonligidan o‘zlarining havoi nafslarini qondirishga vosita sifatida foydalanishdi».

Ular hazrati Usmon roziyallohu anhuning hovlisini qamal qilishdi.

«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi

Boshqa maqolalar

Ahli sunnaning mo‘tabar imomlari

20.06.2025   1377   1 min.

 

Hasan domla Qodirov"Siroj Solih" jome masjidi imom-xatibi

Ulashing: ‪@ahlisunnavaljamoauz‬