43 - وَمَا إِيْمَانُ شَخْصٍ حَالَ يَأْسٍ بِمَقْبُولٍ لِفَقْدِ الإِمْتِثَالِ
Ma’nolar tarjimasi: (Hayotdan) umid uzilgan holatda bo‘ysunish yo‘qolgani uchun biror shaxsning iymoni maqbul bo‘lmaydi.
Nazmiy bayoni:
O‘limgacha iymon qilinsa ta’xir
Qabulmas, bo‘ysunish qolmagan, axir.
Lug‘atlar izohi:
– مَا nafiy harfi. لَيْسَ ning amalini qiladi.
اِيْمَان – nafiy harfining ismi.
شَخْصٍ – muzofun ilayh.
حَالَ – zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi.
يَأْسٍ – muzofun ilayh. Ko‘plab nusxalarda بَأْسٍ kelgan. Ammo tahqiqlarga ko‘ra يَأْسٍ mo‘tabar hisoblanadi. يَأْسٍ lug‘atda رَجَاءٌ ning ziddi ya’ni “umidni uzish” ma’nosini anglatadi.
بِ – ta’kidlash uchun kelgan qo‘shimcha jor harfi.
مَقْبُولٍ – jor majrur مَا ning xabari ekaniga ko‘ra nasb o‘rnida turibdi.
لِ – “ta’liyliya” (izohlash) ma’nosida kelgan jor harfi.
فَقْدِ – jor majrur مَقْبُولٍ ga mutaalliq. Bu masdar o‘zida bor narsadan ajralib afsuslanishga nisbatan ishlatiladi.
الاِمْتِثَالِ – muzofun ilayh. Lug‘atda “bo‘ysunish” ma’nosini anglatadi.
Matn sharhi:
Biror kimsa oldin iymonga kelmay yurgan bo‘lsa, uning ajali yetib, o‘limga ro‘baro‘ bo‘lgan paytida keltirgan iymoni qabul qilinmaydi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:
﴿فَلَمۡ يَكُ يَنفَعُهُمۡ إِيمَٰنُهُمۡ لَمَّا رَأَوۡاْ بَأۡسَنَاۖ سُنَّتَ ٱللَّهِ ٱلَّتِي قَدۡ خَلَتۡ فِي عِبَادِهِۦۖ وَخَسِرَ هُنَالِكَ ٱلۡكَٰفِرُونَ٨٥﴾
“(Lekin) Bizning azobimizni ko‘rgan vaqtdagi iymonlari ularga foyda beruvchi bo‘lmadi. (Bu) Allohning (barcha) bandalari haqida (joriy qilgan) yo‘lidir. O‘shanda (iymonlari qabul bo‘lmagach) kofirlar ziyon ko‘rdilar”[1].
Hadisi sharifda jon xalqumga taqalgan vaqtda tavba ham qabul bo‘lmasligi bayon etilgan:
عَنِ ابْنِ عُمَرَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ اللهَ لَيَقْبَلُ تَوْبَةَ الْعَبْدِ مَا لَمْ يُغَرْغِرْ. رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bandaning tavbasini, albatta, qabul qiladi, modomiki joni halqumiga kelmagan bo‘lsa”, – dedilar”. Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Tavba lug‘atda “qaytish” ma’nosini anglatadi. Ahli sunna val-jamoa ulamolari haqiqiy tavba bo‘lishi uchun unda uchta shart topilishi lozimligini aytganlar:
1. Qilgan gunoh ishi uchun nadomat chekish;
2. Mazkur gunoh ishni tashlash;
3. Bunday gunohni aslo takrorlamaslikka azmu qaror qilish.
Jon halqumga taqalgan paytda esa mazkur shartlar topilmaydi. Chunki tavba qiluvchining yana o‘sha gunohlarni qilishi mumkinligiga ko‘zi yetib turgan paytda tavba qilib, boshqa ularni sodir etmaslikka ahd qilsagina, haqiqiy azmu qaror bo‘ladi, aks holda majburiy holat bo‘lib qoladi. Shuning uchun jon halqumga taqalmasdan oldin tavbaga shoshilish lozim.
Keyingi mavzu:
Amal va iymon bayoni
Shu yilning 7–11 noyabr kunlari O‘zbekistonning delegatsiyasi Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Haj xizmatlari xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasida qatnashadi. Shuningdek, muborak safarni yuqori darajada o‘tkazish bilan bog‘liq vazifalar yuzasidan ikki tomonlama muzokaralar olib boriladi.
Mazkur delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zakirov, “Haj” va “Umra” bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda bir qator soha mutaxassislari o‘rin olgan.
Ushbu anjumanning asosiy o‘ziga xosligi — ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqishdir. Xususan, tadbirda haj safarini tashkil etishda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt imkoniyatlari va ilg‘or innovatsion loyihalar taqdimoti o‘tkazilishi kutilmoqda.
Safar davomida «Haj–2027» mavsumini yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida delegatsiyamiz tomonidan bir qator muhim vazifalar amalga oshiriladi:
Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi rahbariyati bilan bo‘lajak mavsumga puxta hozirlik ko‘rish yuzasidan muzokaralar olib borish;
Bo‘lg‘usi hojilarimiz uchun mo‘ljallangan mehmonxonalar va transport xizmatlarining sifatini bevosita ko‘zdan kechirish;
Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida ziyoratchilarga yaratiladigan shart-sharoitlar va xizmat ko‘rsatish holatini o‘rganish;
Haj jarayonlariga mas’ul bo‘lgan boshqa hamkor idoralar bilan o‘zaro aloqalarni muhokama qilish va mustahkamlash;
Haj safarini tashkil etishdagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv-seminarlarida ishtirok etish.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati