Bismillahir Rohmanir Rohiym
Makkai Mukarramada joylashgan, dunyodagi eng mo‘tabar musulmon tashkiloti bo‘lmish Robitai Olami Islomiy huzuridagi Islom fiqhi Akademiyasi qarorini e’tiboringizga havola qilishdan oldin Robitaning ta’sis majlisiga ham, Fiqh Akademiyasiga ham Saudiyaning bosh muftisi, Shayx Abdulaziz Ibn Boz raislik va u kishining bir necha safdoshlari a’zolik qilishlarini ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Chunki mazhabni inkor qiluvchilarning ko‘plari o‘sha kishilarga ergashishlarini da’vo qiladilar. Biz quyida keltirilgan hujjatlar bilan tanishilgach bu da’vo qanchalik to‘g‘ri ekanligi ayon bo‘lar, degan umiddamiz.
To‘qqizinchi qaror
Islom fiqhi akademiyasining 1408 hijriy sanada bo‘lib o‘tgan o‘ninchi yillik majlisda qabul qilingan mazhablar o‘rtasidagi fiqhiy xiloflar va mazhabga mutaassiblik qilish haqida Allohning yolg‘iz O‘ziga hamdlar bo‘lsin. Ortlaridan nabiy yo‘q, sayyidimiz va nabiyyimiz Muhammad alayhissalomga salovotu durudlar bo‘lsin. Ammo ba’d:
Robitai Olami Islomiy qoshidagi Islom Fiqhi Akademiyasi kengashi o‘zining Makkai Mukarramada, 1408 h.s. 24 safar. (1987 m.s. 17 oktyabr) shanba kunidan 1408 h.s. 28 safar (1987 m.s. 21 oktyabr) chorshanba kunigacha bo‘lib o‘tgan o‘ninchi yillik majlisida ergashiladigan mazhablar orasidagi fiqhiy xiloflar va ba’zi bir mazhab atbo’lari tomonidan sodir bo‘ladigan, mo‘tadillik chegarasidan chiqadigan va hatto boshqa mazhablarga hamda ularning ulamolariga ta’na toshi otishgacha yetib boradigan ko‘ngilsiz taassuf masalasini ko‘rib chiqdi. Majlis o‘sib kelayotgan hamasr avlodning aqlida va tasavvurida mazhablar orasidagi ixtiloflar haqida oriz bo‘ladigan muammolarni tekshirib chiqdi. Ko‘pincha, o‘sha(yosh)lar bu muammolarning ma’nosini ham, asosini ham bilmaydilar. Natijada, ba’zi adashtiruvchilar, modomiki, Islom shariati bitta bo‘lsa, uning asli Qur’oni Karim va Sunnati Nabaviyada sobit bo‘lgan bo‘lsa, nima uchun mazhablar ixtilof qiladilar, nima uchun ular birlashtirilib, musulmonlar bitta mazhabda bo‘lmaydilar va bir xil shar’iy mazhabga ergashmaydilar, deb ko‘pchilikni yo‘ldan ozdirishga harakat qiladilar. Shuningdek, majlis mazhabiy mutaassibchilik va undan kelib chiqadigan muammolarni, xususan, bugungi kunda paydo bo‘lgan, yangi ijdihodiy yo‘l tutishga da’vat qilayotgan, Islom ummati qadimgi islomiy asrlardan beri qabul qilib kelayotgan mavjud mazhablarga va ularning ulamolariga til tekkizayotgan, kishilar orasiga fitna solayotgan xatokor yangi yo‘nalishlar haqidagi masalani ham ko‘rib chiqdi.
Majlis mazkur masalani, uning sabablarini va undan kelib chiqadigan zalolatu fitnalarni atroflicha o‘rganib chiqib, ikki tomonga-adashtiruvchi va mutaassiblarga quyidagi bayonotni eslatma tarzida yo‘llashga qaror qildi:
Birinchidan: mazhablar ixtilofi haqida:
Musulmon yurtlaridagi fikriy mazhablar orasidagi mavjud ixtiloflar ikki xildir:
1. Aqidaviy mazhablar orasidagi ixtilof.
2. Fiqhiy mazhablar orasidagi ixtilof.
Birinchi xildagisi, e’tiqodga oid ixtilofdir. Bu ish voqe’likda Islom yurtlariga balo-ofatlar olib kelgan, musulmonlarning safini buzgan va tafriqaga solgan katta musibatdir. Bu juda ham afsuslanarli va bo‘lmasligi vojib ishdir. Islom ummati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlaridagi va roshid xalifalar davridagi salomat va pok islom fikrini tamsil qiluvchi «Ahli sunnat val jamoat» mazhabida jam bo‘lmog‘i lozimdir. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning O‘zlari: «Sizlarga Mening sunnatimni va roshid xalifalarning sunnatini tutmoqlik lozimdir. Bas uni mahkam tutinglar», deb e’lon qilganlar.
Ikkinchisi, fiqhiy mazhablarning ba’zi masalalarga oid ixtilofidir. Buni taqozo qilgan ilmiy sabablari bor. Bu ishda Alloh Taoloning katta hikmati, jumladan, bandalariga rahmat va shar’iy dalillardan hukm chiqarishga keng yo‘l ochish bordir. So‘ngra bu narsa bir ne’mat va fiqhiy-qonuniy boylik bo‘lib, Islom ummatiga diniy va shar’iy ishlarda kenglik yaratib beradi. Shunda birgina, boshqasiga o‘tib bo‘lmaydigan shar’iy tatbiq ila chegaralanib qolinmaydi. Balki, ummatga ba’zi vaqtlarda va ishlarda faqih imomlardan birlarining mazhabi torlik qilib qolsa, boshqa mazhabda kenglik, yumshoqlik va osonlik topiladi. Mazkur narsa ibodatga, muomalotga yoki oila, mahkama va jinoiy ishlarga hamda hayotning boshqa sohalariga oid bo‘lishi mumkin.
Mazhablarning ushbu ikkinchi xildagi ixtilofi-fiqhiy ixtilofdir. Bu dinimizning kamchiligi ham, dinimizdagi qarama-qarshilik ham emas. Bundoq ixtilofning bo‘lmasligi mumkin ham emas. O‘zining komil fiqhi, ijtihodi va qonuniy nizomiga ega bo‘lgan har bir ummatning fiqhiy ijtihodiy ixtilofi bo‘lmay iloji yo‘q.
Voqe’likdan kelib chiqib aytiladigan bo‘lsa, ushbu xildagi ixtilof bo‘lmasligi mumkin emas. Chunki asliy dalillar ko‘pincha bir necha ma’noni o‘z ichiga olgan bo‘ladi. Shuningdek, dalil hamma muhtamal hodisalarni qamrab ololmaydi. Chunki ba’zi ulamolarimiz rahmatullohi alayhimlar aytganlaridek, dalillar chegaralangandir, hodisalar esa chegaralanmagandir. Bas, shundoq ekan, qiyosga murojaat qilish va hukmlarning illatiga, shariat sohibining g‘araziga, shariatning umumiy maqsadlariga nazar solish hamda hodisalaru yangi paydo bo‘lgan masalalarda uning hukmini joriy qilish lozim bo‘ladi. Bundoq holatda ulamolarning fahmlari va bir necha ehtimoldan birini ustun qo‘yishlari hamda shunga binoan bir masala bo‘yicha chiqaradigan hukmlar har xil bo‘lishi tabiiydir. Ulardan har birlari haqni qasd qiladi va uni izlaydi. Bas, ulardan kim to‘g‘ri topsa ikki ajr, kim xato qilsa, bir ajr oladi. Xuddi shu joydan kengchilik chiqib, torchilik yo‘qoladi.
Ushbu mazhabiy ixtilofning nimasi kamchilik bo‘lishi mumkin?! Avval ochiqlab o‘tganimizdek bunda faqat yaxshilik va rahmatdan boshqa narsa yo‘q. Voqe’likda bu narsa Allohning mo‘min bandalariga ne’mat va rahmatidir. Shu bilan bir vaqtda bu narsa qonunshunoslik bo‘yicha ulkan boylik va Islom ummati faxrlansa arziydigan ustunlikdir. Lekin ba’zi musulmon yoshlarning, xususan, ulardan chet ellarda dars olayotganlarining islomiy madaniyati zaifligidan foydalangan ajnabiy zalolatga boshlovchilar, ularga fiqhiy mazhablar ixtilofini zulm va bo‘hton ila e’tiqodiy ixtiloflarga teng qilib ko‘rsatmoqdalar. Ular mazkur ikki xil ixtilofni farqlamay, shariatda qarama-qar-shilik bor demoqdalar. Aslida esa undoq emas.
Ikkinchidan: mazhablarni tark qilishga da’vat qilayotgan, odamlarni yangi ijtihodiy yo‘lga majburlamoqchi bo‘layotgan va mavjud fiqhiy mazhablarga va ularning imomlariga ta’na toshini otayotgan toifalarga kelsak, bizning fiqhiy mazhablar va ularning imomlari fazilatlari haqidagi hozirgi bayonotimizda ular uchun o‘zlarining tutgan bu jirkanch uslublaridan tiyilishni, odamlarni adashtirib, oralarini buzishni va ularni tafriqaga solishni vojib qiluvchi narsa bor. Hozirgi paytda biz behuda, odamlarni tafriqaga soluvchi da’vatga emas, Islom dushmanlarining xatarli urinishlari qarshisida birlashishga muhtojmiz.
Alloh sayyidimiz Muhammadga va U zotning Olilariyu as'hoblariga ko‘plab salovotu salomlar yo‘llasin. Olamlarning Robbisi Allohga hamdlar bo‘lsin.
(Hujjat «Islom Fiqhi Akademiyasi majallasi»ning sakkizinchi sana, o‘ninchi sonidan so‘zma-so‘z tarjima qilindi.)
Albatta, jahondagi eng mo‘tabar islomiy tashkilotlardan biri bo‘lmish Robitai Olami Islomiyning Islom Fiqhi Akademiyasi kengashining ushbu bayonotidan keyin o‘zini bilgan har bir musulmonda fiqhiy mazhabni haq ekanligida va ularni ehtirom qilish zarurligida hech shubha qolmasligi lozim. Shu ila gapga xotima yasasak bo‘lardi. Lekin... Lekin hozirda mazhabni inkor etib, mujtahid ulamolarimizga ta’na toshi otib turgan birodarlarimiz, «bu hujjatga qariyb o‘n yil bo‘libdi. Uning ustiga shayx Ibn Boz va u kishining hamfikrlariga qo‘shilib, hujjatga ba’zi «mazhabparast» mutaassiblar ham imzo qo‘ygan. Bu esa hujjatning kuchini yo‘qotadi», deb qolishlari e’tiboridan xotimani ortga surib turamiz.
Endi e’tiboringizga shayx Ibn Boz va u kishining hamfikrlarining fiqhiy mazhablar haqidagi 1997 melodiy sana oxirlarida chiqargan ba’zi fatvolarini taqdim qilamiz:
3897 raqamli fatvodan
Oltinchi savol:
To‘rt imomlar orasidagi xilofning hukmi qandoq?
Yolg‘iz Allohga hamd bo‘lsin. Uning Rasuliga va U kishining Oliyu as'hoblariga salovotu salomlar bo‘lsin. Va ba’du:
Javob:
To‘rt imomlar orasidagi xilof ularning ilm va fahmdagi ixtiloflariga bog‘liqdir. Ulardan to‘g‘ri topganlariga ikki ajr, xato qilganlariga bir ajr bordir. Al-Avzo’iy, Sufyon as-Savriy, Is'hoq Ibn Rohavayh va boshqa musulmon ulamolar ham shunga o‘xshashlar.
Tavfiq Allohdandir. Nabiyyimiz Muhammadga va U zotning Oliyu as'hoblariga Allohning salovotu salomlari bo‘lsin.
Ilmiy bahslar va fatvo bo‘yicha doimiy qo‘mita.
Abdulaziz Ibn Abdulloh Ibn Boz – Rais.
Abdurrazzoq Afifiy – Rais noibi.
Abdulloh Ibn G‘idayyan – A’zo.
Abdulloh Ibn Qa’ud – A’zo.
4272 raqamli fatvodan
To‘rtinchi savol:
Har bir mazhab imomining o‘zidan boshqasiga xilof qilganini ko‘ramiz. Ko‘pincha ular orasidagi jan-jal ba’zi namozxonlarning tarki namoz qilishiga olib boradi. Ushbu mavzu’da shofiy va kofiy javob umididamiz. Bir mazhabga ergashaylikmi? Ish to‘g‘ri bo‘lishi uchun qandoq qilib mazhablarni muvofiqlashtiramiz?
Yolg‘iz Allohga hamd bo‘lsin. Uning Rasuliga va U kishining Oliyu as'hoblariga salovotu salomlar bo‘lsin. Va ba’du:
Javob:
To‘rt mazhab imomlari orasidagi fiqh far’idagi mavjud xilof hadisning ba’zi imomlar nazdida sahih bo‘lib, boshqasi nazdida sahih bo‘lmagani yoki hadis birlariga yetib, boshqalariga yetmagani kabi xilofga sabab bo‘luvchi omillarga borib taqaladi.
Musulmon kishiga ular haqida yaxshi gumonda bo‘lish vojibdir. Ulardan har birlari mujtahiddir. O‘zlaridan sodir bo‘lgan fiqhiy urinishlarda haqni talab qilgandirlar. Ulardan kim to‘g‘ri topgan bo‘lsa ikki ajr: ijtihodi ajrini va to‘g‘ri topgani ajrini oladi. Kim xato qilgan bo‘lsa, bir ajr, ya’ni ijtihodi ajrini oladi.
Mazkur to‘rt imomlarga taqlid qilishga kelsak. Kimning haqni dalildan olishga imkoni bo‘lsa, unga dalildan olish vojib bo‘ladi. Kimning imkoni bo‘lmasa o‘z nazdidagi eng ishonchli ahli ilmga taqlid qiladi. Far’lardagi bundoq xiloflar ixtilof qiluvchilarni bir-birlarining ortlaridan namoz o‘qishni man qilmasligi kerak. Aksincha, ba’zilari ba’zilarining ortidan namoz o‘qimoqlari vojibdir. Sahobalar, roziyallohu anhum, far’iy masalalarda ixtilof qilsalar ham bir-birlarining ortlarida namoz o‘qir edilar. Tobe’inlar va ularga yaxshilik ila ergashganlar ham shundoq qilganlar.
Tavfiq Allohdandir. Nabiyyimiz Muhammadga va U zotning Oliyu as'hoblariga Allohning salovotu salomlari bo‘lsin.
Ilmiy bahslar va fatvo bo‘yicha doimiy qo‘mita:
Abdulaziz Ibn Abdulloh Ibn Boz – Rais.
Abdurrazzoq Afifiy – Rais noibi.
Abdulloh Ibn G‘idayyan – A’zo.
Abdulloh Ibn Qa’ud – A’zo.
(Fatvolar «Majallatu al-Buhus al-Islomiya»ning 51 sonidan so‘zma-so‘z tarjima qilindi.)
Shu yerda ikki og‘iz izoh berishga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi fatvodagi, «Kimning haqni dalildan olishga imkoni bo‘lsa», degan ibora kim ijtihod qilish darajasiga yetgan bo‘lsa, deganidir. Hamma ulamolarning ittifoq qilishlaricha, hozirda ijtihod darajasiga yetgan shaxs yo‘q. Endi hamma narsa ravshan bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. Ushbu hujjatlar bilan tanishib chiqilganidan so‘ng o‘z-o‘zidan bir necha haqli savol paydo bo‘ladi. Xo‘sh, hozirda mazhabni inkor qilayotganlar kimga ergashyaptilar o‘zi? Nima asosda faoliyat olib bormoqdalar o‘zi? Mazhab boshi imomlarga nisbatan beodoblik qilishga nima haqlari bor? Agar ular o‘zlari da’vo qilayotganlaridek, shayx Ibn Boz va u kishiga hamfikr shaxslarga taqlid qilayotgan bo‘lsalar, nima uchun ularning yuqorida zikri o‘tgan fatvolariga amal qilishmaydi?
Aslida fiqhiy mazhablar haqida ixtiloflarga atalgan asarda bunchalik ko‘p gapirish niyat yo‘q edi. Fiqh ilmi va fuqaholar haqida «Islom musaffoligi yo‘lida» nomli kitobchamizda va boshqa maqola va ma’ruzalarimizda, xususan, «Hadis va Hayot» nomli kitobimizda qisman aytib o‘tganmiz. Alloh nasib etsa, kelajakda bu muhim mavzuda batafsil so‘z yuritish imkoni ham bo‘lib qolar degan umiddamiz. Ammo hozirgi ixtiloflarga sabab bo‘layotgan bosh omillardan biri aynan shu masala bo‘lgani uchun bir oz bo‘lsa ham to‘xtalib o‘tishni ma’qul topdik.
Keyingi mavzular:
Tarixdan saboq olaylik;
Kishilarning fiqhdan uzoqlashish sabablari;
Nima qilmoq kerak?
Bugun, 16 may kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov Tayloq tumanidagi “O‘rta” masjidga bordi. Domla juma namozidan oldin “Kamtarga kamol, manmanga zavol” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza qildi.
Ma’ruzada insonning ichki kamolotga erishishida kamtarlikning naqadar muhim ekani, manmanlik va kibr kabi xulqlarning inson va jamiyat uchun keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Islom axloq-odobining oliy qoidalari, nafsni tarbiyalash, jamiyatda o‘zaro hurmat va insofni qaror toptirish kabi mavzular keng yoritildi.
Juma namozini o‘qish asnosida yurt tinchligi, el-yurt farovonligini so‘rab duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati