Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi.
Hozirgi muborak kunlarda aziz yurtdoshlarimiz Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turishibdi. Davlatimiz rahbari ular uchun yaratilgan sharoitlar, nuroniylarning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi.
Muftiy hazratlari Haj amallarini sidqidildan, mukammal ado etish uchun barcha tashkiliy choralar ko‘rilganini ta’kidladi.
Ayni paytda 15 ming nafar hojilarimizning barchasi Saudiya Arabistoniga yetib borgan. Ularga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpazlar va boshqa mutaxassislar hamrohlik qilmoqda.
Bu yil, O‘zbekiston tomonining talabiga muvofiq, Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘ralgan, sovutish tizimi o‘rnatilgan, gilam va to‘shaklar solingan. Bu hozirgi yoz kunlarida ziyoratchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu yilgi haj mavsumiga yanada yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilib, barcha zarur sharoitlar hozirlandi. Bundan qalbida shukronalik hissi jo‘shgan yurtdoshlarimiz muqaddas joylarda turib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duolar qilmoqda.
Muftiy Nuriddin Xoliqnazar Prezidentimizga ulug‘ ibodat fayzi bilan yurgan hojilarimizning salomi va duolarini yetkazdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi.
Suhbat samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Muhtaram hojilar O‘zbekistonga qaytgach, mahallalarda ijtimoiy muhitini mustahkamlash, ehtiyojmand insonlarga ko‘mak berish, yoshlarni ilm-ma’rifatga targ‘ib etishda namuna ko‘rsatishlariga umid bildirildi.
President.uz
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati