حدثنا العباس بن محمد الدوري نا يعلى نا موسى عن مصعب بن سعد عن أبيه سعد بن مالك قال: كنا جلوسا عند رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال: ”أيعجز أحدكم أن يكسب في اليوم ألف حسنة“. قال: فسأله سائل من جلسائه: كيف يكسب أحدنا يا رسول الله كل يوم ألف حسنة قال: ”يسبح مائة تسبيحة يكتب له ألف حسنة أو يحط عنه ألف خطيئة.“
Mus’ab ibn Sa’d otasi Sa’d ibn Molikdan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning huzurlarida o‘tirgan edik.
Shunda u zot: “Sizlardan biringiz bir kunda mingta yaxshilik qilishga ojizmi?” dedilar.
U zot bilan birga o‘tirganlardan biri: “Yo Allohning Rasuli, qanday qilib har birimiz bir kunda mingtadan yaxshilik qila olishimiz mumkin?” deb so‘radi.
“Yuzta tasbeh (“Subhanalloh” deb) aytsa, unga mingta savob yoziladi yoki undan mingta xato o‘chiriladi”, dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
8 noyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi o‘rtasida “Haj – 2027” mavsumini namunali tashkil etish yuzasidan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Haj va umra vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zakirov, elchi Nodirjon Turg‘unov, attashe Shuhrat Amoniy kelgusi haj mavsumini yuqori darajada o‘tkazish masalalarini atroflicha muhokama qilishdi.
Uchrashuv avvalida muhtaram Prezidentimiz hamda Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Valiahd Muhammad bin Salmon Ol Saud o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar salmoqli natija berayotgani, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika, turizm, qishloq xo‘jaligi va ziyoratchilarga eng yuqori darajadagi xizmatlar ko‘rsatilayotgani alohida e’tirof etildi.
Haj va umra vaziri o‘z navbatida O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarni, xususan, diniy-ma’rifiy sohadagi ijobiy o‘zgarishlar, butun dunyo e’tirofiga sazovor bo‘layotgan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasida olib borilgan bunyodkorlik ishlari, shuningdek, ziyoratchilarga yaratilayotgan qulay sharoitlarni yuksak baholadi. Doktor Tavfiq ar-Robia yurtimizga amalga oshirgan avvalgi ikki tashrifi davomida guvohi bo‘lgan jadal taraqqiyotni e’tirof etib, O‘zbekistonga yana tashrif buyurish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Muloqot davomida “Haj-2027” mavsumini yuqori saviyada tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar yuqori sifat nuqtayi nazaridan muhokama qilindi. Jumladan, hojilarga eng munosib sharoitlarni hozirlash, haj arkonlari ado etiladigan makonlarda sharoitlarni yaxshilash, transport, tibbiy va oshxona xizmatlari sifatini takomillashtirish kabilarga urg‘u qaratildi.
Muloqot yakunida tomonlar qator masalalar bo‘yicha kelishuvga erishish barobarida o‘zaro esdalik sovg‘alari almashdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati