frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Tarbiyadagi beparvolik — kelajakka xiyonat emasmi?

19.05.2026   13252   2 min.
Tarbiyadagi beparvolik — kelajakka xiyonat emasmi?

Bugungi kunda globallashuv, mafkuraviy xurujlar va tashqi tahdidlar haqida ko‘p va mo‘l targ‘ibot olib borilmoqda. Lekin kattaroq dushman uyimizda — befarqlik va ma’naviy qashshoqlik qiyofasida in qurib olayotganini sezmay qolayotanimizni tan olishimiz lozim bo‘ladi.
Bugun bir yosh yigitning yot g‘oyalar girdobiga tushishi yoki jinoyat ko‘chasiga kirib qolishi — shunchaki adashish emas, bu unga ota-onasi tomonidan berilgan "ma’naviy tarsaki"dir.

Bolaning qalbi oppoq varoq unga siz va ustozlari turli chizgilar chizasiz, bu varoqni siz ezgulik bilan to‘ldirmadingizmi, demak, uni albatta yovuzlik egallaydi. Bunda tabiat ham, hayot ham bo‘shliqni suymaydi!

Afsuski, ba’zilarimiz xonadonimizda o‘zimiz farzandlarimiz uchun kitob javonini to‘ldirishdan ko‘ra, mehmonxonamizdagi xrustallar soni va sifatini orttirishni yoqtiramiz.
​Nima uchun farzandimizning ma’rifatiga emas, balki qo‘shnining oldidagi "obro‘yimiz" uchun yillab pul yig‘amiz?

Nima uchun isrofgarchilikka to‘la dabdabali to‘ylarni "orzu-havas" deb ataymiz-u, farzand ta’limi uchun sarflangan mablag‘ni "xarajat" deb bilamiz?

​Shuni unutmaylikki, to‘ydagi dasturxonning hashami bir kunda unutiladi, ammo bolaning ongidagi ilmsizlik zahri bir umrga muhrlanadi.

"Kaltakning ikki uchi bor" deyishadi. Bugun farzandiga vaqt ajratmagan ota-ona, ertaga uning qilmishlari uchun nafaqat mol-dunyosi, balki butun boshli g‘ururi va sog‘lig‘i bilan tovon to‘laydi. Choyxonadagi gurunglar va to‘yxonadagi maqtanishlar bilan cheklangan dunyoqarash bizni faqat orqaga, jaholat botqog‘iga tortadi.

Ha, ​farzandning tarbiyasiga tikilmagan sarmoya — ertaga uning xatolarini yopish uchun sovuriladigan ming chandon ko‘p mablag‘ demakdir.

"Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!" Bu xitob bugun har bir ota-onaning qulog‘i ostida bong urishi shart! Zero, biz bugun farzandimizga kitob bermasak, ertaga ular o‘zimizdami o‘zga davlatdami eng kam haq olinadigan ishlarda ishlashga majbur bo‘lishadi. Farzand tarbiyasiga beparvolik — nafaqat oilaga, balki millat va kelajakka qilingan eng og‘ir xiyonatdir!

Adhamjon Abdurahmonov,
Pop tuman “Kichik Xo‘jaobod” jome masjidi imom noibi tayyorladi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Farg‘onada yana bir og‘ir bemorning holidan xabar olindi

13.09.2026   1994   1 min.
Farg‘onada yana bir og‘ir bemorning holidan xabar olindi

 «Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.

Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.

Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari