#maqola (Birinchi qism)
O'zicha amal qilmaslik yoki mazhabga to'liq amal qilishning vojibligi.
Muhammad Amin ibn Umar ibn Obidin Dimashqiy (1783–1836) rahimahullohning “Uqudu rasmil muftiy” asari fatvo chiqarish qonun-qoidalarini o'qib-o'rganishda hanafiylarning asosiy kitobi hisoblanadi. Unda imom Ibn Obidin umumiy qoida va tamoyillarni bayon qiladi. Bu kitobning hanafiylar orasida obro'si baland ekaniga hech qanday shak-shubha yo'q. Qolaversa, men undagi qonun-qoidalarni ochiqchasiga rad qilgan biror taniqli ulamoni bilmayman. Maqolaning davomini tushunishga yordam berishi uchun mazkur kitobdan bir necha tezislarni qisqacha qilib keltirib o'taman.
1. O'zi istagan qarash yoki fikrga ergashishi mumkin emas.
Ibn Obidin rahimahulloh aytadi: “Amal qilish yoki birovga fatvo (javob) berish uchun faqatgina mazhab olimlari quvvatli, deb hisoblagan qavlga ergashish vojibdir. Na o'zi amal qilishi va na birovga fatvo berishi uchun istisno holatlardan boshqasida kuchsiz qavlga ergashish mumkin emas”.
Shuningdek, “Shifa al-ilal” nomli risolada Ibn Obidin rahimahulloh Qosim Qutlubug'oning quyidagi so'zlarini keltiradi: “Kuchsiz qavlga tayanib hukm chiqarish yoki fatvo berish – johillik va ijmoga zid”.
2. Mazhabdagi kuchli qavlni faqatgina tarjih ahli belgilab berishi mumkin.
Birinchi holatimizdan kelib chiqib, ya'ni o'zimiz istagan qavlga ergasha olmas ekanmiz, u holda mazhabda amal qilinadigan qavlni kim ajratib beradi, degan savol paydo bo'ladi. Albatta, bu vazifa faqatgina ijtihodning ma'lum darajasiga etgan olimlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin, xolos.
Ibn Obidin rahimahulloh aytadi: “Bilginki, munosib kishilar tomonidan kuchli deb hisoblangan narsaga ergashish vojibdir”.
Muallif o'sha munosib kishilar kim ekanini shunday izohlaydi: “Ya'ni tarjih ahli. Bu narsa har qanday olimning ham tarjihi yaroqli bo'lavermasligiga ishora qiladi”.
⚠️ (davomi bor)
© Azizbek HOLNAZAROV
Iroqning “Azzaman” gazetasida “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi: Davlat barpo etishdan Uchinchi Renessans sari” nomli maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib bormoqda.
1991 yilda qo‘lga kiritilgan mustaqillik O‘zbekiston xalqi hayotida tarixiy burilish yasab, milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiy taraqqiyot poydevorini yaratish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash jarayonini boshlab berdi.
2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda “Yangi O‘zbekiston” tamoyili asosida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda izchil va muvozanatli rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda.
Muallif O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratgan.
Maqolada aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini oshirish, yoshlar hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida ham alohida fikr yuritilgan.
Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida baholangan. Unda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan yurt bugungi kunda ilm-fan, innovatsiya, texnologiya va inson kapitalini rivojlantirish orqali yangi uyg‘onish davrini yaratishga intilayotgani qayd etilgan.
Iroq matbuoti O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rniga ham to‘xtalib, mamlakatda boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Jumladan, Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Movarounnahr allomalarining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini namoyish etuvchi muhim ilmiy-madaniy maskan sifatida qayd etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati