Bag'rikenglik va toqatlilik, tenglik va adolatni ta'minlash dunyo davlatlari va xalqaro tashkilotlar faoliyatining bugungi kundagi asosiy masalalari qatoridan joy oldi. Bu esa, insoniyat tomonidan tinchlik va xotirjamlik birlamchi hayotiy ehtiyoj, taraqqiyotni ta'minlashning zaruriy sharti ekani anglab etilayotganidan dalolat.
Ayni paytda, tinchlikni ta'minlash yo'lida hal etilishi zarur bo'lgan ko'plab muammolar mavjudligini, barqaror hayotni izdan chiqarishga qaratilgan yangi shakl va mazmundagi tahdidlar paydo bo'layotganini ham qayd etish zarur. Ta'kidlash joizki, davlatlar va xalqlar o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning umume'tirof etilgan umuminsoniy qoidalar asosida tashkil etilishi tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashning eng to'g'ri va samarali yo'lidir.
Ammo turli ziddiyatlarni keltirib chiqarish va shu yo'l bilan o'z maqsadiga erishishni ko'zlaydigan kuchlar borligini ham yoddan chiqarmaslik lozim. Bu esa, har bir aqli raso kishidan doimo ogohlik va hushyorlikni, sodir bo'layotgan hodisalarga ziyrak ko'z va teran nigoh bilan qarashni talab etadi.
Islom dini kishilarni tinchlikni asrash va barqarorlikni ta'minlash yo'lida imon, insof, adolat, hamjihatlik va birdamlik bilan harakat qilishga, fitna va o'zaro adovatga barham berishga chaqiradi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, tinchlikparvarlik islom dinining mohiyatini tashkil etadi.
Darhaqiqat, islomda tinchlik bebaho ne'mat, deb sanaladi. Shuning uchun ham, Qur'oni karim oyatlari tinchlik uchun kurashga da'vat qiladi. Hususan, “Baqara” surasi 208-oyatida: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!..”, deyiladi. Oyatdagi “yoppasiga” so'zi tafsir kitoblarida keltirilishicha, bir tomondan, barcha insonlarning birlashgan holda tinchlik yo'lini tutishi lozimligi, ikkinchi tomondan esa, uning barqarorligini ta'minlash uchun qanday yo'l bilan bo'lsa ham hissa qo'shish zarurligini bildiradi.
Shu bilan birga, Alloh taoloning “U (er)ga sog'-salomat, tinch-omon kiringiz!” (Hijr, 46), degan oyatida jannat ahlining abadiy hayoti tinchlik, osudalik va salomatlikda kechishi ta'kidlangan. Demak, bu oyat bizga tinchlik va omonlik nafaqat bu dunyoda qadrli, balki jannatda ham juda ulug' ne'mat ekanini hamda er yuzi insoniyatning farovon, o'zaro totuv va hamjihat yashashi uchun yaratilganini bildiradi.
Islom dinida tinchlikni ulug'lash komil mo'minlikning muhim belgilaridan biri. Tinchlikni qadrlash, osoyishta hayot uchun shukronalik uni saqlab qolish va mustahkamlashning zaruriy sharti hisoblanadi. Islom ta'limotida masalaning bu jihatiga ham alohida e'tibor berilgan. Hususan, Qur'oni karimda “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in'om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o'girib, o'z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag'allik kabi) biror yomonlik etsa, noumid bo'lur” (Isro, 83), deb qayd etilgani fikrimiz isboti bo'la oladi.
Aslida bu oyat noshukrlik hamda uning oqibati — umidsizlik haqida bo'lsa-da, mazmunidan ulug' ne'mat bo'lgan el-yurt tinchligi, xalq xotirjamligini qadrlash, asrab-avaylash, unga putur etkazishdan saqlanish zarurligi haqida xulosa chiqarish mumkin. Bu masala hadislarda ham muhim o'rin egallaydi. Jumladan, Payg'ambarimiz alayhissalom hadislaridan birida: “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. U sihat-salomatlik va xotirjamlikdir”, deyiladi. Ushbu hadis Alloh taoloning ulug' ne'matlari — tinchlik va xotirjamlikning qadriga etish, hushyor va e'tiborli bo'lishga chaqiradi. Zero, loqaydlik, e'tiborsizlik, befarqlik, noshukrlik emas, balki berilgan ne'matni e'tirof etish, uning qadriga etish, e'zozlash, asrab-avaylash shukronalik mohiyatini tashkil etadi.
Tinchlikka raxna solish, jamiyat ravnaqi va xalq farovonligiga ziyon etkazish, toifalarga bo'linib, o'zaro nizolashishning qoralanishi ham islomning tinchlik haqidagi ta'limoti asosini tashkil etadi. Hususan, Qur'oni karimning “Hujurot” surasi 9-oyatidagi o'zaro nizolarni yarashish, kelishish yo'li bilan hal etish, jamiyatdagi tinchlikka tahdid qilishda, tajovuzkorlik va zo'ravonlikda davom etadiganlarga nisbatan qat'iy va tezkor choralar ko'rish zarurligi qayd qilinganini ta'kidlash muhimdir.
Qur'oni karimdagi “Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz!” (Moida, 2), degan oyat ham yuqoridagi mulohazaning o'rinli ekanini ko'rsatadi.
Halq orasida fitna qo'zg'atish, tuhmat va ig'vo tarqatish yo'lidagi urinishlar tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaruvchi hodisalardan hisoblanadi. Shuning uchun ham, bunday harakatlar islomning mohiyatiga mutlaqo zid ekani Qur'oni karimning “Baqara” surasi 191-oyatidagi “Fitna qotillikdan ham yomonroqdir”, degan ko'rsatma hamda “Nur” surasining 11-21-oyatlarida mish-mish tarqatganlar uchun bu dunyo va oxiratda tayinlangan jazolar haqida xabar berilib, unga ishonganlar ham qattiq malomat qilingani haqidagi qaydlar yuqoridagi fikrlarning to'g'ri ekanini tasdiqlaydi.
Tinchlikni saqlash uchun har bir kishi mas'ul, uni saqlab qolish va mustahkamlash uchun har kim o'z hissasini qo'shishi lozim. Hususan, halol mehnat bilan sifatli va mo'l hosil etishtirgan dehqon, odamlar yoki yuklarni qoidalarga amal qilgan holda beshikast, eson-omon o'z manziliga etkazish oddiy haydovchining barqarorlik va osuda hayotni mustahkamlashga qo'shgan munosib hissasi ekani isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Jumladan, Qur'oni karimda: “Agar mo'min bo'lsangiz (bilib qo'yingizki), Allohning (halol kasbdan) qoldirgani sizlar uchun yaxshidir. Men esa, sizlarga (boyliklaringizga) qo'riqchi emasman” (Hud, 86), deya qayd etilgan. Bu oyat bilan halol mehnat, peshona teri bilan orttirilgan boylikning foydali ekani hamda haloldan topilgan boylikning barakali bo'lishi haqida bayon etilmoqda. Shu bilan birga, xoh moddiy, xoh ma'naviy boylik bo'lsin uning qo'riqchisi — halol kasb, halol mehnat ekani ta'kidlanmoqda. Demak, o'z kasbi va burchiga vijdonan yondashish tinchlik va barqarorlikni ta'minlashning zaruriy sharti hisoblanadi.
Qo'shnilar o'rtasidagi o'zaro hurmat, samimiyat va do'stlik osoyishta hayot, yurt tinchligini ta'minlash asosidir. Zero, qo'shnilar o'rtasidagi shodlik mahalladagi ahillikka, o'z navbatida, bu yurt tinchligiga zamin yaratadi. Shuning uchun ham, islomda qo'shnichilik munosabatlariga ham alohida e'tibor qaratilgan. Bu haqda Qur'oni karimning “Niso” surasi 36-oyatida shunday deyiladi: “Shuningdek, qarindoshlar, etimlar, miskinlar, qarindosh qo'shni-yu, begona qo'shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo'lovchi (musofir)ga va qo'l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi”.
Hadislarda ham “Qo'shnisi uning yomonliklaridan omonda bo'lmagan kishi jannatga kirmaydi”, deb ta'kidlanadi. Demak, inson qo'shnilari bilan tinch-totuv va o'zaro mehr-oqibatli hayot kechirishi, uning ikki dunyo saodatiga erishishiga sabab bo'ladi.
Yuqoridagi kabi da'vatlar ayrim hududlarda notinchlik, beqarorlik, xunrezlik va xudkushliklar hukm surayotgan hozirgi davrda mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikni ta'minlash o'z-o'zidan bo'lmayotganini anglashga, o'zaro yanada inoq va ahil bo'lib yashashga undaydi.
Ogoh va hushyor bo'lib yashash tinchlikni ta'minlash, turli ko'ngilsizlik va xavfu xatarlarning oldini olishning zaruriy sharti hisoblanadi. Zero, g'ofillik va beparvolik turli noxushliklarga zamin yaratadi. Shuning uchun ham, Alloh taolo tafakkur qilmaydigan, o'zining kim ekanini anglab etmaydigan, bugunning huzur-halovati bilan yashab, ertasi haqida qayg'urmaydigan, beparvo va beg'am kimsalarni “A'rof” surasining 179-oyatida: “...Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan “anglamaydilar”. Ularda ko'zlar bor, (lekin) ular bilan “ko'rmaydilar”. Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan “eshitmaydilar”. Ana o'shalar hayvonlar kabidirlar. Balki ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynan o'shalar g'ofillardir”, deb ta'riflaydi.
Islom olamining e'tiborli ulamolari tomonidan mo''tabar manbalar asosida berilayotgan raddiyalarni tan olmayotgan turli yo'nalish va firqalarning a'zolarini ham yuqoridagi oyatda keltirilgan kimsalarga qiyoslash mumkin.
Tinchlikni ulug' ne'mat, deb e'lon qilgan dinimizda bu yo'lda nafaqat amal bilan, balki so'z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan.
Yuqoridagi mulohazalar yakunida yana bir holatni alohida qayd etish lozim. Ba'zi ne'matlarning shukri tilda “Alhamdulillah”, deyish bilan ado etilsa, ayrim ne'matlarning shukrini ham ma'nan, ham amaliy harakatlar bilan namoyon etish talab etiladi. Islomda tinchlik ana shunday shukr talab qiladigan ne'matlardan hisoblanadi.
Akmalxon AHMYeDOV,
islomshunos olim
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati