Omina degan ayol bor edi. Har kuni Qur’on o‘qir, imkoni yetganicha oyatlardan yodlar edi. Ikki qizini ham uzatib, eri bilan yolg‘iz yashardi.
Bir kuni eriga “Borib, qizlaringizdan xabar olib kelmaysizmi?” dedi. Qizlaridan biri eri bilan dehqonchilik qilar, ikkinchisi loydan g‘isht quyib sotishardi.
Ota qizlaridan xabar olish uchun yo‘lga tushdi. Birinchi dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan qizining uyiga bordi. Hol-ahvol so‘radi, mehmon bo‘ldi. Keyin qizidan: “Bolam, qiynalmayapsizlarmi?” deb so‘radi. Qizi: “Yo‘q, otajon. Tinch yashayapmiz. Bu yil katta dehqonchilik qildik. Urug‘larni ekib bo‘ldik. Endi bir duo qilsangiz, Alloh taolo bizga yomg‘ir bersa” dedi. Ota duoga qo‘l ko‘tarib, Alloh taolodan barakali yomg‘ir so‘radi. Shundan so‘ng qizi bilan xayrlashib, narigi qizinikiga bordi.
Undan ham hol-ahvol so‘radi, mehmon bo‘ldi. Keyin undan: “Bolam, qiynalmayapsanmi?” deb so‘radi. Qizi: “Yo‘q, otajon. Erim bilan tinch yashayapmiz. Shu kunlarda ko‘p miqdorda g‘isht quydik. Shunga Alloh taologa duo qilsangiz, yomg‘ir yog‘may tursayu, biz g‘ishtlarimizni sotib olsak” dedi. Ota qo‘llarini duoga ochib, Alloh taolodan qizining mushkulini oson qilishini so‘radi. U bilan ham xayrlashib, uyga qaytdi.
Uyga kelib, biroz dam oldi. Keyin ayoli undan “Qizlaringiz tinch o‘tirgan ekanmi?” deya so‘radi. Eri “Ha, o‘tirishibdi. Biri yomg‘ir kutyapti, boshqasi esa yomg‘ir yog‘masa edi” deb turibdi. Ikkovi uchun ham duo qilib keldim. Yomg‘ir yog‘masa, kattasining ahvoli nima kechadi, bordiyu yog‘sa, kichigining ahvoli nima bo‘larkin” dedi. Shunda ayol: “Siz Qur’on bilan oshno bo‘lmaysiz-da! Har kuni Qur’on o‘qiganingizda bunday xayol bilan noiloj qolmagan bo‘lardingiz, muammoning yechimini topgan bo‘lardingiz. Axir Qur’onda bu muammoning yechimi bor-ku!” dedi. Er qiziqib, “Qanday yechimi bor?” deb so‘radi. Ayol: “Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan” deb mana bu oyatni o‘qib berdi:
أَلَمْ تَرَ أَنَّ اللَّهَ يُزْجِي سَحَاباً ثُمَّ يُؤَلِّفُ بَيْنَهُ ثُمَّ يَجْعَلُهُ رُكَاماً فَتَرَى الْوَدْقَ يَخْرُجُ مِنْ خِلَالِهِ وَيُنَزِّلُ مِنَ السَّمَاءِ مِن جِبَالٍ فِيهَا مِن بَرَدٍ فَيُصِيبُ بِهِ مَن يَشَاءُ وَيَصْرِفُهُ عَن مَّن يَشَاءُ يَكَادُ سَنَا بَرْقِهِ يَذْهَبُ بِالْأَبْصَارِ
“Allohning bulutlarni haydashini, so‘ngra ularni birlashtirishini, so‘ngra ularni ustma-ust qalashtirishini ko‘rmadingizmi? So‘ngra (bulut) orasidan yomg‘ir chiqayotganini ko‘rasiz. (Alloh) osmondan – undagi tog‘ (bulut)lardan do‘l yog‘dirib, uni o‘zi xohlagan kishilarga yetkazur va o‘zi xohlagan kishilardan burib yuborur. Chaqmog‘ining yorug‘ligi ko‘zlarni ketkazgudekdir” (Nur surasi, 43-oyat).
Er darhol Allohga shukr sajdasini qildi va qo‘lini duoga ochib: “Ey Robbim, g‘isht quygan qizimdan yomg‘irni burib yubor, dehqonchilik qilgan qizimga baraka yomg‘iringni yog‘dir” deya duo qildi.
Ayolining farosati, hozirjavobligidan xursand bo‘ldi. Keyin unga shunday soliha juft nasib etgani uchun Alloh taologa hamdu sanolar aytdi.
Ota keyinchalik qilgan duosining ijobatini ko‘rdi. Dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi qizi yashaydigan tomonda yomg‘ir yog‘di, g‘isht quyish bilan shug‘ullanuvchi qizi yashaydigan mintaqada yog‘ingarchilik kuzatilmadi.
Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rahimahullohning
mav’izalaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
#xabar #haj2025 #statistika
Saudiya Arabistoni Podshohligi statistika Bosh boshqarmasi haj amallarini bajarish uchun kelgan ziyoratchilar sonini e’lon qildi. Unga ko‘ra:
Bu yil 1 million 673 ming 230 nafar kishi haj amalini ado etgan. Shundan mahalliy ziyoratchilar soni 166 ming 654 nafar.
Hojilarning 877 841 nafari erkak, 795 389 nafari esa ayollardir.
Ziyoratchilarning kelishi yo‘llari:
Havo yo‘llari orqali: 1 435 017 kishi.
Quruqlik chegara orqali: 66 465 kishi.
Dengiz yo‘li orqali: 5 094 kishi.
Eslatib o‘tamiz bu yil yurtimizdan 15 ming nafar fuqaro haj ibodatini ado etishga muyassar bo‘ldi. So‘nggi 8 yil mobaynida 75 ming nafar kishi haj ibodatini qilishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati