Alloh taolo yaratgan maxluqotlar ichida eng mukarrami va ajoyibi insondir. Ushbu maqolada ana shu mukarram mavjudot bo‘lgan insonning hujayralaridagi o‘zgarishlar haqida so‘z yuritamiz.
Hozirgi inson 5-6 yil oldingi inson emas. Chunki uning hujayralari har besh-olti yilda yangilanib turadi. Har soniyada inson tanasi 25 million yangi hujayra ishlab chiqaradi. Olimlarning o‘rganishlari natijasida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, inson tanasidagi umri eng qisqa hujayralar, bu – ichaklarning hujayrasi ekan. Ular har ikki kunda yangilanib turar ekan. Inson tanasidagi eng uzoq umr ko‘ruvchi hujayralar, bu – suyaklar hujayrasi ekan. Ular to‘laligicha besh-olti yilda yangilanar ekan. Ana shu yangilanishlar natijasida inson umri davomida sog‘lom, baquvvat va faol holda yashaydi.
Maslan, jigar va buyrak hujayralari almashib, yangilanib turmasa, ulardagi to‘plangan zaharlar insonning uzoq umr ko‘rishiga to‘sqinlik qilar ekan. Chunki, jigar qonni filtrlaydi. Inson zaharlanganda, uning qonida zaharlar, toksinlar bo‘ladi. Bu zaharlar o‘z-o‘zidan jigar hujayralariga o‘rnashadi. Buyrak haqida ham shu gaplarni aytish mumkin. Shuning uchun ularning zaharlangan hujayralari yangilanishi natijasida insonning hayoti bir maromda davom etadi.
Ammo tanada shunday a’zolar borki, ularning hujayrasi o‘zgarmas, yangilanmas ekan. Bular – yurak va miya hujayralari. Bulardagi hujayralarning o‘zgarmasligi Alloh taoloning rahmatidir.
Agar miyaning hujayralari yangilanganda, inson barcha ma’lumotlarini, ilmini yo‘qotar ekan. Hatto u o‘z ona tilini har 5-6 yilda yangidan o‘rganishga majbur bo‘lar ekan. Miya hujayralarining o‘zgarmasligi, sobitligi ulkan ne’matdir. Miyaning hujayralari o‘zgarmasligiga yana sabablar juda ko‘p. Ularni aytilsa, jild-jild kitob bo‘ladi.
Yurakning hujayralari o‘zgarmasligiga ham sabablar ko‘p. Yurakda miyadagidan ham ko‘proq hujayralar bor ekan. Mayl, hissiyot kabi narsalar aynan yurak hujayralari bilan bog‘liq.
Hozirgi kunda yurakni ko‘chirib o‘tkazish keng rivojlanib bormoqda. Yevropaning o‘zida 70 marta atrofida yurak ko‘chirish jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.
Falon taomni yaxshi ko‘radigan kishiga boshqa odamning yuragi qo‘yilgandan so‘ng u o‘sha taomni yoqtirmaydigan bo‘lib qolgan.
Mumtoz kuylarni yoqtiradigan odamga yosh insonning yuragi ko‘chirib o‘tkazilgach, u sho‘x musiqalarni eshitadigan bo‘lib qolgan.
Soha olimlari bundan shuni xulosa qilishdiki, yurak o‘tkazilganda, u bilan birga o‘sha yurakdagi sezgilar, hissiyotlar ham birga o‘tar ekan.
Agar miyamiz ma’lumotlar, fikrlar va xabarlarning markazi bo‘lsa, yuragimiz his-tuyg‘ular, sezgilar va boshqa narsalarning markazi hisoblanadi.
Yuqorida inson Alloh taolo yaratgan maxluqotlar ichidagi eng ajoyibi dedik. Alloh taolo insonni ana shunday aqlni shoshiradigan, lol qoldiradigan qilib yaratgan. U Zot har bir narsani aniq o‘lchov va yuksak hikmat bilan yaratgan. So‘zimizni mana bu oyat bilan yakunlaymiz:
هَذَا خَلْقُ اللَّهِ فَأَرُونِي مَاذَا خَلَقَ الَّذِينَ مِن دُونِهِ بَلِ الظَّالِمُونَ فِي ضَلَالٍ مُّبِينٍ
“Bu Allohning yaratganidir. Qani menga ko‘rsating-chi, Undan boshqalar nimani yaratdilar. Yo‘q! Zolimlar ochiq-oydin adashuvdadirlar” (Luqmon surasi, 11-oyat).
Internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Islomning barcha – beshala ruknini ham bajargan odam chinakam saodatlidir. Ayniqsa, hojilik – alohida mas’uliyat talab etadigan maqom. Bu yil yurtimizdan 15 mingdan ziyodroq fuqaro ana shunday sharafga ega bo‘ldi.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Bugun, 14 iyul kuni poytaxtimizdagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, imom noiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdulvosid Xomitjonov, «Nuroniy« jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi Rustam Kalonov, Mahallalar uyushmasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Furqatxo‘ja Mahmudxo‘jayev, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etdi.
– Hojilarga katta ishonch bildirib, ular ma’naviyat targ‘ibotchilaridir, – deydi DIQ raisi birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov. – Hadisi sharifda: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), deyilgan. Shunday ekan, har bir hojiga o‘z hududidagi imom-xatib ko‘makchi bo‘lib, mahallama-mahalla yurib, aholiga, ayniqsa, yoshlarga pandu nasihatlar qilishlari zarur. Chunki hojilarning so‘zlari ta’sirchan bo‘ladi. Farzandlarimizning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olishda ularning xizmatidan foydalanishimiz kerak. Hojilarimizning sa’y-harakatlari bilan xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yanada oshadi.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali hojilarimiz jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lmoqdalar.