Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Dinimizni ta’lim bergan farishta

13.08.2019   2760   4 min.
Dinimizni ta’lim bergan farishta

3- حديث أبي هُرَيْرَةَ قال كان النبيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بارزًا يومًا للناسِ فأَتاه رجلٌ فقال: ما الإيمان قال: الإيمان أن تؤمنَ بالله وملائكتِهِ وبلقائِهِ وبرسلِهِ وتؤمَن بالبعثِ قال: ما الإسلامُ قال: الإسلامُ أن تعبدَ اللهَ ولا تشركَ به وتقيمَ الصلاةَ وتؤدِّيَ الزكاةَ المفروضةَ وتصومَ رمضانَ قال: ما الإحسان قال: أن تعبدَ الله كأنك تراهُ، فإِن لم تكن تراه فإِنه يراك قال: متى الساعةُ قال: ما المسئولُ عنها بأَعْلَم مِنَ السائل، وسأُخبرُكَ عن أشراطِها؛ إِذا وَلَدَتِ الأَمَةُ رَبَّهَا، وَإِذا تطاولَ رُعاةُ الإبِلِ البهْم في البنيان، في خمسٍ لا يعلمهنَّ إِلاَّ الله ثم تلا النبيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ (إِنَّ الله عنده علم الساعة) الآية: ثم أدبر فقال: رُدُّوه فلم يَرَوْا شيئاً فقال: هذا جبريل جاءَ يُعَلِّمُ الناسَ دينَهم

3- Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadis: Bir kuni Payg‘ambar sollollohu alayhi va sallam odamlar oldiga chiqib turgan edilar, bir kishi kelib: “Iymon nimadir?” dedi. U zot: “Iymon – Ollohga, farishtalariga, U Zotga ro‘baro‘ bo‘lishga, elchilariga ishonmog‘ing va qayta tirilishga iymon keltirmog‘ingdir”, dedilar. “Islom nimadir?” dedi. “Islom – Ollohga ibodat qilmog‘ing, U Zotga shirk keltirmasliging, namozni barpo qilishing, farz qilingan zakotni ado etib, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ingdir”, dedilar. (Haligi kishi savolida davom etib): “Ehson nimadir?” dedi. (Payg‘ambar sollollohu alayhi va sallam): “(Ehson) – Olloh taologa U Zotni ko‘rib turgandek ibodat qilmog‘ingdir. Chunki sen ko‘ra olmasang-da U Zot seni ko‘rib turadi”, dedilar. “(Qiyomat) Soati qachon?” dedi. “Bu haqda so‘ralguvchi (ya’ni, kamina) so‘raguvchidan bilguvchiroq emas. Uning (ayrim) shartlari – alomatlari haqida senga xabar berurman: cho‘ri o‘z xojasini tug‘sa, qora tuya boquvchilar bino qurishda bir-birlari bilan “musobaqa” qilishsa va yana faqat Olloh biladigan besh narsa (topilgani)da (Qiyomat Soati qoim bo‘ladi)”, dedilar. So‘ngra Payg‘ambar sollollohu alayhi va sallam: “Darhaqiqat, Yolg‘iz Ollohning huzuridagina (Qiyomat) Soati (qachon bo‘lishi to‘g‘risidagi) bilim bordir...(Luqmon surasi, 34-oyat) oyatini tilovat qildilar. Shundan keyin haligi kishi orqasiga o‘girilib ketdi. U zot: “Uni orqaga qaytaringlar”, dedilar. (Lekin sahobalar) hech narsani ko‘rmadilar (ya’ni, u kishi ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan edi). Shunda (Rasululloh sollollohu alayhi va sallam): “U kishi Jabroil edi, odamlarga Dinni o‘rgatish uchun keldi”, dedilar.

Ayrim jumlalar sharhi:

“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘sa” – bu iborani ulamolar turlicha sharhlaganlar. Imom Xitobiy: “Buning ma’nosi, Islom dunyoga keng tarqalib, musulmonlar mushriklarning diyorlarini fath qiladilar, natijada ko‘p asirlar va cho‘rilarga ega bo‘ladilar. Kishi o‘zi ega bo‘lgan cho‘risidan farzand ko‘rsa, tug‘ilgan bola o‘sha cho‘riga (o‘z onasiga) xoja martabasida bo‘ladi. Chunki bola – xojaning bolasidir”, deb sharhlasa, ayrim ulamolar bu jumlani majozan o‘girib: “Bolalar orasida “oq” bo‘lish ko‘payib ketadi – bola o‘z onasiga haqoratlash, urish, xizmatga solish kabi xoja cho‘risiga qiladigan muomalani qiladi”, deb ma’no beradilar.

“Qora tuya boquvchilar bino qurishda bir-birlari bilan “musobaqa” qilishsa”. Hadisning arabcha matnidagi “البهْم” kalimasi ikki xil – “qora” hamda “hech vaqosi yo‘q” degan mazmunlarni bildiradi. Uni agar tuya boquvchilarga sifat qiladigan bo‘lsak ikkinchi ma’noni, agar tuyaning o‘ziga sifat qiladigan bo‘lsak birinchi ma’noni anglaymiz. Qora tuyadan maqsad arzon, bahosiz tuyadir. Baholi tuyalar qizil bo‘ladi. Hech vaqosi yo‘q tuya boquvchilardan murod esa, Qiyomat Soati yaqinlashganda birovlarning chorvasini boqib yuruvchi cho‘ponlar ham boy-badavlat bo‘lib kim o‘zarga bino qurishga giriftor bo‘ladilar, deganidir. Vallohu a’lam...  

 

 

Arabchadan Ziyouddin MANSUR tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

16.07.2025   4191   5 min.
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

Saudiya Arabistonining Makka shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov ham qatnashdi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.

Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi  qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:

– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga   tayyormiz.

Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari  va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu  masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi

Dunyo yangiliklari