Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati javob beradi.
Savol: Assalomu alaykum! Savolim shundan iboratki, ko‘pchiligimiz guvoh bo‘ladigan bir holatda, ya’ni yomon bir xabar yoki xodisani eshitganimizda "tavba-tavba" deymiz. Aynan shu holatda ko‘p guvoh bo‘lamanki, ba’zilar irim tarzida quloqlarini ortiga barmoqlari bilan tegib qo‘yishadi, yana ba’zilar esa qo‘llari bilan "tuk-tuk-tuk" qilishadi va bu qiliqlari bilan shaytonni haydashayotganini aytishadi. Bunday holatda bu odat haqida aniq diniy bilimga ega emasligim uchun menda ikkilanish paydo bo‘ladi. Savolim: aynan shunaqa holatdagi bu odatlar qanchalik to‘g‘ri? To‘liqroq ma’lumot bersangiz! Javobingiz uchun oldindan rahmat!
Javob: Va alaykum assalom. Xalq orasida siz aytgan gaplar mavjud. Lekin bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qanday yo‘l tutganlariga e’tiboringizni qaratamiz. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollalohu alayhi vasallamga u kishini xursand qiladigan ish kelsa “ne’matlari bilan yaxshiliklar to‘liq bo‘ladigan Allohga hamd bo‘lsiin”, der edilar. Va agar u zotga yomon ko‘rgan ish kelsa “Barcha holatlarda Allohga hamd bo‘lsin”, der edilar. Shu hadisdan kelib chiqib yomon xabar eshitgan vaqtda turli gaplar yoki harakatlarni emas balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilsak maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Savol: Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokotuh. 5 mahal namoz o‘qiman hozir Rossiyada ishlayman bomdod va xufton turib o‘qishni iloji bor Peshin, asr va shomni o‘tirib o‘qiyabman men ishlayotgan joyni sharoiti shunaqa o‘tirib namoz o‘qishim joizmi?
Javob: Va alaykum assalom. Imkoni bo‘lmagan holatlarda agar farzni o‘tirib o‘qilsa keyin o‘sha namozlarni qazosini ham qaytadan o‘qib olish lozim, chunki namozning ba’zi farzlari tark qilinadi.
Savol: Assalomu alaykum! Men telegramdagi diniy kanallarning bittasida "odam namoz o‘qishni boshlaganda Alloh farishtalarga u insonni yelkasidagi barcha gunohlarni olinglar der ekan. Namoz o‘qib bo‘lgandan keyin farishtalar gunohlarini yana yelkasiga qo‘yaylikmi desa Alloh yo‘q u menga ibodat qildi der ekan" deb o‘qigandim. Lekin boshqa diniy kanalda "barcha gunohlari yelkasida bo‘ladi sajda qilganda to‘kiladi. Shuning uchun ko‘proq sajda qilish kerak" deb o‘qib qoldim. Qay biri to‘g‘ri ekan. 2- savolim. Farzandlarimning tishi tushganda eski tishini tish farishtasi olib ketdi o‘rniga u bu narsani berib shuni olib keldi deyman, tish farishtasiga ishontirish gunohmasmi umuman bu ishim to‘g‘rimi? Javoblar uchun tashakkur!
Javob: Va alaykum assalom. 1. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Agar banda namoz o‘qishga tursa uning gunohlarni olib kelinadi va boshi hamda yelkasiga qo‘yiladi. U har ruku’ga borganda va sajda qilganda gunohlari to‘kiladi”, deganlarini eshitdim, dedilar. 2. Bu ish shariatimizda biror asosga ega emas. insonning tishi tushgan vaqtda uni yerga ko‘mish kerak. Bolalarga din nomidan bunday yolg‘onlarni aytmaslik kerak.
#xabar #kirish_imtihoni #hadis_ilmi_maktabi
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabining 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi.
Shu munosabat bilan erta tongda Toshkent shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida bo‘lib o‘tgan tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar, abituriyentlar ishtirok etdi.
Dastlab Hadis ilmi maktabi rektori Barot domla Amonov qabul imtihonlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari, abituriyentlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov nutq so‘zladi. Notiqlar yurtimizda diniy ta’limga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritish barobarida qabul imtihonlarida abituriyentlarning bilimlilarini saralab olish asosiy maqsad ekanini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishi ta’minlanishiga urg‘u berishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Cho‘lponov tomonidan ijodiy imtihonni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari tushuntirildi. Shundan so‘ng Qabul hay’ati a’zolari, abituriyentlar va ota-onalar guvohligida imtihon varaqalari solingan va muhrlangan maxsus qoplar ochilib, ijodiy imtihonga start berildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugun “Hadis” va “Mustalahul hadis” fanlaridan og‘zaki ijodiy imtihon o‘tkaziladi. Ertaga, 25 iyul kuni Arab tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
2025-2026 o‘quv yili imtihonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati