Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “(Mutloq) hukmronlik “qo‘li”da bo‘lgan zot – Alloh barokatli (buyuk)dir va U har narsaga qodirdir. (U) sizlarning qaysi biringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan zotdir. U Aziz (qudratli) va G‘ofur (kechirimli)dir” (Mulk surasi, 1–2 -oyatlar).
Demak, Parvardigorimiz insonga hayot haqini berish bilan birga, unga hayotdagi mas’uliyatni ham yuklagan. Bu mas’uliyat iloji boricha ko‘proq yaxshilik qilish bilan belgilanadi.
Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir gunoh. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir” (Moida surasi, 32-oyat).
Imom Nasafiy aytadi: “Ba’zi johillar kabi odam o‘zini o‘zi o‘ldirmasligi kerak”. O‘z joniga qasd qilish va boshqa odamlarning hayotiga zomin bo‘lish islom asoslariga ko‘ra og‘ir gunoh bo‘lib, unga hattoki janoza ham buyurilmaydi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Kim o‘zini-o‘zi bo‘g‘ib o‘ldirsa, do‘zaxda ham shu xil azobga qoladi va kim o‘zini olov bilan o‘ldirsa, do‘zax olovida ham xuddi shunday azobga qoladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Islom dinida birovni o‘ldirish qanchalik og‘ir jinoyat deb tan olinishi bilan birga o‘zini o‘zi o‘ldirish ham shunchalik gunoh deb ogohlantiriladi. O‘zini o‘ldirish va zulmdan qaytarib Alloh taolo shunday xitob qiladi: “Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz. Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-birlaringizni nohaq) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm shafqatlidir. Kimda-kim (qotillik)ni adovat va zulm yuzasidan qilsa, albatta, biz uni do‘zaxda kuydiramiz. Bu (esa) Allohga osondir” (Niso surasi, 29–30-oyatlar).
Islom ta’limotida nafaqat o‘zini o‘zi o‘ldirish, balki o‘ziga o‘zi o‘lim tilash ham taqiqlangan. O‘ziga o‘lim tilagan sahobiylardan biri Abbos ibn Abdulmutallib roziyallohu anhuga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Ey Amaki, o‘zingga o‘lim tilama, agar sen yaxshi bo‘lsang, o‘liming orqaga surilib yaxshiliging ziyoda bo‘lgani sen uchun yaxshidir. Agar yomon bo‘lsang, o‘liming orqaga surilib yomonligingdan qaytishing, sen uchun yaxshiroqdir. Bas, o‘limni tilama”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Demak, inson umri qadrli, unga hech kimning tajovuz qilishga haqqi yo‘q. Shunday ekan, hayotimiz davomida duch keladigan ba’zi ziddiyatlar, qiyinchiliklar va tushunmovchiliklar domiga tushib qolmasdan, Allohdan madad so‘ragan holda dinimiz buyurgan amallar bilan muammolarni yechishga harakat qilmog‘imiz lozim. Xalq manfaati, Vatanimizning yanada rivojlanishi yo‘lida qo‘limizdan kelgancha xayrli ishlarda bardavom bo‘lsak, dunyo va oxiratda bizga halol ta’lim va tarbiya bergan ota-onamizning, qolaversa, o‘zimizning yuzimiz yorug‘ va qadrimiz baland bo‘ladi, inshoalloh.
Nargiza ABDUG‘ANI qizi,
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti katta o‘qituvchisi
Bugun – chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov Diniy idoraga turli masalalarda kelgan fuqarolarni qabul qildi. Ularning masjidlar faoliyati, sohani rivojlantirish, moddiy yordam kabi masalalarida qilgan murojaatlari tinglandi.
Fuqarolar tomonidan bildirilgan taklif va so‘rovlar atroflicha o‘rganilib, Diniy idora vakolati doirasida tegishlilari bo‘yicha mas’ullarga tez fursatlarda hal etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati