Сайт тест ҳолатида ишламоқда!
23 Январ, 2025   |   23 Ражаб, 1446

Тошкент шаҳри
Бомдод
06:20
Қуёш
07:42
Пешин
12:40
Аср
15:47
Шом
17:31
Хуфтон
18:48
Bismillah
23 Январ, 2025, 23 Ражаб, 1446

Илм-фан рўза ҳақида: Нобел мукофоти совриндори Ёсинори Осуми тадқиқоти

30.04.2020   2334   4 min.
Илм-фан рўза ҳақида: Нобел мукофоти совриндори Ёсинори Осуми тадқиқоти

Аллоҳга беҳисоб шукрлар бўлсинки айни дамда юртимизда рамазон шукуҳи кезмоқда. Ҳар йили ушбу муборак ой келиши билан халқимиз орасида, кўпчилик қандай тоифадаги беморларга рўза тутиш мумкин эмас, рўза саломатликка салбий таъсир кўрсатмайдими, рўзанинг соғликка фойдалари хусусида саволлар пайдо бўлади.

Мазкур саволларга жавоб олиш мақсадида олий тоифали шифокор, гастроэнтеролог, онколог Баҳодир Ҳамроқуловга бир нечта саволлар билан мурожаат қилдик.

Савол: Рўзанинг инсон саломатлигига фойдали жиҳатлари ҳақида айтиб ўтсангиз.

Жавоб: 2016 йилги тиббиёт ва физиология сохаси бўйича Нобел мукофоти совриндори Токио технологик университетининг хужайра биолологияси бўйича мутахассиси бўлган Ёсинори Осуми, вақтинчалик очлик яъни рўзанинг касалликларга даво бўлишини ва танани ёшартиришини исботлади. Олим ушбу мукофотга аутофагия механизмларини кашф қилгани учун эга бўлди. Аутофагия – юнон тилидан “ўзини ўзи истеъмол қилиш” деган маънони билдириб, ҳужайранинг кераксиз қисмлари, унда йиғилиб қолган чиқинди ва ахлатларни қайта ишлаш ва фойдаланиш қобилиятидир.    

Аутофагия барча жонли мавжудотларда мавжуд. Бу хужайраларнинг чиқиндиларни ва токсинларни тозалаш шунингдек кераксиз хужайраларни йўқ қилиш орқали бутун танани тозалаш қобилиятидир. Бу билан организм нафақат тозаланади, балки танани эрта қаришдан химоя қилади ва уни ёшартиради. Аутофагия  организм стресс холатида фаоллашади, айниқса очлик даврида хужайра ташқаридан емиш келмагандан сўнг ички манбалар: ортиқча ёғ, чиқиндилар, шунингдек патоген бактериялар хисобидан энергия ишлаб чиқаришни бошлайди.

Рўза пайтида организмнинг курашиш қобилияти – иммунитет тизими ҳам кучаяди, бу янги хужайралар пайдо бўлиши билан белгиланади. Рўза буйракда тошлар йиғилишидан сақлайди, танамизда тўпланиб қолган захарли моддалардан тозаланишга ёрдам беради. Турли сурункали касалликлар: қанд касаллиги, қон босими, юрак, қон – томир, ўпка, бўғим ва бошқа кўп касалликлар даволаниши енгиллашади. Шундай қилиб япон олими рўза тутиш фойдалилигини исботлади.

Савол: Ошқозон, ичак ва ўт пуфагида муаммоси бор одамлар рўза тутса бўладими? (тутса бўладиган ва тутса бўлмайдиган тоифалари)

Жавоб: Ошқозон шиллиқ қавати яллиғланиши – гастрит, 12 бармоқли ичак шиллиқ қавати яллиғланиши ва яра касаллиги, ўт пуфаги яллиғланиш касаллиги – холецистит хуружи даврида рўза тутиш шифокорлар томонидан тавсия этилмайди. Бу касалликлар тўла тўкис даволанилгандан кейин шифокор маслахати билан рўза тутиш тавсия қилинади. Шу сабабли рўзадан 1-2 ой олдин профилактик давони ўташ рўзани қийинчиликсиз тутишга омил бўлади. Ўт пуфагида тош касаллиги бор беморларга рўза тутиш тавсия этилмайди.

Савол: Қандай касалликка чалинганлар рўза тутиши саломатлигига зарар етказиши мумкин?

Жавоб: Жаррохлик амалиётига тайёргарлик кўрилаётган ва жаррохликдан кейинги даврда, доимий дори талаб қилинадиган касалликлар: қанд касаллиги, юрак, буйрак, жигар касалликларининг оғир кўринишлари, оғриқ билан кечадиган ва оғриқ қолдирувчи дориларни қабул қилишни талаб қилинадиган касалликлар, сил касаллиги, ўсма касаллигининг айрим турларида рўза тутиш мақсадга мувофиқ эмас. Бунда рўза тутишни ният қилганлар шифокор билан маслаҳатлашиши лозим.

Савол: Кекса ва ўсмир ёшдагиларнинг рўза тутишида муаммо бўлмайдими?

Жавоб: Кекса ёшдаги кишилар агар қуввати етса рўз тутишида муаммо йўқ. Агар қувватдан қолган, ўта заиф бўлса эҳтиёт бўлганлари маъқул. Хуруж қиладиган касаллиги бор ўсмирларга ҳам рўза тутиш тавсия этилмайди. Соғлом вояга етган ўсмирлар рўза тутишлари ўзлари учун фойда.

Рўзадорларга тавсияларингиз: Рўза инсонлар учун фойдали ва манфаатли амаллар сирасига киради. Фикримча динимиз бизга қандай амалларни вазифа қилиб юкласа албатта унда ҳам руҳимиз ҳам танамиз учун улкан ижобий тасирлар бор.

Фақат рўза тутаётганда ҳар бир инсон ўзини психологик ва руҳий жиҳатдан созлаб олмоқлиги лозим. Бунда саҳарлик ва ифторликда ортиқча таомланмаслик, дастурхонни ҳаддан зиёд безаб, тана учун мураккаб бўлган озуқаларни муҳайё қилиш рўзадорнинг саломатлигига ҳам, руҳиятига ҳам ўта зарарлидир.

Рўза тутган инсон яхши кайфиятда, самимий ва гўзал ахлоқда юрса атрофдагиларга ижобий энергия тарқатади. Шунда ўзи ҳам яқинлари ҳам  кўплаб фойдаларга эришади. 

 

Саидаброр Умаров суҳбатлашди

Рамазон-2020
Бошқа мақолалар
Мақолалар

Fiqh ilmining paydo bo‘lishi va shakllanish tarixi

20.01.2025   8012   11 min.
Fiqh ilmining paydo bo‘lishi va shakllanish tarixi

Inson yaratilgan vaqtdan buyon jamiyat o‘rtasida uning huquqlari va majburiyatlari birga shakllandi. Huquq va majburiyatlar insonlar o‘rtasida paydo bo‘ladigan nizolarni oldini olish uchun yuzaga kelgan. Asrlar osha inson takomillasha borgan sari uning huquq va majburiyarlari ham shunga monan rivojlanib bordi. Shuning uchun ham Alloh taolo turli zamonlarda va turli millatlarga turli xil shariat mezonlarini nozil qilgan. Boshlang‘ich bosqichda islom davlatida huquqiy institutlar rivojlanmagan shaklda mavjud bo‘lib, islomning axloqiy vazifalari va mazhabiy figurasi bir-biri bilan hamohang va uyg‘unlashgan edi.

Shuni ta’kidlash kerakki, har bir jamiyatda, uning qanday sharoitda yashashidan qat’i nazar, unga tegishli bo‘lgan ishlar, muammolar, shaxsiy va ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish, jamiyatda tinchlikni ta’minlab, jinoyatning oldini olish va boshqa ko‘p hayotiy muammolarini yechish uchun bir miqdor qonun-qoidalarga zarurat bo‘lgan. Islom dinini birinchi bo‘lib qabul qilgan arablar jamiyati yetarli darajada rivojlangan bo‘lmasa ham, o‘ziga xos qoidalar va an’analarga ega edi. Ularda salam (pulni oldindan to‘lab, pishib yetmagan mol, masalan, bug‘doyni keyinroq olish bitimi), muzoraba (sheriklik asosida pulni foydaga ishlatish uchun birovga berish), xilma-xil nikoh shakllari, hakamiyat (hakamlik), savdo va muomalotga tegishli bir qator urf-odatlar mavjud bo‘lib, jamiyatda qonun tusini olgan edi. Lekin mazkur udum va qoidalar yetarli darajada o‘sib rivojlanmagani tufayli, butun jamiyat hayoti sohalarini qamrab olib, birlashgan jamiyat va umumiy huquqiy tizim qurish uchun yetarli emasdi. Arablar qabilaviy sharoitda yashaganliklari uchun ularda markazlashgan hokimiyat yo‘q edi, bu esa yagona sud tizimini tashkil etish uchun imkon bermasdi. Makka shahri eng muhim tijorat markazi bo‘lgan. Savdo va tijorat sohasidagi qonunlarni savdogarlar o‘zaro ijro etardilar.

Oilaviy munosabatlar (qarindoshlik va meros)ga oid qonunlar, shuningdek, jazo qonuni,ham ko‘chmanchilar va ham shaharlarda yashovchi aholi orasida eski qabilaviy tuzum ta’siri ostida edi. Unga binoan biron-bir qabilaga mansub bo‘lmagan kishi qabilaviy qonun himoyasidan chetda qolardi[1]. Arablar orasida nizo va kelishmovchiliklar paydo bo‘lganda, tomonlar muzokara yo‘li bilan kelisha olmasalar, hakamlarga murojaat qilinardi. Hakamlar biron-bir xos firqaga mansub bo‘lmay, keng ma’lumotli, zukko va yaxshi nom chiqargan kishilar hamda ilohiy kuchga ega hisoblangan kohinlar ichidan tanlanardi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam (payg‘ambarligidan ilgari) Ka’bani ta’mirlash ishlari olib borilganda Qoratosh (Hajarul-asvad)ni o‘rniga qo‘yish bo‘yicha urug‘lar orasida yuzaga kelgan nizoni hakam sifatida hal qilishga muvaffaq bo‘lgan edilar.  Islom dini o‘z huquqiy tizimi va qonunchiligini rivojlantirar ekan, Qur’on va Sunnaga asoslangan holda arablar jamiyatida qonun darajasiga ko‘tarilgan urf-odatlar va an’anaviy udumlardan ham foydalandi. Shu ma’nodaki, ularning ayrimlari Qur’on oyatlari yoki hadislar orqali bekor qilindi, ayrimlariga o‘zgartirishlar kiritib qabul qilindi va ba’zilariga qonuniy tus berildi. Shuningdek, muzoraba va shirkat me’yorlari qabul qilinib, ribo (sudxo‘rlik) butunlay harom deb e’lon qilindi.

Hijriy I asrda islom huquqi shakllana boshlab, hijriy II va III asrlarda taraqqiyot bosqichlariga ko‘tarildi. Hijriy II asr boshlarida ilk huquqiy maktablar (mazhablar) yuzaga kela boshladi va yangi shakllangan islom jamiyati o‘zining boshlang‘ich huquqiy va qonuniy institutlari-muassasalarini qurishga muvaffaq bo‘ldi[2]. Arab xalifaligida ijroiy faoliyatlar va qonun tuzish ishlari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq edi va uning maqsadi yangi tasarruf qilingan mamlakatlar idoralarini islom qonunlari asosida tashkil etib, boshqarish edi. Hijriy I asr o‘rtalariga kelib islom siyosiy qarama-qarshiliklarga duch keldi. Xavorij (xorijiylar) va shia firqalari ko‘pchilikni tashkil etgan ahli sunna val-jamoaga qarshi turdilar. Keyinroq shialar sunniylikning buyuk olimlari tomonidan asos solingan va takomillashtirilgan huquqiy tizimlarni iqtibos etib, hijriy II asrning ikkinchi yarmida ularga ayrim o‘zgartirishlar kirgizdilar[3]. Hijriy I asr asosan tasarruf etilgan mamlakatlar huquqiy normalarini ko‘rib chiqib, ularning urf-odatlarini shariat qonunlariga moslashtirish jarayoni bilan o‘tdi. Islom huquqining yaratilib, tartibga solinishi hijriy II asr o‘rtalarida boshlandi va o‘z taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Islom huquqi o‘z rivojlanish bosqichlarini shu yo‘sinda bosib o‘tdi. Asli arab bo‘lmagan ko‘p xalqlar, ayniqsa, Movarounnahr faqihlari va muhaddislari uning rivojiga beqiyos darajada katta hissa qo‘shib keldilar. Islom tarixchilarining fikrlariga ko‘ra, islom huquqi (fiqh) o‘z taraqqiyot jarayonida quyidagi olti davrni bosib o‘tgan:

Birinchi bosqich: Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam  davrlari;
Ikkinchi bosqich: Sahobalar davri;
Uchinchi bosqich: Tobeinlar davri;
To‘rtinchi bosqich: Mujtahidlar davri;
Beshinchi bosqich: Muharrijlar davri;
Oltinchi bosqich: Muqallidlar yoki taqlid davri[4].

Abdulhay Laknaviy rahimahulloh hanafiy mazhabi faqihlarini tabaqalashtirishda muharrijlar davridan so‘ng as’hobut-tarjih, ya’ni buyuk faqihlar tomonidan yozib qoldirilgan hukmlardan ayrimlarini zaruratga binoan bir-biridan ustun qo‘yish vakolatiga ega bo‘lgan olimlar davrini ham ko‘rsatib o‘tadi. Lekin bizning fikrimizcha, muharrijlar va as’hobut-tarjih davrini bir bosqich deb hisoblash mumkin, chunki ular ko‘pincha bir davrda yashab, o‘z vazifalarini bajarib kelganlar. Zamon o‘tishi va davr taqozosi bilan islom huquqi, ya’ni fiqh ilmi rivojlanib, asta-sekin tafsir, hadis va boshqa islomiy ilmlardan ajralib bordi. Payg‘ambarimiz hazrat Muhammad sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin sahobalar davri va undan keyin tobeinlar davri qaror topdi.

Hijriy II asrning dastlabki o‘n yilliklarida ilk huquqiy maktablar yuzaga kela boshladi. “Islomda huquq” kitobida ular “qadimiy huquqiy maktablar” deb atalgan. Biz ularni “ilk huquqiy maktablar” deb atadik. Mazkur maktablar hech qanday mushaxxas va konkret tashkilotni ko‘rsatmaydi, ularning foydalanadigan usul va qoidalari tizimga solinmagan va hech qanday rasmiy tus olmagan edi[5]. Ushbu maktablar vakillari bo‘lgan faqihlar o‘z sohalari bo‘yicha iqtidorli kishilar bo‘lib, islom ta’limotiga asoslangan barcha ilmlar, masalan, tafsir, hadis va fiqh ilmlariga qiziqardilar va ular bo‘yicha keng ma’lumot va yuksak malakaga ega edilar. Ular o‘z shaxsiy qiziqishlari asosida musulmonlar jamoasi orasida yuksalib, o‘z ilmu fazilatlari bilan barcha xalq tomonidan ishonch va hurmatga sazovor bo‘lgan edilar.

Ahli sunna val-jamoaga tegishli bo‘lgan ilk huquqiy maktablar quyidagilardan iborat edi:

1. Madina huquqiy maktabi;
2. Makka huquqiy maktabi;
3. Basra huquqiy maktabi;
4. Kufa huquqiy maktabi;
5. Shom huquqiy maktabi.

Basra va Kufa huquqiy maktablari Iroq maktabini tashkil etadi.

Misr o‘ziga xos huquqiy maktabga ega bo‘lmay, boshqa huquqiy maktablar, ayniqsa, Madina maktabi ta’siri ostida edi .

Ilk huquqiy maktablarning mashhur vakillari quyidagilardan iborat edi:

1. Madina maktabi namoyandalaridan Umar ibn Xattob, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Umar, Zayd ibn Sobit, Said ibn Musayyib, Zuhriy, Yahyo ibn Said va boshqalar.

2. Makka maktabidan Abdulloh ibn Abbos, Sufyon ibn Uyayna, Muslim ibn Xolid.

3. Iroq maktabidan Alqama ibn Qays, Qozi Shurayh, Ibrohim Naxaiy, Hammod ibn Sulaymon, Ibn Abi Laylo.

4. Shom maktabining vakili Abdurahmon Avzo’iy edi. 

Fiqh tarixi mutaxassislari ta’kidlashlaricha, Iroq islom huquqining muhim markazlaridan biri edi. Hijriy II asr davomida ham Iroq bu sohada o‘z ustunligini saqlab qoldi[6]. Faqat doktor Muhammad Yusuf Muso turli shaharlarda tashkil topgan huquqiy maktablar qatorida Misrda ham shunday maktab bor ekanligini qayd etib o‘tadi . Ilk huquqiy maktablarning eng muhim jihatlari shundan iborat ediki, birinchidan, ular Qur’onga asoslanar edi va Sunnaga katta e’tibor qaratardi. O‘sha davrlarda qiyos, shariatning asosiy manbai sifatida o‘z rivojlanish bosqichlarini bosib o‘tmagani uchun, ular ushbu metoddan keng ko‘lamda foydalanmasdilar deyish mumkin[7].


Xulosa:

Zamon o‘tishi bilan islom dini keng miqyosda tarqalib, turli dinlarga mansub kishilar unga o‘tgani, ayrim siyosiy, ijtimoiy va aqidaviy sabablarga ko‘ra musulmonlar orasida yuzaga kelgan qarama-qarshiliklar oqibatida Islom muxoliflari tomonidan ko‘p to‘qima hadislar ishlab chiqilib tarqatila boshlandi va bu hodisa ushbu manbadan qat’iy ishonch bilan foydalanishni og‘irlashtirdi. Shu vaqtlarda hadislarni chuqurroq o‘rganib, tahlil qilish, ular orasidan to‘qima hadislarni chiqarib tashlash va faqatgina haqiqiy hadislar, ya’ni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadislardan huquqiy manba sifatida foydalanish zarurati yuzaga keldi. Bunday yondashuv bir tomondan hadisshunoslik ilmining rivojlanishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yangi huquqiy maktablarning yuzaga kelishi uchun zamin yaratib berdi. Ilk huquqiy maktablarning ish uslubiga tanqidiy yondashilib, har bir maktab tarkibida yangi uslub tarafdori bo‘lgan olimlar yuzaga keldi. Shunday qilib, ilk huquqiy maktablar negizida to‘rtta asosiy sunniy huquqiy maktab shakllandi va har biri o‘z muhitidagi sharoitga muvofiq rivojlandi. Shu yo‘sinda ahli sunna val-jamoa fiqhi, ya’ni islom huquqi bir mukammal va rivojlangan huquqiy tizim sifatida o‘z taraqqiyot bosqichlarini bosib o‘tdi.

Ro'zimuhammad VAHOBOV,
Surxondaryo viloyati, Sho'rchi tumani
“Abu Bakr Siddiq” jome masjidi imom-xatibi.

 

 


[1]Islomda huquq./ To‘plovchilar: Majid Xadduriy va Herbert J.Libesni. (Mualliflar guruhi: Sharq va G‘arbning 12 ta mashhur huquqshunos, islomshunos va sharqshunos olimlari jumlasidan Muhammad Abu Zahra, Subhiy Muhassamoniy, Shukriy Qardoshiy, Abul’alo Mordin, Jozef Shaxt va boshqalar). Tehron–Nyu-York, 1955 y. ­B.37.
[2]O‘sha asar. B.40.
[3]I.Tabariy. Erondagi dunyoqarashlar va ijtimoiy harakatlar haqida tekshirishlar. Kobul: Davlat chop va nashr qo‘mitasi, 1361 h.y. B.221.
[4]Shayx Muhammad Xuzariybek.Tarixut tashri’il islomiy.­Bayrut: 1988. ­B.14-6.
[5]Vahba Zuhayliy. Islom fiqhi va uning manbalari. J.1. ­Bayrut: Dorul­fikr. 1984. ­30-­b.
[6]Shayx Muhammad Xuzariybek, Tarixut ­tashri’il ­islomiy.­Bayrut: 1988. ­B.149-b.
[7]Vahba Zuhayliy. Islom fiqhi va uning manbalari. J.1. ­Bayrut: Dorul­fikr. 1984. ­29-b.

МАҚОЛА