Ilm shunday ulug‘ kuchki, bartaraf etishda uning qurbi yetmaydigan biror muammo yo‘q. Ilmning aql-zakovat chirog‘i bilan yoritilgan yo‘li insoniyatni hidoyatga, tinchlik-totuvlikka yo‘naltiradi.
Ilmning fazilati va ilm egalarining qadr-qimmati borasida Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan quyidagi rivoyat keltirilgan:
“Ilm o‘rganing! Zero, xolis ilm Alloh taolodan qo‘rqishga yetaklaydi. Ilm izlash ibodatga, uni o‘zaro muzokara qilish tasbihga, tadqiq va tahqiq etish esa, dushmanga qarshi turishga tengdir. O‘zgalarga ta’lim berish sadaqa, uni ilm ahliga sarflash qurbatdir (Alloh taologa yaqinlik). Ilm yolg‘izlikda sirdosh, tanholikda hamroh, dinga chorlovchi, yaxshi-yu yomonlikda sabrga undovchi, do‘stlar davrasida tirgak, notanish kimsalar orasida yaqin do‘st, jannat yo’lining mayog’idir. Alloh taolo ilm sabab turli xalqlarni ulkan darajalarga ko’tardi. Natijada ularni Alloh taolo ezgu ishlarga boshlovchi, izlaridan yuriladigan, amallariga havas qilinadigan, ular fikriga tayaniladigan insonlar qildi. Farishtalar ham ilm egalarining fazilatini orzu qilib, ularni qanotlari ila siypaydi.
Dunyodagi barcha narsa – dengizdagi kitu-baliqlar, yerdagi yirtqichu-hayvonlar, osmonu yulduzlar ilm egalariga istig‘for aytadi. Chunki ilm ko’r qalblarga hayot, zulmat chumg‘agan ko‘zlarga nur, madorsiz tanaga quvvatdir. Ilm oddiy insonni salohiyatli yetuk shaxsga aylantiradi. Amir va xoqonlar davrasiga yetkazadi. Dunyo va oxiratda ulkan darajalarga ko‘taradi. Ilmiy bir lahza tafakkur ro‘zaga, o‘zaro fikr almashish qiyomul laylga teng! Ilm bilan toat-ibodat ado topadi. Ilm yordamida taqvo qilib, ajrga yetiladi. Ilm sabab qarindoshlik bog‘lanadi. Ilm bilan halol-harom bilinadi. Ilm imom, amal esa uning muqtadisidir”[1].
Shuning barobarida amalsiz ilm yo‘q. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Хohlagan ilmni o‘rganing! Lekin Alloh taolo amalsiz ilmingizga ajr bitmas”[2]. Ushbu rivoyat ilm amal qilish uchun tahsil qilinishiga turtkidir. Shuning uchun ham ilm tolib o‘rgangan har bir ilmiga amaldagi haqqini bermasdan o‘tib ketishi maqbul ish emas. Ilmiga sodiq amalda mustahkam ilm egalari qancha yetishib chiqsa, bizlar taraqqiyot va farovonlik sari odimlab boraveramiz.
Abdulaziz Furzulov,
“Sayyid Muhyiddin maxdum” madrasasi mudarrisi
[1] Imom Abu Homid G'azzoliy. Ihyo ulumiddin. – Misr.: Dorul Misriya, 2004. – B.18.
[2] Abu Muhammad Dorimiy. Sunani Dorimiy. – Riyoz.: Dorul mug’niy, 2000. 262-hadis.
Диндан узоқлашар эканмиз, асл мақсаддан, рисолатдан ва инсоний қадриятлардан йироқлашган бўламиз. Натижада жамиятда ёмонлик, зулм ҳукм суради, ёвузликка, маст қилувчи ичкиликларга қизиқиш ортади, оилага, соғлом турмуш тарзига рағбат йўқолади, ота-она билан фарзанд ўртасидаги муносабатларга ҳам футур етади, иқтисодий ҳаёт эса рибо ва қимор билан тўлиб-тошади. Оқибатда гуноҳлар кескин кўпайиб кетади.
Шу боис инсон доимо динга эҳтиёж сезади ва ундан ҳеч қачон беҳожат бўлмайди!
«Ҳанафий мазҳабига теран нигоҳ» китобидан