Ўзбекистон мусулмонлари идорасининг диний-маърифий нашри ҳисобланган “Ҳидоят” журналининг 2018 йилнинг 1-сонидан бошлаб “Болалар саҳифаси” рукни остида болалар учун сабоқлар берила бошланди.
Болалар учун сабоқлар улар тушунадиган лотин ёзувида берилмоқда.
Қуйида ушбу саҳифада болажонлар учун берилган биринчи сабоқ билан танишишингиз мумкин.
Биринчи сабоқ: Табаррук каломлар
Ассалому алайкум, азиз нуридийдалар!
Қани энди “Бисмиллаҳир роҳманир роҳим” деб чўкка тушиб ўтиринг-чи! Нега бундай деймиз, унинг маъносини биласизларми? Унинг маъноси: “Меҳрибон ва раҳмли Аллоҳ номи билан бошлайман” демакдир. Ҳар бир мусулмон фарзанди нима иш қилса ҳам, хоҳ дарс ўқисин ё бирор ишни бошлаётган бўлсин, уйга кираётган ёки дастурхонга ўтириб овқатланаётган бўлсин, хоҳ уйқуга ётаётган ёки кийим кияётган бўлсин, албатта, ана шу сўзларни айтиши керак. “Бисмиллоҳ”сиз бошланган иш баракали бўлмайди. Биз мусулмонлар ҳатто “Бисмиллоҳ” айтилмай сўйилган ҳайвоннинг гўштини емаймиз.
Бундан ташқари, сиз билиб олишингиз керак бўлган яна бир калима бор. У бундай айтилади: “Аъузу биллаҳи минаш шайтонир рожийм”. Маъноси: “Аллоҳ даргоҳидан қувилган шайтоннинг ёвузлигидан паноҳ сўрайман” дегани. Қуръондан бир оят ўқисангиз ҳам, албатта, олдин анашу калимани айтиш керак.
Қуръон ўқиш учун таҳорат қилиш зарур. Таҳорат қилиш унчалик қийин иш эмас. Олдин қўлларингизни уч марта ошиғи билан яхшилаб ювасиз, кейин оғизни уч марта сув билан чайқаб, бош ва кўрсаткич бармоқларингиз билан тишларни ишқайсиз, бурунга уч бор сув тортиб қоқасиз. Кейин юзингизни, пешонадан ияк остигача ва икки қулоқ орасини уч марта яхшилаб ювасиз.
Сўнгра икки қўл билакларини тирсаклар билан қўшиб ювасиз, қўлингизни ҳўллаб бошингизга, қулоқларингизга ва бўйнингизга (сурасиз) масҳ қиласиз. Шундан сўнг оёқларни тўпиғи билан қўшиб, панжалар орасига бармоқ тиқиб яхшилаб ювасиз. Бу амалларни қилиш тартибини ота-онангиздан сўрасангиз, сизларга яхшилаб ўргатишади.
Ҳозирча шулар етарли. Хайр, болажонлар!
Аҳмад Муҳаммад
тайёрлади
Сиз ўзингиз ва фарзандингиз учун диний-маърифий йўналишда билимга эга бўлмоқчи бўлсангиз “Ҳидоят” журналини кузатиб боринг.
Ушбу сабоқларни кузатиб бориш ва журналимизга обуна бўлишни истаганлар ўзлари яшаб турган ҳудуддаги масжидга мурожаат қилишлари мумкин.
Маълумот учун, “Ислом нури” газетаси ва “Ҳидоят” журнали Ўзбекистон мусулмонлари идорасининг диний-маърифий нашрлари ҳисобланади. Бир йиллик обуна нархи “Ислом нури” газетаси учун 36 минг сўм ва “Ҳидоят” журнали учун эса 45 минг сўмни ташкил этади.
ЎМИ Матбуот хизмати
Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳийм
Bag‘rikenglik islom dinining asosiy tamoyillari va axloqiy qadriyatlaridan biri hisoblanadi. Islom dini musulmonlarni boshqa din vakillari bilan go‘zal muomalada bo‘lish, ularga nisbatan bag‘rikeng munosabat o‘rnatish va umumiy tamoyillarga asoslangan do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yishga undaydi.
Alloh taolo aytadi: “Kechirimli bo‘l, yaxshilikka buyur va johillardan yuz o‘gir” (A’rof surasi, 199-oyat). Qur’oni karimning ushbu oyati barchaga birdek bag‘rikeng munosabatda bo‘lishni hamda ushbu tamoyilni qabul qilmagan bilimsiz johillarga e’tibor bermaslikga buyurmoqda.
Shuni ta’kidlash kerakki, Qur’oni karim bag‘rikenglikni ibodat darajasiga ko‘targan hamda uni Allohning roziligiga bog‘liq ekanini ta’kidlagan. Alloh taolo aytadi: “Yo‘q! Kimki yaxshilik qilgan holida yuzini Allohga topshirsa, unga Rabbi huzurida ajr bordir. Ularga xavf yo‘q va ular xafa ham bo‘lmaslar” (Baqara surasi, 112-oyat).
Hadisi shariflarda ham diniy bag‘rikenglikga chaqirilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom boshqa insonlarga nisbatan nafrat, adolatsizlik, erkinlikni cheklash hamda ularning e’tiqodi, irqi, tana rangi yoki millati sababli zulm qilishdan qaytarganlar. Buning misoli u zot alayhissalom Madinaga kirganlarida musulmon bo‘lmaganlar bilan tuzgan shartnomasi bo‘lib, ushbu shartnomada g‘ayridinlar musulmonlar bilan bir xil huquq va burchlarga ega fuqarolar sifatida belgilangan edi. Muhammad alayhissalom sahobalariga ularga yaxshi muomala qilish, yordam berish, himoya qilish va ularga hech qanday zarar yetkazmaslikga buyurdilar. Misol uchun, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Najron qabilasiga mansub nasroniy dinidagi elchilarni kutib olganlarida ularga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatdilar. Hatto ularning ibodat vaqti bo‘lib qolganida, Masjidi nabaviyda ibodatlarini ado etishlariga ruxsat berdilar. Najron elchilari quyosh chiqar tomonga qarab ibodatni boshlab yuborganlarida, Payg‘ambar alayhissalom sahobalariga: “Ularga tegmanglar”, dedilar. Shu tariqa, g‘ayridin elchilar Masjidi nabaviyda ibodatlarini emin-erkin ado etdilar.
Payg‘ambar alayhissalom Najron qabilasi elchilari bilan muloqot olib borganlarida ularga islom dinini majburan taklif etmadilar, balki istasalar o‘z dinlarida qolishlari mjumkinligini aytdilar. Shundan so‘ng Najron elchilari: “Siz ham o‘z diningizda, biz ham o‘z dinimizda qolamiz. Ammo, biz bilan o‘zingiz rozi bo‘lgan sahobalaringizdan birini yuboring, u o‘rtamizda mol-mulklarimizni taqsimlashda hakam bo‘lsin, chunki biz sizga ishonamiz”, dedilar.
Ushbu voqea bir jamiyatda yashayotgan turli din vakillarining taraqqiyot, vatan himoyasi hamda tinchlikni ta’minlashga qaratilgan o‘zaro aloqalariga yaqqol misol bo‘ladi. Islom dini ushbu yo‘nalishlarda boshqa din vakillari bilan mustahkam do‘stlik aloqalarini o‘rnatishga chaqiradi.
Shuni ta’kidlash lozim, islom dini samoviy dinlarning barchasini e’tirof etadi hamda avvalgi payg‘ambarlar olib kelgan risolatlarga nisbatan hurmatda bo‘lishga chaqiradi. Alloh taolo aytadi: “Aytinglar: “Allohga bizga tushirilgan narsaga, Ibrohim, Ismoil, Is’hoq, Ya’qub, asbotlarga tushirilgan narsaga, Muso va Isoga berilgan narsaga va payg‘ambarlarga Rabbilaridan berilgan narsaga iymon keltirdik. Ularning orasidan birortasidan farqlamaymiz va biz Unga musulmonlarmiz” (Baqara surasi, 134-oyat).
Qur’oni karim boshqa din vakillarini islom dinini qabul qilishga majburlashdan qaytaradi. Alloh taolo aytadi: “Agar Rabbing xohlasa, Yer yuzidagi kishilarning hammasi iymonga kelar edilar. Yoki sen odamlarni mo‘min bo‘lishga majburlaysanmi?” (Yunus surasi, 99-oyat). Islom dini boshqalarni dinga kirishga majburlamaslikga buyurish orqali bag‘rikenglikning yuksak namunasini ko‘rsatib bergan.
Qur’oni karimda dinlararo muloqot ziddiyatlarga olib kelmasligi bayon etilgan. Alloh taolo aytadi: “Bugungi kunda sizlarga pok narsalar halol qilindi. Kitob berilganlarning taomi siz uchun haloldir” (Moida surasi, 5-oyat). Boshqa bir oyatda quyidagicha keladi: “Sizlar ahli kitoblarning zulm qilganlardan boshqalari bilan faqat yaxshi uslubda mujodala etinglar va ularga: “Biz o‘zimizga nozil qilingan narsaga iymon keltirdik, bizning ilohimiz va sizning ilohingiz birdir va biz unga bo‘ysunguvchimiz”, denglar” (Ankabut surasi, 46-oyat).
Diniy bag‘rikenglikning namunalaridan biri, barcha din vakillariga adolatli munosabatda bo‘lishdir. Dinlararo adolat tamoyili barcha samoviy dinlarga xos hisoblanadi. Bunga Qur’oni karimning Hadid surasidagi oyat ham dalolat qiladi: “Darhaqiqat, Biz payg‘ambarlarimizni ravshan(narsa)lar ila yubordik va ular ila Kitob hamda odamlar adolatda turishlari uchun mezon tushirdik” (Hadid surasi, 25-oyat). Islom dini jamiyatdagi adolat mezoni qaysi din vakili bo‘lishidan qat’iy nazar barchaga birdek barobar taminlanishi zarurligini ta’kidlaydi. Shuning uchun oyati karimada “musulomlar o‘rtasida” deb emas, balki “insonlar o‘rtasida” deya umumiy tarzda xitob etilgan. Jumladan, Niso surasida aytiladi: “Albatta, Biz sizga Kitobni haq ila odamlar orasida sizga Alloh ko‘rsatganiga hukm qilishingiz uchun tushirdik” (Niso surasi, 105-oyat). Yuqoridagi oyati karimalardan ma’lum bo‘ladiki, islom dinlararo bag‘rikenglikni adolat mezoni bilan tartibga solishga buyurib, insonlarning huquqlarini cheklashni qoralagan.
Diniy bag‘rikenglikning eng muhim tamoyillaridan biri – boshqa din vakillarining e’tiqodlariga hurmatda bo‘lish hamda dinlar o‘rtasidagi turlilik Alloh taolo iroda qilgan hikmati ilohiysi ekanini qabul qilishdir. Boshqalarning e’tiqodlari sabab yuzaga kelgan nafrat va zo‘ravonlikdan voz kechmasdan barqaror va tinch jamiyat qurish amri mahol. So‘nggi o‘n yilliklarda islom olami o‘z harakatlarini islomga nisbat beradigan, biroq ularning faoliyati sof islom ta’limotlaridan juda uzoq bo‘lgan g‘ayriinsoniy fikrlarni qabul qilgan guruhlar faoliyatidan aziyat chekmoqda. Ushbu toifadagi ayrim guruhlar diniy qarashlari o‘zlarinikidan farq qiluvchi har qanday insonni kufrda ayblab, musulmonlarning qonlarini halol sanamoqdalar, ularga nisbatan “jihod” niqobi ostida urush ochmoqdalar. Bu esa, Qur’oni karim va hadisi shariflarda kelgan diniy bag‘rikenglik tamoyillariga mutlaqo ziddir. Jumladan, Qur’oni karimning Mumtahana surasida boshqa din vakillari musulmonlar bilan ularning dinlari uchun urush ochmagunlaricha xushmuomalada bo‘lishga chaqiradi.
Alloh taolo aytadi: “Alloh sizlarni din sababli urush qilmagan va diyorlaringizdan chiqarmaganlarga yaxshilik va adolatli muomala qilishdan qaytarmas. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni yaxshi ko‘radir” (Mumtahana surasi, 8-oyat).
Xulosa qilib aytganda, islom dinlararo bag‘rikenglikka buyurib, uni ibodat darajasigacha ko‘targan. Farovon jamiyat qurishda insonlar o‘rtasida adolat bilan ish yuritishga targ‘ib qilgan hamda bu yo‘lda musulmon va musulmon bo‘lmaganlar teng huquqli bo‘lishiga chaqirgan. Shu bilan birga, Qu’roni karim oyatlari hamda hadisi shariflarda boshqa din vakillari e’tiqod qiladigan narsalariga hurmatda bo‘lishga buyurilgan. Ushbu omillar orqali islom dini bag‘rikenglikni ta’minlashga doir yuksak namuna ko‘rsatgan.
Sherzodjon Umaraliyev,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi katta o‘qituvchisi