Сайт тест ҳолатида ишламоқда!
11 Ноябр, 2024   |   10 Жумадул аввал, 1446

Тошкент шаҳри
Бомдод
05:45
Қуёш
07:07
Пешин
12:12
Аср
15:26
Шом
17:10
Хуфтон
18:26
Bismillah
11 Ноябр, 2024, 10 Жумадул аввал, 1446
Янгиликлар

Президент мустақиллик байрами арафасида 522 кишини афв этди

30.08.2024   4752   1 min.
Президент мустақиллик байрами арафасида 522 кишини афв этди

Инсонпарварликнинг юксак намунаси

Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёев энг азиз умуммиллий байрамимиз – Ватанимиз мустақиллиги эълон қилинганининг ўттиз уч йиллигини нишонлаш арафасида давлатимиз томонидан олиб борилаётган гуманистик сиёсатнинг амалий тасдиғи сифатида “Жазо муддатини ўтаётган, қилмишига чин кўнгилдан пушаймон бўлган ва тузалиш йўлига қатъий ўтган бир гуруҳ шахсларни афв этиш тўғрисида”ги Фармонни имзолади.

Фармонга мувофиқ, Ўзбекистон Республикаси Конституциясининг 109-моддаси 23-бандига асосан жазо муддатини ўтаётган ҳамда қилмишига чин кўнгилдан пушаймон бўлган ва тузалиш йўлига қатъий ўтган 522 нафар шахс афв этилди.

Афв этилган шахсларнинг 159 нафари асосий жазодан озод этилди, 303 нафари жазони ўташдан муддатидан илгари шартли озод қилинди, 60 нафарининг озодликдан маҳрум этиш жазоси енгилроқ жазо билан алмаштирилди. 

Афв этилганларнинг  19 нафарини чет эл фуқаролари, 56 нафарини аёл, 25 нафарини 60 ёшдан ошган эркак, 233 нафарини ёшлар (шулардан, 1 нафари вояга етмаган) ҳамда 27 нафарини тақиқланган ташкилотлар фаолиятида қатнашган шахслар ташкил этади.

Фармон ижроси юзасидан афв этилган шахсларни оиласи ва яқинлари бағрига қайтариш, ижтимоий ҳаётга мослашиб, фойдали меҳнат билан шуғулланишлари, соғлом турмуш тарзини йўлга қўйиб, жамиятда муносиб ўрин топишлари учун уларга кўмак бериш бўйича масъул вазирлик ва идораларга тегишли топшириқлар берилди.

ЎзА

Ўзбекистон янгиликлари
Бошқа мақолалар

Zamzamning hikoyasi

4.11.2024   1460   8 min.
Zamzamning hikoyasi

Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳийм.
Аллоҳ таолога битмас-туганмас ҳамду санолар бўлсин.
Пайғамбаримизга мукаммал ва батамом салавоту дурудлар бўлсин.

Siz men haqimda koʻp eshitgansiz. Mening makonim – Allohning uyi Kaʼbatullohdir. Shuning uchun haj va umra safariga borgan hojilar meni oʻzlari bilan olib kelishadi, yaqinlari va qoʻni-qoʻshnilariga, ayniqsa, siz bolajonlarga bir hoʻplamdan boʻlsa-da ulashishadi. Meni shunchaki emas, qiblaga qarab, niyat qilib iching. Buning sababi Paygʻambarimiz alayhissalom: «Zamzam suvi nima uchun ichilsa, shuning uchundir», deganlar. Sarvari koinot shu bir ogʻiz gaplari bilan mening oddiy suv emasligimni ummatlariga yetkazganlar. Aytaylik bir odam bemor boʻlsa-yu, meni shifo niyatida ichsa, Alloh uning dardiga shifo beradi. Boshida bir tashvishi bor kishi oʻsha mushkuli oson boʻlsin deb ichsa, Alloh uning mushkulini oson qiladi. Chanqogʻim qonsin desa, chanqogʻi qonadi. Yeyishga hech vaqosi yoʻq insonga ovqat oʻrniga oʻtaman va hokazo. Paygʻambarimiz alayhissalom meni hamisha eʼzozlab, sevib ichganlar va safarlarda oʻzlari bilan olib yurganlar. Bu men uchun ulugʻ sharaf  boʻlgan.

Endi sizga yer bagʻridan bu yorugʻ dunyo yuziga qanday qilib chiqqanim haqida gapirib bersam. Allohning doʻsti va paygʻambari Ibrohim alayhissalom haqlarida eshitgan boʻlsangiz kerak. U kishi oxirgi zamon paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning katta bobolari boʻladilar. U kishining bibi Sora va bibi Hojar ismli ayollari boʻladi. Ikkovlaridan bittadan oʻgʻil koʻradilar. Bibi Soradan koʻrgan oʻgʻliga Isʼhoq, bibi Hojardan koʻrgan oʻgʻliga Ismoil deb ism qoʻyadilar.

Bir kuni Ibrohim alayhissalom bibi Hojar onamiz bilan chaqaloq Ismoilni olib, yoʻlga tushadilar. Yoʻl yursalar ham moʻl yurib, hozirgi Kaʼbatullohning oʻrniga kelib qoladilar. Ibrohim alayhissalom bibi Hojar onamiz bilan Ismoilni bir xalta xurmo va bir mesh suv bilan shu yerda qoldirib, orqalariga qaramay keta boshlaydilar. Shunda Hojar onamiz: «Ey Ibrohim! Bizni kimsasiz, biror narsa ham unmaydigan vodiyga tashlab, qayoqqa ketmoqdasiz?» deganlarini yer tagida turib eshitdim. Ammo Ibrohim alayhissalom javob bermadilar. Hojar onamiz yana: «Alloh sizga shuni buyurdimi?» deb so‘radilar. «Ha» degan javob boʻldi. «Undoq boʻlsa U Zot bizni shu holimizda tashlab qoʻymaydi», dedilar Hojar.

Shunday qilib Hojar onamiz oʻzlari bilan chaqaloq Ismoilni Allohning ixtiyoriga topshirdilar. Toʻrvadagi xurmo ham, meshdagi suv ham tugadi. Aksiga olib kun tobora qizdirar, Ismoil chanqab, holsizlanib chirillab yigʻlar edi. Bu paytda ular uncha baland boʻlmagan Safo togʻida turardilar, ancha narida Marva togʻi bor edi. Hojar onamiz shu toqqa chiqib qarasam biror kimsa koʻrinarmikan deb shu yoqqa chopdilar. Koʻzlariga suv koʻrindi. Borsalar hech kim yoʻq, koʻringan narsa suv emas sarob ekan. Hojar onamiz Allohga yolvorib, ilinj va umidda yetti marta Safo va Marva oraligʻida yelib-yugurdilar. Shunda men Allohning amri bilan Ismoilning chirillab yigʻlab tovonchalarini yerga urgan joydan sizib chiqdim. Oh, yorugʻ dunyo, ey murgʻak chaqaloq meni ichaqol, tashnaligingni qondir, deb yubordim Shu damda Hojar onamizni koʻrsangiz edi. Axir men aldamchi sarob emas haqiqiy suv edim-da. Onayizor xursandligidan kulib yigʻlar, yigʻlab kular edi. Shoshganlaridan «zam-zam» – toʻxta-toʻxta deb, qum bilan yoʻlimni toʻsdilar. Hovliqib hovuchlarida olib yonlaridagi boʻshab qolgan meshga sola boshladilar. Meni hozir tugab qoladi deb qoʻrqardilar-da.

Keyinchalik mana shu holat haqida Paygʻambarimiz shunday degan edilar: «Alloh Ismoilning onasini rahmat qilsin. Agarda zamzamni tek qoʻyganida yoki suvni hovuchlab olmaganida zamzam koʻrinib turadigan buloq boʻlar edi». Darhaqiqat, Hojar onamiz «Toʻxta, toʻxta» deganlaridan keyin Allohning amri bilan toʻxtadim, hovuchlab olganlaridan keyin, oqib turadigan buloqqa emas, quduqqa aylanib qoldim. Odamlar meni “zamzam qudugʻi” deydigan boʻldilar va meshda tortib olib, ichadigan boʻldilar. Kelajakda mashhur Zamzam qudugʻi boʻlib qolishim mumkinligini hali bilmasdim.

Bir vaqt oʻtib Ibrohim alayhissalom qaytib keldilar. Bu paytda oʻgʻli Ismoil katta yigit boʻlib qolgan edi. Oʻgʻillari bilan shundoqqina yonimga Baytulloh – Allohning uyini qurdilar va odamlarni Allohning uyini tavof qilishga chaqirdilar. Haj amallari boshlanib ketdi. Men hojilarga xizmat qilayotganimdan, taqdirimdan mamnun edim. Biroq...

Ha, buni hayot deb qoʻyibdilar, unda hamma narsa boʻlishi mumkin. Turmushda nimaiki yaxshi yoki yomon narsa boʻlsa unga koʻproq odamlar sababchi boʻlar ekan. Gap shundaki bu yerda suv paydo boʻlganini koʻrgan Jurhum qabilasi Makkaga kelib, turgʻun boʻlib qoldi. Ammo keyinchalik bu qabila odamlari koʻp noma’qul ishlarni qila boshladilar. Allohning uyi Kaʼbatulloh joylashgan muazzam manzilda yashayotganlarini unutib qoʻydilar. Hojilarga qoʻpollik qila boshladilar. Natijada Allohning amri bilan men quridim, axlatxonaga aylanib, koʻzim koʻmilib ketdi. Oh, oh... shundoq suv-a, hojilar armonda qoldilar. Unda quduq yana qachon ochildi, deb soʻrarsiz? Eshiting, bu juda qiziq. Bir kuni Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning bobolari Abdulmattolib Kaʼbatullohning yonida uxlab yotardilar. Tushlarida birov:

– Taybani kavla! – dedi.

– Tayba nima? – soʻradilar Abdulmuttolib.

Javob boʻlmadi. Ertasiga yana oʻsha joyda uxlab yotganlarida:

– Barrani kavla! – degan ovoz eshitildi.

– Barra nima?

Yana javob boʻlmadi. Uchinchi kuni yana shu hol takrorlandi.

– Maznunani kavla!

– Maznuna nima?

Yana jimlik. Ajabo, keyingi kun ham bu hol qaytalandi.

– Zamzamni kavla!

Muborak nomimni eshitib yer qoʻynida bir toʻlgʻanib oldim. Allohdan amr boʻlib «kavla» deyilyaptimi, demak, men yana yer yuziga chiqaman.

– Zamzam nima? – deb Abdulmuttolib yana savol qildilar.

Bu gal javob boʻldi:

– U hech qurimas va ta’mi buzilmas. Koʻp hojilarni sugʻoradi. U tezak va qon bor joyda. Qargʻa yer choʻqiyotgan joyda. Chumoli bor joyda...

Ana shunaqa, Alloh bir paytlar meni yer betiga chiqarib, odamlarga rizq qilib bergan joyni, hayvonlarni soʻyib qonini oqizadigan, tezaklarni olib kelib toʻkadigan, qargʻalar goʻng titadigan joyga aylantirib qoʻyishgan edi.

Shunday qilib hazrat Paygʻambarimizning bobolari bir necha kun jidd-u jahd bilan ishlab, menga yetishdilar va «Allohu akbar!» deb yubordilar. Shunday qilib dunyoga ikkinchi bor qayta keldim. Mana bir yarim ming yildan ortiqroq vaqt boʻlyaptiki, hojilar hizmatidaman. Har yili hajga, umraga necha necha millionlab odamlar kelishadi. Mendan qonib-qonib ichishadi va yana oʻzlari bilan olib ketishadi. Lekin men kamaymayman. Qaynab chiqaveraman. Alloh meni ana shunaqa barokatli qilib qoʻygan. Allohning uyini tavof qilgani keling, oʻzim kutib olaman. Dardingiz boʻlsa malham boʻlaman, chanqagan boʻlsangiz qondiraman, xohlasangiz taom boʻlib qorningizni toʻydiraman, xullas, xizmatingizdaman.

Erkin bobo
«Hilol» jurnali 3(60) son