Сайт тест ҳолатида ишламоқда!
30 Сентябр, 2024   |   27 Рабиъул аввал, 1446

Тошкент шаҳри
Бомдод
05:01
Қуёш
06:19
Пешин
12:18
Аср
16:20
Шом
18:09
Хуфтон
19:22
Bismillah
30 Сентябр, 2024, 27 Рабиъул аввал, 1446
Мақолалар

Rasulullohning ﷺ go'zal xulqlari

20.09.2024   2751   3 min.
Rasulullohning ﷺ go'zal xulqlari

Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳийм

Alloh taolo Qur’oni Karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqida: “Biz seni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik” (Anbiyo surasi, 107-oyat) — deb marhamat qiladi. Bu oyat u zotning insoniyat, jonzotlar va butun mavjudot uchun in’om va rahmat ekanliklarini ifodalaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha insonlarga rahmat ekanliklari nafaqat ularning keltirgan shariati, balki o‘zlarining go‘zal axloqi mehribonliklari muruvvatlari orqali ham namoyon bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari — insonlarga va barcha mavjudotlarga yaxshi munosabat ko‘rsatish, rahm-shafqatli bo‘lish, kibr va g‘ururdan yiroq bo‘lib, halimlik va kechirimlilikni targ‘ib qilishda o‘z aksini topgan. U zotning hayotlari siyratlari insonlarga namuna bo‘lib, har bir musulmon u zotning go‘zal xulqlari bilan xulqlanib, dunyo va oxiratda saodatga erishishi mumkin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari va ularga ergashishning ahamiyati.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoga nafaqat shariat qonunlarini olib kelgan, balki insonlarga axloqiy komillikni go‘zal xulqlarni ham o‘rgatganlar U zotning

 Mehribonlik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqat musulmonlarga emas, balki barcha insonlarga hatto dushmanlarga ham mehribon bo‘lganlar. Ularga yaxshilik qilish va sabr bilan muomala qilish, ularning qalblarini o‘ziga qaratishga undalgan.

 Kechirimlilik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘pincha o‘zlariga nisbatan qilingan yomonliklarga sabr qilib kechirib yuborganlar. Makka fath qilinganda u zot dushmanlarini ham afv qilganlar.

 Halimlik va kamtarlik. Har qancha oliy darajada bo‘lishlariga qaramay Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hech qachon kibrlanmaganlar. Hamisha oddiy va halol hayot kechirganlar, kambag‘allarga, yo‘qsillarga yordam berishga intilganlar.

 Adolat va to‘g‘rilik. U zot adolatni hech qachon chetlab o‘tmaganlar hatto o‘zlariga yoki yaqinlariga nisbatan ham adolatni ustuvor qo‘yganlar.

Oxirat saodatiga erishish garovi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashish dunyoda ham, oxiratda ham saodatga erishishning asosiy yo‘lidir. Inson o‘z xulqi va odob-axloqi bilan nafaqat o‘zining, balki jamiyatning ham farovonligiga hissa qo‘shadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari insonlarga haqiqiy ma’naviy va axloqiy yo‘lni ko‘rsatadi.

Alloh taolo Qur’onda “Albatta sizlarga Allohning Rasulida go‘zal bir namuna bor” (Ahzob surasi, 21-oyat) — deb u zotning barcha ishlarida va xulqlarida go‘zal namuna borligini ta’kidlaydi.

Shunday ekan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari bilan xulqlanish — dunyo va oxiratdagi muvaffaqiyat va saodatning garovidir. Ular kabi rahmdil, adolatli, kechirimli va halim bo‘lish har bir musulmonning burchidir. Bu xulqlar bilan yashagan kishi nafaqat o‘z hayotini yaxshilaydi, balki jamiyatdagi adolat, hamjihatlik va tinchlikka ham hissa qo‘shadi.

Imron Bekov
Mir Arab oliy madrasasi talabasi

Бошқа мақолалар

50 йиллик намозимизни қайтадан ўқиймиз

27.09.2024   3411   2 min.
50 йиллик намозимизни қайтадан ўқиймиз

Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳийм

Ривоят қилишларича, Абу Юсуф раҳимаҳуллоҳга Ҳотамул Асом деган зот масжидда зуҳддан маъруза қилаётган эмиш деган хабар келди. Шунда у киши шогирдларига: қани бориб эшитайликчи, нималар ҳақида гапираётган экан, деб масжидга бордилар ва Ҳотамул Асомга: “Эй йигит, менга намоз ҳақида гапириб бер”, дедилар.

Ҳотамул Асом: “Намознинг одоблари ҳақида айтиб берайми ёки унинг кайфияти ҳақида сўраяпсизми?” деди.

Абу Юсуф унинг бу гапидан таажжубга тушдилар ва ичларида: “Биз ундан битта нарсани сўрасак, у иккита нарсани айтмоқчи”, дедилар. “Майли бизга намознинг одоблари ҳақида айтиб берақол”, дедилар.

Ҳотамул Асом сўз бошлади: “Намознинг одоблари будир: Яратганнинг амрига итоат этиб ўриндан турмоқлик, савоб умидида намозгоҳга бормоқлик, ният ила намозга кирмоқлик, Аллоҳни улуғлаб такбир айтмоқлик, тартил билан қироат қилмоқлик, хушуъ ила рукуъ қилмоқ, хузуъ ила саждага йиқилмоқ, ихлос билан ташаҳҳуд айтмоқ, раҳмат тилаб салом бермоқ”, деди.

Абу Юсуф раҳимаҳуллоҳ: “Энди намознинг кайфияти ҳақида гапириб бер”, дедилар.

Ҳотамул Асом сўз бошлади: “Каъбани икки қошингиз орасига оласиз, мезонни кўз ўнгингизга келтирасиз, сирот кўпригини оёғингиз остига, ўнг ёнингизга жаннатни, чап ёнингизга дўзахни келтирасиз, ортингизда эса, ўлим фариштаси пойлаб юрибди. Ана шундан кейин намозингиз қабул бўлдими ёки рад этилдими, шуни ўйлайсиз”, деди.

Абу Юсуф сўрадилар: “Сен қачондан бери намозни шундай кайфиятда ўқийсан?”.

Ҳотамул Асом: “Йигирма йилдан бери шундай намоз ўқийман”, деб жавоб берди.

Шундан кейин Абу Юсуф раҳимаҳуллоҳ шогирдлари томон ўгирилиб: “Юринглар, бориб эллик йиллик намозимизни қайтадан қазо қилиб ўқиб оламиз”, дедилар.

Ҳомиджон домла ИШМАТБЕКОВ