"Duoda qo'llarni yuqoriga ko'tarish bandalikka oid xususiyatdir. Ko'zlar osmonga qaratish hikmatini Allohning o'sha tarafda ekanligi bilan bog'liq ekanligiga ishongan kishi, namozda va shunga o'xshash (sajda) vaqtida nazarini erga qaratganda Allohning Yerning ostida ekanligiga ishongan kishi kabidir.
Yana u namozda Qiblaga yuzlanish uchun to'g'riga yoki g'arbga, yoki haj ibodati uchun Makkaga yuzlangan kishi Allohning o'sha tarafda ekanligiga ishongan kishiga o'xshab qoladi.
Alloh taolo esa bu narsalarning barchasidan pokdir. Alloh taolo nazdida hech bir taraf boshqa tarafdan yanada yaqin yoki ilmi bilan qamrab olishga qulayroq emas. Maxluqotlar Unga etishishi uchun biror tarafni tanlash qudratiga ega emaslar... Hech bir kishining zehnida taraflarning biri yoki boshqasi orqali Unga etishish fikri kelmaydi, faqatgina Allohni to'g'ri tanimagan kishigina (bunday adashishi mumkin)"
Imom Moturidiy rahimahullohning "At-Tavhid" kitobidan
Izoh:Soxta salafiylar Alloh taoloning yuqori tarafda ekanligini isbotlash uchun "duolarimizda qo'limizni osmonga ko'taramiz" deb aqliy dalil keltirmoqchi bo'ladi. Vaholanki, ularning o'zlari dinda aqliy dalillarga suyanmaslik kerakligini da'vo qiladigan kishilar edi.
Ana shunday kishilarning "aqliy" dalillariga Imom Moturidiy rahimahulloh yuqoridagidek fikrlar bilan raddiya beradilar.
«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumining uchinchi yalpi sessiyasi 26 avgust kuni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati» mavzusida bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada Qur’on merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, xattotlik, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanish masalalari o‘rin olgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Asosiy loyihalardan biri — «114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi» bo‘ladi. Uni Mueller & Schindler nashriyot uyi vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm taqdim etdi. Shuningdek, sessiyada «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar» xalqaro loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Uni Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov taqdim qildi.
Sankt-Peterburg hujjatli filmlar studiyasi bosh direktori Aleksey Telnov «Yagona tarixiy meros sahifalari» loyihasi doirasida yaratilgan «Masjid» filmining treylerini namoyish etdi. Islomshunos va madaniyat arbobi Ketlin Gyobel ishtirokchilarni «Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash» noshirlik loyihasi bilan tanishtirdi.
Alohida blok yangi texnologiyalarga bag‘ishlanadi. Sberbank Istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi ijrochi direktori Vladimir Kox hamda Islom sivilizatsiyasi markazi professori, bosh ilmiy xodimi Zohidullo Munavvarov «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasini taqdim etadi. Dasturdan, shuningdek, «Payg‘ambarning fazilatlari» kitobi va «O‘zbekiston tarix xaritasida: imperiyalar, sivilizatsiyalar, davrlar» loyihasi ham o‘rin olgan.
Xalqaro munozara «Jaholatdan ma’rifat sari: stereotiplar va islomofobiyani bartaraf etishda medianing o‘rni» mavzusida o‘tkaziladi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Orif «Jurnalistikada tarix va sun’iy intellekt: merosni onlayn makonda qanday saqlash mumkin?» loyihasini, Islom sivilizatsiyasi markazi media bo‘limi rahbari O‘ktam Usmanov esa «O‘zbekistonni dunyoga mashhur qilgan olimlar» kitobini taqdim etadi. Sessiya «Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» taqdimoti bilan yakunlanadi. Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih turli mamlakatlar va islom xattotlik maktablari an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’onni yaratish bo‘yicha xattotlar o‘rtasidagi Jahon tanlovini e’lon qiladi.
Forumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi. Unda deyarli 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafar vakili — mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati