I. Tanlovda qatnashish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
1. Tashkilotning guvohnomasi, rahbar shaxsning pasport nusxasi
2. Tijorat banklardan K-2 shakldagi ma'lumotnoma
3. Nimcha (kamzul) va sumka namunalari
4. Tijorat taklifi
5. Korxonaning bankdagi so'nggi bir yillik pul mablag'lari aylanmasi haqida ma'lumotnoma
6. Bog'lanish ma'lumotlari
7. Amaldagi qonunchilikka muvofiq qo'shimcha hujjatlar talab etilishi mumkin.
II. Mahsulotlarga qo'yilgan talablar
1. Erkaklar nimchasi
O'lchamlari 50-52-54-56-58 bo'lishi, tugmali, kiyimning orqa tomonida O'zbekiston bayrog'ining tasviri va UZBEKISTAN yozuvi bo'lishi, og'irligi 190-220 gramm zichlikda bo'lib, rangi moviy bo'lishi lozim. Old tomonida uchta cho'ntak bo'lib, yuqori chap cho'ntak ustiga O'zbekiston musulmonlar idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazining logotipi tushirilishi kerak.
2. Ayollar nimchasi
O'lchamlari 50-52-54-56-58 bo'lishi, tugmali, kiyimning orqa tomoniga O'zbekiston bayrog'ining tasviri va UZBEKISTAN yozuvi tushurilishi, og'irligi 190-220 gramm zichlikda bo'lib, rangi moviy bo'lishi kerak. Old tomonida ikkita cho'ntak bo'lib, yuqori chap qismida O'zbekiston musulmonlar idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazining logotipi tushirilishi lozim.
3. Sumka
Yorqin ko'k rangda bo'lib, og'irligi 250-280 gramm zichlikdagi matodan tikilishi, yon tomonida suv olib yurishga mo'ljallangan cho'ntak bo'lishi, old tomonida esa telefon uchun cho'ntak va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar uchun shaffof cho'ntak joylashgan bo'lishi talab etiladi.
Tanlovda ishtirok etmoqchi bo'lgan korxona va tashkilotlar 2023 yil 14 dekabr' kuniga qadar mazkur hujjatlarni O'zbekiston musulmonlari idorasiga taqdim etishi zarur.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Qorasaroy ko'chasi, 47-uy. Telefonlar: 71-240-04-75.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Savol: Biz tomonlarda o‘g‘il farzand uchun qilinadigan sunnat (xatna) to‘yiga kelinning otasi yoki aka-ukalari so‘qim (so‘yiladigan qoramol) olib borishlari shartdek bo‘lib qolgan. Hatto bu narsa kelin tarafdagilarning burchi degan tushuncha ham bor. Shuning uchun ayrim hollarda ba’zi otalar nevarasini sunnat to‘yiga yerini sotish yoki katta qarzlarni olishgacha majbur bo‘layapti. Shu ishlar dinimizda bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xatnani bor ekanligi barchaga ma’lum va bu uchun ziyofat qilib berish ham bor. Ammo bu narsa farz yoki vojib, hatto sunnat ham emas, balki u ayrim sahobiylarning shunchaki odati bo‘lgan. Lekin u hozirgi kunda avj olgandek bema’ni dabdabozlik bilan emas, balki tor doirada kamtarona dasturxon yozib o‘tkazilgan.
Demak, aslida sunnat ham bo‘lmagan ushbu “to‘y”ga so‘qim olib kelish qiz tomonning burchi deyish mantiqsiz ekani ko‘rinib turibdi. Buni johilona hoyu havas ortidan paydo bo‘lgan xurofot desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Aynan mana shunaqa tayini yo‘q “majburiyat”lar tufayli qanchadan-qancha oilalar jabr ko‘ryapti va hatto ayrim oilalar “so‘qim qilinmagani yoki olib kelingan so‘qimning kichkinaligi” sababidan buzilib ketishgacha ham bormoqda.
Dinimizda hadya ulashishga targ‘ib qilingan. Ammo bu chin yurakdan hamda beruvchiga malol kelmasdan amalga oshirilishi kerak.
Shunday ekan, kuyov tomonga yuboriladigan novvoslarni hadya deb bo‘lmaydi. Chunki bu narsa oshkora yoki zimdan qilingan talab yoki kelin tomonning odamlardan uyalib yoxud “qizim xijolat bo‘lmasin”, deb qiladigan “sovg‘asi” bo‘ladi. Kuyov tomonning kelin tomonga bunday talablar qo‘yishi katta xato va gunoh sanaladi. Qolaversa, chin ko‘ngildan berilmagan narsani yeyish ham shubhali hisoblanadi. Zero Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
لا يحل مال امرئ مسلم الا عن طيب نفسه رواه احمد
“Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Shunday ekan, bunday ishga chek qo‘yish lozim. Agar qilmoqchi bo‘lsalar, kuyov tomon imkoni darajasida o‘zlari qilsinlar. Agar imkonlari bo‘lmasa, qaynotani zimmasiga yuklamasliklari lozim. Imkon bo‘lmagani uchun bu kabi ehsonni qila olmasa, gunohkor bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.