Jome masjidimizning muazzini, xushovoz hofizi Qur'on – Nurullloh qori domlamizning akalari – Namangan shahar, “Shodibek” jome masjidi imom noibi, olim va hofizi Qur'on – Ahmadali domla Ubaydullayev vafot etgani munosabati bilan ta'ziya uchun qutlug' xonadonlariga borib, marhumning yaqinlariga ta'ziya izhor etdik va Qur'on tilovati ortidan duolar qildik.
Sobiq muazzinimiz, marhumning katta ukalari Yunusjon qori domlamiz ko'zlarida yosh bilan quyidagilarni so'zlab berdi:
"Qori akam bilan janoza namoziga ketayotgan edik. Akam menga "Janozaga kech qolmaylik, Yunusjon!" dedilar va biroz vaqt o'tar-o'tmas toblari qochib qoldi. Shu bois ularni to'g'ri uyga olib keldim. Akam menga qarab: "Yunusjon, qo'limdan tut!" dedilar. Ularning qo'llarini tutishim bilan: "Ashhadu allaa ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan 'abduhu va rosuluhu”, deya shahodat ila omonatlarini topshirdilar...
Amaldagi muazzinimiz, marhumning kichik ukalari Nurulloh qori domlamiz quyidagi holatni so'zlab berdi: "Dafndan keyin bir kishi oldimizga keldi va ta'ziya izhor etib, shunday so'zlarni aytdi: "Uxlab yotgan edim, tushimda bir qancha mo''tabar olimlar davrasida o'tirgan ekanman. Shunda kimdir menga: "Jannat ahlining janozasiga bormaysanmi?" dedi. Uyqudan turib so'rab bilsam, qori domlamiz vafot topgan ekanlar. Avtoulovimni ikki kilometr masofa nariga amallab joylab, janozaga etib keldim. Aslida men ularni deyarli unchalar yaxshi tanimayman, yo'lim tushganida ortlarida atigi besh marotaba juma namozini o'qiganman. Shu so'zni Sizlarga aytmasdan keta olmadim"...
So'zlari davomida muftiyimiz Nuriddin domla Holiqnazarov hazratimiz ham alohida telefon orqali ta'ziya izhor etib, xayrli duolar qilganlarini mamnuniyat ila bildirdilar.
Alloh taolo barchamizga xayrli va go'zal xotima nasib etsin, olim va hofizi Qur'on – Ahmadali domlamizni Alloh taolo O'z rahmatiga musharraf etsin!
Nurali MAVLANOV,
"Abu Bakr Siddiq" jome masjidi imom-xatibi
Shu yil 28 aprel kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbasiddinov boshchigida viloyat vakilligi xodimlari, tuman-shaharlar bosh imom-xatiblari va “Haj – 2024” ziyoratchilaridan iborat ishchi guruhi a’zolari uchun Pop tumanidagi “Kichik Xo‘jabod“ jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda Pop tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tavsiya va ko‘rsatmalar berilib, Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
1. Imom-xatib “Haj – 2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etish;
2. Imom-xatibning masjidni boshqarish faoliyatini yaqindan o‘rganish va unga ko‘mak berish;
3. Imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish.
Yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha Ishchi guruh a’zolari Pop tumanida ish olib bordi.
Shuningdek, Ishchi guruh a’zolari Pop tumanidagi masjidlar hududidagi mahalliy xonadonlarga kirib, ularning hol-ahvoli so‘raldi. Xususan, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, muammolari o‘rganildi, taklif, fikr-mulohazalari tinglandi va keksalardan yurtimiz haqqiga duoi hayrlar olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati