Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Dekabr, 2024   |   29 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:25
Bismillah
29 Dekabr, 2024, 29 Jumadul soni, 1446

05.11.2021 y. Payg'ambarimiz alayhissalomning so'ngi vasiyatlari

2.11.2021   5506   18 min.
05.11.2021 y. Payg'ambarimiz alayhissalomning so'ngi vasiyatlari

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ لِلَّهِ رب العالمين وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ اَمَّا بَعْدُ:

 

 PAYG'AMBARIMIZ ALAYHISSALOMNING SO'NGI VASIYaTLARI

(Vidolashuv hajdagi xutbalari)

 

Muhtaram jamoat! Islom tarixidan ma'lumki, o'ninchi hijriy sanada Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o'zlarining Islomdagi birinchi va oxirgi hajlarini qildilar. Bu haj “vidolashuv haji” deb nomlanishining sababi, Payg'ambarimiz alayhissalom undagi hatti harakatlari va aytgan so'zlari bilan bu vidolashuv va xayrlashuv haji ekanini bildirdilar. Haqiqatan ham, ushbu hajdan keyin Rasululloh alayhissalom ikki oydan ozgina o'tib, bu foniy dunyodan boqiy dunyoga safar qildilar.

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni haj qilishlari xabari tarqagach, Madina atrofidagi musulmonlar Rasululloh alayhissalom bilan birga haj qilishga otlandilar. Natijada vidolashuv hajida bir yuz qirq mingdan ortiq musulmonlar ishtirok etdilar. Bu o'sha vaqtlar o'lchovida misli ko'rilmagan katta jamoa edi. Mana shu haj asnosida Payg'ambarimiz alayhissalom Arofotda turib, biz ummatlarga Qiyomat kunigacha dars bo'ladigan, eng muhim va zarur masalalarga qisqacha to'xtalib o'tdilar. Odatda ota yoki ona vafotidan oldin o'z farzandlariga nasihat qiladigan bo'lsa, qalbining eng to'ridagi va unga tugib qo'ygan eng qimmatli so'zlar bilan nasihat qiladi. “Vidolashuv haji”dagi xutbada ham Rasululloh alayhissalom sizu biz ummatlariga qalblarining to'ridagi qimmatbaho nasihatlarni qilganlar. Ibn Hishomning “As-siyratun nabaviya” kitoblari asosida ushbu nasihatdan ba'zilari quyida bayon qilinadi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytdilar:

 أَيُّهَا النَّاسُ، اسْمَعُوا قَوْلِي، فَإِنِّي لَا أَدْرِي لَعَلِّي لَا أَلْقَاكُمْ بَعْدَ عَامِي هَذَا بِهَذَا الْمَوْقِفِ أَبَدًا 

ya'ni: “Ey, odamlar! Gaplarimga quloq solinglar, chunki shu yildan keyin yana bu joyda sizlar bilan uchrashmasligimiz mumkin”. 

Darhaqiqat, bu nasihat o'ninchi hijriy (milodiy 631) sananing Zulhijja oyida bo'lgan bo'lsa, Rasululloh alayhissalom o'n birinchi hijriy sananing Rabiul avval oyi 12 sanasida vafot etdilar.

 أَيُّهَا النَّاسُ، إِنَّ دِمَاءَكُمْ وَأَمْوَالَكُمْ وَأَعْرَاضَكُمْ عَلَيْكُمْ حَرَامٌ 

ya'ni: “Ey, odamlar! Qoningiz, molingiz va obro'-e'tiboringiz bir-biringizga haromdir!”.

Rusululloh alayhissalomning ushbu muborak nasihatlaridan musulmonning qonini to'kish, molini nohaq o'zlashtirib olish va obro'sini to'kish harom ekani ma'lum bo'ladi. Afsuski, hozirgi kunda bu muborak nasihatdan bexabar ba'zi shaxslar gunoh ish qilgan kishini kofir deb, uni qoni va molini halol sanamoqda. Vaholanki, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadisi shariflarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday dedilar:

ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ

رَواهُ الإمامُ مسلم عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه

ya'ni: “Uch narsa imonning aslidandir.“La ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo'lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya'ni, haqiqiy mo'min-musulmon boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, uni qilgan amali sababli unga “mo'min emas” degan so'zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Shuningdek, Rusululloh alayhissalomning yuqoridagi muborak nasihatlaridan xabari yo'q ba'zi yoshlar ijtimoiy tarmoqlar orqali to'g'ri kelgan kimsani g'iybat va bo'hton qilib, qanchadan-qancha musulmonlarning obro'sini to'kib, go'yo ijtimoiy tarmoqlar orqali g'iybat va bo'hton qilishga ruxsat bordek, harom ish qilmoqdalar. Vaholanki, g'iybat ijtimoiy tarmoqda bo'ladimi yoki undan boshqa joyda bo'ladimi, farqi yo'q – haromdir.

فَاعْقِلُوا أَيُّهَا النَّاسُ قَوْلِي، وَقَدْ تَرَكْتُ فِيكُمْ مَا إنْ اعْتَصَمْتُمْ بِهِ فَلَنْ تَضِلُّوا أَبَدًا ، كِتَابَ اللَّهِ وَسُنَّةَ نَبِيِّهِ

ya'ni: “Shunday ekan, ey odamlar, mening so'zlarimga e'tibor bering! Men sizlarga shunday narsani qoldirdimki, agar uni mahkam ushlasangiz, hech qachon adashmaysiz. Bu narsa – Qur'oni karim va hadisi sharifdir!”.

Afsuski, hozirgi kunda ba'zilar oyati karima va hadisi shariflarni o'z ra'ylaricha tafsir va tarjima qilib, ba'zi diniy atamalarni noto'g'ri talqin qilib, o'zlarini g'arazli maqsadlarini amalga oshirishga urunmoqdalar. Natijada o'zlari adashib, boshqalarni ham adashtirmoqdalar. Vaholanki, Qur'oni karim va hadisi shariflar bizni to'g'ri yo'lga boshlaydigan eng katta va eng to'g'ri dasturul amal hisoblanadi. Shuning uchun oyatlarni tafsir qilish va hadislarni sharhlashni o'z ra'yimizga topshirmasdan, balki sahobai kiromlar, tobe'inlar va ulardan keyingi mujtahid va ulug' zotlarning tafsir va tarjimalariga murojaat qilsak, to'g'ri yo'lda bardavom bo'lamiz, inshalloh.

 أَيُّهَا النَّاسُ، اسْمَعُوا قَوْلِي وَاعْقِلُوهُ، تَعَلَّمُنَّ أَنَّ كُلَّ مُسْلِمٍ أَخٌ لِلْمُسْلِمِ، وَأَنَّ الْمُسْلِمِينَ إخْوَةٌ

 فَلَا يَحِلُّ لِامْرِئِ مِنْ أَخِيهِ إلَّا مَا أَعْطَاهُ عَنْ طِيبِ نَفْسٍ مِنْهُ

ya'ni: “Ey, odamlar! Gaplarimga quloq soling va tushuning! Bilasizki, har bir musulmon musulmonga birodardir. Musulmonlar o'zaro birodardirlar. Shunday ekan, kishiga birodari chin ko'nglidan rozi bo'lmaguncha, uning moli halol bo'lmaydi”.

Bir qancha oyati karima va hadisi shariflarda musulmon musulmonga birodar va aka-uka ekani bayon qilingan. Agar biz ushbu ilohiy ko'rsatmani yaxshi tushunib etsak va shunga amal qilsak, o'rtamizda har xil ziddiyat, ixtilof chiqarish, turli ko'ngilsiz hodisalar va bir-birini molini nohaq va turli aldov yo'llar bilan eyish bo'lmas edi. Afsuski, hozirgi kunda ba'zilar mana shu buyuk nasihatdan bexabar bo'lib, qanday yo'l bilan bo'lsa ham, boshqani chuv tushurib, tovlamachilik qilib, o'zini mol-dunyosini ko'paytirish harakatida bo'lmoqda. Vaholanki, kishi topayotgan molini halol-haromdan ekaniga parvo qilmasa, uni oqibati achinarli bo'ladi. Bu haqda hadisi sharifda shunday keladi.

مَنْ لَمْ يُبَالِ مِنْ أَيْنَ اِكْتَسَبَ الْمَالَ لَمْ يُبَالِ اللهُ مِنْ أَىِّ بَابٍ أَدْخَلَهُ النَّارَ 

(رواه الإمام الديلمي)

ya'ni: “Kim mol-dunyoni qayerdan topayotganiga parvo qilmasa, Alloh taolo ham u kishini do'zaxning qaysi eshigidan kirgizishiga parvo qilmaydi” (Imom Daylamiy rivoyatlari).

وَإِنَّكُمْ سَتَلْقَوْنَ رَبَّكُمْ، فَيَسْأَلُكُمْ عَنْ أَعْمَالِكُمْ، وَقَدْ بَلَّغْتُ، فَمَنْ كَانَتْ عِنْدَهُ أَمَانَةٌ فَلِيُؤَدِّهَا إلَى مَنْ ائْتَمَنَهُ عَلَيْهَا

ya'ni: “Sizlar Parvardigoringizga ro'baro' bo'lasizlar. U sizdan ammallaringiz haqida so'raydi. Men buni sizga etkazdim! Kimda omonat bo'lsa, uni omonat qo'ygan kishiga qaytarsin!”.

Darhaqiqat, har birimiz bir kun kelib Allohning huzurida qilgan amallarimizdan so'roqqa tutilishimizni esimizdan chiqarmasdan, bu qisqa umrimiz davomida ko'plab xayrli amallarni qilib olishimiz  va bizda kimni omonati va haqqi bo'lsa, tezroq undan xalos bo'lib, zimmamizdagi mas'uliyatni engillashtirishimiz lozim. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o'z nafsini tergab turgan kishini aqlli, hushyor inson deb ataganlar:

الكَيِّسُ مَنْ دَانَ نَفْسَهُ وَعَمِلَ لِمَا بَعْدَ الْمَوْتِ وَالْعَاجِزُ مَنْ أَتْبَعَ نَفْسَهُ هَواهَا وَتَمنَّى عَلَى اللهِ

(رواه الامام الترمذي)

ya'ni:Aqlli-hushyor kishi – o'z nafsini tergagan va o'limdan keyingi holat uchun amal qilgan insondir. Ojiz odam – nafsini havosiga ergashtirgan va Allohdan ko'p narsalarni umid qilgan kishidir(Imom Termiziy rivoyatlari).

وَإِنَّ رِبَا الجَاهِليّة مَوْضُوعٌ، وَلَكِنْ لَكُمْ رُءُوسُ أَمْوَالِكُمْ، لَا تَظْلِمُونَ وَلَا تُظْلَمُونَ قَضَى اللَّهُ أَنَّهُ لَا رِبَا

ya'ni: “Johiliyat davridagi sudxo'rlik bekor bo'ldi. Lekin, dastmoyalaringiz – o'zingizgadir. Zulm ham qilmaysiz, zulm qilinmaysiz ham. Alloh taolo ribo yo'q, deb hukm qildi”.

Ushbu nasihatdan bexabar ba'zi kishilar o'zini “musulmonman” deb, hali ham johiliyat davridagi sudxo'rlik bilan shug'ullanmoqda. Masalan, bir kishiga bir million qarz berib, shu miqdordan ko'paytirib oladi. Bu ishni haromligi nafaqat hadisi sharifda, balki oyati karimada ham bayon qilingan:

 الَّذِينَ يَأْكُلُونَ الرِّبَا لاَ يَقُومُونَ إِلاَّ كَمَا يَقُومُ الَّذِي يَتَخَبَّطُهُ الشَّيْطَانُمِنَ الْمَسِّ...

ya'ni: “Sudxo'r bo'lgan kimsalar (Qiyomat kunida qabrlaridan) turmaydilar, magar jin chalgan majnun kabi turadilar” (Baqara surasi 275-oyat).

Demak, shariatimizga ko'ra, qarz bergan odam qarzidan ortig'ini olishi aslo durust emas.

أَيُّهَا النَّاسُ،  اِتَّقُوا اللهَ فِي النِّسَاءِ ، فَإِنَّكُمْ إِنَّمَا أَخَذْتُمُوهُنَّ بِأَمَانَةِ اللهِ وَاسْتَحْلَلْتُمْ فُرُوجَهُنَّ بِكَلِمَاتِ اللهِ

وَاسْتَوْصُوا بِالنِّسَاءِ خَيْرًا ، فَإِنَّهُنَّ عِنْدَكُمْ عَوَانٌ لاَ يَمْلِكُنَّ لِأَنْفُسِهِنَّ شَيْئًا

ya'ni: “Ey odamlar! Ayollar borasida Allohdan qo'rqinglar! Chunki siz ularni Allohning omonati o'laroq oldingiz va ularni Allohning Kalomi bilan halol qildingiz. Ayollarga yaxshilik qilingiz! Chunki ular siz uchun o'zlaridan boshqa hech narsaga ega bo'lmagan yordamchidir”.

            Hozirgi kunda ba'zilar ayollarni Alloh taolodan omonat qilib berilganini unutib, ularga xohlaganicha zulm va nomardlik qilmoqdalar. Ba'zi nomardlar ochiqchasiga: “Seni umringni oxirigacha talog'ingni bermay, arosatda qoldirib, qiynayman”, – deb po'pisa qiladi. Bu etmagandek, aslida o'zining zimmasida bo'lgan – bolalarining nafaqasini ham xotinining bo'yniga yuklab qo'yadi. Natijada ayol na erli bo'lmay, na eridan ajrasha olmay, yillar davomida sarson-sargardon qolib ketmoqda. Ojizalarning haqlari poymol bo'lmoqda. Shuni ta'kidlab aytamizki, mana shu holatda ayol gunoh yo'lga kirsa, zinoga qo'l ursa, u bilan birga nomard er ham bab-barobar gunohkor bo'ladi.

Ayollar Islomda ona sifatida benihoya qadr topdilar. Alloh taoloning roziligi ota-onaning roziligida, deb e'tiborga olindi. Hatto hadisi shariflarda ota-onaga yaxshilik qilishni onadan boshlash tavsiya qilindi. Kunlarning birida Muoviya ibn Johima as-Sulamiy raziyallohu anhu Payg'ambarimiz alayhissalom huzurlariga kelib: “Alloh taolo yo'lida jihod qilmoqchiman”, – deb ruxsat so'raydi. Payg'ambarimiz alayhisalom uning onasi tirikligini bilib, onasiga xizmat qilishni buyuradilar. Yana ruxsat so'rayvergach, U Zot: “Baraka topgur, volidangizning oyog'iga mahkam yopishing, o'sha erda jannatni topasiz!” –  deydilar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

﴿أَلاَ إِنَّ لَكُمْ عَلَى نِسَائِكُمْ حَقاًّ وَ لِنِسَائِكُمْ عَلَيْكُمْ حَقاًّ فَأَمَّا حَقُّكُمْ عَلَى نِسَائِكُمْ فَلاَ يُوطِئْنَ فُرُشَكُمْ غيرَكُمْ، وَلاَ يُدْخِلْنَ أحَداً تَكرَهُونَهُ بُيُوتَكُمْ، وَلاَ يَأْتِيْنَ بِفَاحِشَةٍ، فَإِنْ أطَعْنَكُمْ فَعَلَيْكُمْ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ

ya'ni: “Ogoh bo'ling! Albatta, ayollaringiz ustida sizlarning haqqingiz bor va sizlar ustingizda ham ayollaringizning haqlari bor. Ayollaringiz sizdan boshqani xonangizga qo'ymasinlar va sizlar yomon ko'radigan kimsani uyingizga kirgizmasinlar hamda behayo ishlarni qilmasinlar! Agar shu ishlarda sizga itoat qilsalar, sizning zimmangizda ularni me'yorida oziqlantirish va kiyintirishmajburiyati bordir”.

Har bir er-xotin zimmasidagi shariatimiz tomonidan yuklangan vazifalarni bilib, shunga amal qilsa, ikki dunyo saodatiga musharraf bo'ladi. Chunki juda ko'p oila buzilishi va ajrimlar er-xotin o'zaro haq-huquqlarini bilmasliklaridan kelib chiqadi.

أيها النّاسُ إنَّ رَبَّكُمْ وَاحِدٌ، وإنَّ أَبَاكُمْ وَاحِدٌ ، كُلُّكُّمْ لِآدَمَ، وَآدَمُ مِنْ تُرَابٍ، أَكْرَمُكُمْ عِنْدَ اللهِ أَتْقَاكُمْ

وَلَيْسَ لِعَرَبِيٍّ فَضْلٌ عَلَى عَجَمِيٍّ إِلاَّ بِالتَّقْوَى، أَلاَ هَلْ بَلَّغْتُ، اَللَّهُمَّ اشْهَدْ

ya'ni: “Ey, odamlar! Parvardigoringiz bir, otangiz bir, hammangiz Odam alayhissalomdandirsiz! Odam alayhissalom esa tuproqdan edilar. Allohning huzurida eng hurmatlirog'ingiz – taqvodorrog'ingizdir! Arablarni ajamlardan afzalligi yo'q, faqatgina taqvosi bilan afzal bo'lishi mumkin. Ey odamlar! Yetkazdimmi? Ey, Allohim! O'zing guvoh bo'l!”

Demak, bizni Parvardigorimiz – bir, Payg'ambarimiz – bir, dinimiz – bir, ota-onamiz – bir va maqsadimiz – bir, ya'ni – jannatga kirish – bo'lganidan keyin o'zaro ittifoq bo'lib, tinch-totuv va rohat-farog'at bilan yashashimiz kerak. Shuningdek, shariatimiz buyurgan amallarni bajarib, qaytargan narsalardan saqlanib, taqvodor kishilardan bo'lib, molu davlatimiz yoki naslu nasabimiz bilan aslo faxrlanmasdan, xayrli va savobli ishlarda bardavom bo'lishimiz – ayni muddaodir.

Alloh taolo barchamizga Payg'ambarimiz alayhissalomning mazkur muborak nasihatlariga amal qilish baxtini nasib qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi Qur'onni tadabbur qilmaydilarmi?!...” mavzusida bo'ladi, inshaalloh.

Boshqa maqolalar

Ilm-fan va olimlar shahri

27.12.2024   5507   3 min.
Ilm-fan va olimlar shahri

Dunyo ilm-fan rivojida Islom ma’rifati va madaniyatining o‘rni beqiyosdir. Ko‘plab allomalar va ulamolarning ma’naviy-ilmiy asarlari o‘z davridan hozirgi vaqtgacha ahamiyatini yo‘qotmasdan ilm-fan taraqqiyotiga muhim manba sifatida e’tirof etib kelinmoqda. Umumjahon e’zozlagan olimlar va ulamolar Bog‘dod, Damashq, Samarkand, Buxoro, Granada va Tripoli kabi shaharlarda yashab ijod qilganlar. Ular: Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamahshariy kabi ulamolar dinimiz rivojiga hissa qo‘shgan. Abbosiylar davridan boshlab Tripoli shahri mana bir necha asrdirki ilm-fan markazi bo‘lib qolmoqda. Fotimiylar davrida esa Tripoli shahri poytaxt bo‘ldi. Halifa Ibn Ammor Tripolini ilm markaziga aylantirdi va o‘z davrining eng yirik kutubxonalaridan biri ochildi. Manbalarga ko‘ra unda yuz ming jild kitob mavjud edi. Uning davrida olimlar, ulamolar va yozuvchilar ulug‘langan. Ularga g‘amxo‘rlik qilingan va alohida halifa e’tirofida bo‘lishgan.
 

Hozirgi kunda ham Tripolida nufuzli xalqaro tashkilotlar, universitetlar, kutubxonalar va ilmiy tadqiqot markazlari faoliyat yuritib kelmoqda. Shahar ulamolar, olimlar, tadqiqotchilar va talabalar bilan gavjum. Poytaxtning o‘zida 100 dan ko‘p nufuzli universitetlar mavjud. Tripoli universiteti esa o‘zida ham diniy va dunyoviy ilmlarni jamlagani bilan boshqa universitetlardan ajralib turadi. Ushbu dargoh “200 nufuzli Islom universitetlari” ro‘yxatiga kiritilgan. Tripoli universiteti 1957 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 70 000 dan ortiq talabalar bu dargohda ta’lim olib kelishmoqda. U turli yo‘nalishdagi 20 ta kollejni birlashtiradi. Islomshunoslik, Ilohiyat, Fiqh, Huquqshunoslik, Tibbiyot, Xorijiy tillar va Iqtisodiyot kabi fakultetlardan tashkil topgan. Tripoli universiteti dinimiz qadriyatlari doirasida rivojlanishni va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llovchi ta’lim muassasasidir. Universitetning maqsadi talabalarga Islom dini va axkomlari asosida ilmiy va axloqiy ta’lim berish va turli dunyoviy bilimlarni o‘rgatishdir. Tripoli universitetining o‘ziga hos jixati shundaki har bir talaba moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlikni o‘rganishi shart. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi talabalar universitet tomonidan rag‘batlantiriladi.


Islomshunoslik yo‘nalishi talabalari o‘quv dasturi davomida Quroni karimni to‘liq yod olishi, shariat asoslarini o‘rganishi, Islom tarixi, Hadis ilmi, Meros taqsimoti, og‘zaki va yozma nutq san’ati kabi fanlarni o‘zlashtirishi talab qilinadi. Islomning sof fitratini namoyish etish, ilm olish va uni ulashish ushbu yo‘nalish fakultetining maqsadidir. Adashgan oqimlar va ekstremistik qarashdagi guruhlarni Quron va hadis orqali ezgu yo‘lga chorlash ularning vazifasidir.


Tripoli universitetida 3450 ta ilmiy nashr faoliyat ko‘rsatadi. Ularda talabalarning ilmiy ishlari, amaliyot va tadqiqotlar natijalari keltirilgan. Misol tariqasida, “Islom ta’limini o‘rganishda Qur’oni Karimning ta’siri”, Ahmad Abdul Salam Abu Moziriqning “Irshod al-Hiron” kitobi haqida, Shayx Abu Abdulloh Muhammad bin Ali al-Xorubiyning “Riyod al-Azhar” va “Sirlar xazinasi”ning lingvistik talqini kabi ilmiy izlanishlar va maqolalar nashrlar orqali keng ommaga berib boriladi.


Shohruh UBAYDULLOH