Missioner so'zi lotin tilidagi “missio “ so'zidan olingan bo'lib, “yuborish”, “vazifa topshirish”, missionerlar esa “vazifani bajaruvchi” degan ma'nolarni anglatadi. Jumladan, har yili qayta nashr etiladigan “ world Book” (jahon kitobi) entsiklopediyasida “Missionerlar biror diniy guruh tomonidan boshqalarni o'z diniga targ'ib qilish va kiritish uchun yuborilgan inson”, -degan fikr qayd etilgan. Demak, missionerlik - bir dinga e'tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ'ib qilishni anglatadi. Missionerlik bilan bir qatorda prozeletizm ham to'g'ridan-to'g'ri biron bir dinga ishongan fuqaroni o'z dinidan voz kechishga va o'zga dinni qabul qilishga qaratilgan harakatlarni anglatadi. U o'z mohiyatiga ko'ra missionerlikning tarkibiy qismi hisoblanadi.
O'lkamiz mustaqil bo'lgan kundan boshlab chet ellardan turli xil diniy oqim vakillarining yurtimizga yopirilib kelishi kuzatila boshlandi. Ayniqsa, dinni o'ziga niqob qilib olgan “Vahhbiylik”, “Akromiy”, “Hizbut tahrir” kabi oqimlarning va missionerlarning hamlasida katta xavf yashirinib yotibdi. Ular mamlakatimiz fuqarolarini o'z tuzoqlariga ilintirib , ongini zaharlashga harakat etmoqdalar.
Missionerlarning bu ishlardan ko'zlagan maqsadlari nima? Ularning rejasi azaldan musulmon bo'lib kelgan, ya'ni mafkurasi, urf-odati, butun boshli ma'naviy tarixi bir xil bo'lgan, aslida mamlakatimizning kuch-qudratini tashkil qiladigan birdamlikni, xalqimizning yuragini parchalash, zaiflashtirish, parokanda qilish va turli – tuman siyosiy va iqtisodiy bosimlar bilan o'z holimizcha yashashga yo'l qo'ymaslikdir. Missionerlik faoliyati mafkuramiz uchun yot unsurgina bo'lib qolmay, balki ma'naviyatimiz rivoji uchun ham jiddiy to'siqdir.
Ma'lumki, xristianlikning ayrim yo'nalishlarida "Missionerlik har bir dindor uchun shart", – deb hisoblanadi. Iyso Masihning o'ziga 12 havoriyni tanlab olishi va ularni Isroilning qishloqlari bo'ylab da'vat qilish uchun yuborgani haqida Marqdan rivoyat qilingan "Injil"da keltirilgan quyidagi so'zlar bunday qarashlar uchun asos qilib olinadi:
"... 15. Iyso shogirdlariga dedi: “Butun jahon bo'ylab yuringlar va hamma tirik jonga Injil Hushxabarini targ'ib qilinglar”.
Hatto Quddus cherkovining asosan xo'jalik ishlari bilan shug'ullanadigan, eng quyi – diakon (yunoncha – Shakopoz-xizmatchi) lavozimini egallagan xodimlari ham o'zlarining ma'muriy ishlaridan ajralib, mohir "xushxabarchi"larga aylandilar. Ulardan eng mashhuri “Da'vatchilarning otasi” nomini olgan diakon Filippdir. Aynan u Samariya o'lkasida faoliyat yuritgan, uning poytaxti Sebasta shahrida juda ko'plab kishilarni xristianlikka kiritib, ommaviy cho'qintirgan.
Shunday bo'lsa-da, diakon Filipp va unga o'xshagan ko'pgina xushxabarchilar, Iso Masih ta'limoti yahudiylargagina taalluqli, degan yondashuvdan kelib chiqib, asosan yahudiylar orasida targ'ibot ishlarini olib borganlar.
Biroq keyinroq ilk xristian "da'vatchilari" asta-sekin O'rta dengiz bo'ylab Appenin yarim oroliga ham kirib borishadi. Rim imperiyasida ularga salbiy munosabat bildirilsa-da, ular imperiyaning markaziy hududlari va poytaxtiga ko'chib kelishda davom etaverishgan.
IV asrga kelib "da'vatchilar" xatti-harakatlari natijasida xristian dini Rim imperiyasida davlat diniga aylandi. Hristian "da'vatchilari" asta-sekin Ovro'paning shimoliy hududlariga ham kirib bordilar va xristianlik Rim imperiyasining ulkan hududi bo'ylab eski dinlar ustidan g'alaba qozondi.
Hulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, yuqoridagi kabi qarashlar turli tushunchalar mazmunini ataylab chalkashtirib, tarixiy voqelikni buzib talqin qilish natijasidir. Chunki xristianlik endi paydo bo'lgan bir sharoitda faoliyat olib borgan "da'vatchilar" (garchand ularga nisbatan ham "missioner" so'zini qo'llash keng tarqalgan bo'lsa-da) bilan bugungi "missionerlar" orasida keskin farq borligini va ularni aslo bir qatorga qo'yib bo'lmasligini unutmaslik lozim. Zero, o'z davrida xristianlikning faol tarafdorlari tomonidan "da'vatchilik" ishlarining olib borilishi, o'z ta'limotlarini tarqatishga harakat qilishlari tabiiy bir hol edi. Bugun dunyoning diniy manzarasi o'zining aniq shaklu shamoyiliga, turli xalqlar asrlar davomida shakllangan diniy-milliy qadriyatlariga ega bo'lgan bir davrda ilk "da'vatchilik"dan farqli ravishda missionerlik millat, jamiyatni diniy asosda bo'lib yuborishga qaratilgan buzg'unchilikning bir ko'rinishiga aylanib qolganini alohida ta'kidlash zarur. Missionerlarning aholisining 90 foizdan ortig'ini islomga e'tiqod qiladigan O'zbekistonda faoliyat olib borishga intilayotgani ham bunday buzg'unchilikka yorqin misol bo'la oladi.
Demak, missionerlarning zarbalaridan chekinmaslik , ularga befarq qaramaslik, vatan ravnaqi va islom dini uchun buyuk xizmatlar ko'rsatgan ajdodlarimizga munosib farzand bo'lishimiz zarur bo'ladi.
Faxriddin Bohodirov – “Yangiravot” jome masjidi imom xatibi
Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.
Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.
Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.
Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.
Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.
Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.
Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.
Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.
Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.
Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.
O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati