frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Jihod nikohi – harom

01.11.2021   6315   4 min.
Jihod nikohi – harom

Ahli sunna val jamoa faqihlarining ittifoqiga ko'ra “Jihod nikohi” deb nom olgan nikoh turi mavjud emas. Kofirlarning jihodi esa biron xil nikoh turini joiz qila olmaydi. Olimlar nazdida mashhur so'z shuki, ayollarni mut'a qilish – hatto ahli sunnat val jamoadan tashqari bo'lgan firqalar nazdida joiz bo'lsa ham – nikoh qilish degani emas. Fatvo olimlari mut'ani nikoh deb bilmaydi. Biz ham nikoh hukmlarini mut'a uchun tegishli deb bilmaymiz. Mut'a uchun o'ziga xos holat mavjudki, Islom shariatining biron-bir qoidasi uni muvofiq yoki munosib deb bilmaydi. Garchi ko'pchilik mut'aga nikoh turi, deb murojaat etsada, bu ma'no majoziydir. Sababi u Islomdan oldingi johiliyat unsurlaridan biri bo'lib, birov o'z istagini qondirishiga “mut'a” deyilgan. Musulmonlarning g'azot muddati cho'zilgach mut'aning joiz bo'lishiga majbur bo'lindi. Chunki yolg'izlik qiyin bo'lgach ba'zi sahobalar o'zlarini axta qilishgacha bordilar. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam axta qilishdan qaytardilar va urush davrida ayollarni mut'a qilish vahiyga muvofiq ravishda ruxsat berdilar. Shundan keyin vahiyning muvofiqligi bilan mut'a nikohi harom, deb vorid bo'ldi. Uning harom ekanligiga shariatda qat'iy va mutavotir hujjatlar mavjud.


Ulardan hazrat Ali roziyallohu anhuning quyidagi so'zlaridir:
“Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam mut'adan va xonaki eshaklarning go'shtini eyishdan Haybar davrida qaytardilar”. Imom Juhaniy roziyallohu anhuning hadislariga ko'ra Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam ayollarni mut'a qilib olishga Fath yilida ruxsat berganlar. Unda aytiladi:
“Uning otasi Makka fathiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga g'azot qilgan. Biz unda 15 oy turib qoldik. Shunda biz uchun ayollarni mut'a qilishga ruxsat bo'ldi, so'ngra harom qilindi”.


Boshqa rivoyatda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam “Hajjatul vado'”da ruxsat berganliklari va Sabura r.a. hadislariga ko'ra abadiy harom qilganlar. Hadisda keladiki:
“Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga “Hajjatul vado'”ga chiqdik. Ular aytishdi: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam! Yolg'izlik bizga qiyin bo'lmoqda”. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam : “Bu ayollardan foydalaninglar” deb javob berdilar. Biz ayollar oldiga borganimizda ular bizga nikohlanishdan bosh tortdilar, faqat bir muddat bo'lsagina rozi bo'lishdi. Bu holatni Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam ga bildirishdi. Shunda u kishi bir muddatga izn berdilar. Men bir ayolga uylandim va uning oldida bir kecha qoldim. Ertalab uyg'onsam Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam rukn va bob orasida tik turgan edilar va aytdilar: “Ey odamlar! Men sizlarga ayollardan foydalanishga ruxsat berdim. Bilib qo'yinglar, Alloh taolo uni qiyomatgacha harom qildi. Agar yoningizda o'sha ayollardan birontasi bor bo'lsa, uni o'z holiga qo'ysin va unga bergan narsangizdan hech nimani olmanglar”.


Shuning uchun, ahli sunnaning to'rt imomi, sahobalar, tobeinlar va ularga ergashganlar sababi qanday bo'lmasin ayollarni mut'a qilib olish qat'iyan harom, deb ittifoq qilishdi.Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi: “Mut'a nikohni, taloqni, iddani, merosni harom qildi yoki buzib yubordi”.Buning ma'nosi shuki, mut'a taloqsiz va ajratishsiz ko'tariladi, unda meros bo'lmaydi. Sababi, mut'a nikoh hisoblanmaydi. Ayoldan foydalangan kishi er bo'lmaydi, ayol esa xotin bo'lmaydi.
Alloh taolo harom qilgan narsani birov o'ziga halol desa, darhaqiqat u kofir bo'ladi va qilayotgan ishi ayni zino bo'ladi. Bunday odamlar Allohning hududini buzib Allohga qarshi kurashmoqda. Ularning jihodi, qarshi kurashi Allohga bo'lib qolaveradi. Alloh esa ularni yaqin orada yakson qilib tashlaydi.

Tolibjon Sharipov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

21.08.2026   30885   5 min.
Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
 
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.

Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.

Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.

Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.

Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.

Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.

Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari