Bugun, 28 oktyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari diniy ta'lim muassasalariga bo'lgan ilk tashriflarini Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutidan boshladilar.
Tashrif dastlab institut tarixiga oid ma'lumotlar bilan tanishishdan boshlandi. Unda institut tashkil etilishi, ta'lim dargohining maqsad-vazifalari, sobiq muftiylar tarixi va rektorlar to'g'risida ma'lumotlar berildi. So'ngra institut binosida tashkil etilgan kitoblar ko'rgazmasi va hattotlik ishlari bilan yaqindan tanishildi.
Sevimli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan Robi'ul avval oy munosabati bilan institutda Siyrat oyligi o'tkazilayotgani haqidagi xushxabar ko'ngillarni shod etdi.
Muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflaridan ta'lim berilayotgan dars xonasiga tashrif buyurib, talabalar bilan suhbat qurdilar. Talabalar dars jarayonlaridan, ayniqsa Misrning Al-Azhar oliygohining fazilatli ustozlaridan Shayx Jamoliddin Hoshim kabi mudarrislarning zamonaviy usullar orqali dars berishayotganini juda ham mamnun ekanliklarini izhor etishdi.
“Qiz bolaga ta'lim berish, butun ummatga ta'lim berish bilan barobardir”. Shundan kelib chiqib, Muftiy hazratlari institutda ayol-qizlar uchun ham yaratilgan shart-sharoitlar bilan qiziqdilar. Ayniqsa, qizlar uchun alohida kutubxona, majlislar zali, o'quv xonalari va namozxona tashkil etilgani ayni muddao bo'lgani qayd etildi.
Albatta talabalarning ilmli va o'z kasbining etuk mutaxassisi bo'lib etishishlarida kitobning o'rni alohida. Muftiy hazratlari institut kutubxonasining faoliyati bilan ham tanishdilar. Axborot-resurs markazi xodimi Kamoliddin Mahkamov institut kutubxonasi haqida batafsil ma'lumo berdi. Jumladan, axborot-resurs markaziga etuk mutaxassislar jalb etilgan holda modernizatsiya qilingani, kitoblarni saqlash, ularning xavfsizligini ta'minlash va talabalarga kitoblarni etkazish xalqaro talab darajasida ekani haqida so'zlab berdi.
Institutning asosiy binosiga qo'shimcha ravishda bunyod etilgan 15 ta talabalar o'quv auditoriyasi, majlislar zali, kutubxona, o'qituvchi va talabalar oshxonasini ham Muftiy hazratlari ko'zdan kechirdi. Shuningdek, ushbu o'quv dargohi hududida qad rostlagan 4 qavatli binodagi 30 o'rinlik tahoratxona va 30 ta xonadan iborat zamonaviy va shinam holatga keltirilgan talabalar turar joyi – yotoqxonani bilan ham tanishdilar.
Mana shunday o'zgarishlar va yangilanishlar Yangi O'zbekiston sharoitida Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan ta'lim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaldagi yaqqol ifodasi ekani tashrif davomida alohida e'tirof etildi.
Muftiy hazratlari talabalar ilm olishi, dinimiz, xalqimiz manfaati yo'lida xizmat qilishi uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgani, tolibi ilmlardan esa faqatgina bir narsa – ixlos bilan ilm olish, yaratilgan qulayliklardan to'g'ri va oqilona foydalanish, Alloh taoloning ne'matlarga shukrona sifatida ham ilmu irfon egallash zarurligini yodga solish bugungi tashrifdan ko'zlangan bosh maqsad ekani alohida ta'kidladilar.






















O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati