بسم الله الرحمن الرحيم
الْحَمْدُ للهِ الَّذِي بَعَثَ نَبِيَّهُ فِي خَيْرِ القُرُونِ وَاخْتَارَ لَهُ مِنَ الأَصْحَابِ أَكْمَلَ النَّاسِ عُقُولًا وَأَقْوَمَهُمْ دِينًا وَأَغْزَرَهُمْ عِلْمًا وَأَشْجَعَهُمْ قُلُوبًا وَصَلَّى اللهُ عَلَي سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينْ
Payg'ambarlardan keyingi eng afzal inson
Muhtaram jamoat! Hazrati Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu Islom ummatining eng mashhur zotlaridan sanaladilar. “Abu Bakr” u zotning kunyalari bo'lib, ismlari Abdulloh bo'lgan. Otalarining ismlari Usmon (kunyalari Abu Quhofa), onalariniki Ummul Hoyr. Ota-ona tomonidan sulolalari Murrada Rasululloh alayhissalomning sulolalari bilan birlashadi. Abu Bakr kunyasi bilan tanilgan bu buyuk zot ilk sakkiz musulmonning ham, Asharai mubashsharaning ham, Hulafoi roshidinning ham birinchisi bo'ldilar.
Hazrati Abu Bakr raziyallohu anhuning laqablari – “Siddiq” bo'lib, ushbu laqabni olishlariga Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning har bir amallarini tasdiqlashga har doim shay turganlari, bundan tashqari Isro va Me'roj hodisasini hech qanday taraddudsiz, darhol tasdiqlaganlari sabab bo'lgan. Shu bilan birga, Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu doimo o'zlariga sodiqlik – rostgo'ylikni muhim asos deb bilganlar. Imon masalasida u kishida biror marta ikkilanish yoki sustkashlik sezilmagan. Shu va shunga o'xshash juda ko'p fazilatlar u kishining “Siddiq” degan laqabni olishlariga sabab bo'lgan.
Abu Bakr raziyallohu anhu erkaklardan birinchi musulmon bo'lgan zot edilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
مَا دَعَوْتُ أَحَدًا إلَى الْإِسْلَامِ إلَّا كَانَتْ فِيهِ عِنْدَهُ كَبْوَةٌ، وَنَظَرٌ وَتَرَدُّدٌ، إلَّا مَا كَانَ مِنْ أَبِي بَكْرِ بْنِ أَبِي قُحَافَةَ، مَا عَكَمَ عَنْهُ حِينَ ذَكَرْتُهُ لَهُ، وَمَا تَرَدَّدَ فِيهِ
(رواه الإمام البيهقي في دلائل النبوة)
ya'ni: “Kimni Islomga da'vat qilgan bo'lsam, unda ikkilanish, taraddud va o'ylab turish hollari bo'ldi. Ammo Abu Bakr ibn Abu Quhofaga Islomga kirishini taklif qilganimda, taraddudlanmadi, o'ylab ham o'tirmadi” – deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Demak, biz ham bu zotga o'xshab rostgo'y va Payg'ambarimiz alayhissalom aytgan gaplarga so'ssiz amal qiladigan bo'lishimiz darkor.
Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu Islomga kirgan kunlari uylarida qirq ming dirham mablag'lari bor edi. Madinaga hijratga chiqayotganlarida esa besh ming dirhamdan boshqa hech narsa qolmagan edi. U zot bor-budlarini qullarni ozod qilish va qiynalgan mo'min-musulmonlarga yordam berish uchun sarflagan edilar. Shuning uchun ham Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhuning saxovatlarini alohida vasf qilib: “Bizga yaxshilik qilgan har bir qo'lning mukofotini bermay qo'ymadik. Faqat Abu Bakr bundan mustasno. Uning bizga qilgan shunday yaxshiliklari borki, uning mukofotini Qiyomat kuni Alloh taoloning O'zi beradi. Hech kimning moli menga Abu Bakrning moli manfaat berganidek manfaat bermagan”, – deganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Demak, biz ham bu zotga o'xshab, imkonimiz boricha dinimiz rivoji va yurtimiz obodligi yo'lida molu-davlatimizni sarflasak, jamiyatimizdagi etimlar, moddiy jihatdan qiynalgan beva-bechoralarga xayru saxovat qilsak, ayni muddao bo'ladi.
Boshqa bir hadisi shariflarida Payg'ambarimiz alayhissalom:
أَرْحَمُ أُمَّتِي بِأُمَّتِي أَبُو بَكْرٍ
(رواه الإمام الترمذي)
ya'ni: “Ummatim ichida ummatim uchun eng mehriboni – Abu Bakrdir”, – deya marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu musulmon bo'lganlaridan boshlab, to Nabiy sallallohu alayhi vasallam vafot etgunlaricha, har doim U Zot bilan birga bo'ldilar. Nabiy sallallohu alayhi vasallam bilan birga hijrat qilish asnosida U Zotning g'ordagi hamrohlari bo'ldilar. Hazrati Abu Bakr raziyallohu anhu bilan birga yo'lga chiqqanlarida, ularning izlariga tushgan mushriklardan saqlanish uchun Makka chekkasidagi Savr tog'ining bir g'origa kirib yashirinadilar. Dushman izquvarlari g'or og'zigacha izlab keladilar. Lekin Allohning marhamati bilan g'or og'zi o'rgimchak to'rlari bilan o'ralib qoladi. Buni ko'rib, ular orqaga qaytib ketadilar. Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu g'or og'ziga kelib qolgan dushmanlar Rasulullohga ozor etkazishadi, deb qattiq hayajonlanadilar. Shunda Rasuli Akram alayhissalom tasalli beradilar. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
إِلَّا تَنْصُرُوهُ فَقَدْ نَصَرَهُ اللَّهُ إِذْ أَخْرَجَهُ الَّذِينَ كَفَرُوا ثَانِيَ اثْنَيْنِ إِذْ هُمَا فِي الْغَارِ إِذْ يَقُولُ لِصَاحِبِهِ لَا تَحْزَنْ إِنَّ اللَّهَ مَعَنَا فَأَنْزَلَ اللَّهُ سَكِينَتَهُ عَلَيْهِ وَأَيَّدَهُ بِجُنُودٍ لَمْ تَرَوْهَا وَجَعَلَ كَلِمَةَ الَّذِينَ كَفَرُوا السُّفْلَى وَكَلِمَةُ اللَّهِ هِيَ الْعُلْيَا وَاللَّهُ عَزِيزٌ حَكِيمٌ
ya'ni: “Agar sizlar unga (Muhammadga) yordam qilmasangiz, Alloh (O'zi) unga yordam qilgan. Qachonki, uni kofirlar ikki kishining biri sifatida (vatanidan) chiqarib yuborganlarida, ikkovlari g'orda turib, (Muhammad) hamrohi (Abu Bakr)ga: «Tashvish chekma! Albatta, Alloh biz bilan birgadir!» – degan edi. Shunda Alloh unga taskin (xotirjamlik) nozil etdi va sizlar ko'rmagan lashkarlar bilan uni quvvatladi hamda kofir bo'lganlar so'zini tuban qildi. Allohning so'zi esa, u yuksakdir. Alloh qudratli va hikmatli (zot)dir” (Tavba surasi, 40-oyat).
Mana shu oyati karimada zikr etilgan ikki kishi – Rasululloh sallallohu alayhi vasallam va Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu ekanlariga barcha mufassirlar ittifoq qilishgan. Shu sababli kim Abu Bakr raziyallohu anhuning sahoba ekanliklarini inkor qilsa, kofir bo'ladi, deyilgan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Hazrati Abu Bakrga:
أَنْتَ صَاحِبِي فِي الغَارِ، وَصَاحِبِي عَلَى الْحَوْضِ
ya'ni: “Siz g'orda menga hamroh bo'lganingizdek, Havzda ham, hamrohim bo'lasiz”, – deganlar.
Muhtaram azizlar! Abu Bakr raziyallohu anhu xayrli ishlarda doimo sahobalarning eng peshqadami bo'lganlar. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim bugun ro'zador bo'lib tong ottirdi?” – dedilar. Abu Bakr: “Men”, – dedilar. Sarvari olam yana: “Kim bugun janozaga qatnashdi?” – dedilar. Abu Bakr: “Men”, – dedilar. U Zot: “Kim bugun biror miskinni taomlantirdi?” – deb so'radilar. Abu Bakr: “Men”, – dedilar. Payg'ambarimiz: “Kim bugun biror kasalni borib ko'rdi?” – dedilar. Abu Bakr: “Men”, – dedilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ushbu ishlar qaysi bir kishida jamlangan bo'lsa, u albatta jannatga kiradi”, – dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Demak, biz ham bu zotdan o'rnak olib, imkon qadar mazkur savobli ishlarni har kuni amalga oshirishimiz maqsadga muvofiq bo'ladi.
Abu Bakr raziyallohu anhu Payg'ambarimiz alayhissalomga eng qattiq muhabbat qiluvchi va eng vafodor sahobalardan edilar. Bunga quyidagi voqe'a ham ochiq dalolat qiladi. Abu Bakr raziyallohu anhu hikoya qiladilar: “Madinaga hijrat qilayotgan paytimiz edi. Juda ham tashna edim. Sut keltirib, uni Nabiy sallallohu alayhi vasallamga uzatar ekanman: “Iching yo Rasululloh!” – dedim. Nabiy sallallohu alayhi vasallam uni ichdilar va mening chanqog'im bosildi”. Ushbu voqeada Abu Bakr raziyallohu anhuning Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni qay darajada yaxshi ko'rganlari, U Zotga nisbatan nechog'li fidokorliklari namoyon bo'ladi. Kishi qay bir insonni chin dildan yaxshi ko'rsa, uning ehtiyojini o'z ehtiyojidan ustun qo'yadi. Unga foyda etkazishga, undan zararni daf qilishga haris bo'ladi.
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Huzurimga Jibroil alayhissalom keldilar va qo'limdan etaklab borib, menga ummatim kiradigan jannatning eshigini ko'rsatdilar”, – dedilar. Shunda Abu Bakr raziyallohu anhu: “Ey Allohning Rasuli, men ham Siz bilan bo'lib uni ko'rishni juda ham istadim”, –dedi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
أَمَّا إِنَّكَ يَا أَبَا بَكْرٍ أوَّلُ مَنْ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ مِنْ أُمَّتِي
ya'ni: “Ey Abu Bakr, ummatim ichidan jannatga birinchi kiruvchi, albatta, siz bo'lasiz”, – dedilar (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Bir odam uchun bundan ortiq fazilat bo'lmasa kerak. Alloh taolo barcha ummatlarga guvoh qilgan, oxirgi va eng afzal ummat bo'lgan ummati Muhammadiyaning ichidan birinchi bo'lib jannatga kirishi Alloh taoloning oxirgi va eng afzal payg'ambari tomonidan ta'kidlangan odamdan ham afzal odam bo'lmasa kerak.
Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu doimo halollikka e'tibor berganlar, shubhali luqmadan ham ehtiyot bo'lganlar. Zayd ibn Arqam raziyallohu anhu bu haqda shunday deydilar: “Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhuning bir quli bo'lib, u ishlab bir narsalar topib kelar edi. Bir kecha o'sha qul taom olib keldi. Abu Bakr raziyallohu anhu undan bir luqma egan vaqtida, qul u kishiga: “Sizga nima bo'ldi? Har kecha mendan olib kelgan narsalarimni qaysi yo'l bilan topib kelganim haqida so'rar edingiz, bu kecha esa so'ramadingiz?”, – dedi.
– Buni eyishga meni ochlik majbur qildi. Buni qaysi yo'l bilan topib kelding? – dedilar Abu Bakr raziyallohu anhu.
– Johiliyat paytida bir qavm oldidan o'tayotib, ularga afsun qilgan edim. Bu xizmatimga ular menga haq berishni va'da qilishgan edi. Bugun ularning oldidan o'tib ketayotsam, to'y bo'layotgan ekan, o'sha va'da qilgan narsalarini berishdi, – dedi qul.
– Meni halok qilay debsan-ku, – dedilar hazrati Abu Bakr va qo'llarini og'zilariga tiqib, qusishga xarakat qila boshladilar. Yegan narsasi esa chiqmadi. U kishiga bu narsa faqat suv bilan chiqadi, deyildi. U kishi bir idishda suv olib kelishlarini buyurdilar. Suv keltirilgach, undan ichib qusishga urindilar. Oxiri egan narsasini chiqarib tashladilar. Shunda u kishiga “Alloh sizga rahm qilsin, bir luqmani deb shunchalik qilasizmi?” – deyishdi.
Abu Bakr raziyallohu anhu: “Agar egan narsam jonim bilan qo'shilib chiqadigan bo'lganida ham, albatta chiqarar edim. Rasululloh alayhissalomning: “Haromdan o'sgan har bir jasadga do'zzax vojibdir!” deganlarini eshitganman. Ushbu luqmadan jasadimda biror o'sish bo'lib qolmasin deb qo'rqdim”, – dedilar.
Muhtaram azizlar! Hazrati Abu Bakr raziyallohu anhuning parxezlarini ko'ring-gu, bugungi bizning ahvolimizga qarang! Hozirgi kunda qaysi birimiz o'zimiz iste'mol qilayotgan luqmamiz haloldan topilganiga bu qadar e'tibor berayapmiz?!
Eng achinarlisi,o'zini musulmon sanagan ayrim kimsalar Alloh harom qilgan eshshak go'shtini yashirincha sotib, qanchadan-qancha insonlarni luqmasini bulg'amoqda. Ushbu qilgan ishlari uchun ular Allohning huzurida alamli azobga qolishlarini o'ylashmayapti. Agar bunday holga e'tiborsiz bo'lsak, qilayotgan ibodatlarimizu, xayrli ishlarimizning birortasi ham maqbul bo'lmaydi, Alloh saqlasin.
Muhtaram jamoat! Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu Payg'ambarimiz alayhissalom vafotlaridan so'ng barcha sahobalarning ittifoqi bilan musulmonlarning yo'lboshchisi bo'ldilar. U zot o'zlarining ikki yil uch oy-u bir hafta davom etgan xalifalik vaqtlarida Islom ummatining katta fitnadan saqlanib qolishiga sabab bo'ldilar. Turli fitnalar bo'lib, ko'pchilik dindan qaytganda, qat'iyatlilik bilan ularni Islomga qaytarish choralarini ko'rdilar. Qur'oni karimni alohida kitob shakliga keltirdilar va ko'plab diyorlarga Islom dining keng yoyilishiga xizmat qildilar. U zot hijratning o'n uchinchi yili jumadul avval oyida oltmish uch yoshlarida vafot etganlar.
Hazrati Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhuning nasihatlaridan:
– Allohga eng itoatli kishi – Robbiga ma'siyat qilishni yomon ko'radigan kishidir;
– Fazilatni – taqvoda, boylikni– imonda, sharafni tavoze'da topdik;
Alloh taolo ushbu buyuk sahobadan O'zi rozi bo'lsin! U zot hayot yo'llarini o'rganib, hayotimizga tatbiq qilishimizga barchamizni muvaffaq aylasin! Qiyomat kunida Payg'ambarimiz alayhissalomning xavzlari oldida Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu bilan birga bo'lishni hammamizga nasib etsin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Payg'ambarimizning so'ngi vasiyatlari (Vidolashuv hajdagi xutbalari)” mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
1. Diniy ibodatlarni bajarish
1.1. Namozlarni o‘z vaqtida o‘qish. Ibodatlar ichida eng afzali – vaqtida o‘qilgan farz namozi sanaladi.
1.2. Ro‘za tutish. Qazo va nafl ro‘zalarni tutish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qish kunidagi ro‘za qiyinchiliksiz topiladigan g‘animat (o‘lja)dir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
1.3. Qur’on o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning eng afzal ibodati Qur’onga qarab tilovat qilishdir”, deganlar. Qur’onni yoddan o‘qishdan ko‘ra, unga qarab o‘qish afzaldir. Chunki Qur’onga qarash ham ibodatdir.
1.4. Tahajjud namozlarini o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
1.5. Duo va zikrni ko‘paytirish. “...Allohni ko‘p zikr qiling. Shoyadki, zafar topsangiz” (Juma surasi, 10-oyat).
2. Oilaga yaxshilik qilish
2.1. Ota-onaga yaxshilik qilish. O‘z vaqtida o‘qilgan farz namozdan keyin eng afzal amal bu – ota-ona xizmatida bo‘lish sanaladi. Zero, “Robbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi” (Isro surasi, 23‑oyat).
2.2. Farzand va ahli ayolga xursandchilik ulashish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshi muomala qilganingizdir. Men o‘z ahliga yaxshi muomala qiluvchirog‘ingizman”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
3. Ilm olish, kitob o‘qish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, deganlar.
4. Tafakkurga vaqt ajratish
Hasan rahmatullohi alayh aytadilar: “Bir soat tafakkur qilish bir kechani bedor o‘tkazishdan yaxshidir”.
5. Muhtojlarga yordam berish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘minning bitta dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishiga yengillik keltirsa, Alloh taolo unga dunyoyu Oxiratda yengillik beradi” (Imom Muslim rivoyati).
6. Silai rahm qilish
Dam olish kunlari qavm-qarindoshlar holidan hech bo‘lmasa telefon orqali bo‘lsada xabar olish uchun qulay fursat. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni rizqi keng, umri uzoq bo‘lish xursand etsa, silai rahm qilsin (qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin)” (Imom Buxoriy, imom Termiziy rivoyati).
7. Sport bilan shug‘ullanish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kuchli mo‘min Alloh huzurida kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va mahbubroqdir”, deganlar.
8. Do‘st va yaqinlar holidan xabar olish
Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni: “Qaysiki musulmon boshqa bir musulmonni ertalab ziyorat qilsa, to kech kirgunicha unga yetmish ming farishta salavot aytadi. Agar kech kirganida ziyorat qilsa, to tong otgunicha yetmish ming farishta unga salavot aytadi. Unga jannatda bir bog‘ bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyati).
Dam olish kunlaringiz xayrli va barakali o‘tsin!
Davron NURMUHAMMAD