Sayt test holatida ishlamoqda!
04 May, 2025   |   6 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:17
Peshin
12:25
Asr
17:18
Shom
19:27
Xufton
20:51
Bismillah
04 May, 2025, 6 Zulqa`da, 1446

Vatandin yaxshi yor bo'lmas! (fotolavha)

23.10.2021   1148   8 min.
Vatandin yaxshi yor bo'lmas! (fotolavha)

Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda, ya'ni 21–25 oktyabr' oralig'ida men, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasur bek domla Raupov va Farg'ona viloyati Toshloq tumani bosh imom-xatibi Shukrullo domla Egamberdiyev Rossiya Federatsiyasining Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida xizmat safarida bo'lib turibmiz.

Biz Rossiya Federatsiyasidagi diniy soha vakillari – Rushan hazrat Abyasov,  Il'dar hazrat Alyaudinov, Islam hazrat  Axmedjanov Rufat' hazrat va boshqa taniqli ulamolar bilan uchrashuvlar o'tkazish asnosida O'zbekiston musulmonlari idorasiga yangi saylangan Nuriddin domla Holiqnazarovning duoi xayr va salomlarini hamkasblarimizga hamda Rossiyada mehnat qilayotgan vatandoshlarimizga etkazyapmiz.

O'z navbatida, rossiyalik ulamolar ham Nuriddin domla Holiqnazarovni mas'uliyatli vazifa – O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylanganlari bilan samimiy tabriklashdi.

* * *

Bugun, ya'ni 22 oktyabr' kuni Moskva shahridagi “Prospekt Mira” jome masjdidida juma namozidan so'ng Rossiyaga o'qish, ish, sayohat va boshqa maqsadlar ila kelgan vatandoshlarimiz bilan vatanparvarlik, ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, Vatangan muhabbat, oilaga sadoqat kabi mavzularda ma'rifiy suhbatlar uyushtirdik.

Darhaqiqat, Vatan bizga Alloh taolo tomonidan berilgan eng buyuk ne'mat bo'lib, u haqda har qancha yozsak ham yana qaysidir jihatlari qolib ketayotganday, go'yo misralar ojiz, rangsiz, g'aribday tuyulaverarkan. Vatan haqida aytmoqchi bo'lganlarimiz esa, behisob. Shunchalar ko'pki, hisobdan adashib ketamiz ba'zan.

Islom dinida ham Vatangan muhabbat eng ulug' tuyg'u sifatida qadrlanadi. Vatanni sevish tuyg'usini Alloh taolo hazrati insonning qalbiga jo aylagan. Imom G'azzoliy rahmatullohi alayh: «Odam Vatanini, garchi u cho'l bo'lsa ham, boricha sevadi. Vatanga muhabbat tuyg'usi – savqi ilohiy. Inson vatanidan boshqa joyda xotirjam bo'la olmaydi», degan.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makkadan Madina shahriga ko'chib ketayotib yig'ladilar. Mahzun holda ona shahri Makkaga qayta-qayta qarab: “Qasamki, albatta, sen Allohning eng yaxshi makonisan va Allohning eng mahbub shahrisan. Agar meni sendan chiqarmaganida, aslo chiqmasdim”, deganlar (“Fathul boriy”).

Nabiy alayhissalom ona shahridan chiqib ketishga majbur bo'ldilar. Lekin doim o'zlari tug'ilib-o'sgan Makka sari talpinar edilar. Alloh taoloning: «(Ey Muhammad!) Albatta, sizga (ushbu) Qur'onni farz qilgan Zot, shakshubhasiz, sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir»(Qasas surasi, 85-)oyati nozil bo'lgach, taskin topdilar.

Mo''tabar hadis kitoblarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam safardan qaytayotib Madina ko'chalarini ko'rgan vaqtlarida tuyalarini niqtaganlari keltirilgan. Imom Humaydning rivoyatida: “Madinani sevganlaridan ulovni niqtardilar”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).

Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh “Fathul boriy fi sharhi Sahihil Buxoriy” asarida ushbu hadisni sharhlab: “Bu hadis Madina shahrining fazlini bildirish bilan birga, Vatanni sevish zarurligiga ham ishora qiladi”, deganlar.

Ibrohim ibn Adham rahmatullohi alayh: “Men Vatandan ayriliqdek og'ir sinovga duchor bo'lmaganman” (“Hulyatul avliyo”), degan.

Vatan inson uchun muqaddas, hech narsa uning o'rnini bosa olmaydi. Cho'lu biyobonda tug'ilgan insonga jaziramadan qaynagan sahrodan, sovuq o'lkalarda kindik qoni to'kilgan odamga abadiy muzliklardan qadrli maskan yo'q.

Ming shukrki, bizga vatan bo'lgan zaminda, to'rt fasl mujassam, oqar daryolar, baland tog'lar, go'zal vodiylar, keng vohalar, hatto cho'llarimiz ham bor. Alloh taolo bizni ana shunday bebaho ne'mat bilan siylagan.

G'azal mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiy vatanni bunday ta'riflaydi:

G'urbatda g'arib shodimon bo'lmas emish,

El anga shafiqu mehribon bo'lmas emish.

Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa,

Bulbulg'a tikandek oshiyon bo'lmas emish.

Vatanni sevish va e'zozlash xalqimizning qon-qoniga singib ketgan qadriyat. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ahmad Farg'oniy, Muhammad Horazmiy, Abu Lays Samarqandiy, Burhoniddin Marg'inoniy kabi buyuk mutafakkirlarimiz o'zlarining taxalluslarini kindik qonlari to'kilgan yurt bilan bog'laganlari, ularning nomini dunyoga ma'lum va mashhur qilganlari ham aslida bir ibratdir.

Shundan ibrat olib, chet ellarda ish, o'qish va mehnat qilish maqsadida yurgan har bir vatandoshimiz buyuk ajdodlarimizga munosib bo'lib, boshqa davlatlar fuqarolari oldida O'zbekiston degan aziz yurtning vakili sifatida axloq, muomala, yurish-turish va boshqa barcha masalalarda ibrat bo'lishi kerak. Bu ham Vatangan muhabbat, xalqqa sadoqatning bir namunasidir.

Vatanni sevish, uni sog'inib yashash insoniyat fitratida mavjud bo'lgan nozik hisdir. Islom dini ta'limotida inson o'zi yashab turgan vatanini, dinini, oila ahlini himoya qilishi eng ulug' amallardan ekanligi ta'kidlangan.

Buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur taqdir taqozosi bilan Vatanni tashlab, Hindistonga ketishga majbur bo'ladi. Musofir yurtlarda juda katta hududga hukmdor bo'lsa-da, bir umr yurtni qo'msab o'tdi, Vatan hajrida she'rlar bitdi. Bir kuni Farg'onadan olib kelingan qovunni shoh oldiga olib kirishganda bolaliklari o'tgan maskanning ne'matini ko'rib, yurtni sog'inib, yig'lab yubordi va: “Vatan ishqida yuragim bo'ldi qovundek tilim-tilim” deydi.

Zamonasining yirik allomalaridan, minglab muridlarga ega bo'lgan Najmiddin Kubro mo'g'ullar bosqinidan xabar topib, birinchilardan bo'lib vatan himoyasiga otlandi. Najmiddin Kubroning xalq orasidagi mavqeini bilib, mo'g'ullar hukmdori unga shaharni tashlab, o'zi ixtiyor qilgan tarafga ketishni taklif qiladi. O'z jonini saqlab qolish yo'lida Vatanini yovga topshirishni or bilgan alloma bosqinchilarga qarshi jangga kiradi va mardlarcha  shahid bo'ladi.

* * *

Safarimiz davomida xorijdagi vatandoshlarimiz istiqomat qilayotgan hududlarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni yanada sog'lomlashtirish, ularni yot g'oyalarning buzg'unchi oqibatlaridan ogohlantirish, dinimizning asl mohiyatini etkazish, yurtimizda barcha sohalarda amalga oshiriliyotgan islohotlardan xabardor qilishni ko'zlaganmiz.

Alloh taolo safarlarimizni bxatar, xayrli va manfaatli aylasin!

 

Jasurbek domla RAUPOV,

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi

Moskva shahridan maxsus

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qiyomatda ular borasida so‘roq qilinmaymizmi?

30.04.2025   4593   3 min.
Qiyomatda ular borasida so‘roq qilinmaymizmi?

Alloh taolo aytadi: «Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir»[1].

O‘zingizdan boyroq bo‘lganlar bilan tenglashishga urinmang. Aks holda bo‘yningizgacha qarzga botib, malomatga qolasiz.

O‘zingizga, oila a’zolaringizga, shuningdek, qo‘li yupin kishilarga nisbatan ziqnalik qilmang. 

Ziqna odam uchun ta’magir bo‘lmasdan yashayotganining o‘zi katta gap. Alloh taolo aytadi: «(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang. Aks holda malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz»[2].

Men juda katta maosh oladigan, biroq oy tugamasidanoq oyligidan bir chaqa ham qolmaydigan kishilarni bilaman. “Ular shuncha pulni, mol-dunyoni qayerga sarflashyapti ekan”, deb hayron qolaman. Alloh taolo aytadi: «...va  mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning do‘stlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukr edi»[3].

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ancha kunga yetadigan ro‘zg‘orlikni bir kunda ishlatib yuboradigan oilaga achchig‘im keladi”, deganlar.

Muoviya roziyallohu anhu: “Zoye bo‘lgan, birovning haqqi o‘tib ketgan narsani “isrof” deb hisoblayman”, deganlar.

Sarf-xarajatda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadiganlar, ziqnalik qiluvchilar dunyoda har kuni qanchadan-qancha musulmon ochlikdan o‘layotganini nahot bilishmasa?!

Kimdir e’tiroz bildirib: “Ular bizdan uzoqda-da” desa, “Axir ular bizning Islomdagi birodarlarimiz, din qardoshlarimiz-ku!” – deymiz.  Biz erta qiyomat kunida ular borasida ham so‘roq qilinmaymizmi? Qolaversa, oramizda ro‘zg‘origa ora-sirada go‘sht kiradiganlar bor. Gohida shu ozgina go‘shtni olishga ham imkon topa olmay, oylab go‘sht yemaydilar.

Bir jamoa odamlar Qays ibn Uboda roziyallohu anhuning oldilariga ozroq yegulik so‘rab kelishdi. U zot bog‘larida to‘kilgan mevalarni terib, yaxshisini chirigidan ajratib saralayotgan edilar. Ular Qays roziyallohu anhuga nima uchun kelishganini aytishdi. Sahobiy ularga so‘raganlarini berdilar. Kelgan jamoa bir-birlariga ajablanib qarab: “Nochor hayot kechirayotgan bo‘lsangiz, yana qizg‘anmay infoq qilishingiz qiziq bo‘ldi-ku”, deyishdi. U zot: “Sizlarga ehson qilish uchungina shunday yashayman”, dedilar (ya’ni, sahobiy roziyallohu anhu men iqtisod qilaman va isrof qilmaganim holda, siz kabi muhtojlarga yordam berishga ham ortinaman demoqchi bo‘ldilar).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Chiqimda iqtisod qilish tirikchilikning yarmidir. Odamlarga muhabbatli bo‘lish aqlning yarmidir. Chiroyli savol berish esa yarim ilmdir”, [4] dedilar.

Ulug‘lardan biri aytadi: “Kim farzandiga iqtisod qilib yashashni o‘rgatsa, unga ko‘p meros qoldirishdan ham ko‘proq yaxshilik qilibdi”.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1] Furqon surasi, 67-oyat.
[2]  Isro surasi, 29-oyat.
[3] Isro surasi, 26–27-oyatlar.
[4]  Imom Tabaroniy rivoyati.