Limonli choy, limonli pirog, limonli sharbat... Ishtahangiz ochilgani aniq. Biroq limonli bo'yoq haqida eshitganmisiz? O'tgan asrda limon matolarni bo'yash uchun bo'yoq sifatida ishlatilgan ekan. Buning uchun limonni bug'lashgan va undan qora quyuq suyuqlik tayyorlangan.
Yevropaga Hindistondan kirib kelgan bu meva “hind olmalari” deb ham ataladi. Limonning yana bir qiziq jihati juda ham sho'r bo'lgan suyuq taomga limon suvidan siqsangiz, me'yorlashganini sezasiz.
Kuz-qish uchun tayyorlangan bodringli tuzlamalarimiz kabi Hindistonda limon tuzlama sifatida tayyorlanib, iste'mol qilinadi. Efir moylari ichida limonniki qimmat bo'lib, 3000 dona limondan 1 kg ishlab chiqarilar ekan.
Limonning bakteriyalarga qarshi kurashish xususiyati bo'lgani uchun qadim zamonlardan odamlar ovqatdan zaharlanishni kamaytirish maqsadida suvga limon sharbati solishgan. Shuningdek, suv va limon aralashmasi tanadagi toksinlarga qarshi samarali vositadir.
Internet manbalari asosida KAMOLA tayyorladi
Bir odamning qorni ochdi. U garchi iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lmasa-da, bir tamaddixonaga kirib, taom buyurtma qildi. Buyurtma tayyor bo‘lgunga qadar derazadan tashqariga qarab o‘tirarkan, ellik yoshlardagi odam tez-tez tamaddixonaga qarab qo‘yayotgani, kirishga jazm qilolmay turganiga ko‘zi tushdi. O‘tgan ketganlar unga e’tibor bermas, u esa aftidan juda och qolgan edi.
Shu payt buyurtma berilgan taom olib kelindi. U esa hech o‘ylanmasdan ovqatni olib, o‘zi och bo‘lsa-da, ko‘chadagi odamga olib chiqib berdi. So‘ng ortiga qaytib, hisobni berishlarini so‘radi. Holatni zimdan kuzatib turgan tamaddixona rahbari xizmatchiga bir qog‘oz berdi. Unda bunday so‘zlar yozilgan edi:
“Insoniylik bebahodir, sizday oliyjanob inson bizning tamaddixonaga kelganidan baxtiyormiz. Ruxsat bersangiz, siz bir miskinni mehmon qilganingiz kabi biz ham sizni mehmon qilsak”.
Xulosa shuki, Alloh taolo hech bir amalni zoye qilmas, bandasini bandasidan qarzdor holda qoldirmas, ehsonga ehson bilan javob qaytarar ekan.
Shunday ekan, imkonimiz borida boshqalarga yaxshilik qilib qolaylik.
Akbarshoh Rasulov