2021 yil 19 oktyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda tashkiliy masala ko'rildi, Toshkent shahri bosh imom-xatibi sifatida ishlab kelayotgan Nuriddin domla Holiqnazarov O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylandilar.
Nuriddin domla Holiqnazarov 1968 yilda Andijon viloyati Asaka shahrida tug'ilganlar. 1992 yilda Buxoro viloyatidagi Mir Arab madrasasi, 1998 yilda Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutini, 2007 yilda esa Farg'ona davlat universitetini tamomlaganlar.
Ish faoliyatlari davomida Asaka shahridagi “Ahmadali Maxdum” masjidi imom-xatibi, Toshkent shahri “Oq tepa” jome masjidi imom-xatibi, poytaxtdagi “Ko'kaldosh”, Andijon viloyatidagi “Sayyid Muhyiddin maxdum” madrasalari o'qituvchisi, Andijon viloyati bosh imom-xatibi va 2019 yildan shu kunga qadar Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifalarida mehnat qilayotgan edilar.
Alloh taolodan Nuriddin domla Holiqnazarovga ushbu sharafli va mas'uliyatli vazifada ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati