Prezident Shavkat Mirziyoev Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.
Qur'on tilovat etilib, Alloh taolodan xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duo qilindi.
Ulamolar bilan suhbatda ilmning ahamiyati, yoshlar tarbiyasi haqida so'z bordi.
- Buxoro azaldan ilm, ma'naviyat markazi. Qadimda bu erda 30 dan ortiq oliy madrasa bo'lgan. Hech qayerdan buncha ko'p ulamo chiqmagan. Bugun ham yoshlar tarbiyasida, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashishda Buxoroning o'z o'rni bor, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Davlatimiz rahbari ziyoratgohlarni va ularga olib boradigan yo'llarni obod qilish, ichki turizmni rivojlantirish muhimligini ta'kidladi.
- Ziyorat xalqimizning ajdodlarga bo'lgan hurmatini, yoshlar dunyoqarashini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shuning uchun bu erga boshqa hududlardan yangi yo'nalishlar ochib, yoshlarni olib kelish, bilimini oshirish muhim, - dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoev bugun hudud rivoji bilan tanishadi, shuningdek, O'zbekiston Prezidentligiga nomzod sifatida buxorolik saylovchilar bilan uchrashadi.