frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Nega o'zgalar joniga qasd qilish ko'paymoqda?

07.10.2021   1351   7 min.
Nega o'zgalar joniga qasd qilish ko'paymoqda?

So'ngi paytlarda, deyarli hur kuni ijtimoiy tarmoqlar, internet sahifalari va tele xabarlarda qotillik, zo'ravonlik va bezorilik kabi nohush holatlar haqida ma'lumot berilayotgani kishni biroz seskantirib yuboradi. Nazarimda, insonlardagi shafqatsizlik o'sib, ba'zan oddiy maishiy janjallar jinoyatlarga ulanib ketyapti. Buning sababi nimada? Bu illatni jilovlasa bo'ladimi? Ayrim ruhshunoslarning fikri o'laroq, barcha shafqatsiz odamlar ruhiy  buzilish, ya'ni asab kasalligiga uchragan, deyish – o'rinsiz. Statistika ma'lumotlariga qaraganda, kuch ishlatish yo'li bilan sodir etiluvchi jinoyatlarning atigi 3-4% (foiz)i ruhiy kasal kimsalarga tegishli bo'ladi.

Shafqatsizlikning xuruj qilishi – ko'pincha kichik ko'ngilsizliklarning yig'ilib borishi va oxir-oqibat – portlashi tufayli yuz berarkan. Masalan, katta shahar stress (ruhiy zo'riqish)lari bugungi kunning jiddiy muammolaridan biri sanaladi. Bir qarashda unchalik sezilmas omillar, masalan, tong qorong'usida ishga yo'l olish, jamoat transportidagi tirbandlik, yo'llardagi tiqilinch (probka)lar va shovqin-suron ham bora-bora asablarni rosmana qaqshata boshlaydi. Bu omillarning har birini alohida olganda, “sezmasdan o'tib ketaverish” mumkin, ammo baribir ruhiy zo'riqish kuchayib boraveradi. Tajovuzkorlikka undovchi vositalarning tobora ko'payishi – shafqatsizlik “epidemiya”sini zo'raytiruvchi yana bir omildir. Masalan, “oddiygina” ur-sur, “jangari” (boyevik) kinofil'mlarning “tarbiyaviy” ahamiyati ham chakki emas. Hoh ishoning, xoh ishonmang, moddiy imkoniyatlar ortib, tirikchilik osonlashib borishi ham insonlar o'rtasidagi shafqatsizlikka zamin yaratadi! Har holda, “to'qlikka sho'xlik”, “qorni to'qning qorni och bilan nima ishi bor”, “og'zi qiyshiq bo'lsa ham boyning o'g'li gapiradi” degan gaplar behuda paydo bo'lmagan. Nima ham deysiz, insonning fe'li o'zi shunday, tamom-vassalom! Albatta, bunda jamiyatdagi ma'naviy muhit va tarbiya, tiynat (mentalitet) kabi omillar katta ta'sir ko'rsatadi.

Virtual muloqot shafqatsizlikka zamin yaratishini psixologlar yaqinda isbotlab berishdi. Hullas, “odnoklassniki”, “feysbuk”, “tvitter”, “instagram”, “telegram” kabi zamonaviy vositalar bilan “tillashish”da haddan oshish ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Nuqul virtual tarmoq orqali muloqot qiluvchi sho'rpeshona, bora-bora qarshisidagi “tirik odam”ning gaplari va kayfiyatini tushunishga qiynala boshlaydi. Suhbatdoshining xatti-harakatlariga to'g'ri munosabatda bo'lolmaydi. Qulog'iga “quloqchin” (naushnik) taqib olgan yoshlar haqida-ku, gapirmasa ham bo'ladi. Ular o'z-o'zlarini ruhiy xastaliklar sari “dadil” boshlab borayotganliklarini o'zlari tushunmasa, boshqalarning tushuntirishi juda mushkul...

Shafqatsizlikka qarshi qanday kurashsa bo'ladi? Psixologlarning fikriga qaraganda, buning ikki yo'li bor: o'z-o'zini nazorat qilish hamda  hazil-mutoyiba tuyg'usi. “Afsuski, boshqa yo'lini ko'rmayapmiz”, deyishmoqda ular.

Bizningcha, o'sha “ruhshunos”larning avvalo o'zlari “o'z-o'zini nazorat qilish va hazil-mutoyiba tuyg'usi”ga muhtoj. Axir, iymon-e'tiqod, Alloh taolodan qo'rqish, oxiratdagi hisob-kitobning haqligiga bo'lgan ishonch qani?! Bularsiz odamni – Inson deyish mumkinmi?

“Bugun inson o'zini har qachongidan yolg'iz va nochor sezmoqda. Bozor iqtisodiyoti ijtimoiy faollik uchun yo'l ochib berdi, ilmiy-texnik kashfiyotlar imkoniyatlarni kengaytirmoqda, dunyoning istagan burchagiga sayohat qilish va olam rang-barangligidan bahramand bo'lish mumkin. Haqiqatan ham inson qudratli mavjudot ekanini endi to'la his qilmoqda. Lekin u ruhan yolg'iz; uning yonida dilini anglaydigan zot yo'q. Umrning qisqaligi, muqaddas narsaning yo'qligi, hayotning beshafqatligi, nafs va fahshga o'chlik, aql va ruh ustidan amalga oshirilayotgan zo'ravonliklar insonni nochor zotga aylantirmoqda. Ayol va erkak bir-birini to'ldirayotgandek, bir-birining umrini sermag'iz qilayotgandek, ammo ular yuqoridagi illatlarning qurboni bo'lib qolmoqdalar. Ushbu illatlar mohiyatiga yashiringan manfur kuch ayol va erkak, inson hayoti ustidan hukmrondir” deydi olimlardan biri.

Shu o'rinda imom Abu Homid al-G'azzoliyning bir fikrlari yodimga tushdi: “Qabrda yotganlar pushaymon qilayotgan ishlar ustida tiriklar bir-biri bilan qirpichoq bo'lmoqdalar” degan fikrlari barchamiz uchun eslatma bo'lishi lozim.

 

Imom Termiziy Amr ibn Osning o'g'illaridan qilgan rivoyatda Nabiy alayhissalom:

“Rahmlilarga Alloh taolo rahm qiladi. Yerdagilarga rahm qiling. Sizga osmondagi Zot rahm qiladi”, deganlar.

Buyuk imomlar – Buxoriy, Muslim va Termiziylar Jariyr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom:

“Odamlarga rahm qilmaydigan odamga Alloh taolo rahm qilmaydi”, deganlar.

Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda esa Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

“Rahmdillik faqat badbaxtning qalbidangina sug'urib olinadi”, deganlar.

Demak, rahmdillik saodatmandlik alomati bo'lsa, rahmsizlik badbaxtlik alomatidir. Islom insonlarga rahm-shafqat ko'rsatish hududidan chiqib, butun mavjudotga rahm qilish shiorini olg'a suradi. Musulmon inson borliqdagi barcha narsalarga rahmli bo'lishi zarurligini ta'kidlaydi.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Kichkinamizga rahm qilmagan, kattamizni ulug'lamagan, amri ma'ruf va nahyi munkar qilmagan bizdan emas”, dedilar”.

No''mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Mo'minlarning o'zaro do'stliklari, rahm qilishlari va mehr ko'rsatishlari xuddi bir jasadga o'xshaydi. Undagi bir a'zo xasta bo'lsa, jasadning qolgani unga qo'shilib bedor bo'ladi va isitmalaydi”, dedilar”.

Ikki shayx rivoyat qilganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam­ning:

“Alloh rahmatni yuz qismga bo'ldi. To'qson to'qqiz qismini o'z huzurida tutib qoldi. Yerga bir qismini nozil qildi. Maxluqotlar o'sha qismdan bir-birlariga rahm qiladilar. Hattoki ot bolasiga zarar etkazishdan qo'rqib tuyog'ini undan ko'taradi”, deyayotganlarini eshitdim”.

Ikki shayx rivoyat qilganlar.

 

Saidabror Umarov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mustaqillik bayrami arafasida Qashqadaryoda bosh imomlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

24.08.2026   18083   1 min.
Mustaqillik bayrami arafasida Qashqadaryoda bosh imomlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.


Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.


Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.


Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:

  • Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;

  • Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;

  • Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.


Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Mustaqillik bayrami arafasida Qashqadaryoda bosh imomlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari