Ta'lim-tarbiya jamiyatimiz rivoji uchun muhim ahamiyatga ega. Mana shu og'ir yuk ta'lim ishi bilan bevosita shug'ullanadigan muallimlar zimmasiga tushadi.
Dinimizda ustozning qadri va fazli ulug'dir. Chunki aynan o'sha zotlar kelajak avlodning shakllanishida katta o'rin tutadi. O'qituvchilarning mashaqqatli mehnatlari evaziga yosh avlodning ilmiga ilm, odobiga odob qo'shiladi.
Payg'ambarimiz alayhissalomning quyidagi so'zlari o'qituvchilarning fazilati uchun etarli hisoblanadi: “Albatta, Alloh taolo, farishtalar, osmonlar va erlardagi zotlar, hatto inidagi chumolilar va (suvdagi) baliqlar ham odamlarga yaxshilikni o'rgatuvchi kishilarga rahmat yo'llaydi va istig'for aytadi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Ta'lim-tarbiya ishi payg'ambarlarning vazifalaridan biridir. Payg'ambarimiz alayhissalom aytadilar: “Albatta, Alloh taolo meni odamlarni qiyinchilikka soladigan, ularning adashishini xohlovchi qilib emas, balki muallim va oson qiluvchi qilib yubordi” (Imom Muslim rivoyatlari).
Yosh avlod muallimlar oldida omonatdir. Albatta, ularning ta'lim-tarbiyasi borasida ustozlar mas'uldirlar. Ular kelajakda komil inson bo'lib etishishlari uchun bor imkoniyatlarini ishga solishlari zarur. Chunki hadisi sharifda shunday deyiladi: “Har biringiz rahbardirsiz va qo'l ostingizdagilardan mas'uldirsiz” (Muttafaqun alayh).
Mamlakatimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom ko'rsatish, ularni e'zozlash, ijtimoiy imtiyozlar yaratish borasida ko'plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyatning ma'naviy-ma'rifiy darajasi ustoz va murabbiylarga bo'lgan munosabatga qarab baholanadi.
Jamiyatning ko'p qismini tashkil qiluvchi yoshlarimizga ta'lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz va murabbiylarimizni har vaqt hurmatlashimiz va e'zozlashimiz lozim. Zero, kelajak avlodni barkamol va etuk ma'rifatli bo'lib etishishida ularning xizmatlari kattadir.
O'zbekiston bugungi dunyo hamjamiyatida o'zining munosib o'rnini egallab, ta'lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda o'zini ko'rsatib, xalqaro maydonda o'z mavqe'iga ega bo'lishida ustoz va murabbiylarning o'rni beqiyosdir. Shu munosabat bilan yurtimizda har yili 1 oktyabr' kunini “Ustoz va murabbiylar kuni” sifatida nishonlanadi. Bu kunda ustozlarga yanada ko'proq hurmat-izzat ko'rsatiladi va ularga xursandchilik baxsh etishga harakat qilinadi.
Ustozlarni qadrlash haqida so'z ketganda beixtiyor hazrati Mir Alisher Navoiy bobomizning ushbu so'zlari yodimizga tushadi:
Haq yo'lida kim senga bir harf o'qitmish ranj ila,
Aylamak bo'lmas ado oning haqqin ming ganj ila.
Demak, jamiyatda muhim o'rin tutgan, mashaqqatli kasb egalarining mas'uliyatlari qanchalik katta bo'lsa, ularning hurmatlarini saqlash ham xalqqa shunchalik burch bo'ladi.
Dinimiz ta'limotiga ko'ra ilmlariga amal qiluvchi ulamolar va odamlarga foydali ilmlarni ta'lim beruvchi muallimlarning Alloh taolo huzurida sha'nlari ulug', qadrlari yuksakdir.
Insoniyat uchun foydali bo'lgan har qanday ilm Islomda ardoqlanadi. Zamonaviy bilimlardan dars beruvchi ustozlar ham yaxshi niyatlari sabab ajru savobga erishadilar.
Ulamo va ustoz murabbiylarni qadrlash va ehtirom qilish shar'an vojib amallardandir. Zero, ular o'tgan ulug' zotlar va olimlarning merosxo'rlaridir. O'tgan olimlar molu dunyoni emas, balki ilmni meros qoldirgandirlar.
Ilmning fazilati haqida Imom Buxoriydan quyidagi hadis rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytganlar: “Tushimda menga bir idishda sut keltirildi, qongunimcha ichdim, hatto tirnoqlarimdan sut chiqqanini ko'rdim”. Sahobai kiromlar so'radilar: “Yo Rasululloh, sutni nimaga yo'ydingiz?”. “Ilmga”, - dedilar Rasululloh alayhissalom”.
Ilm ahlini Alloh taolo Qur'oni karimning madh etib, shunday marhamat qilgan: “... Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” degan bo'lsa, “Zumar” surasida shunday deydi: “Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo'lurmi?!” (Mujodala surasi 11-oyat).
Ya'ni olimlar bilan johil-ilmsizlar Allohning huzurida ham, jazo va mukofotda ham teng bo'lmaydilar. Shunday ekan ilm ahllariga nisbatan odobsizlik qilmaslik, ularga aziyat bermaslik lozim.
Mashhur muhaddis olim Abul Qosim ibn Asokir ilm ahllariga odobsizlik qilgan kishiga nasihat qilib, bunday degan: “Bilginki, ulamolarning go'shtlari zaharlidir. Kim biror olimni haqorat qilsa Alloh taolo uning o'limidan avval qalbini o'limi bilan baloga giriftor qiladi”.
Ya'ni, ilm ahllariga nisbatan odobsizlik qilib, ular yo'qliklarida ortilaridan gapirgan kishi go'yo zaharli go'sht egandek bo'ladi. Uning bu qilgan ishi sababli Alloh taolo uning o'zidan avval qalbini ko'r qilib qo'yadi.
Alloma ibn Najjorning “Tarix”ida Qozi imom Abu Toyyibdan qilingan sahih rivoyatda bunday voqe'ni keltiriladi: “Biz Bag'doddagi jome masjidda o'tirgan edik. Bir xurosonlik yosh yigit kelib, olimlardan bir masala haqida so'rab dalilini talab qildi. Shunda unga so'ragan masalasini javobini aytib Abu Huraya raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis ushbu masalaning dalili ekani aytildi. Yigit: “Abu Hurayra hadisi hujjat bo'ladigan odam emas”, dedi. U gapini tugatib bo'lmasdan “jome” shiftidan katta bir qora ilon tushdi. Bu holatni ko'rgan odamlar qo'rqib ketib, har tomonga qocha boshlashdi. Ilon ayni o'sha yigitni ta'qib qilardi. Shunda yigitga qarata “hozir aytgan gapingdan tavba qil”, deyildi. U shoshganicha “tavba qildim” degan edi ilon hech qanday iz qoldirmay ortiga qaytib ketdi”. Ushbu hikoyani keltirgan mashhur muhaddis olim Ibn Saloh “ushbu rivoyat ishonchli sanad bilan sobit bo'lgan bo'lib, rivoyat qilganlarni barchasi ishonchli kishilardir”, degan.
Yuqoridagi keltirilgan va undan boshqa ko'plab shar'iy dalillardan xulosa qiladigan bo'lsak insonlarni, ayniqsa, ustozlar va ilm ahllarini haqorat qilish, ortlaridan g'iybat qilish, odamlar o'rtasida obro'sizlantirishga urunish shar'an harom amaldir. Aksincha ularni qadrlash, hurmat qilish, nasihatlariga quloq tutish esa marg'ub va matlubdir. Har bir inson qo'lidan kelganicha ularga nisbatan samimiy bo'lishga, o'zaro mehr-muhabbat asosida muomalada bo'lishga harakat qilishi lozim. Zero, hazrati Ali raziyallohu anhu aytganlaridek “Ulamolarni yaxshi ko'rish ham diyonatdandir”.
Darhaqiqat, agar biz haqiqiy taraqqiyotga erishmoqchi bo'lsak, dunyoning peshqadam xalqlari safiga qo'shilmoqchi bo'lsak, ilmga bo'lgan munosabatimizni Islom ta'limotlari asosida o'zgartirishimiz lozim. Hadisi shariflarda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Hikmatli kalima mo'minning yo'qotgan narsasidir. Uni qayerda topsa ham olishga haqlidir” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Ushbu hadisda har qanday foydali ilm, garchi bir kalima bo'lsa ham mo'min-musulmon kishi uchun xuddi yo'qotib qo'yib, izlab yurgan qadrli buyumiga o'xshatilmoqda. Uni qayerda topsak ham boshqalardan ko'ra o'zimiz haqli ekanimizni bilishimiz kerak.
Barchamiz yosh avlod ta'lim-tarbiyasi borasidagi davlatimiz olib borayotgan izchil islohotlarni amalga oshirishda o'zaro hamjihatlik ruhida sa'y-harakat qilsak, bu boradagi dunyoqarash va tasavvurlarni tubdan o'zgartirsak, ko'zlangan maqsad va natijalarga erishamiz.
Alloh taolo marhamat qilib aytadi: “...Albatta, biror qavm o'zlarini o'zgartirmagunlaricha, Alloh ularni o'zgartirmas...” (Ra'd surasi 11-oyat)
Dunyoda ilm-fan shiddat bilan rivojlanmoqda, har kuni kashfiyotlar qilinmoqda. Lekin shu kashfiyotlarning qancha qismi musulmonlar hissasiga to'g'ri kelmoqda? Afsuski, bu nisbat juda kam bo'lib, bizni ogohlikka, ilm-fan bilan jiddiyroq shug'ullanishga undaydi. Tarixda musulmon olimlari dunyo xalqlariga ko'plab kashfiyotlarni taqdim etganlar. Kashfiyotlarning ko'pi aniq fanlarga to'g'ri kelgan, ya'ni matematika, geometriya, astronomiya, fizika, kimyo hamda tibbiyot fanlari rivojlangan.
Bugungi kun yoshlariga juda ko'p imkoniyatlar yaratib berilganiga qaramay ba'zi yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona va to'g'ri foydalanishmayapti. Vaholangki, yoshlik davrida vaqtning qadriga yotish, undan unumli foydalanish lozim. Hasanul Basriy rahmatullohi alayh:“Yoshlikda o'rganilgan ilm toshga o'yilgan naqsh kabidir”, – deganlar.
Buyuk tobeinlardan Alqama ibn Qays rahmatullohi alayh: “Yosh yigitlik davrimda nimani yodlagan bo'lsam, go'yo unga (yodlagan narsamga) varaqqa qaraganday bo'laman”. Ya'ni yoshlikda o'rgangan ilmim shunchalik qalbimda o'rnashdiki, uni qog'ozdan o'qigandek aytishim mumkin, der ekanlar.
Shuni unutmasligimiz kerakki, har bir ota-ona farzandiga birinchi ustoz hisoblanadi. Bu ustozlik farzand xoh bog'chada, xoh maktabda yo xoh oliygohlarda ta'lim olayotgan bo'lsa ham davom etishi kerak. Insof bilan o'ylab ko'raylik, qachon maktabdagi farzandimizning o'qishlari, kundaliklaridagi baholari, darsliklarining ahvoli bilan qiziqib ko'rdik. Qachon oliygohda o'qiyotgan farzandimizning darsga qatnashi, mutaxassisligini o'zlashtirishi, diplom ishlari bilan shug'ullandik. Agar farzandlarimizga hushyor va e'tiborli bo'lsak, hozirgi kunda quloqqa chalinib turgan pichoqbozlik, mushtumzo'rlik, mast qiluvchi va giyohvand moddalar iste'mol qilish, turli adashgan oqimlarga ergashish ancha barham topgan bo'lar edi.
Shunday ekan, har birimiz ustoz va murabbiylarni doimo hurmat va ehtirom qilib, farzandlar tarbiyasida ularga yordamchi bo'ladigan bo'lsak, yoshlarimiz biz o'ylagandan-da ilm-ma'rifatli, ta'lim-tarbiyali, el-yurtiga xizmat qiladigan etuk shaxslar bo'lib voyaga etadilar, inshaalloh.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo'limi
Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.
Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.
Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.
Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.
Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.
Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.
Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.
Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.
Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.
Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.
O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati